Asosiy mavzular
26 iyul 2022

O‘zbekistonda yerlarning noqonuniy tortib olinishi: Namanganda fermerlar o‘z huquqlari uchun kurashmoqda

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish uchun ko‘plab xorijiy va xalqaro banklar, jumladan, YeTTB va Jahon bankidan millionlab dollar sarmoya olgan O‘zbekistonda bu jarayon fermerlar yerlarining ommaviy tortib olinishi bilan kechmoqda.

2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston hukumati so‘nggi 10 yil ichida qishloq xo‘jaligi yerlarining uchinchi marta qayta taqsimlanishini e'lon qildi. Hukumat buni paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan yerlardan foydalanishni maqbullashtirish va uni ilg‘or fermer va klasterlarga qayta taqsimlash zarurati bilan izohladi.

Jahon banki hisobotida qayd etilishicha, fermer xo‘jaliklarining tez-tez qayta tuzilishi va yerga egalik qilish huquqining zaifligi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida boshqaruv samaradorligi va sarmoya kiritilishini rag‘batlantirish darajasini pasaytirgan. Qoloq fermerlar yerlarini ilg‘orlariga berish ko‘zda tutilgandi. Ammo yer unumdor bo‘lmasa, yangi egasining undan foydalanish samaradorligini oshirishiga hech qanday kafolat yo‘q.

2019 yilda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini xususiylashtirish boshlanganidan buyon fermerlar yerlaridan foydalanishni maqbullashtirishga turli urinishlar fermerlarning davlatdan ijaraga olingan katta-katta yerlari noqonuniy tortib olinishiga yo‘l ochdi. Bu esa mamlakatdagi qishloq jamoalariga halokatli ta'sir ko‘rsatdi. Odatda yerni davlatdan 30 yildan 49 yilgacha muddatga ijaraga oluvchi fermerlar mahalliy IIB va prokurorlar ko‘magiga tayanadigan insofsiz amaldorlar (hokimlar) tizgini ostida qoldi. Fermerlar tahdid va qalloblik yo‘li bilan ijara shartnomasini bekor qilishga majburlandi. Ijara shartnomasidan voz kechish “ixtiyoriy” shaklda rasmiylashtirilgani sababli fermerlar tovon puli talab qilish huquqiga ega emas. Ko‘p holatlarda fermerlarni klasterlardan ish berilishiga ishontirishdi, ammo amalda bu va'dalarning aksariyati quruq gap bo‘lib chiqdi. Natijada fermerlar ham qarzdor, ham ishsiz bo‘lib qolmoqda.

Namangan viloyatining Pop tumanida yuzlab fermerlar ijara huquqidan bir tomonlama mahrum qilindi. Minglab gektar yeri va daromadidan mahrum bo‘lgan fermerlar o‘z huquqlari uchun kurashishga bel bog‘ladi.

2015 yil dekabrda poplik fermer Umida Ibragimova davlatdan 40,7 gektar yerni 49 yilga ijaraga olib, paxta va g‘alla yetishtiriladigan “Ibrohim Ma'mura” fermer xo‘jaligini tuzdi.

Fermerning aytishicha, 2019 yil yanvar oyida yerlari hokimlik tomonidan hech bir asossiz tortib olinguniga qadar u paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha hukumat belgilagan rejalarni muntazam bajarib kelgan.

Garchi 2020 yil mart oyida davlatga paxta yetkazib berish rejasi bekor qilingan bo‘lsa-da, bu amaliyot fermerlarning klasterga muayyan miqdorda g‘alla va paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnomasi doirasida saqlanib turibdi. Xususiylashtirishga qaramay, davlat reja belgilash, terimchilarni yollash va hosil yig‘ishni nazorat qilish ko‘rinishida paxta sektorida hamon ishtirok etmoqda.

2019 yil 18 yanvar kuni Namangan viloyati Pop tumani hokimi A'zamjon Sultonov 450 nafarga yaqin mahalliy fermerni tuman madaniyat saroyi zaliga yig‘di. Ularga yerlarini davlatga ixtiyoriy ravishda qaytarish to‘g‘risida ariza yozishga buyruq berildi.

