Asosiy mavzular
10 iyun 2021

Toshkent maktablaridagi korruptsion sxemalar “kamalagi”

Bir-biridan mustaqil manbalarning “Eltuz”ga bildirishicha, O‘zbekiston xalq ta'limidagi korruptsiyaning eng ochiq va ayovsiz ko‘rinishi chekka tumanlarda emas, xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning biqinida, poytaxt Toshkentdagi maktablarda namoyon bo‘lmoqda. 

“Xalq ta'limi tizimidagi korruptsiya Toshkent shahri maktablarida o‘ta ochiq va ayovsiz holatga kelib qoldi. Turli bahonalar bilan ota-onalardan noqonuniy pul undirishlar, maktab direktorlarining tepadan noshaffof va shubhali tarzda tayinlanishi, maktab ta'miri, formasi va oshxonalari bilan bog‘liq korruptsion o‘yinlar, maktablarda o‘qituvchilarning yetishmasligi va boshqa muammolar Toshkentda cho‘qqisiga chiqqan”, deydi xalq ta'limi tizimiga yaqin manbalardan biri.

Uning aytishicha, bunday korruptsion o‘yinlarning hammasi Toshkent shahri Xalq ta'limi bosh boshqarmasiga borib taqaladi. 

“Boshqarma biror maktabga ajratilgan pullarni o‘marish yoki boshqa korruptsion hiylalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yaxshi ishlab turgan direktorni ishdan olib, o‘rniga o‘z odamini tayinlaydi. Shundan so‘nggina boya aytganim noqonuniy pul undirishlar, ta'mir, forma va oshxonalar bilan bog‘liq o‘yinlarga start beriladi”, deydi “Eltuz” manbasi.

Uning bildirishicha, bosh boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Islomova Shayxontohur tumanidagi 3 ta, Uchtepa tumanidagi 6 ta maktabga o‘zining yaqin qarindoshlari va dugonalarini tayinlagan.

“Bundan tashqari, nepotizm virusini yuqtirib olgan birinchi o‘rinbosar Shayxontohur tumanidagi 4 ta, Olmazor va Chilonzor tumanlaridagi bittadan maktab oshxonalarini turmush o‘rtog‘iga va uning tanishlariga tegishli bo‘lgan xususiy tadbirkorlarga topshirgan. 

Toshkent maktablaridagi har bir oshxona har oyda o‘rtacha 8-12 million so‘m foyda keltiradi”, deydi Toshkent shahri xalq ta'limi tizimiga yaqin manba.

Sohaga yaqin boshqa bir manbaning aytishicha, Toshkentdagi nufuzli maktablarda o‘quvchilarni qonunlarga zid ravishda, faqat katta pora evaziga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. 

“Eng katta stavkalar Mirobod tumanidagi 110-maktabda. Boshqa tumanda yashovchi ota-ona bolasini bu yerga 1-sinfga qonunga zid ravishda joylashtirish uchun maktab direktoriga 1000-1500 dollar pora berishi kerak. 

Alisher Usmonov ta'mirdan chiqarib bergan shu maktabning direktori ham bosh boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Islomova “tushirgan” ro‘yxatdagi 70-80 nafar bolani tekin qabul qilishga majbur. Toshkentdagi o‘rta maktablardan biriga direktor bo‘lishingiz uchun 2000 dollar pulingiz bo‘lishi kerak”, deydi vazirlikka yaqin manba. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-sinfga pora evaziga bola qabul qilish Toshkentning boshqa maktablari, xususan, 6, 50, 60, 71, 89, 94, 103, 107, 144, 160, 195, 300-maktablarda ham avjiga chiqqan. 

“Lekin shahar Xalq ta'limi bosh boshqarmasi rahbariyatining bir xususiyatiga tan berish kerak. Ular o‘zi tayinlagan direktorlar uchun har qanday vaziyatda, ya'ni ular qonunbuzarlik qilsa ham, jinoyat qilsa ham oxirigacha turib beradi. 

Chunki poraxo‘rlik piramidasining pastki qismida joylashgan o‘sha direktorlar piramidaning cho‘qqisiga pora oqimi doimiy borib turishini ta'minlashmoqda”, dedi “Eltuz”ga yaqin manba.

Uning ta'kidlashicha, maktab sohasida biror yangilik qilish, masalan, yangi yoki ixtisoslashtirilgan sinf ochish uchun ruxsat olish faqat pora evaziga bitadi. 

“Eltuz” manbasi misol tariqasida Sergeli tumanidagi 322-maktabda sodir bo‘lgan bir korruptsion mojaro haqida gapirib berdi.

“2021 yilda ushbu maktab direktori Nigora Rajabova ixtisoslashtirilgan sinflar ochish, ya'ni shahar boshqarmasidagi “opa”larini rozi qilish uchun o‘qituvchilardan 800 dollar pul undira boshlagan. 

Natijada norozi o‘qituvchilar uning ustidan Sergeli tumani prokuraturasiga shikoyat yozishgan. Prokuratura vaziyatni o‘rganib, direktor Nigora Rajabovaga qarshi intizomiy chora ko‘rish haqida xalq ta'limi bo‘limiga taqdimnoma kiritgan. Lekin direktorning bosh boshqarmadagi “opa”lari o‘z yoqimtoyiga qarshi hech qanday chora ko‘rishmadi”, deydi Tashkentdagi manba.

