Asosiy mavzular
19 fevral 2021

RTdan va'z: Qarg‘ish olmang, olqish oling, Shavkat Miromonovich!

Bu mushuk miyovlashni bilmaydi

Chunki miyovlashni

unga hech kim o‘rgatmagan.

U hurrillaydi, xolos.

Bu mushuk har tong

Balkondan turib

O‘tayotgan insonlarning

Ustiga

Tupurishni

Suyukli mashg‘uloti bilgan

Egasining

Qo‘ynida sokin uxlashni

Odat qilgan.

Yana

Tomma-tom kezishni

Va kunduzi dohiysi sharafiga

She'r o‘qib

Tunda bo‘kirib yig‘lagan

Shoirning

Bo‘kib ichishin

Yana

bolasini emizish uchun

Tanasini sotayotgan fohishaning

Tasbeh o‘girishin

Va masjid o‘ngida

Namozxonlar hujjatin tekshirayotgan

Mirshabning yig‘lashin

Kuzatishni

Odat qilgan.

Chunki

Ko‘zni o‘yish

Boshlangan

G‘ar zamonlarda

Bu mushukning

ko‘zlari yumuq edi…

(Sirojiddin Islom she'ri)

Va'zimni jurnalist do‘stim Sirojiddin Islomning miyovlashni bilmagan mushuk haqidagi she'ri bilan bekor boshlamadim. Negaligini va'z so‘nggida tushunib olasiz.

Avvaliga qisqa xabarlarga o‘tsam:

1998 yili Karimov farmoni bilan marmar va g‘ishtdan Imom Buxoriy ziyoratgohi tashkil qilingan edi. Endi bu koshona  davlat puliga buzib qaytadan qurilar ekan. Imom Buxoriy majmuasini rekonstruktsiya qilish bo‘yicha yangi loyihasiga ko‘ra, maqbara yaqinida 8 ming o‘rinli masjid bunyod etilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, majmua atrofida to‘rtta ulkan minora, ichki hamda tashqi ayvonlar barpo etiladi.

“Mendirman”ning pachag‘i chiqdi

“Maqtanchoq qiz o‘z to‘yida o‘siribdi”, deb bekorga aytmaydi dono xalqimiz.

O‘tgan yildan beri o‘zbek amaldorlari maqtab kelayotgan “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialining premera kuniyoq pachag‘i chiqdi.

Bir necha epizodlarda mo‘g‘il askarlarining yonida jinsidan tikilgan kalta ishtonlarda, krossovkalarda yurgan tasvirchilar ko‘rinib qoldi.

O‘zbekistonning farovonligi, musaffo osmoni va uzun lag‘monini ko‘rolmaydigan vatanfurush, vatangadolar darrov tanqid qilishga tushishdi.

Film homiylarigina film himoyasiga chiqdi. Qolganlar tomoshabinlikka o‘tib olishdi. Biznikilarga katta filmlarga yo‘l bo‘lsin! Yuraverishsin xontaxta filmlarni olib.

Allamjonov allomalarga tashlandi

Buzuq soat ham kunda ikki marta vaqtni to‘g‘ri ko‘rsatadi.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-fuvvatlash fondi rahbarlaridan biri Komil Allamjonov: “Allomalarimiz bilan kerilib, she'r to‘qib yuraversak, birimiz ikki bo‘lmaydi”, dedi.

Bu gapi bilan psevdointellektual Navoiy va Bobur xotirasiga she'rxonlik qilgan vatandoshlarimiz ustidan kuldi.

Uning aytishicha, bunday she'rxonlik kechalari o‘rniga zudlik bilan ilm-fanni rivojlantirish kerak.

“Shunga erishish kerakki, bizdan oldingilar bizdan rozi, keyingilar esa faxrlanishsin”, dedi K.Allamjonov.

O‘zbekistonning eng poraxo‘r kishilaridan biri Botir Parpiev va uning jallod qudasi Rustam Inoyatovning norasmiy cho‘ntagi, oxirgi 10 yillikdagi mamlakatning ilg‘or monopolistlaridan biri Komil Allamjonov to‘g‘ri gapirdi.

