Huquq faoli Sur'at Ikromov vafot etdi
3 may kuni taniqli huquq faoli Sur'at Ikromov 76 yoshida Toshkentda vafot etdi. U umrining 20 yilini siyosiy va diniy faollar huquqlari himoyasiga bag‘ishladi.
2000 yillarning boshida Ikromov O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi (O‘MHHTG)ga asos soldi. Bu tashkilot siyosiy va diniy motivlarga asoslangan ko‘plab sud jarayonlari monitoringini o‘tkazdi.
Ikromov qator intervyularida MXX (hozirgi DXX) bu shaxslarga nisbatan «Hizb ut-tahrir» yoki vahhobiylikka aloqadorlik ayblovlari qay tarzda uydirilgani haqida bildirgan.
O‘z faoliyati davomida Sur'at Ikromov ko‘plab ta'qib va tahdidlarga duchor bo‘lgan. 2003 yil 28 avgustda Toshkentda Ikromov noma'lum shaxslar tomonidan boshiga qop kiygizilib o‘g‘irlab ketilgan va kaltaklangan.
Hushidan ketgan Ikromovni Chirchiq daryosi qirg‘og‘iga tashlab ketishgan. Kaltaklanish natijasida keyinchalik shifoxonaga yotqizilgan Sur'at Ikromovning ikkita qovurg‘asi singani va miya chayqalishi aniqlangan edi.
“Eltuz” jamoasi huquq faoli Sur'at Ikromovning yaqinlari, do‘stlari va hamkasblariga o‘z ta'ziyasini bildiradi.
Eltuz.com