Asosiy mavzular
2 avgust 2019

Faollar Gulnora Karimova va uning noqonuniy aktivlari taqdirini hal etish ishida odil sudlovni talab qilmoqda

Bir guruh o‘zbek faollari 25 iyul kuni AQSh, Yevropaning qator mamlakatlari va O‘zbekiston hukumatlaridan Gulnora Karimova va uning noqonuniy aktivlarini O‘zbekistonga qaytarishda odil sudlovga tayanish talabi bilan murojaat e'lon qilishdi. 

Faollarning talabiga ko‘ra, mamlakatda mustaqil sud, shaffof tender tizimi, hukumat amaldorlari lyustratsiyasining amalga oshirilishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi pullarning qaytarilishiga asos bo‘lishi kerak.

O‘tgan yilning mayidan buyon Gulnora Karimovaning muzlatilgan korruptsion pullari atrofida yopiq eshiklar ortida savdo qizigan,   2019 yil 24 iyunida Shveytsariya Bosh prokuraturasi musodara etilgan pullardan 130 million frankni O‘zbekistonga berishga tayyorlanilayotgani haqida bildirgan edi.

(quyida murojaatning to‘liq matni)

Shveytsariya: Federal Kengashga,  Bosh prokuraturaga, Federal jinoyat sudiga 

Gibraltar: Hukumatga,  Hukumatning huquqiy departamentiga 

Frantsiya: Adliya vazirligiga

Yevropa va tashqi ishlar vazirligiga

AQSh: Adliya departamentiga 

O‘zbekiston: Adliya vazirligiga Bosh prokuraturaga 

O‘ZBYeKISTON FUQAROLIK JAMIYaTI FAOLLARI GULNORA KARIMOVA VA UNING JINOIY YO‘LLAR BILAN ORTTIRILGAN AKTIVLARI BILAN BOG‘LIQ IShGA OID ODIL SUDLOVGA TO‘SQINLIK QILAYoTGAN MUAMMOLARDAN TAShVISh BILDIRMOQDA 

  • Gulnora Karimovaning aktivlarini qaytarish masalasini hal etish odil sudlov standartlari asosidagi qayta sud jarayonini va bu sud jarayonining ochiqligini talab etadi. 
  • O‘zbekiston avtivlari muzlatilgan Shveytsariya, Frantsiya va boshqa davlatlar bu aktivlar taqdirini hal etishda nafaqat korruptsiyaga qarshi kurashish, balki inson huquqlari sohasidagi me'yorlarga ham tayanishi kerak.
  • Aktivlarni O‘zbekiston hukumatiga qaytarish faqat dastlabki shartlar sifatida korruptsiyaga qarshi kompleks islohotlar amalda bajarilgan va qonun ustivorligi o‘rnatilgandan keyingina amalga oshirilishi mumkin.  
  • Shveytsariya hukumati o‘g‘irlangan aktivlarga bog‘liq cho‘zilib ketgan bu ishni AQSh yurisdiktsiyasiga berish masalasini ko‘rib chiqishi lozim.

Bizning O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish tamoyillari bayon etilgan 2018 yil avgustdagi murojaatimizdan buyon diqqat qaratishimiz va yangi murojaat bilan chiqishimiz talab etiladigan qator voqealar yuz berdi. 


Gap Gulnora Karimovaning O‘zbekistonda mobil aloqani ta'minlovchi telekommunikatsiya kompaniyalaridan olgan ko‘p millionli porasi evaziga to‘plagan aktivlari haqida bormoqda. Bu kompaniyalar MTS, «Telia» (sobiq «Teliasonera»), «Vimpelkom»dir. Pora olganlik ayblovi ushbu kompaniyalarning o‘z aybini tan olgani va ularning jami 2,6 milliard dollar miqdorida jarima to‘lashga roziligi bilan tasdiqlandi. Karimovaning bank aktivlari, asosan, Yevropaning qator mamlakatlari, aynan Shveytsariya, Irlandiya, Belgiya, Lyuksemburg, Shvetsiyada, ko‘chmas mulk shaklidagi aktivlari esa Frantsiya va Buyuk Britaniyada joylashgan. Frantsiyada Gulnoraning o‘z vaqtida 50 million yevroga xarid qilingan uchta ko‘chmas mulkiga band qo‘yilgan. Yevropa hududida muzlatilgan aktivlarning umumiy miqdori milliard dollardan oshadi. 


