• Foto: Uzbek Forum
Asosiy mavzular
29 mart 2021

Mustaqil kasaba uyushma xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlanmoqda

Bir qancha nufuzli xorijiy tashkilotlar O‘zbekistonda yaqinda ta'sis etilgan ilk mustaqil kasaba uyushmasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi bilan qo‘shma bayonot imzoladi.

“Xalq birligi” nomini olgan yangi mustaqil kasaba uyushmasi mart oyida O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi “Indorama Agro” kompaniyasi ishchilari tomonidan ta'sis etildi. 

“Ozodlik” radiosining yangi tashkilot raisasi Roza Agaydalovaga tayanib xabar berishicha, mustaqil kasaba uyushmasi darhol rasmiylarning bosimi ostida qolgan. Xususan, uyushmaga a'zo bo‘lgan ishchilar – sobiq fermerlarga Oqoltin tumani hokimi ishdan bo‘shatish, ularda qolgan bir qism yerni ham olib qo‘yish bilan tahdid qilgan. 

“Hokim ularni nega noqonuniy tashkilotga a'zo bo‘ldinglar, deb bosim o‘tkazgan. Men ular bilan suhbatda hokimning bu tahdidi odamlarga salbiy ta'sir qilganini sezdim. Ularni shu darajada qo‘rqitib qo‘yishibdiki, ularning ovozida ikkilanishni his qildim”, degan Roza Agaydalova “Ozodlik” bilan suhbatda.

Shuningdek, hukumatga bo‘ysunuvchi Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari birlashmasi rahbarlari ham “Xalq birligi”ni birlashma tarkibiga kirishga da'vat qilgan.

Xabarda Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi “Indorama Agro” va hukumatni mustaqil kasaba uyushmasi ishiga aralashishni to‘xtatib, uni tan olishga chaqirgani aytiladi.

Xalqaro tashkilotlar tarqatgan qo‘shma bayonotda esa hukumatdan “Xalq birligi” mustaqil kasaba uyushmasini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish, uning a'zolariga bosim o‘tkazish harakatlaridan tiyilish talab etilgan. 

Bayonotda bildirilishicha, mazkur kasaba uyushmasini ta'sis etish tashabbusi “Indorama Agro” kompaniyasining o‘z xodimlarining mehnat huquqlari buzilishi bilan bog‘liq ko‘plab shikoyatlarga umuman befarqligi ortidan paydo bo‘lgan. 

Ba'zi ishchilar mahalliy hokimiyat organlariga ish haqi kamligi, mehnat sharoitlari og‘irligi, ijtimoiy himoya deyarli yo‘qligi va shikoyat qiluvchilardan qasos olish harakatlari kabilardan shikoyat qilishgacha borib yetgan.

Bayonotda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) ham o‘z printsip va standartlariga sodiq qolgan holda “Indorama Agro”dan ishchilar huquqlarini hurmat qilish, kasaba uyushmasi tashkilotchilari va a'zolariga nisbatan tazyiqlarni bartaraf etish bo‘yicha tez va qat'iy choralar ko‘rishni talab qilishi lozimligi ta'kidlangan. 

Chunki YeTTB ham, XMK ham “Indorama Agro”ning yirik kreditorlari hisoblanadi. Xususan, 2021 yil fevralda YeTTB kompaniyaga 70 million dollar miqdorida kredit ajratilishini ma'qullagan. 2020 yil dekabrda esa XMK unga 60 million dollar miqdorida qarz bergan. 

Ushbu moliya tashkilotlari siyosatiga muvofiq, ularning mijozlari mustaqil kasaba uyushmasi kabi “tashkilotlarda va jamoaviy muzokaralarda ishtirok etadigan yoxud shunga urinadigan ishchilarni kamsitishi yoki tazyiq o‘tkazishi, shuningdek, ishchilar tashkilotlarining tuzilishi  va faoliyat ko‘rsatishiga aralashishi mumkin emas”. 

Qo‘shma bayonotni imzolagan tashkilotlarning ta'kidlashicha, yangi mustaqil kasaba uyushmasining ro‘yxatdan o‘tkazilishi O‘zbekistonning 2020 yil mart oyida yangi tahrirda kuchga kirgan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunining amaliyotda qanday qo‘llanilishi uchun muhim sinov hisoblanadi.

Bayonotni imzolagan tashkilotlardan biri – Berlindagi O‘zbekiston inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova​ fikricha, mustaqil tashkilotni ro‘yxatga olish O‘zbekistondagi islohotlarning jiddiyligini namoyon qilgan bo‘lardi.

“O‘zbekiston majburiy mehnatga qarshi kurashda va o‘z iqtisodini ochiqlashda siyosiy iroda namoyon qildi, ammo fuqarolik jamiyatining mustaqil tashkilotlari harakatiga yo‘l bera olmadi. Hukumat “Xalq birligi” tezda ro‘yxatga olinishiga imkon berishi kerak”, dedi Umida Niyozova.

“Indorama Agro” qarorgohi Singapurda joylashgan “Indorama grupp” kompaniyasining bir tarmog‘i hisoblanadi. “Indorama grupp” O‘zbekiston paxta sektoridagi eng yirik investorlardan biridir. 

Bugungi kunda kompaniya mamlakatda “Indorama Agro”dan tashqari yana ko‘plab korxonalarga ega. U O‘zbekistonda 2010 yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. Faqat Farg‘ona viloyatidagi to‘qimachilik loyihalarining o‘zigagina 165 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan. 

Bundan tashqari, kompaniya Qo‘qon superfosfat zavodi va “Farg‘onaazot” bazasida turli o‘g‘itlar ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.

2018 yilda “Indorama” yiliga 100 ming tonna paxta xomashyosi yetkazib beradigan klaster yaratish uchun 225 million dollar investitsiya kiritishini ma'lum qilgan edi.  

Ta'kidlash kerakki, “Indorama” O‘zbekistonda ishlagan yillari davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanganlik uchun tanqid qilib kelingan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 dekabr 2021
«Eltuz» nashri 30 noyabr kuni “Maktabgacha ta'lim vazirligining bolalarga xos bo‘lmagan o‘yinlari” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va ...
27 dekabr 2017
«Eltuz» nashri MXX raisi Rustam Inoyatovning Avstriyada yashirilgan mulkiga oid videoni taqdim etadi. Video Open Source Investigations (OSI) guruhi ...
10 aprel 2024
Zamonaviy o‘zbek romanchiligi va satira janri asoschisi Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10 aprelda Toshkentda tug‘ildi. «Har holda bemavridroq ...
10 dekabr 2022
Dunyo urush asoratlaridan qaddini endi tiklayotgan 1948 yilning 10 dekabr kuni Parijda jahonning ko‘plab davlatlaridan yig‘ilgan diplomatlar Inson huquqlari ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...