Asosiy mavzular
19 noyabr 2018

The Herald: Shotlandiyaning birov bilmaydigan shirkati O‘zbekiston ustidan nazorat o‘rnatmoqda

Shotlandiyaning The Herald gazetasi O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ustidan o‘z nazoratini o‘rnatayotgan sirli firma haqidagi navbatdagi surishtiruvini e'lon qildi. «Eltuz» nashri e'tiboringizga maqolani ayrim qisqartirishlar bilan taqdim qiladi.

Surishtiruv muallifi David Leask (Devid Lisk), The Herald bosh muxbiri.

O‘zbekiston televideniesi bir vaqtlar Buyuk Britaniyaning eng boy odami bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov ulkan sarmoyalar yordamida o‘z mamlakatini tiklashga yordam berayotgani haqida xabar qildi. Ammo qog‘oz izlar Shotlandiyaning “bir kunlik firma”si tomon yetaklamoqda. Bosh reportyor Devid Lisk surishtiradi.

Shota Arveladze baxtli inson. “Reynjers” va “Ayaks”ning sobiq hujumchisi bir yarim mavsumdan buyon qachonlardir O‘zbekistonning qudratli futbol klubi bo‘lgan “Paxtakor”ni boshqarmoqda va hammasi yaxshi davom etyapti.

Yangi sport kiyimidagi gruzin ajoyib uy stadioni o‘rtasida turgan holda tasvirga olish guruhiga o‘z jamoasining unutilgan yillari nega ortda qolganini hikoya qilmoqda.

“Bu yil jamoa barchani xursand qilmoqda,- deydi yaxshigina  rus tilida kuchli aktsentda gapirarkan gruzin. – Alisher Burxonovichning sharofati bilan hammasi o‘zgardi. Ma'muriyat. Murabbiylar. O‘yin falsafasi”.

Bexosdan aytilgan ism bir vaqtlar Britaniyaning eng boy odami hisoblangan, Birlashgan Qirollikda ko‘proq “Arsenal”ning sobiq aktsiyadori sifatida tanilgan o‘zbekistonlik milliarder Alisher Burxonovich Usmonovga daxldordir.

Aslida janob Arveladze milliarderning ismini tasodifan aytib qo‘ygani yo‘q. Chunki “Paxtakor”ning murabbiyi O’zbekiston 24 davlat yangiliklar kanalida janob Usmonov haqidagi yarim soatlik lavhada ko‘rinish berdi.

“Daxldorlik hissi” nomli bu madh-shou ko‘rinishidagi hujjatli film birinchi bor shu yil yozda ko‘rsatildi. Mazkur film “Paxtakor”ning tiklanishida va Toshkentda 1950 yillarda qurilgan ochiq o‘yingoh o‘rniga qiymati 100 million dollarlik o‘ta zamonaviy stadion qurish bo‘yicha ulkan rejalarning harakatlanuvchi kuchi janob Usmonov ekaniga tomoshabinlarda shubha qoldirmaydi.  

Ammo ushbu filmda Usmonov klub xo‘jayini ekani haqida biror marta eslatilmaganini ta'kidlash lozim. Aslida esa “Paxtakor”ning rasmiy haqiqiy egasi O‘zbekistondagi yangi o‘yingohga emas, balki Arveladzening “Aybroks”dagi sobiq uy stadioniga yaqinroq joydan bo‘lishi mumkin.

“Paxtakor” O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan SFI Management Group nomli “xorijiy” kompaniya tomonidan o‘tgan yili sotib olingan. Bu kompaniya biror marta aktsiyadorlari kimligini ochiqlamagan va nega “xorijiy” sifatida ko‘rsatilganini tushuntirmagan.

Ammo The Herald tomonidan qo‘lga kiritilgan korporativ ro‘yxat hujjatlari SFI bittagina aktsiyadorga ega ekanligidan dalolat beradi. Bu Janubiy Lanarkshirning Duglas shahridagi sobiq do‘konda ro‘yxatga olingan Quality Trade Supplies dir.

Qisqacha aytganda, QTS Shotlandiyada kundan kun xunuk shuhrat topayotgan cheklangan sherikliklardan biri, Transparency International o‘ziga xos qobiq vazifasini bajaruvchi “pul yuvish vositasi” deb atagan, Markaziy razvedka boshqarmasi esa firma mazkur mamlakatning xalqaro obro‘siga putur yetkazishidan ogohlantirgan tuzilmadir.

