Asosiy mavzular
10 dekabr 2024

10 dekabr – Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilingan kun

Dunyo urush asoratlaridan qaddini endi tiklayotgan 1948 yilning 10 dekabr kuni Parijda jahonning ko‘plab davlatlaridan yig‘ilgan diplomatlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilishdi. Uzoq muhokama va muzokaralardan so‘ng deklaratsiya BMT Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilindi. Tashkilotga a'zo barcha mamlakatlarga tavsiya mazmuniga ega bo‘lgan mazkur deklaratsiya Yer sayyorasida yashayotgan insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarni tamsil etadi.

30 moddadan iborat deklaratsiya inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunning tamal toshi hisoblanadi.

Jaholatni jilovlash zarurati

Aynan Ikkinchi jahon urushidan so‘ng shunday deklaratsiyani ishlab chiqish va qabul qilishga nega zaruriyat tug‘ildi?

O‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Umida Niyozovaga ko‘ra, bu zarurat «noinsoniy rejimlar zulmini tiyib qo‘yish maqsadida inson qadr-qimmatini ustun qo‘yuvchi universal mezonlarga ehtiyoj tug‘ilganligi sababli yuzaga keldi».

Shu o‘rinda inson huquqlariga rioya qilinishini kun tartibiga kiritgan tarixiy voqealarga nazar tashlash muhimdir.

1939-1945 yillar oralig‘idagi zulm va shavqatsizlik ko‘rinishlari – Ikkinchi jahon urushi vaqtida insoniyatga qarshi amalga oshirilgan qirg‘inlar odamzotni zolimlardan asrash uchun tosh-tarozi zarurligini namoyon qildi.

Endi inson qadri ham avvalgilarga o‘xshamas…

1941 yilda AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt «Mamlakatdagi holat bo‘yicha murojaat»ida 4 ta muhim erkinlik – so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, ehtiyojdan erkinlik va qo‘rquvdan erkinlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Ayni shu chaqiriq inson huquqlari rivoji uchun motivatsiya bo‘ldi.

Yer yuzidagi kishilar natsistlar Germaniyasining kontslagerlarda yahudiy, lo‘li va boshqalarga nisbatan sodir etgan jinoyatlari masalasini ko‘tarib chiqqanida, o‘sha paytdagi mavjud huquqiy tamoyil va normalar hamda BMT nizomi bu jaholat ko‘lamiga huquqiy baho berishga ojizligi ayon bo‘ldi.

Natijada inson shaxsiyati huquqlarini birma-bir sanab beradigan umumiy hujjatga zarurat paydo bo‘ldi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining birinchi majlisi 1947 yil 27 yanvardan 10 fevralgacha Lake Success shaharchasida bo‘lib o‘tdi. AQShning o‘sha vaqtdagi birinchi xonimi Eleonora Ruzvelt komissiya raisligiga saylandi. Avstraliya, AQSh, Belgiya, BSSR (Belorussiya SSR), Buyuk Britaniya, Xitoy, Kuba, Misr, Hindiston, Eron, Liviya, Panama, sobiq Sovet Ittifoqi, Urugvay, Filippin, Frantsiya, Chili, Yugoslaviya kabi davlatlar vakillari huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro qonun loyihasini ishlab chiqishlari kerak edi.

Jon Hamfri zakovati

Komissiya ishida BMT kotibligi inson huquqlari bo‘yicha bo‘limi vakili, xalqaro huquq sohasida kanadalik mutaxassis Jon Hamfri ham qatnashdi.

Komissiya 18 kishidan iborat bo‘lgani hamda ularning har biri o‘z qarashlariga egaligi sababli deklaratsiyaning qoralama matnini tayyorlash juda qiyin kechgan. Alal-oqibat, hujjatning qoralama matnini tayyorlash vazifasini komissiyaning 3 a'zosiga ishonib topshirishga qaror qilinadi. Shunday qilib, Eleonora Ruzvelt, Xitoy vakili Chjan Penchun va livanlik diplomat hamda faylasuf Sharl Malikdan iborat ishchi guruh deklaratsiya matnini tajribali yurist Hamfriga ishonishdi.

