Asosiy mavzular
27 avgust 2022

AYG‘OQChILIK, MAXFIY DIPLOMATIYa VA URUSh

Ushbu maqola The Washington Post gazetasining AQSh ittifoqchilarini va Zelenskiyni urush muqarrarligiga qanday ishontirishga harakat qilgani borasidagi tekshiruvlari asosida tayyorlangan.

“Eltuz” maqolaning qisqartirilgan tarjimasini e'tiboringizga havol etadi

VAShINGTON

Oktyabr oyining quyoshli tongida razvedka, Pentagon va Davlat departamenti rahbarlari prezident Bayden bilan shoshilinch uchrashish uchun Oq uydagi Oval kabinetga yig‘ildi. Ularning qo‘lida o‘ta maxfiy – sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlar, radio va elektron yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan ma'lumotlar, manbalarning axborotlari bor edi. Bularning barchasi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan darak berardi.

Bir necha oydan buyon Oq uy Putin Ukraina chegarasi bo‘ylab o‘nlab ming askar, tanklar va uchirish qurilmalarini joylashtirayotganini xavotir bilan kuzatdi. Butun yoz davomida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan Rossiya va Ukrainaga oid tobora ko‘payib borayotgan razvedka ma'lumotlari bilan ishlashiga to‘g‘ri keldi. Oxir-oqibatda u Oval kabinetda prezident Bayden ishtirokida majlis o‘tkazishni talab qildi.

Unda, shuningdek, vitse prezident Kamala Harris, davlat kotibi Entoni Blinken, mudofaa vaziri Llloyd Ostin va Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi genaral Mark A.Milli ishtirok etdi. Bundan tashqari, Milliy razvedka boshlig‘i Evril Heyns va MRB rahbari Uilyam Berns hozir bo‘ldi.

Majlisda Sallivan hisobot berdi, lekin barcha idoralar rahbarlari bir fikrda yakdil edilar: Putining tezkor rejalari to‘g‘risidagi razvedka ma'lumotlari, Ukraina chegarasi bo‘ylab qo‘shinlar joylashtirishning yangi sxemalari keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rsatib turibdi.

Bu ma'lumotlar Rossiya siyosiy rahbariyati va armiyasidagi, shuningdek, bevosita harbiy qismlardagi boshliqlar darajasidagi ko‘plab manbalardan olingandi. Bularning barchasi tahdidli manzarani ifodalardi: 2014 yildagidan farqli o‘laroq, Putin mamlakatning katta qismini bosib olishni rejalashtirgan.

General Milli xaritadan Rossiya qo‘shinlarining joylashuvini va Ukrainaning ular bosib olishni rejalashtirgan hududlarini ko‘rsatdi. Bu NATOning sharqiy qanotiga tahdid tug‘dirishi va Yevropaning Ikkinchi jahon urushidan keyin yaratilgan xavfsizlik arxitekturasini vayron qilishi mumkin bo‘lgan hayratomuz reja edi.

O‘sha kuni general Milli Putinning harbiy rejasini tavsiflab berdi: “Ular Ukrainaga bir paytning o‘zida bir necha yo‘nalishda yirik strategik hujum uyushtirishni mo‘ljallamoqda. Bu ularning o‘ziga xos “Shok va qo‘rquv” versiyasidir (AQSh 203 yilda Iroqda amalga oshirgan harbiy operatsiyaning nomi).

Dastlabki rejaga ko‘ra, Rossiya armiyasi Kievga shimol tomondan ikki yo‘nalishida hujum qilishi kerak edi. Poytaxtni qamal qilib, rus qo‘shinlari Kievni uch-to‘rt kunda egallashni ko‘zlagandi. O‘z navbatida, maxsus kuchlar prezident Vladimir Zelenskiyni hokimiyatdan chetlatib, agar zarur bo‘lsa o‘ldirib, Kremlga sodiq bo‘lgan qo‘g‘irchoq hukumat tuzishi lozim edi.

Biro vaqtning o‘zida hujum sharqdan ham boshlanib, markaziy Ukraina Dneprgacha ishg‘ol etilishi, Qrimdagi qo‘shinlar janubi-sharqiy qirg‘oqlarni egallashi nazarda tutilgandi.

