Buvaydalik bog‘cha bolalariga go‘sht o‘rniga ichak-chavoq berildi
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi bog‘chalarda bolalarga go‘sht o‘rniga ichak-chavoqlardan tayyorlangan ovqatlar berilmoqda, deya bildirdi bog‘cha mudiralaridan biri “Eltuz”ning Farg‘onadagi muxbiriga.
Bog‘cha mudirasining o‘z ismini oshkor etmaslik sharti bilan “Eltuz”ga aytishicha, SanPiN (Sanitariya qoidalari va normativlari) me'yorlari bo‘yicha bolalar 100 grammdan go‘sht iste'mol qilishi kerak. Ammo 2018 yilning boshidan oktyabr oyigacha tumanda bir bola uchun 60 grammdan go‘sht ajratilgan.
“Yetkazib berilayotgan shu go‘sht ham o‘ta sifatsiz, ular hayvonning ichki organlari – ichak-chavoqlardan iborat”, deydi bog‘cha mudirasi.
Bog‘cha mudiralari bilan MTB (maktabgacha ta'lim bo‘limi) mudirasi S. Qurbonova o‘rtasida tuzilgan shartnoma bo‘yicha ta'minotchi M.Mamadalieva bog‘chaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishi kerak.
Ammo bog‘chadagilar shartnomada ko‘zda tutilgan me'yorlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyundagi PK-3849-qarori va MTBning shu qaror asosida 2018 yil 23 iyunda chiqarilgan 156-buyrug‘ining ijrosi taminlanmaganini aytishmoqda.
“Bolalarga ikki oy sut berilmadi. Talab va shikoyatlarimizdan keyingina yanvar oyida har bir bog‘chaga qadoqlangan sut berildi”, dedi “Eltuz”ga shu tumandagi yana bir bog‘cha mudirasi.
Buvayda tumanidagi ikkita bog‘cha mudirasi iddaolariga ko‘ra, bog‘chalarda oziq-ovqatdan tashqari, shartnomada belgilangan 22 turdagi dori-darmon to‘liq yetkazib berilmagan.
Mudiraning “Eltuz”ga aytishicha, bundan tashqari, tizimdagi 28 ta MTMda issiqlik tizimi mavsumga to‘liq tayyorlanmaganligi uchun bugungi kunda ham bog‘chalarda bolalar sovqotib o‘tirmoqda.
Nasima Davron qizi
«Eltuz»ning Farg‘onadagi muxbiri taxallusi