Natijada kuchli va iqtidorli yordamchilarga ega bo‘lgan Hamfri deklaratsiya matnining 48 moddadan iborat qoralama variantini tayyorlaydi. Bu vaqtga kelib ishchi guruh o‘z safini Yevropa hamda Sovet Ittifoqi vakillari hisobiga kengaytirishga qaror qiladi.

1947 yil 9 iyunda ishchi guruhning kengaytirilgan tarkibi o‘z ishini boshlaydi. Unga Ruzvelt xonim, Chjan Penchun, Malik va Hamfridan tashqari Avstraliya, Buyuk Britaniya, Chili va sobiq SSSR vakili ham kirdi.

Hamfri hujjatning dastlabki matnini tayyorlashda o‘sha vaqtdagi mavjud mamlakatlarning konstitutsiyalari, shu jumladan, Buyuk Britaniyaning Erkinliklar buyuk xartiyasi, AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi, Huquqlar to‘g‘risidagi qonun, Frantsiyaning Inson va fuqaro deklaratsiyasi kabi hujjatlardan ham foydalanadi. Foydalanilgan manbalarning ko‘pligi hujjatda insonning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy kabi keng huquqlari qamrab olinishiga zamin yaratdi.

Rene Kassen publitsistikasi

Dastlabki loyiha muhokama qilinganidan so‘ng Hamfri ishlab chiquvchilar tarkibini tuzishga qaror qildi. Bu safar Rene Kassen, Sharl Malik, Eleonora Ruzvelt va Uilson guruh a'zosi bo‘ladi. Loyihaning ikkinchi namunasini tayyorlash huquqshunos va yozuvchi Rene Kassenga ishonib topshiriladi. Kassen o‘ziga yuklatigan topshiriqni 2 kunda muvaffaqiyatli tarzda uddalaydi.

Uning vazifasi hujjat matniga aniq va tushunarli ko‘rinish hamda shakl berish edi. Hamfri qoralamasidan mantiqan bir-biriga bog‘langan hujjat paydo bo‘ladi.

Kassen loyihaga tuzilma ko‘rinishini berish uchun muqaddima yozishiga to‘g‘ri keldi. Shundan so‘ng 6 ta kirish moddasi qo‘shildi. 32 ta modda 8 guruhga taqsimlandi. Bundan tashqari, hujjatni qo‘llashga doir ikkita yakuniy nizom ham qo‘shildi.

Shu tariqa deklaratsiyaning 1-2-moddalari tamal vazifasini bajarib, inson qadr-qimmati, g‘ururi, ozodligi, tengligi va birodarligini o‘zida jam qildi. 

Inson qadri uchun to‘rt minora

Hujjatning asosiy qismi inson qadr-qimati uchun tiklangan to‘rtta minoraga mengzaladi.

Birinchi minora – kishining yashash huquqi hamda qullikning taqiqlanishi haqida;

Ikkinchi minora – kishining vatandoshlik haqqi va jamiyatdagi siyosiy huquqlari e'tirofidan iborat;

Uchinchi minora – kishining ma'naviy, jamoaviy faoliyati va siyosiy erkinliklari, xususan, diniy erkinlik va uyushmalarga a'zolik erkinligi kabilarni o‘z ichiga oldi;

To‘rtinchi minora – kishilik jamiyatining ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini ko‘rsatib beradi.

1947 yil 17 iyunida Kassen namunasi ishchi guruhga havola qilindi. Qisman qayta ishlangan loyiha 1947 yil dekabrida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jenevada to‘plangan komissiyasiga taqdim etildi. Sessiyada ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan, Amerika mehnat federatsiyasi, Parlamentlararo ittifoq, Xalqaro qizil xoch jamiyati, Xalqaro ayollar kengashi kabilarning vakillari ham qatnashdi. Ruzvelt xonimning sa'y-harakatlari natijasi o‘laroq, deklaratsiya loyihasi qisqa muddatda jiddiy muhokama qilinib, yagona to‘xtamga kelingan namuna tasdiqlandi.

Hujjat qanday ishlaydi?