Faqat ba'zi ammo-lekinlar bor!

Bizdan oldingilar Allamjonovning qaysi ishidan rozi bo‘lardi?

“Avtotest” degan monopolist kurslar ochib, barcha davlat idoralari haydovchilarini shu yerda o‘qishga majburlaganiga Navoiy rozi bo‘lardimi yoki Bobur?

Yoki o‘zining “Soliq Info” degan gazetasiga butun O‘zbekiston soliqchilari, tadbirkorlari va fermerlarini shantaj yo‘li bilan obuna qilib, boyigani uchun Allamjonovdan imom Buxoriy rozi bo‘larmidi?

Shunisini aniqki, farzandlariga katta meros qoldirgani uchun Allamjonovdan uning farzandlari rozi bo‘lishadi va faxrlanishadi, xolos. Agar meros uchun urpichoq bo‘lishmasa, albatta!

Zulfiyachi – killer

Zulfiyachi qizlar O‘zbekistonning boshiga bitgan balo bo‘ldi. Ulardan killer chiqishi kimning hayoliga kelibdi, deysiz.

Avvaliga bir zulfiyachi O‘zbekiston televideniesida o‘rnashib qolish uchun kattaroq bir odamga ikkinchi xotin sifatida tegib olgani elga oshkor bo‘lgan edi.

Lekin orzulari ushalmadi polaponning: Boy ota nabirasi tengi zulfiyachining televizorda chiqishiga qarshilik bildirib, uyiga qamab qo‘ygan.

Keyin Xorazmdan chiqqan bir zulfiyachi “Biz bilgandik, biz kutgandik” deb, bu mukofot sovrindorlarining aksariyati maddohlar ekanini ko‘rsatib bergan edi.

So‘ngra xorazmlik o‘sha to‘tiqush Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning pinjiga kirish uchun so‘kong‘ich bezoriga: “Meni qiz qilib oling!” degan edi.

El-yurt: “Zulfiyachilar tinchib ketishdi, Xudoga shukr”, deb turuvdi hamki, o‘tgan haftada yosh va tili burro “momo”lar ichidan qotil ham chiqdi.

2020 yil may oyida zulfiyachi Sevara Abdulhakimova ikki erkak tanishi bilan til biriktirib, 31 yashar bir tadbirkorni Yunusobodda bo‘laklab, Qo‘yliqdagi bir hovliga ko‘mgan ekan.

Tadbirkor – go‘rda, zulfiyachi – qamoqda!

Halimaning halimligi

Toshkentdagi “Moviy gumbazlar” restorani hamda uning atrofidagi bog‘ himoyachilari va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘rtasidagi dueldan keyin Joha Akfamen so‘kong‘ich qiziqchi Halimani yordamga chaqirdi.

Hokimni himoya qilib chiqqan Halimaxon qarshi tarafni halimlikka chaqirib:

“Daraxtlarni kesib turmasa, moshinalarning ustiga yiqilib, pachag‘ qiladi. Shahar hokimini ham to‘g‘ri tushunishga harakat qilaylik”, dedi.

Joha bratning vkusiga besh ketmadim, oma-lekin.

Yordamga, piarga muhtoj ekansan, bir hurmatlirog‘ini, ziyolirog‘ini, bor ana, ketvorganini chaqirmaysanmi?!

Hokim himoyasiga chiqargan videosida Halima qo‘yning og‘zidan cho‘p olmaydigan farishtasifat bir jonzotdek ko‘rinishga harakat qilgani bilan oradan bir necha kun o‘tib, asliga qaytganday bo‘ldi.

Birinchi duelda Halimaxon Joha Akfamenni himoya qilgan bo‘lsa, ikkinchi duelda o‘z sha'nini himoya qildi.

130 kilolik sobiq mashhur valyutafurush 63 kilolik Ahad Qayumga ataka qilib, soxta shoirni kaltaklashga harakat qildi.

Ikkinchi duelda Halimaning og‘zidan chiqqan so‘kinishlarni eshitib, eng so‘kong‘ich vaziru hokimlar ham gabaritli xonimga havas qilgan bo‘lsa ajab emas.

Ana shu duelda Ahad Qayum umrida urushib ko‘rmagan yigitning guli ekani ham oydinlashdi.

Ustiga bostirib kelayotgan qiziqchiga shoir bir ikki-marta siltab qo‘ydi, xolos.

Surnay kimniki, Alisherboy?

O‘tgan haftada “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirishlar kiritib, tinch namoyishlar, piketlar va mitinglarga chaqirganlik uchun jinoiy jazo belgilashni taklif qildi.

Uning fikricha, bunday chaqiriqlar ommaviy tartibsizliklarga olib kelishi mumkin.

O‘zbek amaldorlari ichida: “O‘zbek xalqi demokratiyaga tayyor emas”, deydiganlar hali ham ko‘p.

Vaholanki, xalqimiz demokratiyaga tayyorligini 80-yillarning oxiri va 90-yillarning boshidayoq isbotlab bo‘lgan.

O‘sha paytdagi mitinglar biron-bir janjalsiz, urushsiz va mojarosiz o‘tgan. Bunga tarix guvoh.

Aslida “O‘zbeklar demokratiyaga tayyor emas”, degan amaldorlarning o‘zlari demokratiyaga tayyor emas.

Shundaylardan biri “Milliy hezalaklashtirish” partiyasi rahbari Alisher Qodirovdir. Bu janob konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan mitinglar o‘tkazish erkinligini bo‘g‘ishni, taqiqlashni taklif qilmoqda.

O‘zbek quturgan it emaski, mitingga chiqib tartibsizlik qilsa?!

Qo‘lingdagi surnayni o‘zing emas, boshqa chalayotganini hamma bilib turibdi. Partiyaning nomini o‘zgartir. «Milliy tiklanish» degan so‘z senga sholpillab qoldi. Milliy impotentsiya desak yarashadi.

RTdan va'z: Qarg‘ish olmang, olqish oling Shavkat Miromonovich!

Bugun divanda shiftga qarab yotib, xayolan prezident Mirziyoevga murojaat tayyorladim.

Keyin qog‘ozga tushirdim. Maktubni yo‘llash niyatim yo‘q. Chunki bepul maslahat beruvchilar ko‘p Sho‘kat akaning atrofida. Ammo murojaatni sizga o‘qib eshittiraman.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga qaraganda, o‘risqullarning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishga shoshilmayotgan ekansiz.

Shu sabab Kremlning katta bosimi ostida qolayotgan ekansiz.

Agar shu gaplar rost bo‘lsa, biz Siz tarafdamiz, janob prezident!

Aslo ikkilanmang, Kremldagilardan aslo qo‘rqmang, O‘zbekistonni bu ittifoqqa olib kirmang!

Shu yo‘lda biz, o‘zbeklar uyingizni ham, ish joyingizni ham, oilangizni ham yetti emas, yetmish halqa bo‘lib, tunu kunlik navbatlar bilan himoya qilishga va'da beramiz.

Turkiya xalqi Rajab Toyib Erdo‘g‘onni qurolli FYeTOchilardan qanday himoya qilgan edi?

O‘zbekiston mustaqilligini saqlab qolish yo‘lida siz xalq uchun bir qadam otsangiz, biz siz uchun uch qadam otamiz. Sizni aslo yakkalatib qo‘ymaymiz!

Ammo O‘zbekistonni bu ittifoqqa olib kirsangiz, bugungi va keyingi avlodlar nafaqat sizni, balki avlod-ajdodlaringizni ham la'natlab o‘tadi.

Chunki bu ittifoq Rossiya iqtisodidan boshqa barcha milliy iqtisodlarni yemirishga mo‘ljallangandir.

Unga kirsak, mahsulotlarimizni “Meyd in Uzbekistan” degan tamg‘a bilan emas, “Meyd in YevraZes” degan tamg‘a bilan eksport qilishimizga, milliyligimizdan mahrum bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi.