QTS hech qachon hisob-kitobga oid hujjatlarni taqdim etmagan, hech qanday yakuniy benefitsiarini ma'lum qilmagan. Garchi firma biror bir noqonuniy sa'y-harakatlarni sodir etgani haqida taxminlar bo‘lmasa-da, u nima qilayotgan bo‘lsa, barchasi korporativ sirlarga chulg‘angan. Shunchalikki, uning SFI dagi roli O‘zbekistondagi korporativ shaffoflikni kuzatib borayotganlarda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Chunki SFI nafaqat “Paxtakor”ga egalik qiladi. Kompaniya “ishonch” asosida mamlakatdagi davlat sanoatining katta qismi ustidan nazorat o‘rnatdi. O‘zbekiston rahbariyati bilan kelishuvlar doirasida mamlakatdagi eng yirik “O‘zmetkombinat” metallurgiya zavodi va sayyoramizdagi eng ifloslangan joylardan biri – ulkan Olmaliq mis-ruda kombinatini boshqaradi. Shuningdek, SFI o‘z ta'sir doirasini dori-darmon, boshqa metallar va sug‘urta kompaniyalari ustidan davlat monopoliyasi hisobidan yanada kengaytirishga intilmoqda.

O‘zining otashin reportajida O’zbekiston 24 “O‘zmetkombinat”dagi sarmoyani ham, Olmaliqdagini ham janob Usmonov bilan bog‘ladi, ammo milliarderning haqiqiy roliga to‘xtalib o‘tmadi. “Daxldorlik hissi” hujjatli filmi O‘zbekistondagi ulkan o‘zgarishlarni sharafladi. Sovet davrining avtoritar hukmdori, 2016 yilda vafot etgan Islom Karimovning avvalgi rejimi tugadi, mamlakatning yangi yetakchilari janob Usmonov kabi emigrant-oligarxlar bilan iqtisodiy manfaatlarni bo‘lishishga tayyor.

“Alisher Usmonov mamlakatimizdagi qator muhim loyihalarda faol ishtirok etmoqda”, deydi yangiliklar kanali kaptarlarning samo uzra parvozi videotasviri fonida. O’zbekiston 24 shunday loyihalardan biri – Toshkent metallurgiya zavodi qurilishini madh etadi va u Usmonov “ko‘magi”da amalga oshirilayotganini aytadi.

Hozir qizg‘in ish borayotgan, qiymati 278 million yevro bo‘lgan bu loyiha O‘zbekistonning hali yangi prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan o‘tgan yili yirik xorijiy investitsiya sifatida taqdim etilgan edi. O‘tgan oyda The Herald bu investitsiya QTS tomonidan kiritilganini aniqladi. Toshkent metallurgiya zavodi endi “Paxtakor”ning raqibi “Bunyodkor”ning uy stadioni qarama-qarshisida SFI bilan bitta ofisni bo‘lishib turibdi.

Shotlandiya va Buyuk Britaniyaning egasi kimligi noma'lum bo‘lgan boshqa qator “bir kunlik kompaniya”lari O‘zbekistonning, jumladan, paxta sanoatiga va Toshkent shahridagi nufuzli ofis majmualariga investitsiya kiritmoqda.

The Herald SFI va QTS ga o‘zlarining yakuniy benefitsiarlari nomini ma'lum qilishni so‘rab murojaat etdi. Ammo biz javob olmadik.

London universitetining Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi ilmiy xodimi Alisher Ilhomov shaffoflik yo‘qligidan juda xavotirda.

“Olmaliqning xususiylashtirilishi va Toshkent shahrini rivojlantirish kabi kelishuvlarning ochiq emasligi O‘zbekistonda yangi tipdagi avtoritar rejim paydo bo‘layotganidan darak beradi”, deydi u.

“Umuman aytganda, Karimovning sobiq rejimi sovet usulidagi boshqariladigan iqtisodiyotni saqlab qolishga asoslangan bo‘lsa, Mirziyoev rejimi biznesga nisbatan ancha do‘stona bo‘lib chiqdi va xorijiy sarmoyalarni jalb etishga harakat qilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi janob Ilhomov.