Sessiyada ko‘rib chiqilgan eng muhim masalalardan biri deklaratsiyada qayd qilingan qoidalarga amal qilinishini nazorat qilish imkonini beruvchi instrumentlarni hujjatga qo‘shish masalasi bo‘ldi. Hindiston va Avstraliya vakillari busiz hujjat hech qanday yuridik kuchga ega bo‘lmasligini, uni buzgan kishi jazosiz qolishini ta'kidlashdi. Ular inson huquqlariga rioya qilmaganlikka doir javobgarlik bandini yoki deklaratsiyaning o‘ziga qo‘shishni yoxud bu kabi holatlarni ko‘rib chiqadigan xalqaro tribunal tashkil etishni taklif qilishdi.

Shuningdek, endi tashkil etilgan davlatlarning qarashlari yirik davlatlar nuqtai nazarlariga mos kelmadi. Sobiq mustamlakalar deklaratsiyada inson huquqlarini ta'minlash borasida huquqiy asosni ko‘rishni istashar edi. Yirik davlatlar esa haddan ortiq keskin qoidalar ularning jamiyatida birdamlik yo‘qolishiga zamin tug‘dirishidan xavotirda edi. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng deklaratsiyaning «Geneva draft» deb nomlangan uchinchi loyihasi tayyor bo‘ldi.

Komissiyaning 1948 yil may oyida Nyu-Yorkdagi majlisida ham hujjat loyihasini muhokama qilish davom etib, 18 iyunda yakunlandi. Loyiha 12 ta «tasdiq», 0 ta «qarshi» va 3 ta betaraf ovoz hisobiga ko‘ra qabul qilindi. Deklaratsiyani tasdiqlash uchun ovoz bosqichma-bosqich tarzda o‘tdi. 31 ta moddaning 23 tasi bir ovozdan ma'qullandi. 3-modda esa 2-modda tarkibiga kiritildi.

Aksariyat qo‘llab-quvvatladi

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasining Frantsiyaning Pale-de-Shayo qarorgohida bo‘lib o‘tgan 183-plenar majlisida o‘sha vaqtda BMTga a'zo 58 davlatning 48 tasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 1948 yil 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida Belorussiya SSR, Ukraina SSR, SSSR, Chexoslovakiya, Polsha, Yugoslaviya, Janubiy Afrika ittifoqi va Saudiya Arabistoni betaraf qolgan. Gonduras va Yaman ishtirok etmagan. Kanada dastavval deklaratsiyani rad etgan bo‘lsa, keyinchalik uni tasdiqladi.

Kommunistlar va Saudiyaning qarshiligi

Sotsialistik lager davlatlari deklaratsiyaning erkin emigratsiya (inson va fuqarolarning mamlakatdan ko‘chib ketish) huquqini e'tirof etishni xohlamaganliklari sababli rad etishdi. Janubiy Afrika ittifoqi va Kanada irqiy mazmunni ro‘kach qilgan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni dinga e'tiqod qilish erkinligi va nikoh tuzish erkinligi tan olinmagani sababli deklaratsiyani rad etdi.

Tavsiyaviy hujjat

Deklaratsiya majburiy emas, balki tavsiyaviy maqomga ega. Biroq uning negizida xalqaro majburiy bo‘lgan ikkita hujjat qabul qilingan. Bular Vatandoshlik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktdir. O‘zbekiston mazkur hujjatlarga 1995 yilda qo‘shilgan.

1950 yili BMT deklaratsiya qabul qilingani munosabati bilan 10 dekabrni inson huquqlari nishonlanadigan kun sifatida belgiladi.

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2023
Dastlabki tergov natijasiga ko‘ra, bu 4 nafar o‘zbek qashshog‘i Suriyada odam so‘yib terrorchilar qo‘lida shotir bo‘lgan.  Indoneziya politsiyasi brigadasi ...
5 aprel 2019
Sizga omad tilayman, azizim. Oddiygina omad. Ko‘chada ketyapsiz, sizni mashina bosib ketmadi. Tasodifan o‘rmonda murdani ko‘rib qolib, politsiyaga xabar ...
6 may 2022
Bugungi va'zni tez aytish bilan  boshlasam. «Oq choynakka oq qopqoq¸ ko‘k choynakka ko‘k qopqoq»… Matchon Suqilish: Tez aytish o‘rniga maymunlar ...
20 iyun 2016
Qirg‘iz matbuotining bildirishicha, 18 iyun kuni militsiyaga murojaat qilgan jalolobodlik ayol, qishloq masjidi imomining o‘z o‘g‘lini zo‘rlagani haqida ariza ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...