Asosiy mavzular
20 aprel 2019

Imom xatib Ruhiddin Faxruddinov 13,5 yillik qamoqdan so‘ng manzil koloniyaga o‘tkazildi

2019 yilning 19 aprelida O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi (O‘MHHTG) vakillari Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 42-(sobiq №14) manzil koloniyaga o‘tkazilgan Toshkentning Xo‘ja Nuriddin masjidi sobiq imom xatibi Ruhiddin Faxruddinovni borib ko‘rishga va gaplashishga muvaffaq bo‘lishdi.

Faxruddinov 2019 yilning 16 aprelida Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi qattiq rejimli KIN 64/6 koloniyasidan manzil koloniyaga o‘tkazilgan edi.

Toshkentlik imomni qanday qamoqqa olishgan edi?

Huquq faoli Sur'at Ikromov 19 aprel kuni tarqatgan matbuot xabariga ko‘ra, MXX xodimlari Xo‘ja Nuriddin masjidining 1967 yilda tug‘ilgan imom xatibi R.Faxruddinovni 2006 yilning yanvarida hibsga olishadi va O‘zbekiston IIVga topshirishadi.

Faxruddinovga O‘zR JKning 155 (“Terrorchilik”), 159 (“O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tuzumiga tajovuz”), 161 (“Qo‘poruvchilik”), 216 (“Noqonuniy jamoa yoki diniy uyushmalar tashkil etish”), 223 (O‘zbekiston Respublikasi chegarasidan noqonuniy chiqish yoki kirish”), 227 (“Hujjat, blank, tamg‘a, muhrlarga egalik qilish, yo‘q qilish, putur yetkazish yoki yashirish”), 228 (“Soxta hujjat, muhr va hujjatlar tayyorlash yoki foydalanish”), 242 (“Jinoiy uyushma tuzish”), 244-1 (“Jamoatchilik havfsizligi va jamoatchilik tartibiga xavf soluvchi materiallar tayyorlash yoki tarqatish”), 244-2- (“Diniy ekstremistik, ayirmachi, fundamental yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, yoki ular faoliyatiga rahbarlik qilish, ishtirok etish”) moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

O‘MHHTG xabarida bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi IIV bosh tergov boshqarmasi tergovchisi militsiya polkovnigi Sh.Rahmatullaev jinoyat va ayblovlar uchun hech qanday isbot yo‘qligini bilgan holda “ayblov xulosasi” tuzadi.

Toshkent shahri sudida prokuror o‘rinbosari, «na insofi, na vijdoni bo‘lmagan A.Niyazov esa ko‘zini yumib» ayblov xulosasini “tasdiqlaydi”.

Jismoniy va ruhiy qiynoq, 6 yashar qizchaning zo‘rlanishi

Huquq himoyachilari matbuot relizida tergov davomida IIV va MXX xodimlari sodir etgan axloqan eng qabih harakatlarga e'tibor qaratiladi.

Unda yozilishicha, tergov qilinayotgan shaxsning aybi yo‘qligini yaxshi bilgan tergovchilar dalillar qidirish o‘rniga “iflos ish”ga, ya'ni aynan Ruhiddin Faxruddinovga qiynoqlar qo‘llashga kirishadi.

«Bu ham foyda bermaydi. Tahdidlar boshlanadi, foydasi bo‘lmaydi. Shundan so‘ng tergov eng qabih chorani ko‘rishgacha boradi.

Tergov paytida Ruhiddinning 6 yashar qizi Oysha o‘z uyi yaqinida 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, allaqaysi Qalandarov degan kimsa tomonidan zo‘rlanadi.

Aynan shu voqea uning sodir etmagan «ayblarini qisman” bo‘yniga olishga majbur etadi…», deya yozadi huquq faoli Sur'at Ikromov.

Makkorlik va yopiqlik ostida o‘tgan sud

Imom xatib Ruhiddin Faxruddinov ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlanishidan uch kun oldin raislik qiluvchi sudya Jamshid Saydaliev O‘zR JPKga xilof ravishda sudlanuvchining o‘z advokati Rustam To‘laganov bilan uchrashishiga ruxsat bermaydi.

Bu ham yetmagandek, Ruhiddin Faxruddinovni himoya qilish uchun sud zaliga kiritmaydi. Sud jarayoni asossiz tarzda yopiq rejim ostida o‘tadi, Chirchiq shahri sudi binosi avtomatlar bilan qurollangan MXX xodimlari va militsiya naryadi tomonidan o‘rab olinadi.

Sudlanuvchining yaqinlari, jurnalistlar va huquq faollari sud zaliga kiritilmaydi.

Huquq faollarining bildirishicha, ish bo‘yicha o‘n bir guvohdan uch nafarigina so‘roq qilinadi va sudga kiritiladi. Sud jarayoni O‘zR JPKning qo‘pol buzilishi bilan o‘tadi, sudlanuvchi Ruhiddin Faxruddinovga qo‘yilgan 11 modda bo‘yicha birorta ayb isbotlanmaydi.

«Biroq raislik qiluvchi sudya Jamshid Saydaliev har doimgidek ijro hokimiyatining buyurtmasini bajararkan, sudlanuvchi Ruhiddin Faxruddinovni 17 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqaradi…», deya bildiriladi O‘MHHTG matbuot xabarida.

Imomni ozod etish uchun harakatlar

O‘tgan so‘nggi 13 yil davomida O‘zbekiston hukumatiga noqonuniy qamalgan diniy arbob, imom xatib Ruhiddin Faxruddinovni ozod etish talabi bilan ko‘plab murojaatlar qilingan.

O‘z murojaatlarini ilova qilgan O‘MHHTG raisi Sur'at Ikromov matbuot xabari so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuroriga, O‘zbekiston ichki ishlar vaziriga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga tag‘in murojaat qilib, taniqli diniy arbob, imom xatib Ruhiddin Faxruddinov ozod etilishini so‘ragan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 iyul 2019
Dilorom Ichoqova 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. She'rlari matbuotda chop qilingan. «Erk» ...
5 oktyabr 2023
Eltuzga yetib kelgan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 4 oktyabr kuni Bishkek markazida amalga oshirilgan jinoyatchilarni  qo‘lga amaliyoti chog‘ida Qirg‘izistonlik Qamchibek ...
12 aprel 2015
Sizga aeroportda yoki o‘zbek chegarasining boshqa qismida deklaratsiyalar to‘ldirishga to‘g‘ri kelganmi? – deya savol beradi jurnalist Qudrat Bobojonov. To‘g‘ri, ...
30 dekabr 2020
Xalq hukumatning isitish mavsumiga shu qadar sust tayyorgarlik ko‘rganidan g‘azabda. Rasmiylar esa bunga javoban vaziyat haqida xabar berishga urinayotganlarni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...