Asosiy mavzular
4 avgust 2022

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi qallobliklar. Tomchilatib sug‘orish baxonasida milliardlar tagiga suv quyildi

Qo‘limizga tushgan bir dasta hujjatlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi kimlarning qo‘lida qolgani-yu, nimalar bo‘layotganini ro‘y-rost ko‘rsatib qo‘ydi.

Agar Ginnesning firibgarlik, ko‘zbo‘yamachilik va soxtakorlik singari yo‘nalishlarda ham reytingi bo‘lganida edi, g‘oliblikni yaqin yillarda O‘zbekistonlik amaldorlardan hech kim tortib ololmasdi.

“Ozodlik” e'lon qilgan maqolada yozilishicha, Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchi tumanlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bahonasida bir necha o‘n milliardlarning tagiga suv quyilgan.

Hatto tomchilatib sug‘orish drenajlarini bir gektarda bo‘lsa-da, nomiga bo‘lsa ham o‘rnatib qo‘yishmabdi — yuragi otning kallasiday ekan tadbirkorning.

DXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochgan, bir necha odamlarni talon-torojlik, mansab vakolatini suiiste'mol qilish bilan so‘roq qilib yotibdi. Eltuz manbalariga ko‘ra, tergovda bulbulday sayrayotgan tadbirkorlar hamma aybni yuqoriga — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshaev, Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘anievga to‘nkamoqda.

Chekistlar allaqachon jig‘ildondan o‘tib ketgan bu pullarni davlatga qaytara oladimi-yo‘qmi – buni bilmaymiz. Ammo jinoyatning sababi bilan emas, oqibatlari bilan kurashadigan bunday organlarning millatga qanchalik foydasi tegadi, ma'lum emas.

Holbuki, shu yilning 18 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida Boshqa vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniev tomchilatib sug‘orish islohoti shu paytga qadar 20 foizga bajarilgani, yaqin istiqbolda mamlakat bo‘ylab bu tizim to‘liq joriy qilinishi haqida hisobot berdi.

Ammo amalda tomchilatib sug‘orish inshootlarini O‘zbekiston dalalarida hech kim ko‘rgan emas. Ayrim tajriba maydonlari va maxsus ajratilgan dala paykallarida ko‘rgazmali qurol vazifasini o‘tayotgan inshoot O‘zbekistonga kirib kelishiga hali ancha bor.

Ozodlikka ko‘ra, birgina “Termiz-Jayhun klassteri” MChJ Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bergan hisobotlarida Qumqo‘rg‘on tumanidagi 207 ta fermer xo‘jaliklarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilganligi ta'kidlagan.

Eltuz tahririyati g‘aladonidagi mahalliy fermerlarning videomurojaatlari tumanda bir gektar ham tomchilatib sug‘orish drenajlari yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Aslida birgina “Termiz-Jayhun klassteri” MChJ orqali amalga oshirildi, deyilayotgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi uchun 40 milliard so‘m sarflangani iddao qilinadi.

Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘onda ham ahvol shu – milliardlab talon-toroj chiqmoqda. Boshqa viloyatlar bo‘ylab yoyilayotgan tergov harakatlariga Bosh prokuraturaning yuqori martabali mulozimi Umid Akbarov rahbarlik qilayotganini aniqladik.

Shu yilning 21 iyul kuni Termizga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Shuhrat G‘aniev boshchiligidagi ishchi guruhi tashrif buyurgan. Ishchi guruhi yangi shu yilning martidan ishni qo‘lgan olgan “Dream Cotton Textile” klassterga “Termiz-Jayhun klassteri” MChJning amalda yo‘q texnologiya uchun sarflangan qarzlarni bo‘yniga olishni talab qilgan.

Bu haqda yozgan Ozodlikka ko‘ra ishchi guruh majlisida ishtirok etgan O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Saidkarim Nishanbaev ko‘zbo‘yamachiliklarda rahbarlarni ayblagan “Dream Cotton Textile” agronomi Elmurod Ishniyozovni haqorat qilib, unga tan jarohati yetkazgan.

Elmurod Ishniyozovning Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov nomiga yo‘llagan arizasida klasterning soxta tomchilatib sug‘orish inshootlarini qabul qilib olishga majburlangani aytiladi.