Agar eksport qila olsak.

Chunki bu ittifoq shartnomasi faqat rus mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangandir.

Chunki ittifoqqa kirgach, Qirg‘izistonda kichik va o‘rta biznes o‘ldi, yirik kompaniyalar esa Rossiya shirkatlarining ixtiyoriga o‘tdi.

Chunki bu ittifoqqa kirgach, Qozog‘istondagi g‘allachilik, chorvachilik, harbiy, oziq-ovqat sanoatlari, neftgaz kabi eng daromadli sohalar rus oligarxlarining qo‘liga o‘tib ketdi.

Mamlakatda import ulushi eksport ulushidan ikki baravar oshdi.

Bundan tashqari, Rossiya o‘z ittifoqdoshi Qozog‘istonning shimoliy hududlariga da'vo qila boshladi.

Bu ittifoqqa kirgach, Belarus boshqa davlatlardan, hattoki ittifoqdosh Qozog‘istondan neft sotib ololmay qoldi.

Chunki Kreml qozoq neftini Belarusga o‘tkazmayapti.

O‘zbekiston iqtisodi ham shu ahvolga tushishini istaysizmi? Eshitishimizcha, istamaysiz.

Lekin eshitishimizcha, bu borada hukumatingizda bo‘linishlar bor.

Shavkat Mirmonovich!

O‘zingizni qo‘lga oling!

Hatto kichkinagina Tojikistonning tashqi ishlar vaziri ham kuni kecha: “Tojikiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirmaydi!” deb ochiq aytdi. Siz boshqarayotgan o‘zbek hukumatining jasorati Imomali Rahmon boshqarayotgan Tojikiston hukumatining jasoratichalik yo‘qmi? 

Nega tojikning tizzasini qaltirata olmayotgan Kreml o‘zbekning yuragiga g‘ulg‘ula solishi kerak?

Bu masalada hukumatingiz sizni dastaklashdan qo‘rqayotgan bo‘lsa, xalqimizga tayaning!

Unga suyaning!

Mustaqillik yo‘lida xalqimiz, ayniqsa, uning ziyoli va yosh qismi sizni ikkilanmay qo‘llaydi va himoya ham qiladi.

Qarg‘ish olmang, olqish oling, Shavkat Miromonovich! 

Dialog

– Rassom Tuz sanmisan

– Ha

– Nega men yozgan komentni o‘chirib tashading. Ëqmadimi?

– Mentlarning asossiz tarafi olingan komment bo‘ganiga o‘chirdim.

– Organda ishlaydiganni hammasi ham ment emas. Masalan, men oddiy sledakman, lekin o‘ligimni tashamayman sistemani ustiga. O‘zimning moshinamda yuraman. Benzinni ham o‘zim quyaman. Oyligim oz deb leviy profildan «Eltuz»ga yozmayman. O‘zimga to‘qman. Lekin hech kimni qaqshatib pulini tortib omaganman. Benzinni ham ukamning kolonkasida quyvolaman.

– Milisaning oyligi bilan O‘rikzorda uchaska qurib, «Malibu» oldizmi?

– Oylikka olmadim. Buni tan olaman. Mana qara, uka. Mening hududimda jinoyat sodir bo‘ldi. O‘sha krugdagi gumonlanuvchilar vaqtincha hibsga olinadi, 72 soatga. Jinoyatchi esa bitta. Yaqinlari kelib qo‘yvoring, deb turvolishadi. Men 10 ta asosiy gumonlanuvchini hibsda qoldirib, qolganini uyiga qo‘yvoraman. Tilxat ehtiyot chorasi bilan. O‘shalarning baquvvat ona*otasi kelib, «oka, rozi qiluylik», deyishadi. Men benzokolonkasi bor ukamning vizitkasini beraman. Borib o‘zligi gaplashib ataganini berib ketadi. Vse. Men hech kimning peshanasiga pistolet tirab uyingni sot, moshinangni sot, deb turvolmayman. Bitta kambag‘al pochkamni sotib bo‘lsa ham bolamni tergovdan qutqarib olaman desa, men bunga rozi emasman. Odamman men. Musor emasman. O‘sha sani qarindoshing Bobojonov bizga yot. Prokuraturadan kegan u. Organdagi kadroviy kostyak uni tan omiydi. Bobojonov oddiy milisani qadrlamiydi. Ichini bilmiydi. Zokir akamgila hammani tanirdi. Bola- chaqasigacha. Maylin ukam. Meni chaqirishvotti. Razvodga bormasam yomon qilishadi. Keyin yana gaplashamiz.