Ayni paytda Shveytsariyada muzlatilgan, hali 2012 yildayoq umumiy miqdori 800 million Shveytsariya frankini tashkil etadigan aktivlar taqdiri hal etilmoqda. Bu pulning 130 million franki Gulnora Karimovaning hamtovog‘i Rustam Madumarov nomiga, 555 millioni esa uning yana bir sherigi Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, Shveytsariya banklarida katta hajmdagi qimmatbaho ziynatlar saqlanayotgan bir necha depozit qutilarga ham band solingan. 

Avvalo, so‘nggi vaqtlardagi qaysi voqealar haqida so‘z ketmoqda?

Biz ta'kidlamoqchi bo‘lgan asosiysi – o‘tgan yilning may oyidan buyon O‘zbekiston hukumati va Gulnora Karimova manfaatlarini ko‘zlovchi tomon o‘rtasida yopiq eshiklar ortida savdo qizigan. Bu pinhoniy muzokaralarga ko‘ra, 2014 yil fevraldan buyon uy qamog‘ida saqlanayotgan Gulnora  2017 yilda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-ayollar qamoqxonasiga ko‘chirildi, 2018 yil iyun oyi oxirida esa qizining Toshkentdagi uyida saqlandi va 2019 yil mart oyining boshlarida yana Zangiota qamoqxonasiga qaytarildi. 


Hozir Shveytsariyada muzlatilgan aktivlar borasidagi savdolarning yangi bosqichi kechmoqda. Gulnora Karimova manfaatini himoya qilayotgan tomon pullarni O‘zbekistonga qaytarishga rozi bo‘lishi evaziga uning qamoqdan to‘la ozod etilishi, hatto go‘yoki yetarli darajada tibbiy xizmat ko‘rsatilishi uchun mamlakatdan chiqib ketishiga ruxsat etilishi shartini qo‘ymoqda. Bundan tashqari, ozod etilganidan so‘ng zoriqmasdan yashashi va uning huquqiy himoyasi bilan shug‘ullangan shaxslarga shirinkoma berishi uchun aktivlarning bir qismini ajratish ham talab etilyapti. 

Gulnora Karimova nomidan 2019 yil 23 iyunda e'lon qilingan so‘nggi bayonotda u Shveytsariyada muzlatilgan 131 million dollarning qaytarilishiga to‘sqinlik qilmaslikka, bu mamlakatda qolayotgan 555 million dollar mablag‘i qaytarilishiga ham rozi bo‘lishga tayyorligi aytiladi. Bayonotda u o‘zining qamoqdan ozod etilishi va O‘zbekistondan chiqib ketishiga ruxsat berilishi evaziga shunday qadam tashlashga tayyor ekaniga ishora qilinadi. 

Biz O‘zbekiston hukumati bu shartlarni qabul qilishi yoki qilmasligini hali bilmaymiz. Ammo uning Zangiota qamoqxonasidagidan ko‘ra shinam bo‘lgan uy qamog‘iga qaytishini bemalol kutish mumkin. 


Agar bu kelishuv hatto uy qamog‘i ko‘rinishida ham yuz bersa, uni O‘zbekiston hukumatiga berilgan yirik miqdordagi pora samarasi o‘laroq qabul qilish darkor. Bunda Gulnora pora oluvchi emas, balki pora beruvchi qiyofasiga o‘tadi. 

Albatta, voqealarning bunday tus olishi xalqaro me'yor va standartlarga javob beradigan odil sudlovga, shuningdek, korruptsiya qurboni bo‘lgan O‘zbekiston xalqi manfaatlariga umuman mos kelmaydi. 


Gulnora Karimova va hamtovoqlarining O‘zbekiston hukumati tomonidan jazoga tortilishiga asos bo‘lgan sud qarorlari ham odil sudlov talablariga javob bermaydi. Ma'lumki, Gulnora Karimova va uning hamtovoqlari 2014, 2015 va 2017 yillarda bo‘lib o‘tgan sudlar qarorlari asosida jazoga tortilgan edi. Biroq ularning birortasi odil hamda xolis sudlov va huquqiy jarayon standartlariga zarracha ham mos kelmaydi. Yopiq tartibda, chala-chulpa o‘tkazilgan bu sud jarayonlari xuddi ularning natijalari kabi na fuqarolik jamiyati, na jahon hamjamiyatining ishonchini qozona olmaydi, shu bilan birga, O‘zbekistonda odil sudlov darajasining juda pastligini ko‘rsatadi. 

