• Dilmurod Mirusmanovning Golden House shirkati tomonidan buzilayotgan uyi
Asosiy mavzular
26 oktyabr 2021

O‘zbekiston hukumati majburiy ko‘chirish amaliyotini davom ettiradimi?

Farida Sharifullina 

O‘tgan yilning yozida O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida uylarni buzish paytida xususiy mulkni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulov xususiy mulk hali ham quyidagi qonunlar bilan himoya qilinishini ta'kidladi:

– Konstitutsiya, 36, 53-54-moddalar;

– “O‘zbekiston Respublikasidagi mulkchilik to‘g‘risida”gi qonun;

– “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun;

– “Qishloq xo‘jaligiga tegishli bo‘lmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun;

– Fuqarolik kodeksi;

– Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksi.

Vazir o‘rinbosari 2016-2020 yillardagi qonunbuzarliklar to‘g‘risida quyidagi ma'lumotlarni berdi:

– ogohlantirishsiz buzishga oid 846 ta holat;

– ogohlantirish muddatiga rioya qilmaslik bilan buzishga oid 1388 ta holat;

– dastlabki baholashsiz buzib tashlash bilan bog‘liq 1244 ta holat;

– tovon puli to‘lamasdan buzish bilan bog‘liq 430 ta holat.

2016-2019 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun 6479 ta xususiy ko‘chmas mulk ob'ekti buzildi va to‘lanmagan kompensatsiya miqdori 335,6 milliard so‘mga (= 31,6 million AQSh dollariga) yetdi. 2020 yilda umumiy kompensatsiya miqdori 99,4 milliard so‘mni (= 9,4 million AQSh dollari) tashkil qilgan 263 ta ko‘chmas mulk ob'ekti buzib tashlandi.

Yangi qonun loyihasida quyidagilar taklif qilingan:

– buzilishga tushgan hududlar ro‘yxatini e'lon qilish;

– egalari bilan oldindan muhokama qilish va ularning roziligini olish tartibi;

– mulkni tark etish muddati: kompensatsiya olingan kundan boshlab 6 oy ichida;

– mulk qiymatining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ma'naviy kompensatsiya to‘lash;

– kompensatsiya to‘lash kechiktirilgan taqdirda indeksatsiya;

– uy-joy uchun kompensatsiya berishda ijtimoiy me'yorni (kamida 16 kvadrat metr) hisobga olish kerak.

Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, hozircha (2020 yil oktyabr) bunday qonun qabul qilinmagan.

Brifingda Facebookdagi “Toshkent SNOS” guruhi faollari ishtirok etishdi.

Meni majburiy ko‘chirish masalasi qiziqtirdi.

O‘zbekiston qonunchiligida qonunga bo‘ysunuvchi uy egasi xususiy mulk huquqidan mahrum etilishi mumkinligi haqida birorta me'yor yo‘q. Biroq o‘zbek sudyalari Uy-joy kodeksining munitsipal uy-joylardan ko‘chirishni tavsiflovchi 71-moddasiga binoan ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilishadi yoki sudyalar fuqaroning mulkidan mahrum bo‘lgan me'yorni umuman ko‘rsatmaydi (shu darajada!).

Shunga ko‘ra, majburiy ko‘chirish tartiblari protsessual qonunchilikda ta'riflanmagan. Natijada ko‘chirish eng qattiq va shafqatsiz tarzda, huquqni muhofaza qilish organlari vakillarining to‘planishi, darvozalarni qulatish va eshiklarni sindirish bilan sodir bo‘ladi.

Prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) ko‘chirish jarayonlari uchun mas'uldir. Ko‘chirishda ob-havo sharoiti, ko‘chirilganlarning sog‘lig‘i, ularning oilaviy ahvoli hisobga olinmaydi (masalan, bolali, homilador ayollarni va hokazolarni ko‘chirish juda oson). 