Uning bildirishicha, Nigora Rajabovaga nisbatan qonuniy chora ko‘rish to‘g‘risida hatto davlat tashkilotlari tomonidan boshqa taqdimnomalar kiritilgan bo‘lsa ham Xalq ta'limi bosh boshqarmasi pinagini buzmagan.

“Masalan, 2020 yil noyabr oyida maktabning 10-sinf o‘quvchisi sirka ichib, o‘z joniga qasd qilganida ham, so‘ngra 11-sinf o‘quvchisi “ko‘kragiga tig‘li narsa sanchilgan” degan tashxis bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizilganda ham bosh boshqarma Nigora Rajabovaga nisbatan hech qanday chora ko‘rmadi. 

Chunki har safargidek direktorga bosh boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Islomova va kadrlar bo‘limi boshlig‘i Mashhura Karimova qalqon bo‘lishdi”, deydi Toshkentdagi manba.

“Eltuz” Toshkent shahri maktablaridagi korruptsion mojarolar haqida shahar prokuraturasiga yaqin manbalaridan biriga murojaat qildi. 

“Prokurorlar taqdimnoma kiritishgani bilan direktorlarni ishdan olish vakolatiga ega emas. Prokuratura korruptsion mojarolarga aralashgan direktorlarni ishdan olishni tavsiya qiladi, xolos. 

Lekin Toshkent shahri Xalq ta'limi bosh boshqarmasi ko‘pincha bunday taqdimnomalarimizni inobatga olmaydi va o‘z odamlarini ishda qoldiradi”, dedi u bunga javoban.

Uning aytishicha, poytaxtda “teginib bo‘lmaydigan” direktorlar qatlami paydo bo‘lgan. 

“Bu qatlam vakillariga qarshi taqdimnoma kiritishga hatto prokurorlar ham qo‘rqishadi. Mana, masalan, Yakkasaroy tumanidagi 160-maktab direktori Irina Kazakovani olaylik. Uning maktabida o‘quvchilar bir-birini o‘ldirishi qolyapti, xolos. 

Necha marotaba o‘quvchilar bir-birini, bir necha marta o‘qituvchilarni ham kaltaklashgan. Ikki yil oldin bu maktabning erkatoy o‘quvchilaridan biri maktabning o‘zida bir erkak o‘qituvchini urib, burnini sindirgan edi. 

Prokuratura bu holatlar yuzasidan ko‘p marta taqdimnomalar kiritdi, hisobotlar berdi. Lekin maktab direktori Irina Kazakovaga hatto prokuraturaning ham kuchi yetmadi”, deydi prokuratura idoralariga yaqin manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi “teginib bo‘lmaydigan” direktorlarni shahar Xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Islomova kabi rahbar hamda “opa”ning guruhidagi Mashhura Karimova, Bahrom Bakiev, Gulshan Hamroeva, Jamshid Rahimjonov, Alisher Qultoev singari mutasaddilar o‘z himoyasiga olishgan.

Prokuratura idoralariga yaqin manbaning “Eltuz”ga bildirishicha, shahar xalq ta'limi tizimida korruptsiya o‘ta ochiq va ayovsiz ko‘rinishga kelgani sababli poytaxt maktablarida ta'lim sifati respublikada eng past darajaga tushib qolgan.

“Siz ishonmasligingiz mumkin, lekin ta'lim sifati bo‘yicha Toshkent maktablari respublikada oxirgi, 14-o‘rinda. Toshkentlik o‘quvchilar barcha fanlar, hatto ona tili, ayniqsa, savodli yozish bo‘yicha ham O‘zbekistonda eng orqada. Toshkentlik o‘quvchilar oliy ta'lim muassasalariga kirish bo‘yicha atigi 25% ko‘rsatkichga ega”, dedi u. 

“Eltuz”ga yaqin manbaning so‘zlariga ishonilsa, Toshkent maktablarining o‘qituvchilari ham O‘zbekistonda eng savodsiz bo‘lib qolishmoqda. Akkreditatsiyadan o‘ta olmagan eng ko‘p o‘qituvchi ham Toshkent maktablarida.

“Arpa ekib, bug‘doy olib bo‘lmaydi. Korruptsiya, tanish-bilishchilik va guruhbozlik avj joygan joyda ta'lim ham, rivojlanish ham bo‘lmaydi”, deya so‘zini yakunladi Toshkentdagi manba.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 oktyabr 2020
Shaxsan men uchun O‘zbekistondagi diniy aqidaparastlikning yangi tarixi Qo‘qon hokimi Bahodir Jalolovning «Sharq va G‘arb uchrashuvi» freskasini ustidan bo‘yab ...
26 aprel 2022
Toshkentdagi Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi binosi hovlisi devorida 26 aprel kuni O‘zbekistondagi korruptsiya hajv qilingan yangi rasm paydo bo‘ldi. ...
18 noyabr 2020
The North Face kompaniyasi sankt-peterburglik shaxsning ayni markadagi yangi botinka ichidan topgan, mahkum uyg‘urning yordam so‘ragani bitilgan xati yuzasidan ...
7 may 2019
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan rasman qabul qilingan qonun loyihasi Senat tomonidan imi-jimida o‘zgartirilgan holda ma'qullandi. Deputatlar boshqacha qabul qilib, ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...