O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi 90 yoshda
Bugun men uchun va men mansub bo‘lgan millat uchun aziz inson – Sovet Ittifoqining ilk va so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachyov tug‘ilgan kun.
Aynan Gorbachyov bergan hurriyat bois men, jurfakning oddiy talabasi, mustaqil “Erkin so‘z” gazetasini nashr qildim, “Erkin yoshlar” uyushmasini tuzib, talabalarni harakatga keltirish tashabbuskorlaridan biri bo‘ldim.
O‘shanda sovet mafkurasidan miyasi beton kabi qotgan domlalar senga bu jur'atni kim berdi deganida, Mixail Gorbachyov deganman.
Ayni jur'at qanotida O‘zbekistondagi ilk mustaqil TV tashkilotchisi bo‘ldim. Agar Gorbachyov bo‘lmaganida O‘zbekiston mustaqil bo‘lmas edi. Gorbachyovdan minnatdorman. Faqat bu minnatdorlik qatida ozgina gina-kudurat ham bor.
Bizga demokratiya, so‘z erkinligi va, eng muhimi, mustaqillik ato qilgan Gorbachyov boshimizga Karimov kabi bir johil mustabidni tikib ketdi. 1989 yil 23 iyun kuni Mixail Gorbachyov O‘zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibligiga Karimovni tayinladi.
Insof yuzasidan aytish kerak, Gorbachyov avval boshidanoq Karimov nomzodiga qarshi chiqdi va uning nomzodini tasdiqlamadi. Kadrlar bo‘yicha mas'ul Yegor Ligachyov ham Karimovga qarshi bo‘ldi. Ular tasarrufidagi ma'lumotlarda Karimov boshqalardan farq qilmaydigan johil bir obkom kotibi edi.
Ammo SSSR tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze Gorbachyovni ko‘ndirgan. Sovet Ittifoqi kabi ulkan mamlakatning ming bir tashvishi bilan band Gorbachyov shartli tarzda bu nusxani O‘zbekistonga rahbar qilib qo‘ydi. U yog‘i nima bo‘lganiga tarix guvoh.
Baribir Gorbachyovga uzoq umr tilayman va u o‘zi yaratgan kaltakesaklardan uzoqroq yashaydi, deb umid qilaman.
Qudrat Bobojon
Eltuz.com