– Qisqa gudoklar. Tut . Tut.

Ellochkaning lug‘ati

O‘zbekiston aholisi umumiy bazaviy savodi yo‘q va umuman savodi yo‘qlarga bo‘linadi. Umumiy bazaviy savod degani 10gacha sanash¸ alifboni va ba'zi fizika qoidalarini bilish demakdir.

Bugun yutubga yuklagan videomizga «Bir soatlik xalifa» deb nom qo‘ydik. Bir besh yuztacha o‘zbek fuqaro «islom xalifasiga til tekkizma, gandon, yeban», deb yozibdi.

Demak, bugungi darsimiz «Bir soatlik xalifa» (Kalif na chas) degan frazeologiya haqida. Bu so‘z tasodifan va o‘ta qisqa muddatga rahbarlik lavozimiga o‘tirgan shaxs uchun ishlatiladi. Qanotli ibora bu. Maqol desayam bo‘ladi, lekin askiya emas.

Bu ibora aslida qadimiy rivoyatga asoslangan. Xorun ar-Rashid o‘z o‘rnini vaqtincha boshqasiga bo‘shatib bergani haqidagi ertak. Ëshi katta va o‘qigan avlod «Bir soatlik xalifa» degan kitobni o‘qigan yo shunday kitob borligidan habardor.

Bugungi O‘zbekistondagi millionlarning miyasi cho‘pchak va nafrat bilan to‘la. Ammo u yerda aslo ilm¸ fahm va farosat yo‘q. Oldin aytganimdek, Ilya Ilf va Yevgeniy Petrovning «12 stul» romani qahramoni Ellochka-odamxo‘rning lug‘ati 30 so‘zdan iborat bo‘lsa,  oddiy cho‘pchakxo‘r o‘zbek lug‘ati 15 so‘zga ham bormaydi.

Bu so‘zlarning yarmini o‘ziyam tushunmaydi. Masalan, o‘sha mo‘min yo mo‘mina eng ko‘p ishlatadigan «zaybal» so‘zining ma'nosiniyam tushunmaydi. Bu biomassa ertaga bugundan ham battar savodsiz bo‘ladi va oxirida ikki ko‘zli, og‘zi bor, ammo tili yo‘q, yeb-ichib tualetga boradig‘on maxluqqa aylanadi.

Ba'zilari aylanib ham bo‘ldi. Izoh qoldirishdan oldin maktabda 8 yil o‘qib, ega nima, kesim nima, ergashgan qo‘shma gap nimaligini bilib oling.

Om qonuni va puankare gipotezasini bilmasangiz, kechiraman.

DXX haqida afsona

Va'zimda doimo afsona bo‘ladi. Bu gal voqelikka yaqin, ammo unchaligam haqiqat bo‘lmagan, bir oz uydirma, ammo zamiri haqiqat, afsonanamo hajviya yozdim.

Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlarni ish bilan ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish vazifasini Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirishini 28 yanvar kuni videoselektorda e'lon qildi.

Buning ortidan DXX Samarqand viloyati boshqarmasi zobitlari xo‘roz urishtirayotganlarni ushlashga safarbar qilingani tarmoqda hajv qilindi.

Demak, ana shunday hajvlardan biri kamina qalamiga oid:

Ko‘rinmas qahramon

Samarqandlik DXX zobiti erta bilan o‘rnidan turib, harbiy kiyimlarini kiydi. Qurolni koburaga solib, uxlab yotgan o‘g‘lining peshanasidan o‘pdi.

