Asosiy mavzular
24 sentyabr 2018

O‘zbekiston bolalar mehnatidan foydalanuvchi davlatlar ro‘yxatidan o‘chirildi

Sovet davrida bolalarni maktab partasidan paxta dalasiga quvish odatiy hol sanalardi. Qayta qurish yillarida sal susaygan bu an'ana O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng qayta avj oldi. Foto: Temur Karpov

Faqat so‘nggi yillarga kelibgina xalqaro tashkilotlar va demokratik hamjamiyatni tamsil qiluvchi hukumatlar sa'y-harakatlari samarasi o‘laroq, bolalar mehnatiga chek qo‘yishga erishildi.

Shuning uchun AQSh O‘zbekiston paxtasini bolalar mehnati yoxud majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan o‘chirgani nafaqat rasmiy Toshkentning, balki mazkur xalqaro tashkilotlarning ham yutug‘idir, deyish mumkin.

Ayni paytda AQShning bu ro‘yxatidan 76 ta mamlakatda ishlab chiqariladigan 148 ta mahsulot o‘rin olgan.

O‘zbek paxtasining ushbu ro‘yxatdan o‘chirilishi AQSh Mehnat vazirligining bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakli bo‘yicha xulosalar jamlangan 17-yillik hisobotida O‘zbekistonga ijobiy baho berilgani natijasi bo‘ldi.

Mazkur hisobotda O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishni sezilarli ravishda qisqartirgani qayd etilgan.

Paxta terimi vaqtida bolalar mehnatidan foydalanishi sababli O‘zbekiston hukumati doimiy ravishda xalqaro tanqid nishoniga aylanib keldi.

Inson huquqlari tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan mustaqil monitoringlarda, ular tayyorlagan hisobotlarda paxta mavsumida bolalar mehnatidan foydalanish juda katta ko‘lam kasb etishi juda ko‘p bora ta'kidlangan.

Bu sa'y-harakatlar natijasida xalqaro maydonda o‘zbek paxtasi boykot qilindi, bolalar mehnati mavzusi o‘zbek rasmiylarining eng og‘riqli nuqtalaridan biriga aylantirildi.

Oqibatda hukumat bolalar mehnatiga qarshi amalda kurashishga, buning uchun siyosiy iroda ko‘rsatishga majbur bo‘ldi.

Mamlakatda bolalar mehnatiga chek qo‘yilishiga O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi ham katta hissa qo‘shdi.

Tashkilot qator yillar davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatni ko‘ngilli faollar ishtirokida bevosita O‘zbekistonning o‘zida monitoring qilib keldi.

Shu asosda yillik mustaqil hisobotlar tayyorlab, OAVda e'lon qildi, tegishli xalqaro tashkilotlar va hukumatlar e'tiboriga havola etdi.

“Bu monitoringdan ko‘zlagan asosiy maqsadimiz O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatning barcha shakllarini tugatishga hissa qo‘shish edi. Biz bu maqsadimizning bir qismiga erishganimizdan mamnunmiz”, deydi forum rahbari Umida Niyozova “Eltuz” bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalar mehnati deyarli bartaraf qilingan bo‘lsa-da, hali majburiy mehnatdan foydalanish ko‘lami kattaligicha qolmoqda.

Afsuski, mamlakatda joriy yilgi paxta mavsumida ham majburiy mehnat alomatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Lekin bu endi alohida maqola mavzusi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 dekabr 2020
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida jasadi 6 noyabr kuni katta ariqdan topilgan 55 yashar fermer Muzaffar Muhammadievning yaqinlari u tuman ...
29 oktyabr 2018
Prezident Mirziyoev 29 oktyabr kungi farmoyishi bilan bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzaevni g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish ...
12 noyabr 2018
Toshkentda 11 noyabr kuni Rauf Parfiga bag‘ishlangan tag‘in qarshilikka uchragan tadbirga kelgan bir guruh ziyolilar davrasida o‘zbek muxolifati lideri, ...
25 may 2022
«Eltuz» nashrida chop etilgan “Namangan soliq tizimidagi naxanglar” maqolalari ortidan, nihoyat Namangan viloyat soliq idorasidagi «vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan». ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...