Yo‘lovchilar uchun yaroqsiz mashinalarda og‘ir bemorlar tashiladimi?
O‘zining ikki sahifasini to‘liq tez yordam xizmati faoliyatiga bag‘ishlagan “Oila va jamiyat” gazetasi (26.04) tibbiyot tizimidagi jiddiy bir muammoni ochiqladi.
Prezidentning sohaga berayotgan e'tibori-yu, mamlakatimizda tez tibbiy yordamning bepulligi kabi ikki sahifalik maqolalar orasida ko‘zga chalingan muammo «Tez yordam» uchun qo‘yilgan mashinalar haqida.
Xususan, «kichik hajmdagi «Damas» rusumli avtoulovlarda og‘ir ahvoldagi bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun hattoki joy ham yetishmaydi. nega xususiy klinikalarning avtoulovlarida ushbu sharoit mavjud-u, davlatnikida yo‘q?» deya savol qo‘yadi gazeta.
Ammo maqolaning keyingi qismlari bunday o‘ng‘aysiz masalani ko‘targanidan darhol yuragi taka-puka bo‘lgan kishining gap-so‘zlarini eslatadi.
Tez yordam tizimiga qo‘yilgan bu mashinalar hatto yo‘lovchi tashishga yaroqsizligi haqidagi rasmiylar fikrini Eltuz nashri o‘z maqolalarida yoritgan edi.
Ayni sabab bilan Andijonda shahar yo‘nalishida yo‘lovchi tashiyotgan “Damas”lar harakati to‘xtatilgan, buning asosiy sababini rasmiylar ayni mashinaning yo‘lovchi tashishda havfliligi, transportning ayni turi bo‘yicha avariya xodisalari ko‘pligi bilan izohlashgandi.
Biroq, ekstremal tarzda harakatlanishi kerak bo‘lgan “tez yordam” mashinasi tarzida ayni «Damas»larda og‘ir bemorlar tashilayotgani ajablantiradi.
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com