Kreml butun operatsiyani bir necha haftada yakunlashni rejalashtirgandi.

Qayta guruhlanish va qayta qurollanish uchun operativ tanaffusdan so‘ng qo‘shinlar g‘arbga, Moldovadan Belarus g‘arbigacha bo‘lgan yo‘nalishda harakat qilishi zarur edi. Ukraina g‘arbiga hujum rejalashtirilmagandi – u yerda Ukraina davlati qoldig‘i qolishi kerak edi. Putinning fikricha, bu hududda tuzatib bo‘lmaydigan “neonatsistlar-rusofoblar” yashaydi.

Keyinroq Evril Heynsning aytishicha, Kremlning urushga oid maxfiy rejasi borasida AQSh razvedkasi qo‘lga kiritgan ma'lumotlar “favqulodda batafsil” edi.

Ularda nafaqat qo‘shinlar va qurol-yarog‘ tizimi, operativ strategiya detallari, balki hatto, “masalan, pandemiyaga qarshi kurash kabi kechiktirib bo‘lmaygan ehtiyojlar uchun resurslar yetishmayotgan bir paytda favqulodda harbiy operatsiyalar va rezerv kuchlar tashkil etish jamg‘armalarini moliyalashning noodatiy va keskin o‘sishi” kabi nozik jihatlar ham bor edi.

Endi bu Rossiya o‘z armiyasini 2021 yil aprelda Ukraina chegarasi bo‘ylab joylashtirgani kabi po‘pisa qilishga urinishga o‘xshamasdi.

Bu ma'lumotlar Oq uydagi ba'zilarni o‘ta taajjublantirdi: Rossiya rahbarining ambitsiyalari ko‘lami aql bovar qilmas darajada edi. “Ongli mamlakat hech qachon bunday qilmaydi”, dedi keyinchalik Oval kabinetdagi uchrashuv ishtirokchilaridan biri.

Harbiy operatsiya qariyb 40 million aholi yashaydigan yarim million kvadrat kilometrdan ortiq maydonga ega hududni bosib olishni ko‘zda tutardi. Agar Putin Kievdagi hukumatni ag‘dargan taqdirda ham aholining aksilrossiya kayfiyati partizanlar urushi boshlanishidan darak berardi.

Bayden o‘z maslahatchilaridan bir savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishni talab qildi: Bu safar Putin zarba beradimi? “Ha, – deyishdi ular, – bu haqiqat”.

Keyingi bir necha oylar davomida ma'muriyat Putin hali yakuniy qarorga kelmaganini takrorlash bilan band bo‘ldi. Shunga qaramay, oktyabr oyida prezidentga uning jamoasi faqat bir gapni – Rossiya prezidenti aynan qachon tepkini bosishini aniq ayta olmadi.

Tahlilchilar fikricha, Rossiya prezidenti Bayden ma'muriyati AQShning Afg‘onistondan sharmandalarcha chiqib ketishidan aziyat chekkan, shuning uchun yangi urushlar yuzaga kelishidan qochadi, deb hisoblagan. AQSh va Yevropada hali pandemiya davom etardi. Germaniya kantsleri, Yevropaning amaldagi yetakchisi Angela Merkel o‘z lavozimi tark etgan, hokimiyatni hali sinovdan o‘tmagan merosxo‘riga topshirgandi.

Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron qayta saylanish uchun o‘ngchi raqiblari bilan kurashishga kirishishga hozirlanayotgan, Buyuk Britaniya esa Brexitdan keyingi iqtisodiy pasayishdan aziyat chekayotgandi.

Qitaning katta qismi rus nefti va gaziga qaram edi. Bundan esa Putin g‘arbiy alyans o‘rtasiga nifoq solib, uni parchalashda foydalanishi mumkin edi. Putin yuzlab milliard dollar pul zaxirasini yiqqan va Rossiya iqtisodiyoti xuddi ilgari bo‘lgani kabi shak-shubhasiz kiritiladigan sanktsiyalarga bardosh berishiga ishongandi.

Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, oktyabrdagi brifingda Baydenga razvedka ma'lumotlari va tahliliy axborotlar taqdim etilganida u ikki xil reaktsiya bildirgan. Birinchidan, Putinni tutib turish uchun “Moskvaga yuqori darajali kimnidir yuborib: “Agar urush boshlasangiz, oqibati yomon bo‘ladi”, deb yetkazish kerakligi aytgan.

Ikkinchidan, AQShning razvedka ma'lumotlarini ittifoqchilarga yetkazib, ularni, ma'muriyat fikricha, Rossiyaga qarshi sanktsiyalar siyosatida yakdil va qattiqqo‘l bo‘lish, NATO mudofaasini hamda Ukrainaga yordamni kuchaytirish va kengaytirishga jalb etish zarur bo‘lardi.

Shuning uchun Berns Moskvaga, Heyns esa NATOning Bryusseldagi qarorgohiga yo‘l oldi.

2 noyabrda Berns Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi va AQShdagi sobiq elchi Yuriy Ushakov bilan uchrashdi. Yana bir muhim uchrashuv Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari Nikolay Patrushev bilan bo‘lib o‘tdi. Natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Razvedka rahbari Vashingtonga qaytganidan so‘ng Baydenga “xavotirlarim faqat kuchaydi”, deya hisobot berdi.

7 dekabrda Putin va Bayden videoaloqa orqali suhbatlashdi. Putin uning Ukraina chegaralariga qo‘shin jo‘natish qarorining asosiy sababi g‘arbiy alyansning sharqqa tomon kengayishi ekanini aytdi. Uning ta'kidlashicha, Rossiya faqat o‘z manfaatlari va hududiy yaxlitligini himoya qilmoqda.

Bayden esa Ukraina yaqin vaqtlarda NATOga kirishi dargumon ekani, AQSh va Rossiya Amerika qurol tizimlarining Yevropaga joylashtirilishi munosabati bilan Moskvada tashvish uyg‘otayotgan boshqa masalalarda kelishuvga erishishi mumkinligini bildirdi. Bayden nazariy jihatdan o‘zaro murosaga kelish mumkin, deb hisobladi.

Yanvar boshlarida AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman Jenevada rossiyalik hamkasbi, o‘zi yaxshi biladigan Sergey Ryabkov bilan uchrashdi. Ryabkov Moskvaning Ukraina bo‘yicha bitimga kelish uchun dekabr oyi o‘rtalarida rasman bildirilgan ikki taklifga asoslangan pozitsiyasini takrorladi: NATO kengayishni bas qilishi va alyansga 1997 yildan so‘ng qo‘shilgan Polsha, Ruminiya, Bolgariya va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi har qanday faoliyatdan tiyilishi kerak.

NATO eshiklarini yopish va mavjud a'zolarning maqomini pasaytirish takliflarini rad etgan Bayden ma'muriyati NATOning Rossiya chegaralari bo‘ylab o‘tgan sharqiy qanotida qo‘shin va qurol-yarog‘ joylashtirish kabi qator xavfsizlik masalalarida muzokaralar o‘tkazish va ishonchni mustahkamlash choralarini ko‘rishni taklif etdi.

Buning sharti Ukrainada urush xavfini bartaraf etish edi. Ryabkov Shermanga Rossiya amerikaliklarning munosabatidan hafsalasi pir bo‘lganini ma'lum qildi.

– Oq uy Sherman va Ryabkov uchrashuviga “ruslar bizning xavotirlarimizga qanchalik jiddiy munosabatda bo‘lishi imkoniyatini va diplomatiya istiqbollarini tekshirib ko‘rish” sifatida qaragandi, – deydi o‘sha paytda Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Emili Horn. – Ammo ular diplomatiya emas, balki diplomatik ishlarni bajargani tezda oydinlashdi. Hatto ular shuni ham jiddiy bajarishmadi.

Bu vaqtda AQSh diplomatik yo‘ldan borish bilan bir qatorda NATOni himoya qilish uchun kuchlarni ham joylashtirayotgan edi. Buni Moskva ham, Yevropa ham ko‘rib turgan, Amerikaning o‘yinda ishtirok etishga tayyorligini namoyon etayotgandi.