Uchrashuvga kelmagan fermerlarni tunda militsiya xodimlari olib kelishdi. Bir fermer ayol yarim tunda yotog‘idan turg‘izilib, militsiya yordamiga yig‘ilishga keltirilgan.

Umida Ibragimovaning O‘zbekiston inson huquqlari forumi (O‘zbek forumi)ga aytishicha, aksariyat fermerlar avvaliga ariza yozishdan bosh tortganidan so‘ng hokimning buyrug‘i tahdidga aylangan.

Fermerlar kechki soat 18.00 dan sovuq zalga qamalgan va arizani imzolamaguncha ketishiga ruxsat berilmagan. Ochlik va sovuqqa yarim tungacha chidagan, bolalaridan xavotir olgan Umida Ibragimova bir reja tuzdi.

Ibragimova talab qilingan arizani yozishga rozi bo‘ldi, biroq “er” so‘zini atayin tushirib qoldirib, “ushbu arizadan maqsad tuman ixtiyoriga qaytarish”, deb yozdi (ariza nusxasi O‘zbek forumida mavjud.)

Ibragimova bu arizada nimani qaytarib berishi aniq yozilmagani uchun u yeri tortib olinishi uchun asos bo‘la olmasligiga umid qildi. Yarim tungacha ishlab charchagan militsiya va hokimlik xodimlari arizani o‘qib ham ko‘rishmadi va unga uyiga ketishiga ruxsat berishdi.

“Hokimning fermerlardan yerni olib qo‘yishga qonuniy asosi yo‘q edi. Aks holda hokimlik sudga murojaat etib, uzoq muddatli ijara shartnomasini qonuniy asoslarda bekor qildirishi mumkin”, deb tushuntiradi Ibragimova.

Shunga qaramay, u 2019 yil 18 yanvarda yozgan mantiqsiz ariza yozilganidan ikki kun avval – 16  yanvar sanasida hokimlikda ro‘yxatga olingani ma'lum bo‘ldi.

Ibragimovaning fikricha, hokimlik avval yerni tortib olish haqida noqonuniy qaror chiqarib, so‘ng uni xuddi fermerlar ijaradan ommaviy voz kechgandek rasmiylashtirgan.

Ayni paytda Umida Ibrohimova Pop tumani hokimining 18 yanvardagi noqonuniy qarorini bekor qilish maqsadida ma'muriy sudlarga da'vo arizalari bilan murojaat qilib, yer uchastkasini qaytarib olishga urinib kelmoqda.

Ibrohimovaning ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasiga asoslanib, Pop tumani hokimi “qaytarilgan yer shaffof va mustaqil tanlov asosida yangi va ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlarga berilishi” to‘g‘risida farmoyish chiqardi.

Farmoyish O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi “Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida chiqarilgani eslatilgan (qaror nusxasi O‘zbek forumida mavjud).

Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinganidan to‘qqiz kun o‘tib, Pop tumani fermerlari to‘satdan o‘z yeridan ommaviy voz kechgani hech kimni, jumladan, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashini ham ajablantirmadi.

Tuman Xalq deputatlari kengashining 2019 yil 18 yanvardagi qarorida aytilishicha, o‘sha paytda Pop tumanida mavjud 1121 ta, shundan paxta va g‘alla yetishtiruvchi 538 ta (100 %), bog‘dorchilikka ixtisoslashgan 67 ta (100 %), chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi 100 ta (86 %), shuningdek, boshqa yo‘nalishlardagi 104 ta fermer xo‘jaligi yer ijarasi shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida yozma ariza bergan.

Yerni sud orqali qaytarishga urinishlar

Namangan tumani ma'muriy sudiga da'vo arizasi bergan Umida Ibragimova ishini sud 2021 yil 7 sentyabrda ko‘rib chiqdi va da'vo arizasi berishning uch oylik muddati o‘tkazib yuborilganini vaj qilib hokim A'zamjon Sultonovning farmoyishini o‘z kuchida qoldirdi.

