Asosiy mavzular
11 mart 2019

Qo‘shxotinlikka qarshi chiqqan mulozim virtual sazoiy qilingani ortidan uzr so‘rattirildi

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari, 4 farzandning onasi, 35 yashar Nargiza Saidovaning feysbuk yuzeri Hayot Baxtiyoro‘g‘li (ism feyk bo‘lishi mumkin) bilan tortishuvida qo‘llagan iborasi tarmoqning liberal va qadimchi segmenti o‘rtasidagi virtual to‘qnashuvga sabab bo‘ldi.

Tarmoqda ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilgan Hayot Baxtiyoro‘g‘li: «Bitta xotinni eplay olmaydigan latta erkaklar va erining ustiga eshak qilib minib olgan shallaqi xotinlar qo‘shxotinlikka qarshi chiqadi faqat», deb yozgan gapiga javoban Nargiza Saidova: «Payg‘ambarimiz Xadicha onamiz tirikliklarida ustiga xotin olmaganlar. Bilmadim, balki o‘sha payt so‘takroq bo‘lgandirlar. Balkim Xadicha onamiz shallaqi ayol bo‘lgandirlar, bunisini siz yaxshiroq bilasiz. Hazrati Ali ham Fotima onamizning ustiga xotin olmaganlar. Bu juda kulgili hol, albatta”, deya sarkazm bilan yozdi.

Bu jumlaning kontekstdan yulib olingan qismini “asos” qilgan va oralarida sobiq xizmat ko‘rsatgan artistdan tortib sobiq imomlaru qamalib chiqqan jurnalistlargacha bo‘lgan olomon Nargiza Saidovaga tahdid qila boshladi.

O‘nlab yuzerlar Nargiza Saidovaning o‘ldirilishini talab qildi. Bu tahdidlar ortidan 9 mart kuni Nargiza Saidova radikal islomiy qarashlari bilan tanilgan sayt orqali “uzr so‘rattirildi”.

«Qisqacha aytadigan bo‘lsam, tushunmovchilik bo‘lgan. Asosiy niyatim, men xudoning bir bandasi sifatida turli talqinlarga sabab bo‘lgan, keskin tortishuvlarga sabab bo‘layotgan o‘sha fikrlarim uchun barcha musurmonlardan samimiy uzr so‘ramoqchiman», dedi Nargiza Saidova videomurojaatida.

Saidovaning bahsli izohi 4 mart kuni yuz berdi va u O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari qilib tayinlanganidan ikki kun o‘tib “kun tartibiga olib chiqildi”.

Voqeani talqin qilgan bloger Eldar Asanovga ko‘ra, Nargiza Saidova aybdor emas:

“Bu janjaldan mendan yaxshiroq xabardor bo‘lsanglar kerak. Janjalli mavzularda yagona haq taraf bo‘lmaydi, shunga o‘zimni bu mavzulardan chetda tutadigan bo‘lganman. Ammo Nargiza opani shaxsan taniganim uchun uning himoyasiga ikki og‘iz gap aytaman.

Bu haqda yozayotganlarning ko‘pchiligi singari men ham boshida opa o‘ylamay yozib qo‘ydi, dinni haqorat qilib qo‘ydi, deb o‘yladim. Ammo bu haqda yozayotganlarning ko‘pchiligidan farqli ravishda, masalani oxirigacha o‘rganib, keyin xulosa qildim.

Diniy yoki boshqa sabablarga ko‘ra ko‘pxotinlikni yoqlash, boshqa sabablarga ko‘ra birxotinlikni yoqlash, umuman uylanmay yashash — bu har kimning shaxsiy ishi. Bu mening qat'iy pozitsiyam. Hammaning o‘z haqiqati bor, hech kim birovga aql o‘rgatishga haqli emas. Ammo kimlardir o‘zini bosolmay, o‘zlarini “macho” deb his qilib yuborib, “ko‘p xotin olishga duxing yetmaydi” qabilidagi ahmoqona, saviyasiz ko‘cha gaplarini gapirib yuradi. Janjalga shunday gap sabab bo‘lgan.