Pentagon Polshadagi qurol zaxiralarini ko‘paytirdi va bu yerga Gretsiyadan vertolyot batalonini tashladi. 173-havo desanti qo‘shilmalari Boltiqbo‘yi mamlakatlariga joylashtirildi. Ruminiya sharqiga Italiyadan qo‘shimcha kuchlar jo‘natildi, boshqalari esa Vengriya va Bolgariyaga yo‘naltirildi.

Keyingi bir necha oy davomida AQShning Yevropadagi harbiy ishtiroki 74 ming harbiydan 100 ming harbiygacha ko‘paydi. Havo desanti eskadriliyalari soni 4 tadan 12 taga, mintaqadagi suv usti jargovar kemalari soni esa 5 tadan 26 tagacha yetkazildi.

Dekabrda Bayden AQSh zaxiralaridan qurol-yarog‘ uchun Ukrainaga qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishini ma'qulladi. Biroq Kiev hukumati, Kongressdagi ko‘pchilik va ma'muriyatning ayrim a'zolari ham agar AQSh keng ko‘lamli hujum kutilayotgani haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, bu yordam kam, deb hisoblayotgandi. Oq uy esa qurol yetkazib berilishini Moskva provakatsiya sifatida baholashidan cho‘chirdi.

Jahon hamjamiyatini urushning jiddiy xavfidan ogohlantirish kampaniyasi doirasida Kremlni o‘z yo‘lidan qaytarishga majburlashga undash maqsadida Oq uy 2021 yil oxirida ayrim muhim razvedka ma'lumotlarini oshkor etishga qaror qildi.

Amerika razvedkasida Rossiya provakatsiya uyushtirib, o‘z hududiga hujumni sahnalashtirishi to‘g‘risida ma'lumotlar bor edi. Ma'muriyat a'zolari bu rejalarni oshkor etish Putinni urush uchun bahona topish imkoniyatidan mahrum etadi, deb hisoblagandi.

Fevral oyi boshida Bayden ma'muriyati Moskvada Ukrainaning Rossiya hududiga hujumi sahnalashtirilgan tasvirlar olish rejasi muhokama etilayotganini ma'lum qildi. Ma'muriyatning bildirishicha, targ‘ibot filmi tomoshabop, portlash, qurbonlar, halok bo‘lganlarga ta'ziya ochgan kishilar sahnalariga to‘la bo‘lishi kerak edi.

Umuman. AQShning jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyasi ish berdi. Butun dunyoning e'tibori Ukraina chegaralarida Rossiya qo‘shinlari kuchaytirilayotganiga qaratildi.

19 yanvardagi matbuot anjumanida Bayden, uning fikricha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishini aytdi. “Putinga chekinish uchun joy qolmadi. U nimadir qilishi kerak”, dedi prezident.

Bayden G‘arb Rossiya tajovuziga javob qaytarishiga va'da berdi. “Ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz jiddiy xarajatlar qilish hamda Rossiyaga va uning iqtisodiyotiga sezilarli zarba berishga tayyor”, dedi u va bosqin Rossiya uchun “halokatli” bo‘lishidan ogohlantirdi.

Bu o‘sha paytda Baydenning eng qat'iy ogohlantirishlaridan biri edi. Ammo Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bosqinidan farqli o‘laroq, “sezilarsiz siljishi” u va ittifoqchilari tahdid qilganidek qat'iy javob berilishiga sabab bo‘lmasligini ta'min qilib, prezidentning o‘zi vaziyatni chigallashtirdi.

“Agar sezilarsiz siljish ro‘y bersa, biz nima qilish va nima qilmaslik haqida bahslashishimizga to‘g‘ri kelishi masalaning bir jihati”, dedi Bayden va Rossiya nisbatan kuch qo‘llashda NATO ichida yakdillik yo‘qligiga ishora qildi.