Sud, shuningdek, Ibragimovaning dalillarini “ahamiyatsiz” deb topib, ularni ko‘rib chiqishni rad etdi. Sud qarorida ko‘rsatilishicha, Ibragimovaning yerni tumanga qaytarish to‘g‘risidagi arizasidagi noaniqlik hal qiluvchi ahamiyatga emas, chunki u arizani fermer xo‘jaligi rahbari sifatida yozgan va uning mazmun-mohiyatini juda yaxshi anglagan.

Ibragimovaning arizasi yozilishidan ikki kun avval hokimlikda ro‘yxatga olingani sud tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirishdagi sovuqqonlik, deb baholandi va shuning uchun hokim farmoyishini bekor qilishga yetarli asos bo‘la olmaydi, deb topildi.

Ibragimova arizasidagi noaniqlik va ariza yozilishidan ikki kun oldin hokimlikda ro‘yxatga olinganidan tashqari, o‘zidan yerning tortib olinishiga oid boshqa jiddiy qonunbuzarliklar va nomuvofiqlarni ko‘rsatgan holda prokuraturaga shikoyat yozdi.

2021 yil 26 oktabrda apellyatsiya sudi birinchi sud ajrimini o‘z kuchida qoldirdi. Shundan so‘ng Umida Ibragimova O‘zbekiston Oliy sudiga ariza bilan murojaat qildi va hozir uning javobini kutmoqda.

2019 yil 18 yanvar tunida fermerlar majburan ushlab turilgani to‘g‘risida Ibragimova bergan ma'lumotni O‘zbek forumiga Pop tumanilik yana oltita fermer tasdiqladi. Ularning ayrimlari yerlarining noqonuniy tortib olinishi jabrini chekishga ham ulgurdi. Ular endi bankka olingan kreditni qaytarishi kerak. Ammo daromad manbaini yo‘qotgani sababli buning imkonini qila olmayapti.

Oybek Noryigitov 2015 yilda Pop tumanida fermer xo‘jaligini tashkil etgan edi. Boshqa fermerlar singari u ham 2019 yil 18 yanvar kuni soat kechki 18 da tuman madaniyat uyiga chaqirildi va undan yer ijarasi shartnomasini ixtiyoriy ravishda bekor qilish to‘g‘risida ariza yozish talab qilindi.

Garchi Noryigitov hech qanday ariza yozmagan bo‘lsa-da, bu unga yordam bermadi. U go‘yoki yerdan voz kechish haqida yozgan, qalbaki imzosi qo‘yilgan ariza 2018 yil 28 dekabrda Pop tumani hokimligida ro‘yxatga olingani ma'lum bo‘ldi.

Unga tegishli 31,6 gektar yer maydoni boshqa fermerga berilgan, biroq Noryigitov o‘z yerida ishlashda davom etgan va uning ijara shartnomasi bekor bo‘lganini bir necha oy o‘tsa-da, bilmagan.

2020 yil dekabr oyida Noryigitov Namangan tumani ma'muriy sudiga murojaat qilib, arizasida imzosi qalbakilashtirilganini ko‘rsatib o‘tgan. Besh daqiqa davom etgan majlisda sud hokimlik foydasiga qaror chiqarib, yer qonuniy va asosli ravishda olib qo‘yilganini tasdiqlagan. 2021 yil oktyabr oyida o‘sha sud Noryigitovning shikoyatini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqib, dastlabki ajrimni o‘z kuchida qoldirdi.

Pop tumanilik Ozoda To‘ychieva ham yer ijarasi shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza majburiy yozdirib olinganidan so‘ng yeridan ayrilgan fermerlardan biri. Yeri “Art Soft Tex” klasteriga berib yuborilgan Ozoda uni qaytarish harakatida. Avvaliga klaster To‘ychievani ishchi sifatida yollagandi, hozir esa u ishsiz.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentabrdagi qaroriga asosan, “Art Soft Tex” klasteriga 24,7 ming gektar ekin maydoni ajratilgan. Qaror bilan klasterga tuproq unumdorligini oshirish, paxta xomashyosi va boshqa ekinlar yetishtirishning zamonaviy va samarali usullarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish majburiyati yuklangan.

