Qamoqqa olingan mulozimning aybi Muhammad Solih bilan uchrashganimi?
O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov 10 may kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko‘zda tutilgan firibgarlik faktlari aniqlanganligi yuzasidan ushlangan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Bosh prokuraturaga Said-Abdulaziz Yusupov tomonidan juda katta miqdordagi ziyonni ko‘zda tutuvchi firibgarlik faktlarining sodir etilganligi aniqlangani nuqtai nazaridan hozirda unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi masalasi ko‘rilmoqda, deya bildirgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga ko‘ra, bu firibgarlik holati Yusupov tomonidan sodir etilgan retsidiv jinoyat hisoblanadi. U avval ham Jinoyat kodeksining shu moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilganligi aniqlangan.
«Yusupov o‘zini yolg‘ondan Davlat xavfsizlik xizmati mas'ul xodimi deb bildirib, uzoq vaqt davomida firibgarlik yo‘li bilan odamlardan juda katta miqdorda pul olganligi faktlari aniqlangan», — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
BBS ning yozishicha, Yusupov Turkiyadagi nashriyotdarus tilida Mirziyoev maqtalgan kitob chop qilgan va bu kitobning ilk nusxalarini olayotganda qamoqqa olingan.
Eltuz.com suhbatlashgan kishilarning aytishicha, Yusupov Turkiyaga borganida o‘zbek muxolifati lideri va taniqli shoir Muhammad Solih bilan uchrashgani DXXga yoqmagan.
«Yusupov tuhmat qurboni bo‘lgani ehtimoli bor», dedi Eltuz.com respondenti.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining 37 yoshli direktori Said-Abdulaziz Yusupov Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Said-Abdulaziz Yusupov O‘zbekistonda liberal islohotlar amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan konservatorlar qanotiga qarshi qaratilgan “Oq va qora” internet dasturi va bir qator maqolalar muallifi sifatida mashhur.
Eltuz.com