• Foto: Muhammadjon Obidovning feysbuk sahifasidan
Asosiy mavzular
17 yanvar 2020

HRW Xitoy musulmonlari ahvolidan tashvishda

Xitoy hukumati inson huquqlarida o‘zi uchun ekzistentsial tahdidni ko‘radi. Uning shu munosabat bilan qilayotgan sa'y-harakatlari esa global ko‘lamda inson huquqlari uchun ekzistentsial tahdid bo‘lib qolmoqda. 

Bu haqda «Hyuman rayts uotch» (HRW) tashkilotining 14 yanvar kuni taqdim etilgan yillik hisobotida aytib o‘tilgan. 

Unda yozilishicha, Xitoy Kommunistik partiyasi siyosiy liberallashuvga yo‘l ochib bersa, hokimiyatga monopollik maqomini bosh berishidan cho‘chib, «ruxsat berilmagan» har qanday tanqidni aniqlash va oldini olish maqsadida mamlakatda total davlat elektron nazoratining o‘ta zamonaviy tarmog‘ini va internet tsenzuraning nozik tizimini shakllantirgan. 

Hisobotda Xitoydagi turkiy mamlakatlar, xususan, uyg‘urlarning huquqlari buzilishi masalasida keng o‘rin berilgan. 

«Bugungi Xitoyda davlat bir vaqtning o‘zida million nafar uyg‘urni majburiy siyosiy qayta tarbiyalashga jo‘natadi va qatag‘onlarga qarshi chiqishga jur'at etgan har bir kimsani jazolaydi», deyiladi hujjatda. 

Unda ta'kidlanishicha, 13 million musulmon (uyg‘ur, qozoq va boshqa turkiy millatlar) yashaydigan Shinjonda aholi ustidan elektron kuzatuvning shu paytgacha misli ko‘rilgan mash'um tizimi sinovdan o‘tkazilgan. 

Shinjonga markaziy hukumat tomonidan safarbar etilgan yuz minglab amaldor va partiya faollari o‘zlariga biriktirilgan musulmon oilalarni muntazam nazorat qilib boradi.

Ularning XKPga «etarli daraja»da sadoqat ko‘rsatmasligi aniqlanganda, darhol tegishli joylarga xabar yetkaziladi. 

Xitoy hukumati, hisobotda ko‘rsatilishicha, butun Shinjonda raqamli kameralar o‘rnatib, hududning musulmon aholisiga oid turli manbalardan olingan barcha ma'lumotlarni to‘plashni amalga oshirmoqda. 

«Olingan elektron ma'lumotlar asosida «qayta tarbiyalash»ning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha qaror qabul qilinadi. 

So‘nggi o‘n yil davomida dunyo Shinjondagidek keng ko‘lamdagi lagerlar tizimiga guvoh bo‘lmagan. Bu lagerlarga qariyb million nafar musulmon noma'lum muddatga «siyosiy qayta tarbiyalash»ga jo‘natilgan», deyiladi HRW hujjatida. 

Buning oqibatida paydo bo‘lgan «etimlar»ni mafkuraviy tarbiyalashga xizmat qiladigan bolalar uylari va maktab-internetlar tashkil etilgan.

«Ko‘rinishidan, maksimum vazifa musulmonlarni diniy va etnik o‘ziga xoslik hamda erkin siyosiy pozitsiyadan butunlay mahrum etishdir”, deyiladi hisobotda.

HRW Xitoydagi kabi davlatning aholini total kuzatuvi boshqa davlatlarni ham shunday yo‘l tutishga ilhomlantirishidan tashvish bildirgan. 

Xususan, Xitoyning bu tajribasi Qirg‘iziston, Filippin, Zimbabveda qiziqish uyg‘otayotganiga e'tibor qaratilgan.  

Yuqoridagilarga qaramay, hujjatda aytilishicha, Xitoy dunyo hamjamiyatidan chetlatilgan davlatlar sirasiga kirmaydi. Aksincha, uning xalqaro hamkorlari juda ko‘p, Xitoy rahbari esa hamma yerda eng oliy darajada kutib olinadi. 