Agar Shveytsariya hukumati Gulnora Karimovaning mamlakat xalqidan o‘g‘irlangan aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish masalasini hal qilishga asos sifatida uning bu taxlit olingan roziligini qabul qilsa, u ham o‘zi xohlamagan holda Gulnora Karimovaning o‘z ozodligi evaziga O‘zbekiston hukumatiga to‘lanagan yuqoridagi eslatilgan poraning ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Biz Shveytsariya hukumati va Bosh prokuraturasiga odil sudlovga bu taxlit parodiya asosida qabul qilindigan qarorlarining reputatsion oqibatlari haqida o‘ylab ko‘rishni tavsiya etgan bo‘lardik. 

Shuningdek, bizni o‘g‘irlangan aktivlarni musodara qilish va qaytarish masalasi hal etilishida mazkur aktivlarni o‘g‘irlagan shaxsning roziligi talab etilayotgani fakti ham ajablantirmoqda. Axir pora fakti telekommunikatsiya kompaniyalarining o‘z iqrorligi bilan ham, Shvetsiyada «Telia» menejerlari ustidan bo‘lib o‘tgan sud jarayonlari materiallari bilan ham tasdiqlangan-ku! Shveytsariyada muzlatilgan aktivlarning kriminal manbalariga oid shuncha ko‘p dalillar bo‘lishiga qaramay, nega ushbu mamlakat adliyasi bu aktivlarni ularni o‘g‘irlagan jinoyatchining roziligisiz musodara eta olmayayapti?

Nihoyat, 2019 yil 1 iyulda Shveytsariya federal sudi o‘z qarori bilan «Takilant, LTD» nomiga rasmiylashtirilgan 350 million frank miqdoridagi aktivlarni Gulnora Karimovaning nazoratiga qaytarish imkoniyatini taqdim etgani ham bizda xavotir uyg‘otadi. Gibraltarda Gayane Avakyan nomiga ro‘yxatga olingan bu ofshor kompaniyaning benefitsiar egasi Gulnora hisoblanadi. 

Agar Shveytsariya adliyasi Gulnora Karimovaning barcha aktivlarini uning roziligini olmasdan musodara qilish imkoniyatiga ega emas ekan, unda nega bu ishni Gulnora Karimovaga ham, uning yuqorida eslatilgan aktivlariga nisbatan ham qator ishlar ochgan AQSh Adliya departamentiga berish mumkin emas? Nazarimizda, AQSh adliyasi o‘g‘irlangan aktivlar va ularni o‘g‘irlagan jinoyatchi shaxslar ustidan odil sudlovni amalga oshirishda ko‘proq imkoniyatlarga ega.  

Shveytsariyada muzlatilgan aktivlardan tashqari Gulnora Karimovaning joriy yilda Frantsiyada musodara qilingan aktivlari taqdiri ham bizda xavotir uyg‘otmoqda. Matbuot xabarlaridan ma'lum bo‘lishicha, Frantsiya hukumati bu aktivlarni (taxminan 50 million yevro) O‘zbekiston hukumatiga qaytarishga qaror qilgan. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Shveytsariyadan farqli o‘laroq, Frantsiya hukumati bu ishni dastlabki shartlarsiz amalga oshirish niyatida. Bu esa qimmatbaho ziynatlarni uni o‘g‘irlaganlarga qaytarish bilan barobardir. Agar bu yuz bersa, u Frantsiyaning inson huquqlari bo‘yicha, shuningdek, korruptsiya va pul yuvishga qarshi kurashishga oid majburiyatlariga ziddir. Qolaversa, bu qadam joriy yil bahorda Frantsiya Senati tomonidan tasdiqlangan o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish mas'uliyati haqidagi qonun loyihasiga zid keladi. Oqibatda Frantsiyaning ma'naviy obro‘-e'tiboriga szilarli darajada axloqiy zarar yetadi.

Bizning takliflarimiz qanday?

