Asosiy mavzular
3 sentyabr 2019

«Sharq taronalari» festivali arafasida daydi itlarning o‘ldirilishi jamoatchilikni shokka soldi

Samarqandda 27 avgust kuni o‘tgan “Sharq taronalari” festivali arafasida daydi itlar va mushuklarning ommaviy o‘ldirilishi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. 

“Kecha kechqurun mening itimni vahshiylarcha o‘ldirishdi. Ularni hayvon deb atash hayvonlar uchun haqoratli. Odammas ular”, deya yozdi feysbuk yuzeri Alika Abdullaeva.

Uning yozishicha, shaharga dabdabali bayram tusini berish uchun Samarqandni daydi itlardan tozalashga buyruq berishgan. Mahallalar bo‘ylab reyd o‘tkazishgan. Itlarni quturishga qarshi emlash bahonasida uyma-uy yurishgan.

“Kimdir rozi bo‘ldi, kimdir yo‘q. Rozi bo‘lganlar itlaridan ayrilishdi. Ular qaerda it hurgani eshitilsa, devordan zaharlangan sosiska irg‘itishdi. Shunday qilib, mening itimni va qo‘shnilarimizning itlarini o‘ldirishdi”, deya eslaydi Alika itlarga qilingan yovuzliklar haqida.

U o‘z postida, shuningdek, zaharlangan iti o‘limi dahshatini tasvirlaydi:

“Kuchugim chiyillab, aqldan ozgan alfozda chopib uyga kirdi. Keyin charx urib aylana boshladi. Men nima bo‘lganini darrov anglay olmadim. Uning butun ichki a'zolari bir lahzada to‘kilib bo‘lgan edi. U chekkan iztirobni tasvirlash qiyin. Og‘ir azob va gallyutsinatsiya. Keyin u yiqildi, talvasa boshlandi. Va ajali yetdi…”.

Bir guruh jamoatchilik faollari 31 avgust kuni siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov tashabbusi bilan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovga bolalarni hayvonotga mehr-shafqat ruhida tarbiyalash yuzasidan  petitsiya murojaati yo‘llashdi.

“Bu yilgi festival tarixga nafaqat ayni noinsoniy va haddan tashqari shafqatsiz aktsiya bilan kirdi. Eng muhimi, bolalar bu aktsiya guvohi bo‘lishdi”, deyiladi, jumladan, murojaatda.

Ta'lim vaziriga daydi uy hayvonlarining o‘ldirilishi bolalarga qanday ta'sir etishi, bu holatga Xalq ta'limi vazirligi javobgar ekani, shuningdek, hali ham “vaziyatni tuzatish” mumkinligi bildirildi.

Shu bilan birga, petitsiya tashabbuschilari vazirlikka maktab o‘quvchilari ishtirokida jonivorlarni asrash, ularga boshpana berish yuzasidan tadbirlar, tanlovlar o‘tkazish, bu tadbirlarga homiylar yordamini jalb etishni taklif qilishdi. 

Murojaatni emeyl va messenjer orqali jo‘natganini bildirgan Alisher Ilhomov 2 sentyabr kuni vazirning javob xatini olganini ma'lum qildi.

Ilhomov vazirlik o‘z xatida faktlarni inkor etmaganini, eng muhimi, umidlantiruvchi javob bo‘lgani, daydi uy hayvonlari uchun tirik burchaklar, boshpanalar tashkil qilishga xayrixohlik bildirilganini aytdi. 

Davlat mulozimining tezgina javobidan ruhlangan Alisher Ilhomov o‘z tarafdorlariga xalq ta'limi vaziri Shermatovga aniq takliflardan iborat ikkinchi murojaatini hozirlaganini ma'lum qildi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 noyabr 2016
Rassom Tuz mashhur «Opyat dvoyka» asariga taqlidan chizgan karikaturasida O‘zbekistonning bugungi muammosini nishonga oladi. Shu paytgacha yozilgan arizalar sonining ...
7 mart 2017
O‘tgan yili o‘lgan prezident Islom Karimovning haykali Toshkent, Samarqand va Qarshida o‘rnatiladi. Bundan tashqari marhum mustabid qabri ustiga maqbara ...
8 fevral 2017
7 fevral kuni o‘tgan selektor majlisida prezident Shavkat Mirziyoev, tug‘uruqxonalarda poraxo‘rlik ochiqdan-ochiq tus olgani haqida gapirdi. «Tug‘ilganga pul berish ...
11 dekabr 2019
Muhammad Solih hayotiga bag‘ishlangan “Begona” filmining 6-qismida suhbat asnosida adib o‘zi siyosiy surgunda qolayotgan Turkiya unga begona emasligi, Turkiya ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...