Gap bunday bo‘lgan ekan. Hayot Baxtiyoro‘g‘li degan bir hovliqmaning izohini skrinda ko‘rishingiz mumkin.

“Bitta xotinni eplay olmaydigan latta erkaklar va erini ustiga eshak qilib minib olgan shallaqi xotinlar qo‘shxotinlikka qarshi chiqadi faqat”.

O‘zining shaxsiy fikrini mutlaq haqiqat deb bilgan bu “macho” shu gapi bilan millionlab erkaklarni va ayollarni haqorat qildi. Ayni paytda O‘zbekiston qonunchiligiga qarshi ham chiqdi. Sudlamoqchi, haqorat qilmoqchi bo‘lsanglar, haqiqiy nomzod mana shu.

Ammo haqiqiy aybdor — hovliqma (bir xotinli inson sifatida bundan og‘irroq haqoratlarimni ichimda aytdim) Hayot Baxtiyoro‘g‘li qolib, uning fikriga «sizning mantiqingizdan kelib chiqsak, unda payg‘ambarimiz so‘tak bo‘lganmi?» qabilida istehzoli munosabat bildirgan Nargiza Rahimova aybdor bo‘lib qoldi».

Eldar Asanov «9 mart kuni biz xalqning kuchini emas, olomonning xavfini ko‘rdik», deya xavotir bildiradi:

«O‘zi millionlab odamlarni haqorat qilgan bu “macho” (Hayot Baxtiyoro‘g‘li ) Nargiza Rahimovani biror narsada ayblashga ma'nan haqlimi? Nargiza opaning gapini oxirigacha o‘qimay, uni sudlashga, ishdan bo‘shatishga, hatto o‘ldirishga chaqirayotganlar marginallarni, mayli, gapirmay qo‘yaqolay. Marginallar mayli, ko‘pgina jiddiy blogerlar ham shoshilinch xulosalar qilibdi», deya yozadi bloger.

Ayni paytda tarmoqda tahdidlar qoralangan munosabatlar ham bor. Jurnalist Ibrat Safo Nargiza Saidovaning virtual linch qilinishini Afg‘oniston bilan parallel qildi:

«To‘rt yil avval Kobulda Farxunda Malikzoda degan begunoh ayolni shaytonlagan olomon urib, tepib, toshbo‘ron qilib, tomdan uloqtirib, mashinalar bilan bosib, keyin yoqib yuborib o‘ldirgandi. Bunda yuzlab erkaklar qatnashdi, kulib, videolarga olishdi. Bunga bir mullaning Farxundani Qur'oni Karimni yoqqanlikda ayblagani sabab bo‘ldi. Olomon dalil-isbotni so‘rab o‘tirmay, hukmni bajarib qo‘ya qoldi. Maza qildi. Keyin esa Farxunda hech qachon Qur'onni yoqmagani isbotlandi.

Nargizaga qarshi jirkanch usullarni qo‘llayotgan, uni haqorat qilib, ayollik sha'nini yerga urayotganlar shu olomondan nimasi bilan farqli, deb o‘ylanib qoldim. Vajohat va g‘azab shu qadarki, xuddi Nargiza oldingizda paydo bo‘lib qolsa, toshbo‘ron qilib o‘ldiradigandek. Nima bo‘ldi sizlarga o‘zi?» deya savol qo‘yadi jurnalist.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 iyun 2016
O‘tgan oy O‘zbekiston telekanallari «ish»ni 9 may- Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yurtboshining urush faxriylariga ko‘rsatgan «ulkan ehtiromi ...
23 noyabr 2021
Koson tumani hokimligi rasmiy veb saytiga ko‘ra, “so‘nggi 2 yil ichida Koson tumani markazi tanib bo‘lmas darajada chiroy ochgan”. ...
16 mart 2018
O‘zbekiston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning yaqinlari orasida uning «cho‘ntagi» sifatida tanilgan shaxs – Jur'at Meliqulov qamoqdan butunlay ...
13 fevral 2017
O‘tgan juma rasman so‘roqqa tutish uchun Silviri qamog‘iga yuborilgan O‘zbekiston vatandoshi Abduqodir Masharipovning Reina tungi klubiga hujum oldidan kamera ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...