1.  Biz O‘zbekiston xalqidan o‘marilgan aktivlarni musodara qilish va qaytarishga oid barcha jarayonlar ushbu aktivlarning kelib chiqishi mamlakatidagi ularni o‘g‘irlagan va o‘g‘irlanishiga aloqador bo‘lgan javobgar shaxslar va mazkur aktivlarga nisbatan tegishli huquqiy jarayonlarsiz tutashi mumkin emas, deb hisoblaymiz. Zero, O‘zbekistonda Gulnora Karimova, uning hamtovoqlari va aktivlariga nisbatan chiqarilgan avvalgi barcha sud qarorlari odil sudlovga parodiyadir. Biz odil sudlovning umum tan olingan barcha xalqaro me'yorlariga mos keladigan qayta sud jarayonini talab qilamiz. Faqat mana shu takroriy huquqiy jarayon natijalariga qarab Shveytsariya hukumati O‘zbekiston aktivlarini qaytarish haqida qaror chiqarishi lozim. Bunday qayta sud jarayonini O‘zbekistonda barcha sud tizimini tegishlicha isloh qilmasdan amalga oshirib bo‘lmaydi. Bunday islohotlarning to‘liq amalga oshirilishi aktivlarni qaytarish borasida biz 2018 yil avgustda ilgari surgan tamoyillarga javob bera oladi. 


2. Gulnora Karimova manfaatini himoya qilayotgan tomon u qamoqxonada qattiq munosabatga duchor bo‘layotgani hamda tibbiy yordam va davolanishga muhtojligini ta'kidlamoqda. Bu ta'kidlar qanchalik haqiqat ekaniga baho berishni lozim topmaymiz. Biroq biz uning saqlanish sharoitlari masalasi mazkur qamoqxonadagi va mamlakatdagi barcha turmalardagi mahkumlarning saqlanish sharoitlari bilan bog‘liq holda hal etilishi lozim, deb hisoblaymiz. Hukumat va qamoqxona ma'muriyati bitta mahkum, bu o‘rinda Gulnora Karimova uchun qandaydir alohida shart-sharoitlar yaratishi emas, balki barcha mahkumlarning saqlanish standartlarini inson huquqlari sohasidagi xalqaro me'yorlarga muvofiq ravishda ko‘tarishi kerak. Jazoni ijro etish tizimiga oid ushbu islohotlar samarasi, avvalo, BMTning inson huquqlari mexanizmlarini tamsil qiluvchi xalqaro kuzatuvchilar tomonidan tasdiqlanishi joiz.  


Hukumat Qizil xoch vakillariga, shuningdek, BMTning odil sudlov va qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma'ruzachisiga mamlakatning barcha qamoqxonalari, jumladan, Zangiota koloniyasiga ham hech qanday to‘siqsiz kirishni ta'minlashi lozim. Bu tashriflar natijasida esa biz Gulnora Karimovaning saqlanish sharoitlari haqida ishonchli va haqiqiy ma'lumotga ega bo‘lamiz. 

 
Lekin biz uning kuzatuvchilar uchun ochiq bo‘lgan, odil sudlov standartlari va me'yorlariga javob beradigan qayta sud eshituvlari qarorisiz ozod etilishiga qat'iy qarshimiz. O‘zbekiston Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bo‘yicha majburiyatlarga ega bo‘lib, uning 14-moddasi ushbu paktni ratifikatsiya qilgan mamlakatlarning barcha fuqarolari uchun odil sudlov huquqi berilishini kafolatlaydi.

3. Shuningdek, biz O‘zbekiston aktivlari muzlatilgan Shveytsariya, Frantsiya va boshqa mamlakatlar hukumatlarini ushbu aktivlar taqdirini hal etishda xalqaro huquq me'yorlari, jumladan, nafaqat BMTning Korruptsiyaga qarshi kurash kontseptsiyasiga, balki inson huquqlari sohasidagi, xususan, rivojlanish huquqi, odil sudlov huquqi va boshqa huquqlar toifalariga qarab qaror chiqarishga chaqiramiz. O‘g‘irlangan aktivlar taqdiri masalasi shu tariqa ham korruptsiyaga qarshi kurashish, ham inson huquqlariga rioya qilinishi sohalaridagi xalqaro huquqlarning barchasi hisobga olingan holda hal etilishi kerak. 


4. Biz Shveytsariya Bosh prokuraturasi va sud hokimiyatini O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan aktivlarni musodara qilish bo‘yicha cho‘zilib ketayotgan ishni oxirigacha, samarali yakunlashga qanchalik qodir ekanini ochiq tan olishga chaqiramiz. Agar ular bunga qodir bo‘lmasa, Shveytsariya hukumatini bu aktivlarga oid barcha ishlarni AQSh Adliya departamenti va odil sudloviga berishga da'vat etamiz.  

