Asosiy mavzular
1 aprel 2019

O‘zbekiston imiji yaxshilanishiga hissa qo‘shgan “dushman”

O‘zbekiston rasmiylari AQSh Mehnat departamenti o‘zbek paxtasini bolalar majburiy mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar “qora ro‘yxati”dan chiqargani to‘g‘risida faxr bilan bayonot bermoqda.

Ta'kidlash kerakki, xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston hukumatidan paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanishga chek qo‘yishni ko‘p yillar davomida talab qilib keldi.

Bu talabning bajarilmasligi esa O‘zbekiston paxtasiga nisbatan turli cheklovlar kiritilishiga, “Paxta kampaniyasi” xalqaro koalitsiyasi vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.

Nihoyat, so‘nggi bir necha yillar davomida hukumat paxta dalalarida bolalarning majburiy mehnatini tugatishga oid bir qator amaliy qadamlar qo‘ydi va mazkur sa'y-harakatlar natijasi o‘laroq O‘zbekistonning “yuzi yorug‘” bo‘ldi.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (UGF) mamlakatda majburiy mehnat tugatilishiga, xususan, bolalarning majburiy mehnatiga chek qo‘yilishiga juda katta hissa qo‘shib kelayotgan tashkilotlardan biri hisoblanadi.

Lekin O‘zbekistonning ijobiy imiji kuchayishiga xizmat qilgan AQShning yuqorida tilga olingan qarorini olqishlayotgan rasmiylar UGFni biror og‘iz eslab ham qo‘ygani yo‘q.

Bu tashkilot mamlakatda paxta yetishtirishdagi majburiy mehnatni yillar davomida monitoring qilib keldi va monitoringlar natijalari yuzasidan xalqaro hamjamiyatni va rasmiy Toshkentni xabardor etdi.

Ammo o‘zbek farzandlarining, O‘zbekistonning kelajagini o‘ylab qilingan bu sa'y-harakatlar mamlakat hukumati tomonidan uzoq vaqt davomida dushmanona qabul qilib kelingani UGF a'zolari, tashkilot bilan hamkorlik qilgan faollar uchun sir emas.

Hukumat nafaqat tashkilot to‘plagan dalillarni rad etdi, balki uning faollarini tinimsiz tazyiqlarga ham duchor qildi. Militsiya ushlab ketsa-da, rasmiylar tomonidan yollangan jangari ayollar hujumlariga uchrasa-da, UGF faollari o‘z missiyasini sharaf bilan bajarishda davom etdi.

“Biz faollarimizning mardligi, ekstremal sharoitlarda ham ta'qibu tazyiqlardan cho‘chimay, o‘z ishini halol va adolatli bajarganidan faxrlanamiz,- deydi UGF rahbari Umida Niyozova. – O‘zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo‘yilishida tashkilotimizning hissasi borligi bizni quvontiradi. Biz bu ishlarni O‘zbekistonning inson huquqlari himoya qilinadigan demokratik davlatga aylanishi uchun qilyapmiz va majburiy mehnat barham topmaguncha davom ettirish niyatidamiz”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalar majburiy mehnati tugatilgan bo‘lsa-da, majburiy mehnatning boshqa shakllari hamon keng tarqalgan. Xususan, UGF o‘tgan yili byudjet tashkilotlari xodimlarining obodonlashtirish, qurilish ishlariga majburiy jalb etilgani yuzasidan hisobot tayyorlab, bir necha tillarda tarqatgan.

“Garchi hukumat biz kabi tashkilotlarning faoliyatini, yumshoqroq aytganda, unchalik olqishlamasa-da, bunday tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish xalqaro maydonda mamlakat ijimini yaxshilashga xizmat qilishini rasmiy Toshkent tobora ko‘proq anglab borayotganiga umid qilaman”, dedi UGF rahbari U.Niyozova.

Tashkilot rahbarining ta'kidlashicha, o‘tgan yilgi monitoringlar davomida UGF faollariga ochiqdan-ochiq tazyiqlar biroz kamaygani sezilgan. Demak, o‘z siyosatining shaffofligini e'lon qilgan hukumatning ilgari o‘zi dushman, muxolif bilgan tashkilotlarga nisbatan tolerantligi birmuncha ortgan.

“Biz hukumatning ochiqligini har doim qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo majburiy mehnatga barham berish borasida hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. O‘zbekistondagi tuzumning niyati ezgu ekanligi hozirgi ijobiy qadamlarning amaliy natijalari bilan isbotlanishi kerak”, dedi Umida Niyozova.

UGF rahbari yaqin orada AQSh O‘zbekistonni majburiy mehnatning boshqa shakllaridan ham xoli davlatlar sirasiga kiritishiga umid bildirdi.

U, shuningdek, «Eltuz» nashriga 2018 yilgi paxta mavsumida UGF o‘tkazgan majburiy mehnat monitoringi va uning natijalari yuzasidan hisobot chorshanba, 3 aprel kuni taqdim etilishini aytdi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 mart 2020
1968 yili AQSh hukumati Vetnamga 35 mingdan 50 minggacha bo‘lgan askar jo‘natishga qaror qiladi. 16 mart kuni ertalab vetnam ...
3 may 2021
Yangiyo‘l shahridagi 1-umumta'lim maktabi o‘qituvchisi maktab mutasaddisi Umida Sattorova muallimlarni koronavirusga karshi vaktsinani olishga majburlayotgani, aks holda ishdan haydash ...
27 oktyabr 2020
To‘qsoninchi yillarda talaba edim. Dang‘aralik taniqli jurnalist Shokirali Nuraliev: «Kapitalizm huquqsiz, yollanma ishchilarni ezib ishlatishdir. Mayli, SSSR quladi, kommunizm ...
3 yanvar 2017
CNN-Turk kanalida yoyinlangan videoda Istanbuldagi Reina tungi klubiga hujum qilgan kimsaning Istanbul xalqaro aeroporti pasport nazorat bo‘limidan o‘tayotgan payti ...
Bloglar
14 iyul 2025
Rassom og‘a doim bolasini o‘ris bog‘cha va maktabga berganlarni qoralaydi. Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Doim ...
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...