Aksilkorruptsiyadagi korruptsiyaga yo‘l ochishmi?
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida tuzilganiga bir yildan sal ko‘proq vaqt bo‘lgan Jamoatchilik kengashi imi-jimida tugatib yuborilgani hatto uning ba'zi a'zolarida ham turli norozilik kayfiyatini uyg‘otdi.
2021 yil 15 yanvarda tuzilgan ushbu kengashga Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra mudiri Ahtam Tursunov raislik qilayotgandi. Tuzilma faoliyati shu kungacha ham turli savollar tug‘dirib kelayotgan edi.
Jumladan, taniqli blogerlar Nikita Makarenko, Otabek Bakirov va Zafarbek Solijonov kengash a'zoligidan chiqib ketganiga ancha bo‘lgan.
Uning yana bir a'zosi, korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mutaxassis Qodir Quliev esa tuzilma tarqatib yuborilishidan bir necha kun avval mahalliy matbuotga bergan intervyusida Jamoatchilik kengashi faoliyatini tanqidiy baholagandi.
“Jamoatchilik kengashi raisi monopol kuchga ega bo‘lyapti. Masalan, yaqinda kengash raisi o‘rinbosari lavozimiga ikki nomzod tavsiya qilindi. Bilmayman, bu nomzodlar qaerdan tanlandi. Men kengash faoliyatida erkin fikrlashga to‘sqinlik paydo bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Yaqinda men OAVlar oldida agentlik direktoriga savol bermoqchi edim, menga savol berdirmadi. Mening tanqidiy fikr bildirish, o‘tkir savollar berishimga to‘siq qo‘yishdi”, degan edi Quliev mazkur intervyusida.
Endi esa manbalar Jamoatchilik kengashining tarqatib yuborilishiga uning “faol ishlamayotgani” asos sifatida keltirilganini bildirmoqda.
Mazkur kengash a'zosi, bloger Fotima Jo‘raeva o‘zining feysbukdagi sahifasida bu voqea xususida: “Bugungi kunda muammoni o‘rganib, bartaraf etishdan ko‘ra, uni osongina nazardan yo‘qotishga urinish eng kreativ yo‘l bo‘lib qoldimi ba'zilarga?!” deya istehzoli izoh yozdi.
Ma'lum bo‘lishicha, kengashning 24 mart kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishi kun tartibida uni tugatish haqida masala bo‘lmagan. Unda 2022 yilgi ish rejasini tasdiqlash va 2021 yilgi faoliyat hisoboti tinglanishi ko‘zda tutilgan.
Ammo hisobot chala-chulpa tinglanganidan so‘ng so‘zga chiqqan a'zolardan biri jamoatchilik kengashini tarqatib yuborib, boshqa kengash tuzish taklifini bergani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘lgan.
“O‘zi shundoq ham bir necha majlislardan buyon ba'zi a'zolarning qonuniy so‘rovlariga to‘laqonli javob bera olmayotgan kengash raisiga bu taklif negadir juda ma'qul kelib, kun tartibida umuman yo‘q masalani ovozga qo‘yib yubordi.
Yig‘ilgan 22 nafar a'zodan 15 tasi (keyin 4 tasi o‘z fikridan qaytdi) rozi bo‘ldi, 7 kishi norozi bo‘lib, qolgan 6 nafarining fikri tinglanmay ham jamoatchilik kengashi tugatildi, deb e'lon qilindi”, deydi Fotima Jo‘raeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Jamoatchilik kengashi raisi boshqa yig‘ilishlarda kun tartibida bo‘lmagan muhim masalalar ko‘tarilib, biror taklif bildirilsa, ovozga qo‘yish tugul “kun tartibida yo‘q”, deya hatto gapirtirmas ham edi.
“Endigina jamoatchilik nazorati sifatida shakllanib, tegishli so‘rovlarni olishga urinayotgan, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishga kirishayotgan a'zolarni yo‘q qilish kimga kerak bo‘lib qoldi ekan,” deya savol qo‘yadi bloger.
U o‘z fikrlarini davom ettirar ekan, bundan sal avvalroq agentlikdan Jamoatchilik kengashi faoliyatiga qilingan sarf-xarajatlar hisobotini taqdim etish so‘ralgani, kengash yig‘ilishlarining onlayn translyatsiyasi borasidagi taklif paysalga solib kelinganini qo‘shimcha qilgan.
Fotima Jo‘raeva hali Jamoatchilik kengashini tugatish to‘g‘risidagi yig‘ilish bayonnomasi rasmiy kuchga kirmasidan turib kengash a'zolari o‘zaro muloqot qiladigan telegram guruhi tarmoqdan o‘chirib tashlanganini ma'lum qildi.
“Kanaldagi yozishmalar tarixini yo‘qotishga juda shoshilishgan ko‘rinadi! Guruhning o‘chirib yuborilishi a'zolar ovozini bo‘g‘ish, shaffoflik, oshkoralikka to‘siq qo‘yish, a'zolar huquqlarini poymol qilishdir”, deydi Jo‘raeva.
U “Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligining o‘zida murosasiz kurash, shaffoflik va xolislik bo‘lmasa, boshqa tashkilotlarda korruptsiyaga kurashish to‘g‘risida qanday gapirish mumkin?!” deya ritorik savol bilan yakunlaydi feysbukdagi izohlarini.