Koronavirus oila a'zomizga aylanadi
Pandemiya tezda o‘tib ketadi, men hech narsa qilishim shart emas, deb xayol qilayotganlar bo‘lsa, quyidagi ma'lumotlar ularga tahlil uchun yaxshi material bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
SARSCoV19 pandemiyasini jahon matbuoti ispan grippiga ko‘p qiyoslayapti. Bizda ham yozishdi. Lekin ispan grippi bilan bog‘liq tafsilotlar ko‘pchilikka noma'lum, deb o‘ylayman.
Ispan grippi pandemiyasi 1919–1920 yillarda bo‘lgan. 18 oy davom etgan. Ko‘pchilik davlatlar bir yil karantinda o‘tirgan. 25 haftada 25 million odam bu grippdan halok bo‘lgan. 18 oyda 550 million kishi, ya'ni Yer sayyorasi o‘sha paytdagi aholisining 29,5 foizi kasalga yo‘liqqan, 100 million kishi, ya'ni sayyora aholisining 5,3 foizi halok bo‘lgan.
Ispan grippi bu qadar keng tarqalishiga urushdan keyingi antisanitariya, qochqinlar lagerlari, armiyalardagi ahvol, urushdan charchagan davlatlarda qarshi kurashish uchun tibbiy va moliyaviy resurslar yo‘qligi sabab bo‘lgan.
Koronavirus insoniyat boyigan va rivojlangan pallaga to‘g‘ri kelib qoldi, shu bois uning oqibatlarini biroz yumshatishga erishildi.
Mutaxassislarning aytishicha, agar davlatlar hech qanday chora ko‘rmasa, odamlar gigienaga va karantinga rioya etmasa, Yer aholisining 35 foizidan 70 foizigacha koronavirusga chalinardi. 300 milliongacha odam halok bo‘lardi.
Turli mamlakatlar ikki yilgacha karantinda qolardi. Bu vaqt ichida o‘nlab davlatlar ocharchilik, isyonlar, fuqarolik urushi tufayli parchalanib ketishi mumkin. Kapitalistik tuzum to‘liq qulardi.
Inson va koronavirus bir-biriga moslashganidan so‘ng mutlaqo yangi dunyo, yangi tuzumlar dunyoga kelardi. Pandemiya uch yil atrofida davom etardi. U tugashiga dori topilishi emas (koronavirusga qarshi real davo topilishiga hali bir necha o‘n yil bor), virus odamga o‘rganishi sabab bo‘lardi.
Yana bir narsa. “Pandemiya” so‘zi bilan ko‘pchilik endi tanishdi, desam yanglishmagan bo‘laman. Bu so‘zni qaerdadir ko‘rgan, eshitgan edik, lekin bu qadar keng qo‘llamasdik.
Aslida koronavirus hozirgi kunda dunyoni qamrab olgan yagona pandemiya emas. Biz bir necha o‘n yildan buyon davom etayotgan va hali tugamagan boshqa bir pandemiya ichida yashab kelmoqdamiz, bunga e'tibor qaratmasak ham.
Bu – OITS pandemiyasi. Bu pandemiya rasman 1981 yilda boshlangan va bugunga qadar tugagani yo‘q. Biz shunchaki unga o‘rganib qolganmiz. Bugun qat'iy choralar ko‘rilmasa, har bir odam xavfni his etmasa, koronavirus pandemiyasi ham cho‘zilib ketishi mumkin. Unga ham o‘rganib qolamiz.
Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri