Asosiy mavzular
14 oktyabr 2019

Cenat raisi “tushunmayotgan” haqiqatlar

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboeva “katta mablag‘ va boshqa resurslar evaziga sahroga aylangan Orol dengizi hududida turli daraxtlar ekilayotgan bir sharoitda ayrim hududlarda daraxt va butalarni noqonuniy va ayovsiz kesish hollari ro‘y berayotgani mutlaqo tushunarsiz” ekanini bildirdi.  

Tushunish qiyin emas aslida buni. Tushunish uchun xalqning bugun qanday hayot kechirayotganini bilish kifoya. O‘shanda “noqonuniy va ayovsiz kesish”larning asl sabablari mana-man deb ko‘rinib qoladi.

“Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, deydi o‘zining “tushunmagani”ni xulosalab Senat raisi. 

Tanzila Norboeva mantig‘ini topa olmayotgan kes-keslarning asl sabablarini esa real hayotning o‘zi har kuni ko‘z-ko‘z qilib turibdi.

Hali kun sovimasdanoq elektr va gaz ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, ayrim hududlarda esa gazning umuman yo‘qligi amaldorlar tushunmayotgan “mantiqsizlik”ning mantig‘idir. 

Aslida elektr va gazsiz xalq yashab qolish uchun shu yo‘l bilan kurashmoqda. Ularning tanlovi juda murakkab – yoki daraxt kesib, qahraton qishni bir amallab o‘tkazib olish, yoki o‘ziyu butun oilasi shamollash bilan bog‘liq turli kasalliklarga chalinishi.

Elektr va gazsiz xalqning bir qismi uyidagi bola-chaqasining rizqi bo‘lgan mevali daraxtlarni kesib yoqib bo‘ldi. Tutlarga ham qiron kelgan.

Cho‘l hududidagilar saksovul va yulg‘un kesmoqda. Chunki hatto tappi qilishga go‘ng topish ham muammoga aylangan. Zero, go‘sht qimmatlashishi mol-hol kamayganidan darakdir. 

Birgina Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektsiyasi joriy yilning shu davrigacha Qizilqum barxanlaridagi saksovul va yulg‘unlarni kesib ketayotgan qariyb 200 kishini aniqlagan.

Mavjud qonunchilikda daraxtlar, butalar kabilarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan.

Ammo shunday katta jarimalar ham yashab qolish uchun kurashayotgan xalqni bu qonunbuzarliklardan to‘xtatib qolishga qodir emas. 

Oddiy xalq taqdiriga tan berib, saksovul kesishdan o‘zini tiysa, bu ishni biznesga aylantirganlar sahnaga chiqadi. Ular korruptsionerlar bilan bir tizim yaratib ishlaydi. 

Masalan, tog‘li hududlarda o‘tinchi “biznesmenlar” guruhlari bor. Ular qo‘riqxonalar, o‘rmonlar qorovullari bilan til biriktirib, archalarga qiron keltiradi.

Kesilgan archalar elektr va gazsiz xalqqa, umumiy ovqatlanish shoxobchalari egalariga pullanadi. 

Senat yig‘ilishida aytilishicha, daraxtlarni noqonuniy kesish bo‘yicha Surxondaryoda 509 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Buxoroda 271 ta, Farg‘onada 224 ta, Xorazmda 187 ta, Samarqandda 161 ta, Toshkent shahrida 203 ta holat aniqlangan.  

Afsuski, senatorlar barcha aybni “aholining ekologik-huquqiy madaniyati darajasining pastligi”, brakonerlarning o‘z manfaati va ehtiyojlari”ni ko‘zlayotganiga yo‘ymoqda. 

Asl sabab esa shu kabi zo‘rma-zo‘raki xulosalar, bahonalar soyasida qolib ketyapti.

O‘zbekiston Orol fojeasining asoratlarini yumshatish maqsadida yuzlab ming gektar yerga saksovul, yulg‘un kabi butalar ekish loyihasini amalga oshirmoqda. Buning uchun milliardlab mablag‘ sarflanyapti.

Endi yuqorilardan kelib chiqib, senatorlar tushunmayotgan mantiqsizlikka mantiq izlab ko‘rsak.

Mantiq shuki, aholiga oddiy yashash sharoitlari yaratib berish, ya'ni elektr va gaz ta'minotidagi uzilishlarni bartaraf etilsa, “noqonuniy va ayovsiz kesish”lar ham kamayadi.

“Eltuz”

Tag‘in o‘qing
23 aprel 2016
Kun karikaturasida bugun Eltuz.com, rassom Elsevar qalamiga mansub, avtobus chiptachisi tomonidan qulog‘i cho‘zilayotgan bolakay suratini taqdim etadi. Dunyoning turli ...
27 yanvar 2020
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB qidiruv bo‘limining besh nafar xodimi gumonlanuvchini so‘roq paytida urib o‘ldirib qo‘yganlikda ayblanib hibsga olindi. ...
24 may 2016
Buxoroning so‘kong‘ich hokimlaridan birini majlisda bir urib yiqitgan olotlik fermer Bahodir Sharipov nomi elga ovoza bo‘ldi. Ayrim manbalar, hususan ...
29 noyabr 2017
28 noyabr kuni O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri 61 yoshli Galina Saidova hamda O‘zbekiston tashqi savdo vaziri 57 yoshli Elyor G‘aniev ...
Bloglar
26 mart 2023
Toshkentda Rauf Parfining ilk haykali ochiladi. 27 mart soat 11 da Tadbir Amir Temur prospektidagi ...
21 mart 2023
Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Bugungi ko‘rstuvimizga o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan buyon AQShda yashayotgan ...
13 mart 2023
«Yeltuz» kanalida o‘z videoblogini yuritayotgan AQShda yashayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov aprel ...