5. Biz Frantsiya hukumatini yuqorida qayd etilgan shartlar, ya'ni Gulnora Karimova va uning hamtovoqlari ustidan qayta sud jarayoni o‘tkazilmaguncha hamda korruptsiyaga qarshi haqiqiy islohotlar amalda bajarilmaguncha Gulnora Karimovaning aqtivlarini O‘zbekiston hukumatiga qaytarish jarayonlarini to‘xtatishga chaqiramiz. Frantsiya hukumati mamlakatning ikki yetakchi nohukumat tashkilotlari – Sherpa va Transparency International France ning O‘zbekistonga aktivlarni qaytarish jarayonining to‘la shaffof va suiiste'molliklardan xoli bo‘lishini kafolatlash chaqirig‘iga quloq tutishi lozim. 

6. Biz Adliya departamentini Gulnora Karimovaga aktivlarini qaytarish, shuningdek, uning aktivlarini tegishli shartlarsiz O‘zbekistonga repatriatsiya qilish ehtimolini bartaraf etishga qarshi qadamlar qo‘yishga chaqiramiz. 

7. Biz Gibraltar ma'muriyatini Gulnora Karimova advokatlarining unga tegishli «Takilant» va «Svisdorn» kompaniyalarini tiklashga oid so‘rovni rad etishga chaqiramiz. Bugun ushbu kompaniyalar O‘zbekistonda biznes yuritayotgan telekommunikatsiya kompaniyalariga ularning mobil aloqa biznesi uchun litsenziya va chastota ajratilishiga parda orqasidan ko‘mak ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgani kundek ravshan. Yana ayonki, O‘zbekiston hukumati ushbu aktivlardan foydalanishdagi ehtimoliy  suiiste'molliklarga qarshi tegishi kafolatlar yaratgani yo‘q. 

8. Biz Gulnora Karimovaning aktivlarini saqlab turgan mamlakatlarni aktivlarni qaytarish, qaytarishga tayyorlash, bu haqda qaror qabul qilish jarayonlarida to‘la shaffoflikni ta'minlashga chaqiramiz. Qaytarilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar miqdorining noaniqligi bizda xavotir uyg‘otmoqda. Gulnora Karimova o‘zining so‘nggi bayonotida Shveytsariyada muzlatilgan ikki summa – 131 million dollar va 555 million dollar, jami 686 million dollar haqida gapirmoqda. Bu esa Shveytsarriya hukumati hali 2012 yildayoq aytgan 800 million dollardan ancha kam. Hukumat hali Shveytsariya banklarida band solingan depozit qutilar ichida nima borligi masalasida mum tishlab o‘tiribdi. 


Shveytsariya Bosh prokuraturasining 2019 yil 24 iyundagi bayonotida musodara etilgan va O‘zbekistonga berishga tayyorlanilayotgan 130 million frank haqida so‘z boradi. Shu bayonotda besh nafar gumonlanuvchi ishi bo‘yicha yana 650 million dollarni musodara qilish masalasi hali ham ko‘rib chiqilayotgani aytiladi. Bu mablag‘larning jami 780 million dollarni tashkil etadi. 

Ammo Gulnora Karimovaning band solingan aktivlari miqdori hali 2012 yildayoq 800 million frankni tashkil etgani va bank foizlarini hisobga olganda bu summa bugungi kunda (7 yillik davrda yillik 2 foiz) kamida 912 million frankka yetgan bo‘lishi kerak. Bundan ko‘rinadiki, jamoatchilikka kamida 130 million franklik farq haqida hech narsa xabar qilinmayapti. 


9. Biz Gunora Karimovaga ham, boshqa nomzodlarga ham bu aktivlarning bir qismi ham qaytarilishiga qat'iy qarshimiz. Muzlatilgan barcha aktivlar musodara etilgandan so‘ng O‘zbekistonga, lekin tegishli shartlar asosida berilishi kerak. 


10. Shu munosabat bilan biz O‘zbekiston aktivlarini qaytarishga oid 2018 yil avgustda ilgari surgan tamoyillarimizga sodiq ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Asosiysi shuki, hukumat Gulnora Karimovaning aktivlarini qog‘ozda emas, amalda qo‘lga kiritishi uchun korruptsiyaga qarshi mexanizmlarni yaratish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishi, ya'ni: 

  • mustaqil sud hokimiyatini yaratishi; 
  • ma'muriy islohotlar o‘tkazishi; shu munosabat bilan manfaatlar to‘qnashuviga oid huquqiy hujjatni ishlab chiqishi va qabul qilishi; 
  • barcha davlat xizmatchilari, sudyalar va parlament a'zolariga har yili o‘zining va oila a'zolarining daromadlari haqidagi deklaratsiyani taqdim etishi va bu deklaratsiyalarning jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishini kafolatlashi; 
  • tender jarayonining ochiq va shaffofligi, foydali shartnomalar, kelishuvlar va muayyan qiymatdagi ob'ektlarga uchun oshiq qiymatdagi investitsiyalar chegarasining faqat tanlov asosida belgilanishini ta'minlashi; 
  • keng vakolatlarga ega mustaqil korruptsiyaga qarshi agentlikni tuzishi, uyushmalar va matbuotning to‘la mustaqilligini ta'minlashi kerak.