Ertasi kuni Bayden xatosini to‘g‘rilashga urinib, “agar Rossiyaning biror bo‘linmasi Ukraina chegaralarini kesib o‘tsa, bu Putin haq to‘lashi kerak bo‘lgan bosqin sifatida ko‘riladi”, deya fikrlarini aniqlashtirdi.

Rossiya qo‘shinlari Vashington vaqti bilan 23 fevral kuni kechqurun chegarani kesib o‘ta boshladi.

Oq uyga darhol razvedka ma'lumotlari berildi. Unda “bosqin boshlangani ehtimoli juda yuqori” ekani qayd etilgandi. Qo‘shinlar harakatga keldi, Ukrainadagi nishonlarga raketalar yog‘ila boshladi. Prezidentning bir qator yuksak martabali maslahatchilari Oq uy yerto‘lasidagi Inqiroz zaliga yig‘ildi, boshqalari majlisda yopiq aloqa kanali orqali ishtirok etdi.

Sallivan Ukraina prezidenti ma'muriyati rahbari Andrey Yermak bilan gaplashdi. Bu suhbatni eshitganlardan birining aytishicha, Kievda “Asabiylik darajasi juda yuqori. Lekin ular o‘zini qo‘lga olgan. Ularning barchasi, kutilganidek, o‘ta tug‘yonli edi”.

Yermak Sallivandan Bayden bilan bevosita gaplashish uchun Zelenskiyni telefonga chaqirishini kutib turishni so‘radi. Sallivan uni prezident bilan ulab berdi. Zelenskiy Baydenni tezda dunyoning imkon qadar ko‘proq yetakchilari va diplomatlari bilan bog‘lanishga chaqirdi.

Bayden ulardan oshkora chiqishlar qilishni so‘rashi, shuningdek, bevosita Putinga qo‘ng‘iroq qilib, “bularning barchasini to‘xtatishi shartligini” aytishi kerak edi.

LONDON, PARIJ, BYeRLIN, BRYuSSYeL

Noyabr o‘rtalarida Heyns Bryusselga avvaldan rejalashtirilgan safaridan ittifoqchilarning aksariyat qismini alyansning qaror qabul qiladigan 30 a'zodan iborat bosh organi – NATOning Shimoliy Atlantika kengashini xabardor qilish uchun foydalandi.

Katta zaldagi chiqishida u razvedka hamjamiyati faktlarini keltirish bilan chegaralanib, siyosiy tavsiyalar bermadi. “Ba'zi a'zolar Putin keng ko‘lamli bosqin imkoniyatlariga jiddiy tayyorlanayotgani haqidagi ma'lumotlarga yuzaki qaradi”, deb xotirlaydi Heyns. 

Frantsiya va Germaniya vakillari Putin chegarada joylashtirilgan bor-yo‘g‘i 80-90 ming harbiy xizmatchi bilan shunday katta mamlakatga qanday qilib bostirib kirishi va uni bosib olishi mumkinligini tushuna olmadi. Ayrimlar ruslar, Kremlning o‘zi ma'lum qilganidek, harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani yoki bosqin bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarini yashirish uchun o‘yin o‘ynayotganini taxmin qildi.

Bir necha oy davomida yevropaliklarning fikri yakdil bo‘lmadi. “Asosan, uch xil fikr bor edi,– deydi ma'muriyatning yuqori martabali vakillaridan biri. – G‘arbiy Yevropadagi ko‘pchilik uchun ruslarning ishlari “diplomatik majburlash” edi. Putin nimalarga erishishini ko‘rish uchungina kuchlarini ko‘paytirmoqda. U bosqinchilik qilish niyatida emas… Bosqin aqlsizlikdir.

NATOning Sharqiy Yevropadagi yangi a'zolari “Putin nimadir qilishi mumkin, ammo uning ko‘lami cheklangan bo‘ladi, u Ukraina olmasini yana bir bor tishlab ko‘rmoqchi, deb hisobladi”.

Ammo Rossiyaning harakatlariga har doim jiddiy yondashadigan Buyuk Britaniya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari keng ko‘lamli bosqin yaqinligini bildirdi.