Bundan tashqari, majburiy ko‘chirish mulk egasi hanuz ko‘chirib yuborish to‘g‘risidagi sud qarorlaridan shikoyat qilayotgan bir paytda amalga oshiriladi. Masalan, toshkentlik Mavjuda Mamatqosimova Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan, ammo MIB xodimlari Oliy sud qarorini kutmagan va o‘tgan yilning mart oyida juda qo‘pol va shafqatsiz ko‘chirishni amalga oshirgan. Ikki hafta o‘tgach, Mavjuda vafot etdi.

Men yangi qonunchilikda majburiy ko‘chirish tartibi tasvirlanganmi yoki jabrlanuvchining sog‘lig‘i va oilaviy holati, ob-havo sharoiti hisobga olinadimi, deb so‘raganimda, tayinli javob berilmadi. Adliya vaziri o‘rinbosari majburiy ko‘chirish bo‘lmasligini, majburiy sotib olinishini aytmoqchi bo‘ldi. Lekin O‘zbekiston qonunchiligi majburiy bitimlarni taqiqlaydi! Javob yo‘qligidan xulosa qildikki, o‘zbekistonlik qonun chiqaruvchilar majburiy ko‘chirishni hech qanday tarzda tartibga solmoqchi emas.

Prezidiumda hozir bo‘lgan Oliy sud sudyasi Nodira Hakimova bu brifing “har xil shaxsiy masalalar” emas, balki qonunchilik islohotlariga bag‘ishlanganini ta'kidlab, majburiy ko‘chirish haqida gapirishni to‘xtatishga harakat qildi. Biroq hayot shaxsiy masalalardan iborat va huquqiy islohotlar ularni hisobga olishi kerak. Biz unga shuni aytdik.

Qizig‘i shundaki, Nodira Hakimova boshqa bir toshkentlik ayol Olga Abdullaevani o‘z uyidan chiqarib yuborgan sudyadir.

Bu holat u fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi sudyasi bo‘lgan paytida sodir bo‘lgan edi.

“Nodira Hakimova 2019 yil noyabr oyidan boshlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudidagi apellyatsiya shikoyati bo‘yicha mening ishimni yaxshi biladi. U ishimni sudya Salohiddinov raisligida ko‘rib chiqdi. U meni uydan ko‘chirish haqidagi qarorga imzo chekdi. Bu o‘sha Nodira Hakimova, 2020 yil 13 martda meni noqonuniy ravishda ko‘chirib yuborish to‘g‘risida qaror chiqargan… Aynan shu qarordan keyin MIB xodimlari darvozamni buzib, narsalarimni quruvchining mashinasiga ortishdi. Bularning barchasi kovid izolyatsiyasi paytida, Oliy sud arizani qabul qilmagan paytda sodir bo‘ldi. Hamma pochta idorasi orqali ishlagan va prokuraturaga yozilgan xatlar to‘rt oydan keyin ochilmagan holda qaytib kelgan. Ammo izolyatsiya paytida meni ko‘chirib yuborishlari mumkin”, deydi Olga Abdullaeva.

Aytgancha, Nodira Hakimova Olga Abdullaevaning uyi buzilganidan keyin lavozimi ko‘tarilgan yagona sudya emas. Olgani ko‘chirish to‘g‘risida buyruq bergan Mirobod tumanlararo sudi sudyasi M.Zokirovani Toshkent shahri sudiga “ko‘chirishdi”. 

U shunday muhim qarorni qabul qilishda quyidagilarni ta'kidladi: “Menda sizni ko‘chirib yuborish uchun qonun yo‘q, lekin men sizni ko‘chirib yuboraman”. 

Abdullaevani majburan ko‘chirib yuborish va mazkur sudyalarning karerasi o‘rtasida sababiy bog‘liqlik bor-yo‘qligini biz bilmaymiz. Balki bu shunchaki tasodifdir.

Brifingda Olga Abdullaeva muammo haqidagi tasavvurini bayon qildi:

“O‘zbekiston Konstitutsiyasining 53 va 54-moddalariga, shuningdek, Fuqarolik kodeksining 164 va 166-moddalariga binoan, xususiy mulk daxlsiz, davlat himoyasidadir, mulkdor o‘ziga tegishli mol-mulkka o‘z ixtiyoriga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.

