Asosiy mavzular
18 noyabr 2019

Toshkent hokimining jurnalistlarga tahdidi “ikki tarafgagina” tegishli emas!

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev bugungi o‘zbek jamiyatining pul quturtirgan eng tipik vakilidir. Quturgan maxluq hatto o‘z xo‘jayinini ham tilkalashdan tap tortmaydi.

Yoshligimizda quturgan itni farqlashning yo‘li haqida kattalardan ko‘p eshitardik. Ya'ni quturgan itga suv sepsang, u sendan qochadi, derdi kattalar.

Agar shu gap rost bo‘lsa, hozirgi zamonda pul quturgan mansabdorlardan qutulishning bittayu bitta yo‘li so‘z erkinligidir, jamiyat faolligidir.

Mana shu yo‘lni berkitish uchun quturganlar so‘z erkinligiga hamla qilmoqda, jurnalistlarga hamla qilmoqda. 

Shahar hokimining jurnalistlarga tahdidini aynan so‘z erkinligiga, erkin jamiyatga hujum o‘laroq ko‘rish shart. 

Jahongir Ortiqxo‘jaev timsolidagi mansabdorlardan nega cho‘chish kerak? Aynan ularning jazosizlikka ishonchidan, bu ishonchiga asos borligidan qo‘rqish joiz.

Chunki ular pul hamma narsani hal qilishiga ishonadi, jamiyatdan, xalqdan qo‘rqmaydi. Pul kuchi bilan hokimiyatga kelgani uchun o‘zini olamning ustuni deb biladi. 

“Kun.o‘z” muxbiri shunday “ustun”lardan biri – Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning dumini bosib qo‘yganidan so‘nggi bir gapni eslang.

O‘sha kunlarda “Joxa” men o‘z odamlarimni xafa qildirib qo‘ymayman, degan ma'noda bir intervyu bergan edi. 

Jurnalistlarni geylar ko‘magi bilan sharmanda qiladigan, “tasodifan” suvga cho‘kib o‘lganida ham hech kimning surishtirishiga hojat qoldirmaydigan hokimning tahdidi aynan Vahobov sabab aytilgani oydinlashyapti.

Aslida bu o‘rinda Vahobov bir sabab, xolos. “Joxa” aslini namoyon qilish uchun vaziyat yuzaga kelganiga shu voqea sabab.

“Yoqadimi rahbarimizga, yomaydimi…”, degan gaplarni qilyapti hokim. Xuddi rahbarimizning fikri menga “px..”, degan ma'no chiqyapti. 

Bu darajada manmanlik, jamiyatda hammadan ustunlikka, aytgani aytgan, degani degan, jazosizlik muqarrarligiga ishonchga qudratni qaerdan olayotgan ekan bu mansabdor?

O‘n ming dollar bilan jurnalistning og‘zini yopishi bilan maqtanyapti. Sen bu pulni o‘zingga gap yuqtirmaslik, mahsulotingni sotish, o‘n mingni bir million qilish uchun sarflayapsan, deydigan odam yo‘q. 

Dunyo boylari ham jurnalistlarga pul beradi. Lekin buning uchun ularni kamsitishga, ularga tahdid qilishga jur'at eta olmaydi. 

Chunki shunday qilsa, jurnalistlar emas, o‘zi “bedolaga” bo‘lib qoladi. 

Jahongir Ortiqxo‘jaevning jurnalistlarga tahdidi favqulodda hodisa o‘laroq O‘zbekistondagi siyosiy kuchlarni ham qat'iy fikr bildirishdan tiyib turganga o‘xshaydi. 

O‘zLiDeP hammani xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirsa, Jurnalistlar uyushmasi Konstitutsiya panasiga yashirinib, adolatli xulosa zarurligini bildirmoqda.

Bevosita jabrlanuvchi sifati ko‘rish mumkin bo‘lgan xabar.o‘z sayti, shuningdek, “Alolat” sotsial-demokratik partiyasi prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan najot kutib yotibdi.

Yaqindagina bu agentlik rahbari erkin fikri uchun avval qamoqqa, so‘ng jinnixonaga tiqilgan bloger Nafosat (Shabnam) Olloshukurova haqida gapirib: “Boshqa tanqidchi jurnalistlarning ham boshiga shunday kun tushmasligiga qanday kafolat bor”, degan ma'noda savol bergan qalamkashni provokatsiyada ayblab, tahdidli gapirgani unutilgandek go‘yo.

Jamiyatimiz ham Jahongir Ortiqxo‘jaevga mos va xos. Aks holda bu narsani his etmaganda u bunday gaplarni gapirishga jur'at eta olmasdi. 

Gapni quturish haqidagi eslatmalar bilan boshlaganimiz bejiz emas. 

Jahongir Ortiqxo‘jaevning jurnalistlarga qarata tahdididan so‘ng tanishlardan biri ancha ma'noli gaplarni gapirdi.

“Yaqinda prezidentimiz veterenariya sohasidagi ishlarni kuchaytirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagandi. Bu hujjatning ilovalarida quturgan maxluqlarga qarshi choralar ko‘rish haqida ham nimadir bo‘lishi kerak. 

Shunday choralarni hokimiyat tizimidagi maxluqlarga qarshi qo‘llashni o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi”, dedi u.

Nima bo‘lganda ham Jahongir Ortiqxo‘jaevning jurnalistlarga tahdidi bugun Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi tuzumga tutilgan lakmus qog‘ozidir. 

Bu tahdidga qarshi hukumat ko‘radigan (yoki ko‘rmaydigan) chora jamiyatimizning ertaga qanday yo‘ldan yurishiga nafaqat xalqimizga, balki xalqaro hamjamiyatga ham ishora beradi.

«Eltuz«

P.S Maqola nashrga tayyorlanayotgan paytda «Kun.o‘z» nashri ushbu bildirishni chop qildi:

«Hamkasblar, boshqa nashrlarning jurnalistlari va blogerlarga shunday pallada faol qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Shu bilan birgalikda, ulardan bu masalani ortiq muhokama qilmaslikni so‘raymiz, zero faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yo‘lida qurol sifatida foydalanilishini xohlamaymiz.».

Ushbu murojaat munosabati bilan «Eltuz»da «Kun.o‘z» jurnalistlariga savollar paydo bo‘ldi.

  1. Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaevning jurnalistlarga tahdidi «ikki tarafgagina oid ziddiyat»mi?
  2. Ziddiyatdan «tor, g‘arazli» manfaat yo‘lida foydalanmoqchi bo‘layotgan «siyosiy kuchlar» kimlar?

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 dekabr 2019
Mabodo Jumanazar aka borib kelgan o‘zga sayyora vakillari O‘zbekistonga kelib qolsa, o‘zlarining tarmog‘ida nimalarni yozgan bo‘lishardi? Qandaydir odamlar katta ...
20 dekabr 2022
«Eltuz» portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Samarqanddan. Yangi transformator o‘rnatilganiga qaramay, ayrim hududlarda hanuz chiroq ...
6 iyun 2018
Majburiy mehnat monitoringi bo‘yicha 4 iyun kuni Navoiy viloyatlariga borgan jurnalist Malohat Eshonqulova uchastka noziri kapitan Odil Qurbonov tomonidan ...
14 noyabr 2016
Bugunga kelib, barcha nomzodlar ichida o‘z feyk akkauntlariga ega bo‘lgan Xotamovning Tvitterdagi falloverlari soni 957 taga, tvitlari soni esa ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...