Makron va Merkel ko‘p yillar davomida Putin bilan birga ishlagan. Shuning uchun ular Putinning halokatli urush boshlaydigan darajada idroksiz ekaniga ishonishi qiyin edi.

Putin va Baydenning Jenevadagi uchrashuvidan keyin bir necha hafta davomida ular YeI-Rossiya sammitini tashkil etishga urinishdi. Ammo blokning ishonchsiz kayfiyatdagi a'zolari bu urinishlarga Rossiyaning tajovuzkor pozitsiyasiga yon bosish sifatida qaradi.

Oylar o‘tsa-da, Amerika razvedkasining yangi ma'lumotlariga qaramay, frantsuzlar va nemislar hali diplomatik imkoniyatlar borligiga ishonib yurdi. Amerikaliklar va britaniyaliklar esa qandaydir diplomatik sa'y-harakatlar meva berishiga ishonmadi. Shunga qaramay, agar yevropaliklar nimadir taklif etsa, ular diplomatiya eshiklari ochiq bo‘lishiga tayyor edi.

11 fevralda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan uchrashish uchun Moskvaga keldi. Uolles Putinning NATOning kengayishi va alyansning Sharqiy Yevropadagi faoliyatiga oid talablari bo‘yicha muzokaralar uchun hali imkoniyat bor-yo‘qligini yana bir bor so‘rash niyatida edi. Uollesning so‘zlariga ko‘ra, Kreml muzokaralarga hech qanday qiziqish bildirmagan.

Uolles Shoyguni agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, qaqshatqich qarshilikka duch kelishi to‘g‘risida ogohlantirgan: “Men ukrainaliklarni bilaman, Ukrainada besh marta bo‘lganman, ular kurashadi”.

“Mening onam ukrainalik”, – qo‘shimcha qildi Uolles. Shoygu esa u bu xalqni yanada yaxshiroq bilishini aytib, javob berdi: “Bu bitta mamlakatimizning bir qismi”. So‘ng Uolles sanktsiyalar masalasiga to‘xtaldi. “Biz boshqa hech kim chidamaydigan jabrlarga bardosh beramiz”, deya javob berdi Shoygu.

Uolles esa u biror kishi jabr ko‘rishini umuman xohlamasligini bildirdi.

Shoygu uzun va odatiy bo‘lib qolgan talablarini takrorlar ekan, Rossiya G‘arbning Ukrainaga nisbatan siyosati bilan kelisha olmasligini ma'lum qildi.

“Bu qaysidir ma'noda tushunarsiz edi, – deydi uchrashuvda qatnashgan britaniyalik amaldorlardan biri. – Hamma muzokaralar davom etishini xohlaydi, yon bergandek bo‘lib yo‘lidan qaytadi, ammo hech qaerga ketmaydi”.

Uchrashuvni tugatib, britaniyaliklar ketishga hozirlanganda Shoygu to‘g‘ridan-to‘g‘ri Uollesga yuzlandi. “U mening ko‘zimga tik qarab, bizning Ukrainaga bostirib kirish rejamiz yo‘q, dedi, – deya eslaydi Uolles. – Bu g‘irt yolg‘on edi”.

Hali fevralning o‘rtalarida yevropalik amaldorlar orasida hujum shaksiz ekanini o‘ylaganlar kam edi va buning sabablari bor edi.

“Agar siz kimdir mamlakatga hujum qilish rejasiga egaligini bilsangiz va bu reja o‘ta aqlsiz tuyulsa, bu shunchalik aqlsizlikki, shuning uchun ro‘y bermaydi, deb o‘ylashingiz hech gap emas, – deb hisoblaydi xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert François Heisbourg. – Yevropaliklar Putinni tushuna olishlariga ortiq baho berishdi. Amerikaliklar esa Putinning qalbiga kirish o‘rniga qo‘lga kiritilgan ma'lumotlar asosida ish ko‘rishga harakat qilishdi”.