Eng asosiysi, bu islohotlar aktivlarni qaytarish yakunida emas, balki qaytarish boshlanishidan oldin, ular yana o‘g‘irlanmasligi, korruptsiyaning asosiy qurboni o‘laroq O‘zbekiston xalqiga xizmat qilishi kafolati sifatida amalga oshirilishi darkor. Har qanday holatda islohotlar o‘tkazish va'dasiga, hatto korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunlarga ham ishonmaslik lozim. Aktivlarni qaytarish sharti qog‘ozdagi emas, amaldagi tarkibiy o‘zgarishlar bo‘lishi kerak.

Imzolaganlar ro‘yxati: 

Nadejda Otaeva, Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi prezidenti, Le-Mans, Frantsiya, n.atayeva@gmail.com (bog‘lanuvchi shaxs)
Umida Niyozova, O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi direktori, Berlin, Germaniya, umida.niyazova@gmail.com (bog‘lanuvchi shaxs)
Yodgor Obid, o‘zbek shoiri, siyosiy qochqin, Avstriya rezedenti
A'zam Turg‘unov, huquq himoyachisi, sobiq vijdon tutquni (2008-2017), O‘zbekiston
Muhammad Bekjonov, jurnalist, sobiq vijdon tutquni (1999-2017), AQSh rezedenti
Alisher Taksanov, jurnalist, o‘zbek siyosiy qochqini, Shveytsariya rezedenti
Dilya Erkinzoda, o‘zbek siyosiy qochqini, Shvetsiya rezedenti
Alisher Obidov, o‘zbek siyosiy qochqini, Norvegiya rezedenti
Sergey Naumov, jurnalist va huquq himoyachisi, O‘zbekiston
Daniel Anderson, o‘zbek siyosiy qochqini, Norvegiya rezedenti
Mirrahmat Mo‘minov, o‘zbek siyosiy qochqini, AQSh rezedenti

Quyidagi vebsaytlarga qarang: 

Ruscha versiya: https://ahrca.ru/uzbekistan/verkhovenstvo-prava/903-aktivisty-trebuyut-pravosudiya-v-dele-gulnary-karimovoj-i-resheniya-sudby-ee-nezakonnykh-aktivov; https://nadejda-atayeva.blogspot.com/2019/07/blog-post.html

Inglizcha versiya: https://ahrca.eu/uzbekistan/rule-of-law/1019-civil-society-activists-of-uzbekistan-call-for-justice-in-the-return-of-gulnara-karimova-s-ill-gotten-assets

Frantsuzcha versiya: https://ahrca.fr/ouzbekistan/corruption/76-les-militants-reclament-justice-dans-l-affaire-de-goulnara-karimova-et-sur-le-sort-de-ses-actifs-frauduleusement-acquis?fbclid=IwAR17Ck9VCXGBCc2fnoJFS3_M5VE4WvKq9hI_g6XJ1qKLf-VjGVluT_NEQF4

Tag‘in o‘qing
7 sentyabr 2016
O‘zbek segmentida Karimov o‘limidan so‘ng agressiv trolling avj olarkan, ijtimoiy tarmoqda prezident Islom Karimov o‘limi fonida uning shaxsini ilohiylashtirish ...
5 dekabr 2019
Ichki ishlar vaziri general Po‘lat Bobojonov uyida gaz va elektr toki yo‘qligidan sovuqda o‘tirgan oilaga elektr isitgich sovg‘a qildi ...
1 aprel 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Moskvadagi ikki yillik hayot milliy qarashlarimni sezilarli darajada radikallashtirdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu sovet ...
20 iyun 2024
Keyingi kunlarda Eltuz tomonidan qo‘yilgan har bir materialga, o‘zini din himoyachisi deya hisoblovchilar nomidan haqoratli komentlar qo‘yilishi avj olgan. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...