Avtokrat rejimda qudratli resurslar mavjudligi oddiy xitoyliklarga davlatni boshqarishga birorta imkoniyat qoldirmaydi. 

Shunday mudhish siyosat yuritayotgan Xitoyning ittifoqchilari ham talaygina. 

Adolat haqqi-hurmati aytish kerakki, 2019 yil iyulda BMT inson huquqlari qo‘mitasida ilk bor 25 davlat Xitoyning Shinjonda yuritayotgan siyosatidan xavotir bildirgan edi.

Eng qizig‘i, qo‘mitada mavjud tartibga ko‘ra, birorta davlat qo‘shma bayonotni o‘qib berishga tayyorligini ko‘rsatmadi. 

Xalqaro maydondagi demarshlardan so‘ng Xitoyning «Shinjondagi terrorizm va radikallashuvga qarshi kurashish choralari himoyasi»ga bag‘ishlab tayyorlagan hujjatini 54 ta davlat imzoladi.

Bu davlatlar orasida inson huquqlarini buzishi bilan tanilgan Rossiya, Suriya, KXDR, Myanma, Belarus, Venesuela va Saudiya Arabistoni kabilar bor edi. 

57 ta davlatni birlashtirgan Islom hamkorligi tashkiloti (IHT) Shinjondagi musulmonlar himoyasiga turishi kerakdek aslida. Ular Myanmadagi roxinya musulmonlari qirg‘ini vaqtida shunday birdamlik ko‘rsatgan edi.

“Ammo Shinjon masalasida ular musulmon fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun Xitoyga minnatdorlik bildirdi”, deyiladi HRW hisobotida.

“Eltuz” tahririyatidan: Xitoy targ‘iboti ta'siri mazkur mamlakatga safari uyushtirilgan o‘zbek targ‘ibotchi jurnalistlarini ham chetlab o‘tmadi. 2019 yil avgustda “Sinxua yangiliklari” nashri taniqli o‘zbek publitsisti, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Muhammadjon Obidov Xitoy tomonining taklifiga ko‘ra Shinjonga safar qilgani haqida yozdi.

Xitoyning iqtisodiy yutuqlariga oid balandparvoz taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan Muhammadjon Obidovning bildirishicha, “jahon hamjamiyati G‘arb OAVlarining bu masalaga (uyg‘urlarning millat sifatida yo‘q qilinishi – tahririyatdan) bir tomonlama, yumshoqroq aytganda, noxolis yondashuvga asoslangan xulosalariga uchmasligi kerak.

«Tinchlik bor joyda taraqqiyot bor. Bu Xitoyning tinchlikni saqlash masadidagi tanlovidir», deb yozdi o‘zbek jurnalisti hamda shu orqali til va madaniyat jihatdan o‘zbek xalqiga eng yaqin bo‘lgan uyg‘ur millatiga qarshi Xitoyning ommaviy qatag‘onlarini qo‘llab-quvvatladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 mart 2021
«Fergana» agentligining yozishicha, ko‘p masalalarda o‘zbek rasmiylarini tanqid qilgan toshkentlik bloger Miraziz Bazarov 28 mart, yakshanba kuni kechqurun o‘z ...
29 noyabr 2017
Ijtimoiy tarmoqda «boshqa dinga kirdi» deya xotinini pichoqlagan o‘zbek zaharxanda qilingan memlar paydo bo‘ldi. Qozog‘istonning Sayram tumanida yashovchi 34 ...
1 dekabr 2021
Taniqli huquq faoli Umida Niyozova rahbarligidagi Cotton Campaign koalitsiyasi delegatsiyasi 1 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta mobaynida O‘zbekiston ...
5 avgust 2020
Kiev markazida bankni portlatish bilan tahdid qilgan O‘zbekiston vatandoshi bir necha soat davomida muassasa direktorini garovda ushlab turganidan so‘ng ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...