Tushunmovchilar uchun sabab ko‘p edi. Amerika razvedkasi ma'lumotlari Kremlning rejalari hali ularni bajarishga kirishilmaguncha jang maydoniga yetib kelmasligini ko‘rsatdi. Ofitserlarda buyruq yo‘q edi. Qo‘shinlar urushga kirishini bilmagan holda chegaralarga jo‘natildi. Amerikalik ayrim tahlilchilar Rossiya qurolli kuchlarida aloqa yo‘qligidan taajjubda edi.

Bo‘lib o‘tgan voqealarni tahlil qilgan G‘arb razvedkasi vakillari Rossiya qurolli kuchlarining samaradorligini ortiqcha baholaganini tan oladi.

“Ular mamlakatga xuddi bizdek bostirib kiradi, deb o‘ylagandek”, deydi britaniyalik mulozimlardan biri.

Biroq Frantsiya inqirozdan chiqish yo‘llarini izlashda davom etdi. 20 fevralda Makron Putinga qo‘ng‘iroq qilib, undan Jenevada Bayden bilan uchrashishga rozi bo‘lishni so‘radi.

Bu suhbat Frantsiya prezidentini nihoyat Putin kelishuv yo‘llarini izlashga tayyorligiga ishontirdi. Ushbu suhbatning bir necha oydan so‘ng France TV telekanalining “Prezident, Yevropa va urush” hujjatli filmida namoyish etilgan audioyozuviga ko‘ra, Putin “bu e'tiborga loyiq taklif”, degan.

Makron Rossiya rahbariga bosim o‘tkazdi: “Biz hozir, shu suhbat oxirida amalda bu taklifga rozi ekanimizni ayta olamizmi? Men sizdan bu savolga aniq javob olishni istar edim. Men sizning muzokaraning aniq kunini belgilashga qarshiligingizni tushunaman. Ammo siz olg‘a intilib: “Men amerikaliklar bilan uchrashuv o‘tkazib, keyin uni yevropaliklar ishtirokida davom ettirishni istar edim”, deya olasizmi? Yoki yo‘q?”.

Putin bunday majburiyat olmadi va, aftidan, yanada muhim ishlar bilan band edi. “Ochiq aytaman, men xokkey o‘ynamoqchi edim, hozir sen bilan sportzaldan turib gaplashyapman… Avval xokkey o‘ynayman, keyin maslahatchilarim bilan gaplashib olaman. Je vous remercie, Monsieur le President”, deya suhbatni yakunladi Putin unga frantsuz tilida tashakkur bildirib.

Makron telefon go‘shagini qo‘yganidan so‘ng zavqlanib kulgani eshitiladi. Frantsiya prezidenti va uning maslahatchilari muzokaralarda tub burilishga erishilganiga ishondi. Makronning diplomatiya bo‘yicha maslahatchisi Emmanuel Bonne esa hatto raqsga tushdi.

Ammo ertasi kuni Putin telemurojaatida ayirmachi Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini rasman tan oldi. Bu esa Putin Ukrainani bo‘lib tashlash niyatida ekanining yaqqol namoyishi edi.

Sheyn Harris, Karen DeYang, Izabel Xurshudyan, Eshli Parker va Liz Slay

(davomi bor)

“Eltuz” tarjimasi

Tag‘in o‘qing
13 noyabr 2018
“Bu yil fermerlarga har yilgidan ko‘ra og‘ir bo‘ldi. Ularga nisbatan zug‘um va zo‘ravonliklar ko‘lami oshsa oshdiki, aslo kamaymadi”. Bu ...
11 yanvar 2021
Surxondaryoda hayvonot bog‘i xodimlari kiyik go‘shtini Yangi yil dasturxoniga tortmoqchi bo‘lishgani borasidagi ayblovlarni Termiz shahri prokuraturasi o‘rganmoqda.  Prokuratura “Eltuz” ...
16 noyabr 2015
Bu muammo O‘zbekistonning qo‘shni Afg‘onistonga elektr eksport qiluvchi hududlarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. O‘zbekistondagi elektr o‘chishi bilan bog‘liq azaliy ...
11 mart 2022
Bugun 11-mart. Ya'ni 8-mart xalqaro xotin qizlar bayramidan  3 kun o‘tdi. Eltuz kanalining Yutubdagi obunachilari soni 300 mingdan oshdi.  ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...