Asosiy mavzular
22 yanvar 2019

Fermerlarni xonavayron qiladigan maqbullashtirish

Hukumatning fermerlik uchun ajratilgan yer maydonlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi qarori shunday ham ahvoli og‘ir bo‘lgan fermerlarni yana bir sinov qarshisida qoldirdi.

Endi fermerlar yoki yer maydonlarini kengaytirishi, yoki yerdan voz kechishi, yoxud yangi zamindorning qo‘l ostida ishlashi kerak bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlari 100 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilikniki 20 gektar, bog‘dorchilik va uzumchilikniki 10 gektar va sabzavotchilik va polizchilikniki 5 gektardan kam bo‘lmasligi darkor.

Bu O‘zbekistonda ekin maydonlarini navbatdagi maqbullashtirish tadbiri bo‘lib, birinchisi fermerlarrni xonavayron qilgani sababli bekor qilingan.

Ilk maqbullashtirish davomida katta yer uchastkalarini eplay olmay qolgan fermerlar qarzga botib, yerdan foydalanish butkul xarob ahvolga tushib qolgan edi.

Shundan so‘ng hukumat fermerlik uchun belgilangan yer uchastkalarining eng kam miqdorini pasaytirishga majbur bo‘lgandi.

Hozir qishloq xo‘jaligi siyosati birmuncha o‘zgarganiga qaramay, hukumatning navbatdagi maqbullashtirish qarori fermerlarni yana qiyin ahvolga solib qo‘yishi ehtimoli yuqori.

“O‘tgan dehqonchilik yili fermerlarga juda og‘ir keldi. Natijada g‘alla rejasi arang bajarildi, paxta rejasi esa o‘lda-jo‘lda qoldi. Shuning uchun hukumat yerlarni boylarga olib berib, muammo yechimini yengillashtirmoqchi shekilli”, deydi sirdaryolik fermer Abduvohid aka “Eltuz” bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir aksariyat fermerlarning yanada katta yerni ishlatishga qurbi yetmaydi. Yerlar kengaytirilgandan keyin esa shu orqali ro‘zg‘or tebratayotgan juda ko‘p fermerlar ishsiz qoladi yoki yangi boylarning xizmatkoriga aylanadi.

Qashqadaryoga so‘nggi tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoev Kitob va Shahrisabz tumanlarida paxta ekishni bekor qilib, bog‘dorchilik va uzumchilik rivojlantirilishini bildirgandi.

Bu so‘zlardan ilhomlangan Abdulla Rossiyaga borib mardikorlik qilib topgan mablag‘iga bog‘ yaratish niyatida 4 gektar yer olgandi.

“Endi yangi qaror chiqib turibdi. Mening 10 gektarga bog‘ qilishga qurbim yetmaydi. Bu ketishda yerini topshirib, yana Rossiyaga ishlashga borishga to‘g‘ri keladiganga o‘xshab turibdi. Chunki 2-3 kishi kelishib, bitta fermer xo‘jaligi qilsak, ertaga pulning orqasidan kelishmovchilik kelib chiqmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Yangi bog‘ni ko‘kartirib, hosilga kiritishga ko‘p vaqt kerak. Sheriklik osh tatimaydi”, deydi Abdulla “Eltuz” bilan suhbatda.

Yakkabog‘lik Akbar esa 5 yildan beri tirikchiligini 2 gektarlik bog‘ining orqasidan o‘tkazadi.

Uning “Eltuz”ga aytishicha, yonma-yon joylashgan uniki kabi kichik bog‘dorchilik xo‘jaliklari hozir o‘zaro kelishib, bitta fermer xo‘jaligiga birlashish harakatida yuribdi.

“Shundan boshqa yo‘l qolmadi. Chunki birlashmasak, boylardan beri biz shuncha yil ko‘kartirgan bog‘imizga ega chiqish uchun chopib yurganini eshitdik. Hozir hamma endi nima bo‘lar ekan, deb boshi qotgan”, deydi Akbar.

Hukumat qarorida yana maqbullashtirish masalasiga qaytilishiga sabab yerlarni noqonuniy ajratish va ulardan xo‘jasizlarcha foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgani aytiladi.

Lekin bu safargi maqbullashtirish mazkur muammolardan xoli bo‘ladi, deb kafolat berish uchun mamlakatda hech qanday shart-sharoit mavjud emas.

“Hozirdanoq suvli va unumdor yerlarni olishga umidvor boylar pul ko‘tarib, kerakli odamlarni izlab yuribdi”, deydi jizzaxlik fermerlardan biri.

Maqbullashtirishda yer uchastkalari, birinchi navbatda, puli va qishloq xo‘jaligi texnikalari bor ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarga berilishi aytilmoqda.

Bu “beli baquvvatlar” unumsiz, suv ta'minoti yaxshi bo‘lmagan yerlarda dehqonchilik qilib, avvalgi fermerlar kabi kun o‘tkazish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ko‘nadimi?

Mazkur masala ham bugungi kunda ochiq qolmoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 iyul 2019
Prezident Mirziyoev 2017 yilning  13 iyunidagi chiqishida o‘zbek sudyalarini odamlarni himoya qilmaslikda, poraxo‘rlikda, nohaq qarorlar chiqarishda ayblagan edi. Karimov ...
1 fevral 2019
Gurlan tumanida bedarak yo‘qolgan 21 yashar Murodjon Boboxonovning jasadi 31 yanvar kuni bug‘doy dalasidan topildi. Shu kuni tushdan keyin ...
19 noyabr 2020
16 noyabr kuni Chirchiq tumanlararo fuqarolik ishlari sudi Xalq ta'limi vazirligining sobiq deputat Qobil Do‘sovga nisbatan da'vosini qanoatlantirish to‘g‘risida ...
2 aprel 2016
Endilikda O‘zbekistonda ayg‘oqchilik qilish uchun SNBa yollanish shartmas, aholi ko‘p to‘plangan joylarda biror odamning davlatga qarshiligidan gumoningiz bo‘lsa kifoya. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...