Dildora Usmonova turmush o‘rtog‘i bilan 2006 yildan buyon Pop tumanida fermer xo‘jaligini yuritib, paxta, g‘alla va pilla yetishtirish bilan shug‘ullanib kelgan. 2019 yil 18 yanvar kuni uni ham tuman madaniyat saroyidagi yig‘ilishga chaqirishgan.

“Bizni xonaga qamab, yerimizni topshirish to‘g‘risida ariza yozib, imzolamagunimizcha ketishimizga ruxsat bermasliklarini aytishdi. Men yerimni qaytarib berishni istamadim, lekin hokim “Agrobank”dan issiqxona qurish uchun kredit beramiz, deb ko‘ndirgach, nihoyat rozi bo‘ldim”, deydi u.

Pop tumanilik yana bir fermer Sharifa To‘ychieva videomurojaatida 2019 yil 18 yanvar kuni yerini ixtiyoriy ravishda topshirish haqida ariza yozib, imzolashga majburlanganini aytadi.

“Men ariza yozishni xohlamadim, – deydi To‘ychieva. – Lekin sovqotdim va och qoldim. Men uzoqda yashayman va qishlog‘imga transport harakati to‘xtaguncha uyga yetib olmoqchi edim”.

To‘ychievaning so‘zlariga ko‘ra, yeri sho‘rlanganiga qaramay, ekin maydoni tortib olinishi tahdidi oldida har yili hokimlik belgilab beradigan rejani bajarishga majbur bo‘lgan. Boshqa daromad manbai yo‘qligi uchun kuchli bosim ostida har yili rejani bajarishga harakat qilgan. Ammo bu oson bo‘lmagan.

“Paxta uchun olingan kreditni qaytarishim kerak edi, lekin pulim yo‘qligi sababli issiqxona qurish uchun menga 18 million so‘m kreditni majburiy tiqishtirishdi. Men bu kreditni olishdan bosh tortdim.

Agar rozi bo‘lsam, yerim qaytarib berilishini aytishdi. Hozir ishsizman. Yerimni qaytarib berishmadi. Kreditim bor. Men yerim qaytarib berilishini xohlayman, xolos”, deydi To‘ychieva.

Umida Ibragimovaning bildirishicha, yeridan ayrilib, ishsiz qolgan poplik fermerlar va ularning ishchilari orasida Rossiyaga ish izlab ketayotganlar tobora ko‘paymoqda. Fermerlarning aksariyati yeridan mahrum bo‘lganidan so‘ng taqdirga tan bergan, faqat sanoqlilarigina sud va hukumat amaldorlariga murojaat qilib, uni qaytarib olishga imkon qadar urinmoqda.

2022 yil 5 iyul kuni Pop tumanidan o‘n nafar fermer Bosh prokuraturaga shikoyat qilish maqsadida yana Toshkent shahriga keldi. Ko‘ramiz, ularni eshitishadimi va shikoyatlariga javob berishadimi…

P.S. Fermer Umida Ibragimovaning ma'lum qilishicha, 2022 yil 20 iyul kuni Oliy sud uning yeri noqonuniy tortib olingani haqidagi shikoyatini ko‘rib chiqqan va u ma'muriy sudga murojaat etishning uch oylik muddatini o‘tkazib yuborgani vaji bilan  Namangan tumani sudi ajrimini o‘z kuchida qoldirgan.

Tag‘in o‘qing
24 may 2016
Buxoroning so‘kong‘ich hokimlaridan birini majlisda bir urib yiqitgan olotlik fermer Bahodir Sharipov nomi elga ovoza bo‘ldi. Ayrim manbalar, hususan ...
4 dekabr 2017
Ko‘p pul ishlab, mashina va uy olish uchun xotinini fohishalikka undagan o‘zbekistonlik erkak jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda 30 ...
30 dekabr 2022
Oxirgi 20 yilda (2003-2022) 1668 jurnalist o‘ldirilgan. Bu yiliga o‘rtacha 80 kishi degani. Faoliyati tufayli halok bo‘lgan jurnalistlar soni ...
20 sentyabr 2017
Prezident Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72 sessiyasida qatnashish uchun AQShga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning Airbus A340-313 shaxsiy samolyotida bordi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...