Ko‘zida yosh aylandi, yig‘lab yubormaslik uchun yutundi. Xotini non olib chiqib tishlatdi. Onasi bo‘lsa, yig‘isini zo‘rg‘a ushlab: “Oy borib omon kel, bolam. Shahid bo‘lsang, shu vatan uchun roziman,” dedi

DXX zobiti.

U 21-asrdagi eng dahshatli jinoyatni fosh qilish uchun safarbar qilingan o‘nlab DXX xodimlaridan biri, balki eng jasoratlisi edi.

Ularga qo‘shilib, Samarqand shahri IIB xodimlari, Samarqand viloyati IIB tezkor otryadi va Kattaqo‘rg‘on shahri IIB xodimlari ham o‘limga tik boqib, kiprik qoqmay, vatanimizga tahdid solayotgan jinoyatchilarni zararsizlantirish va imkoni bo‘lsa, ushlash operatsiyasiga shahdam qadamlar bilan ketishdi. Onalar duo qildi. Kelinlar ro‘molchasiga labini print qilib berishdi.

O‘lsang vatan uchun shahid, o‘ldirsang g‘oziy bo‘ladigan mujodala. Dushman esa makkor. Lekin o‘zbek zobitlari qalbida prezidentga sodoqat va odalatga ishonch bor.

Tadbirni osmondan turib dronlar ham kuzatdi. Og‘ir kechgan tadbir so‘nggida dushman qo‘lga olindi. Xavfli jinoyatchilar endi Kattaqo‘rg‘onga tahdid sola olmaydi. Tinch uxla, Vatan. Sodiq o‘g‘lonlaring sening osoyishtaligingni qo‘riydi.

Endi jinoyatchilar haqida aytsam: uch samarqandlik xo‘roz urishtirish kabi mudhish jinoyatga qo‘l urgan edi. Ammo o‘zaro til biriktirgan jinoyatchilar o‘zlarining g‘arazli va manfur maqsadlarini amalga oshira olmadilar.

Jinoyatchilar qamag‘da. Xo‘rozlar esa katakda. DXX xodimi pistoletini koburaga solib, chuqur, ammo xotirjam nafas oldi.

Boshliqqa chest berib, uyiga yo‘l oldi. Uyida o‘g‘ilchasi uxlab yotardi. Uni kutib o‘tirgan xotini bag‘riga otildi. Lablar lablarga tutashdi. “Qahramonimsiz”, dedi ayoli. “Vatan uchun jonim fido,” dedi zobit. Ovozi xirillab chiqdi. Ko‘ziga yosh keldi.

Radiodan “Serquyosh, hur o‘lkam” degan qo‘shiq yangrardi chunki.

Qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Xotini ham. Uzoqlarda itlarning vovullashi eshitilib turardi. Xonasi to‘rida marhum prezidentning portreti osig‘liq turardi. Zobit portretni ro‘molchasi bilan artdi. “Qalbimdasiz, Yurtboshim”, dedi. Chalqancha oy derazadan uyalib termulardi.

Yigitni yana bir og‘ir kun kutayotgandi.

Jaxongir Ortiqxo‘jaevning rus tiliga munosabatini patriotlar olqishlashdi. Shoshmang. Putin va Kreml siyosati yomon. Ularni ustiga tosh yog‘sin. Ammo til – bu muomala vositasi. Rus tili ham boylik. Rus tili faqat Rossiya va o‘rislarning tili deb qarash unchalik to‘g‘ri emas. Rus tili O‘zbekistonning ham boyligi.

Jazoirlik romanist yozuvchi Kateb Yasin (Muhammad Xellutiy) bu borada chiroyli fikr aytgan. «Frantsuz tili bizning harbiy trofey, ya'ni o‘ljamiz», degan. Shu fikrni men ham aytaman.