“Ammo yangi rejim xuddi avvalgisi kabi korruptsiyaga qarshi yetarli darajada choralar ko‘rish imkoniyatiga ega emas va shuning uchun davlat xizmatchilari va, asosan, oligarxlardan iborat nodavlat sektor o‘rtasida maxfiy kelishuvlarga erishishga moyildir.

Bu esa asta-sekin, biz Rossiya va Qozog‘istonda ko‘rib turganimizdek, nisbatan liberal iqtisodiy tizim dahshatli korruptsiya bilan uyg‘unlashib ketganga o‘xshash holatga o‘xshab bormoqda”.

Mamlakatga aslida kimlar sarmoya kiritayotganini aniqlashga intilayotgan o‘zbekistonlik huquq himoyachilari guruhi o‘tgan oyda Buyuk Britaniya hukumatini SLP ga ta'sir o‘tkazishga chaqirdi. Buyuk Britaniya hukumati islohotlarni ko‘rib chiqmoqda.

Buyuk Britaniya parlamenti quyi palatasining o‘zgarishlar uchun kampaniyasiga boshchilik qilayotgan deputati Elison Teliss jarayon “og‘riqli darajada sekin” kechayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar O‘zbekistondan kelayotgan xabarlardan xavotirga tushishi kerak.

Tadqiqotchi va yozuvchi Richard Smit: “Biz ikki pantomimaning guvohi bo‘lyapmiz. Janob Usmonov QTS tomonidan nazorat qilinadigan SFI Management Group orqali mamlakat iqtisodiyotining katta qismini boshqarayotgani O‘zbekistonda sir emas”, deya xulosa yasadi.

Bu paytda esa Buyuk Britaniya o‘zini xuddi yakuniy benefitsiarlarni ochiqlashni talab qilayotgandek ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, qonun qabul qilinganidan buyon bir yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, QTS o‘z boshqaruvchilari haqida hech narsani ma'lum qilmasa ham jazosiz qolmoqda.

“Oylar o‘tib, shaffoflik haqidagi chiroyli so‘zlarga qaramay, Buyuk Britaniya uchun ma'lumotlarni oshkor etish hech qanday qiymatga ega emasligi oydinlashib bormoqda”.

Davlat telekanallarining so‘zlariga ko‘ra, janob Usmonov o‘z mamlakatini tiklashga yoram berayotgan vatanparvardir. Biroq u yagonami? O‘zbek emigrant-oligarxlaridan yana biri, mineral sanoat sohasida milliarder Fattoh Shodiev ham SFI ga aloqador. Uning Londondagi vakili The Herald bilan intervyuda bu faktni bir necha bor rad etdi.

Ayni paytda SFI nazoratiga o‘tganidan so‘ng “Paxtakor”da nafaqat menejer o‘zgardi. Klubda yangi prezident – Bobur Qobulovich Shodiev paydo bo‘ldi. Rossiya OAVlari u janob Shodievning jiyani ekani haqida xabar bermoqda. Janob Shodievning Buyuk Britaniyadagi vakili bu faktlarni sharhlash uchun o‘z mijozi bilan bog‘lana olmadi.

«Eltuz» tarjimasi. Maqola originali 14 noyabr kuni The Herald saytida bosilgan.

Tag‘in o‘qing
14 fevral 2022
Bu hikoya Qoraqalpog‘istondagi turkman qishlog‘ida tug‘ilgan jamoatchilik faoli va bloger Jumasafar Dadaboev haqida. 2016 yilda, hali u jamoatchilik faoliyati ...
25 iyun 2019
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining «Qurol to‘g‘risidagi qonun»ni ma'qullashi ortidan tarmoqda ayni qonun tarafdorlari va qarshilar o‘rtasida bahs qizidi. «Shaxsiy ...
18 aprel 2018
Vazirlar Mahkamasida 17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tgan videoselektorda o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarini ko‘cha tozalashga jalb ...
19 fevral 2021
Bu mushuk miyovlashni bilmaydi Chunki miyovlashni unga hech kim o‘rgatmagan. U hurrillaydi, xolos. Bu mushuk har tong Balkondan turib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...