Oliy sud Plenumining 2001 yil 14 sentyabrdagi Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risidagi va 2004 yil 24 sentyabrdagi Yakka tartibdagi uyga egalik qilish bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risidagi qarorlarga sharhlarining 2 va 3-bandlarida aytilishicha, sudlar xususiy mulkni sotib olish va sotish bilan bog‘liq da'volar bo‘yicha yurisdiktsiyaga ega emas.

Uy-joy nizolarini hal qilishda sudlar uy-joylarning huquqiy maqomini, xususiy yoki davlat uy-joy fondiga tegishli ekanini aniqlashi shart. Bunday da'vo arizalarini berishda sudlar Fuqarolik protsessual kodeksining 194-moddasi 1-qismi 1-bandi asosida arizani rad etishlari shart. Fuqarolik da'vosi bo‘lsa, sudlar Fuqarolik protsessual kodeksining 124-moddasi 1-qismi (Oliy sudning yuqorida aytib o‘tilgan qarorining 3-bandi) asosida ish yuritishni to‘xtatishi shart.

Xususiy yuridik shaxslar foydasiga xususiy mulkni tortib olish to‘g‘risidagi nizolar sudlarning yurisdiktsiyasiga taalluqli emasligini hisobga olib, yuridik shaxs foydasiga xususiy mulkni olib qo‘yish to‘g‘risidagi barcha qarorlar protsessual va moddiy qonunlarni buzgan holda qabul qilingan, ya'ni ular hech bo‘lmaganda noqonuniy.

Oxir-oqibatda boshqa shaxslar foydasiga xususiy mulkni tortib olish to‘g‘risida qaror chiqargan sudlar eng kamida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarini buzdi, masalan:

192-modda – “Xususiy mulk huquqini buzish”;

205-modda – “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish”;

206-modda – “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”;

231-modda – “Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish”.

Jinoyat kodeksining yuqoridagi barcha moddalari “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi 3-qismi bilan o‘zaro bog‘liq.

Xususiy yuridik shaxs foydasiga xususiy mulkni tortib olish to‘g‘risidagi sud qarorlari “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida berilgan korruptsiya ta'rifiga kiradi.

Bundan tashqari, sudlar faqat Yer kodeksining 37-moddasida nazarda tutilgan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini tortib olish to‘g‘risidagi da'volarni ko‘rib chiqishi mumkin (to‘g‘ridan-to‘g‘ri mulkdorning mulkini tortib olishga qaratilgan emas).

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil noyabrgacha amalda bo‘lgan 2006 yil 29 maydagi 97-nizomining 3-qismi 4-bandiga muvofiq, “tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan yer uchastkasi olib qo‘yilishi va yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan keyin yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar boshqa shaxslarga berilishi mumkin emas”.

Keyin Olga javobsiz qolgan savollarni berdi:

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan xususiy mulk daxlsizligini qo‘pol ravishda buzgan sudyalarga nisbatan Oliy sud va Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan qanday choralar ko‘riladi?

Qanday qilib va kimning hisobidan sudlar xususiy mulki noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan mulkdorlarga yetkazilgan zararni qoplaydi?

Qasddan adolatsiz qaror chiqargan sudyalar qonun oldida hamma tengligi ta'kidlangan Konstitutsiyaning 18-moddasi asosida, Jinoyat kodeksining 192, 205, 206 va 231-moddalari bilan javobgarlikka tortiladimi?”.

Manba: housing-uz.info, «Eltuz» tarjimasi

Tag‘in o‘qing
4 fevral 2016
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, 1 fevral kuni – o‘zbekistonlik taniqli xonanda Tamila (Esmeralda Raxmatova)ning litsenziyasiini bekor qildi. Tamilaning litsenziyasi bekor ...
23 aprel 2019
So‘nggi vaqtlarda bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboeva, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev, mamlakatning AQSh va Belgiyadagi elchilari ...
3 dekabr 2021
2021 yilning 2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyacining huquq faoli Umida ...
31 yanvar 2018
Stokgolm markazida terror hujumi uyushtirganlikda ayblanayotgan 39 yoshli Rahmat Oqilovga shved prokurori umrbod qamoq jazosi berilishini so‘radi. Bu haqda ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...