Agar ustimizga dushman bostirib kelsa va biz uni quvib solganimizda to‘p va zambaraklarini qoldirib qochishsa, bu to‘p, zambaraklar harbiy o‘lja bo‘ladi. Bu o‘lja qurollarni bemalol millatimiz mudofaasi uchun ishlataveramiz. Til ham shunday. Biz bu til yordamida o‘rislarga qarab «tы kto takoy, davay, do svidaniya», deymiz.

So‘zimni yoqimli yaratiq – mushuk haqidagi she'r bilan boshlovdim.  Endi esa hasharot haqidagi she'r bilan yakunlasam.

ChUMOLI HAQIDA NUTQ

«Mehnatkash» deb olganing unvon,

Shoirlarning g‘arib xayoli.

Mening esa, azaldan ayon,

Nafratim bor senga, chumoli.

G‘ivirlaysan. Terga botasan.

Tirikchilik solar ne ko‘yga.

Nima ko‘rsang, uyga tortasan –

Uyga… Uyga… Qorong‘u uyga.

Boshing uzra bahor quyoshi,

Taratadi bir ipak ziyo.

Hasharotlar ichra sen – toshi

Bahorga ham boqmaysan qiyo.

Uyga… Uyga! Tinmaysan birpas,

Yugurasan… Seningcha, yuho,

Og‘iz qalbni aytish uchunmas,

Ovqat uchun yaralgan go‘yo.

Uyga… Uyga! Javdirar ko‘zing,

Uyingda-ku chirib yotar don.

Xayolingda o‘zing, bir o‘zing,

Yutmoqchisan dunyoni tamom.

«A» dedingmi, toki «H»gacha,

Ochiq aytmoq zamoni yetdi.

Biz hammani tanib bo‘lguncha,

Chumolilar ko‘payib ketdi.

Chorsuni-ku qo‘ying (u – bozor,

O‘ynar savdo ashulasiga).

Chumolilar bormoqda qator,

Idoralar mashinasida.

Og‘rinishar – «chumoli» demang.

(Hatto shoir bo‘lsang ham jim tur!)

G‘azab bilan ular solsa chang,

«Qars» sinadi haqiqat qurg‘ur.

Peshtaxtaga biri yonboshlab,

Boshchasini quvnoq qashiydi.

Biri esa gul kabi yashnab,

Farzandiga diplom tashiydi.

Biri bizning ishxonamizda,

Yerga jami oyog‘in tirab

Mansabini tortgani-tortgan,

Zo‘riqqandan sho‘rlik qaltirab.

Biri esa: «Paxtakor xalqim,

Tasanno» deb to‘ldirar she'rin.

Unga xalqi kerakmas, balki

Bir ordenmi, mukofot bering.

O‘rab oldi maxluqlar chindan,

Buzib orning chegarasini.

Hatto ona Hurriyat qilgan,

Vasiyatlar tegarasini.

Hammasini topib kelib, eng

Oliy jazo bermoq xayolim…

O‘ylab qoldim – she'r o‘ldirar keng,

Mana, yozdim: «Sizlar – chumoli!…»

Tugayapti she'rim. Ketaman.

Uzr, jonim bo‘g‘zimga yetdi.

Chumolini o‘ylab turing. Men

Ninachini ko‘rgani ketdim.

Usmon Azim

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
22 fevral 2019
Ichki ishlar vazirligi “Eltuz”da “G‘allaorollik yigit IIB xodimlari uni tahqirlashganini bildirdi” sarlavhasi bilan tarqatilgan maqolaga munosabat bildirib, unda keltirilgan ...
15 iyun 2018
Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti 1 iyun kuni Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari 68 yoshli Mirag‘lam Mirzaevning ...
21 iyul 2017
Joriy yil boshida Turkiyadagi Reina tungi klubiga hujum qilib 39 kishini o‘ldirgan Abduqodir Masharipovga ko‘mak berganlikda gumonlangan 42 yosh, ...
29 noyabr 2017
28 noyabr kuni O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri 61 yoshli Galina Saidova hamda O‘zbekiston tashqi savdo vaziri 57 yoshli Elyor G‘aniev ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...