Asosiy mavzular
18 avgust 2018

Faollar Gulnoraning pullari birlamchi shartlarsiz qaytarilishiga qarshi

Shveytsariya federal jinoyat sudi O‘zbekistonning birinchi prezidenti marhum Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova advokatlarining unga tegishli, mazkur mamlakat banklarida muzlatilgan yuzlab million dollar pulini musodara qilish to‘g‘risidagi order yuzasidan norozi bo‘lib bergan shikoyatini rad etdi.

Ayrim manbalar bu qaror Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan muzlatilgan 800 million shveytsar frankining Toshkent hukumatiga qaytarilishini tezlatish yo‘lidagi muhim qadam ekanini aytmoqda.

O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollari esa bu aktivlarni rasmiy Toshkent ixtiyoriga qaytarish jarayoniga mas'uliyat bilan yondashuv zarurligini bilmoqda.

Ularning Shveytsariya oliy federal organlariga yuborgan maktubida mazkur repatriatsiya davlat korruptsiyasining haqiqiy qurbonlari bo‘lmish O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga xizmat qilishi, mamlakatda korruptsiya tizimini yo‘qotishga ko‘maklashishi kerakligi ta'kidlanadi.

O‘zbekistonlik faollarning bildirishicha, G.Karimova pullarining mamlakatga mazkur shartlarsiz qaytarilishi bu mablag‘larning qaytadan o‘g‘irlanishi ehtimolini oshiradi.

“Agar aktivlarni saqlab turgan davlat korruptsiyadan olingan daromadlarni qaytarish shartlari bo‘lajak jinoyatlarning oldini oluvchi omil bo‘lishini kafolatlay olmas ekan, unda bu restitutsiyaga mas'uliyatsiz yondashuv hisoblanadi, hatto aktivlar o‘g‘irlangan mamlakatdagi korruptsiyani mustahkamlashda hamkorlikka olib keladi”, deyiladi maktubda.

Faollarning fikricha, aktivlarni qaytarish jarayoni ochiqlik va hisobdorlik standartlariga mos kelishi, O‘zbekistonda korruptsiya va inson huquqlari buzilishi ko‘lamini kamaytirishga ham xizmat qilishi kerak.

Faollar restitutsiya jarayonini antikorruptsion islohotlarni o‘tkazishda erishilgan birlamchi muvaffaqiyatlar uchun mukofotlash tamoyili asosida bosqichma-bosqich amalga oshirishni taklif etadi va bu pirovardida aktivlar yana o‘g‘irlanmasligiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashini qayd etadi.

Maktubda aktivlarni qaytarish uchun birlamchi shartlar sifatida isloh etilishi kerak bo‘lgan sohalar ham sanab o‘tilgan.

Ular orasida chastota va litsenziyalarni taqsimlash, tovar va xizmatlarning davlat xaridi sohalarida ochiq va raqobatli tenderlar tizimini yaratish, bu tenderlar haqidagi ma'lumotlarni e'lon qilish, sud organlari va advokaturaning mustaqilligini amalda ta'minlash kabilar bor.

Shuningdek, faollar davlat xizmatchilarining o‘z rahbarlariga shaxsiy sadoqati emas, davlat balki qonunga rioya qilgan holda davlat manfaatlari yo‘lida o‘z majburiyatlarini bajarishini ta'minlash uchun davlat xizmatini isloh qilish taklifini ham ilgari surgan.

Bundan tashqari, davlat va korporativ mablag‘larning shaffofligini, jumladan, nufuzli xalqaro auditorlar tomonidan majburiy audit o‘tkazish va uning natijalarini e'lon qilish orqali ta'minlash, barcha yuridik shaxslar, kompaniyalar va ularning benefitsiar egalari kiritilgan davlat reestrining ochiqligiga erishish talabi ham bildirilgan.

Faollar O‘zbekiston hukumatiga davlat organlari ustidan mustaqil jamoatchilik antikorruptsiya agentligini tashkil etish hamda fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot  vositalariga (ular ta'qib va repressiyadan cho‘chimagan holda jurnalistik surishtiruvlar o‘tkaza olishi uchun) cheklovlarni bekor qilish yo‘li bilan tegishli nazoratni ta'minlash majburiyatini yuklash kerakligini ham ta'kidlagan.

Fuqarolik jamiyati faollari bu sohalardagi islohotlarni xalqaro indikatorlar asosida baholash lozimligiga alohida urg‘u bergan.

“Aktivlar restitutsiyasiga bosqichma-bosqich, aniq natijalarga asoslangan bunday yondashuv  mamlakat hukumatining islohotlar o‘tkazish va'dasiga, jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga mos keladi”, deyiladi O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollarining Shveytsariya oliy fuderal organlariga yuborilgan maktubida.

(Maktubning to‘liq matni bilan bu yerda tanishing)

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 may 2019
Rassom Tuz
23 sentyabr 2024
Surxondaryoning Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konida sodir bo‘lgan yangi avariya oqibatida to‘rt kishi o‘ldi. Rassom Tuz karikaturasi
16 sentyabr 2019
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston diniy siyosatida qandaydir o‘zgarishlardan darak berishga ishoralar paydo bo‘lmoqda.  Lekin bo‘layotgan ishoralar siyosatda emas, balki diniy ...
1 oktyabr 2018
Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev parlament yuqori palatasining 27 sentyabr kungi yig‘ilishida vazirliklar Senatga bepisand qarayotganini bildirdi. Adolat nuqtai nazaridan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...