Mamlakat qishloq qishloq xo‘jaligidagi inqiroz faqatgina paxtachilikda emas, balki, Eltuz ixtiyoridagi hujjatlar, chorvachilikda ham olamshumul soxtakorliklar borligini ko‘rsatmoqda.

E'tibor bering, shu yilning fevral oyida Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniev Prezidentga birgina Navoiy viloyatining 9 ta tumanida qoramol va qo‘ylar soni 156 094 taga oshirilgani, ularga 316 720 gektar yer ajratilgani, 4557 ta quduqlar qazilgani xususida hisobot berdi.

Mazkur ishni amalga oshirish uchun jami 5000 ta firma va shirkatlar tuzilganini iddao qiladi. 8 ta tuman hokimning 5000 ta shirkat tuzish haqidagi qarorlari aynan 12 mart kuni chiqarilgani oshkor bo‘ldi. Eltuz ixtiyoridagi Navoiy viloyatining 8 ta tumani hokimlari chiqargan qarorlarni o‘qib yoqa ushlaysan kishi.
Hisobotga ko‘ra, birgina Tomdi tumanida bir kechaning o‘zida 625 ta shirkatlar tuzilib, ularga 18 750 bosh yirik va mayda shoxli mollar biriktirilgani, yaqinda mamlakatda go‘sht narxlari prezident istaganidek bo‘ladi. Holbuki, 95 foizdan ortiq qismi cho‘l hududidan iborat Tomdi tumanida hatto xonadonlar soni bir necha mingtaga ham yetmaydi.

Xo‘sh, bunday zalvorli raqamlarga Prezidentni qanday ishontirish mumkin? G‘aniev jamoasi buning antiqa yo‘lini o‘ylab topishdi. Har bir yangi tashkil qilingan firmaga mahalliy chorva mollari va qo‘ylar egalari bilan gaplashib, ularning chorvasini vaqtincha xatlab berishdi. Chunki birdaniga bunaqa miqdordagi qo‘y va chorva mollarini import qilishning imkoni yo‘q. Qo‘shni Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izisdanda bu miqdordagi chorvani O‘zbekistonga eksport qilish salohiyatining o‘zi yo‘q.

Mamlakatda soya yetishtirish uchun davlatdan bir necha milliard so‘mlik subsidiyalar ajratilgan, ammo o‘zbekistonlik biror fermerning aytarli soya yetishtirgani haqidagi ma'lumotni topa olmaysiz.
O‘zbekistonga bular Qozog‘istondan soyaning bir kilosini 8 ming so‘mdan sotib olib, fermerlarga kirim qilishmoqda. So‘ng o‘zimizning “milliy mahsulot” bahonasida subsidiya ajratgan moliya muassasalariga taqdim qilishmoqda.

Prezidentga o‘zlashtirilayotgan yangi yerlar va bog‘dorchilikni rivojlantirishga oid hisobotlarning qanchalar soxta ekanini keyingi chiqishlarimizda tilga olamiz.

Dunyoda “Hamma yo‘llar Rimga olib boradi” degan ibora bor. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi soxta raqamlar, islohotlar yo‘li bizni Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘anievga olib bormoqda. Biroq, u ilgari surgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini haqiqiy ma'noda amalga oshirish O‘zbekistonda hamon har kungidan dolzarbligicha qolmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2016
Bundan ilgari Kaniza (Ahmedova Shahrizoda Farhodovna) o‘zining Porsche Cayenne mashinasining oynasi sindirilgani, qimmatbaho 12000 dollarlik Vertu mobil telefoni o‘g‘irlanganidan ...
13 iyul 2024
“Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan mashhur O‘zbekistondagi yagona “vor v zakone” Baxtiyor Qudratullaev va “jinoyat olami”ning yana 36 nafar vakiliga ...
21 avgust 2019
“Bu maktubni sizga yozayotgan paytimda xorazmlik adabiyot ixlosmandlari viloyat IIB binosi oldida norozilik piketi o‘tkazib turibdi. Ularning talabi o‘ta ...
31 avgust 2018
«U bir og‘iz gapirmadi, yerga qarab o‘tiraverdi. Rahmim keldi, ochig‘i. Men bir bahona topib chiqib ketsam, to‘yib to‘yib yig‘lab ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...