Asosiy mavzular
23 yanvar 2023

O‘zbekistondagi ilk demokratik kasaba uyushmasi omon qoladimi?

2022 yil 28 dekabr kuni Sirdaryo viloyatidagi “Indorama Agro” kompaniyasining 392 nafar ishchisiga ularning kompaniya xodimi sifatidagi mehnat shartnomalari muddati uzaytirilmasligi haqida ma'lum qilindi.

Buning o‘rniga ularga yangi – “xizmat ko‘rsatish shartnomalari” beriladi. Bu orqali sobiq brigadirlar arzimagan maosh evaziga kompaniya uchun paxta va g‘alla yetishtirishi hamda mavjud barcha tadbirkorlik tavakkalchiligini o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi.

Garchi yangi shartnomada ko‘rsatilgan ish va faoliyat avvalgisidagi bilan deyarli bir xil bo‘lsa-da, unda ishchilarning kompaniya bilan mehnat munosabatlariga samarali ravishda nuqta qo‘yiladi.

Bosh qarorgohi Singapurda joylashgan “Indorama Agro” kompaniyasi hukumat qarori bilan paxta, g‘alla va boshqa ekinlar yetishtirish uchun ikkita viloyatdan 40 ming gektar yer maydonini uzoq muddatga ijaraga oldi va “O‘zbekistondagi eng yirik paxtachilik xo‘jaliklaridan biriga aylandi”.

Yerning kompaniyaga berilishi O‘zbekistonning vayron bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sektorini xususiylashtirishning bir qismi bo‘lib, katta yer uchastkalari klasterlar deb nomlanuvchi xususiy operatorlarga berilgan. Fermerlarni “ixtiyoriy” ravishda yer ijarasini bekor qilish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga majburlash yo‘li bilan yer ijarasi bir tomonlama tartibda bekor qilinib, ular kompensatsiya olish huquqidan mahrum qilindi. Buning evaziga ularga ish bilan ta'minlash va'dalari berildi. To‘rt yarim yil o‘tgach, bu va'dalar havoga uchib, “Indorama Agro”ning sobiq fermerlari va ishchilari qashshoqlik va nochorlikka duch kelishdi.

2021 yil mart oyida Sirdaryo viloyatidagi “Indorama Agro” ishchilari mamlakatda demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi kasaba uyushmasini tashkil etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan qarorni yoqlab ovoz berdi.

Ushbu tashabbus ommaviy ishdan bo‘shatish, jumladan, yomon mehnat sharoitlari, past ish haqlari va ishchilarni ijtimoiy nafaqalar hamda bandlik xavfsizligidan mahrum qilgan uzoq muddatli mehnat shartnomalari o‘rniga fuqarolik-huquqiy shartnomalari qo‘llanishi sababli ishchilar o‘rtasida ortib borayotgan norozilik javobi bo‘ldi.

Oxirgi 12 oy davomida “Indorama” rahbariyati mehnat huquqlari buzilishiga qarshi kurashayotgan faol kasaba uyushmasini sustlashtirishga urinib kelmoqda. Xususan, 2022 yil 23 may kuni kompaniyaning Sirdaryo viloyati rahbariyati mahalliy hokim va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi (O‘KUF) mintaqaviy vakillari bilan birgalikda kasaba uyushmasi ustidan nazoratni qo‘lga olish va boshqaruv a'zosini kasaba uyushmasiga yangi rais etib tayinlashga noqonuniy urinish uyushtirdi.

Indorama 80 nafarga yaqin ishchi seminarga qatnashmoqchiligi haqida yolg‘on xabar berib, soxta kasaba uyushmasi saylovini o‘tkazdi va unda korxonada yuqori lavozimda ishlagan Ravshan Tojiev kasaba uyushmasi raisi etib “saylandi”. Mavjud kasaba uyushmasi yetakchilarining O‘KUF raisiga qilgan murojaatlari, shuningdek, Cotton Campaign koalitsiyasining diplomatik aralashuvidan so‘ng yig‘ilish tartib-qoidalar buzilgani uchun o‘tmagan deb topildi. Yangi saylov o‘tkazilib, yangi qonuniy rais demokratik yo‘l bilan saylandi.

Biroq “Indorama Agro”da mehnat shartnomalarini qayta tasniflashning so‘nggi bosqichidan keyin kasaba uyushmasining mavjudligi tahdid ostida qolmoqda. 2022 yil yanvar oyida aksariyati yerlari noqonuniy olib qo‘yilgan sobiq fermerlar bo‘lgan sobiq brigadirlarga 100-125 gektar yerni tashkil etuvchi nano birliklarda paxta va g‘alla hosilini yetishtirish va yig‘ib olish uchun javobgarlik yuklangan shartnomalar berildi.

Endi nano birlik ishchilari (NBI) nomi bilan tanilgan brigadirlar mehnat shartnomalarini saqlab qolib, oylik maosh olishdi, buning ustiga, ular nihoyatda yuqori ishlab chiqarish rejalarini oshirib bajargan taqdirda mukofot puli olishi mumkin edi.

NBI bilan yangi shartnomalar faqat bir yilga tuzilib, 2022 yil dekabr oyi oxirida muddat tugadi. 2022 yil 30 noyabr kuni kasaba uyushmasi raisi va nano birlik ishchisi Sherzod Aliboev “Indorama Agro” rahbariyatiga xat yozib, shartnomalari qachon yangilanishi xususida tushuntirish so‘radi, biroq hech qanday javob olmagan.

Kompaniya shartnomalar muddati tugashidan bir hafta oldin, 2022 yil 22 dekabrda NBI pozitsiyasini tushuntirish bo‘yicha keyingi so‘rovlarni rad etdi. Yangi shartnoma kasaba uyushmasi bilan oldindan maslahatlashilmay, Mehnat kodeksiga zid ravishda ishlab chiqilgan.

Yangi shartnomalar bir necha sabablarga ko‘ra o‘ta muammoli. Birinchidan, bu ishchilarni bandlik xavfsizligi va ijtimoiy ta'minotdan mahrum etishga qaratilgan aniq urinishdir.

Ikkinchidan, ularning bandlik maqomini olib tashlash orqali ular kasaba uyushma a'zoligini saqlab qololmasligi ehtimoli yuqori bo‘lib, bu uyushmalar erkinligi va jamoaviy muzokaralarning oldini olishga qaratilgani aniq. Uchinchidan, yer maydonlarining 100-125 gektardan 80 gektarga qisqarishi hisobiga daromad olish imkoniyati sezilarli darajada qisqartirildi.

To‘rtinchidan, har oyda atigi 106 AQSh dollari miqdoridagi to‘lov bilan ular xarajatlarni qoplashlari kutilsa, bolalar va majburiy mehnat oxirgi chora bo‘lishi xavfi ortadi. Nihoyat, kompaniyaning ishdan bo‘shatish to‘g‘risida oldindan xabar berishdan bosh tortishi nano birlik ishchilariga ushbu ekspluatatsion shartnomalarni imzolashdan boshqa chora qoldirmaydi.

Milliy mehnat qonunchiligini qo‘pol ravishda buzish O‘zbekistonning demokratik yo‘l bilan saylangan yagona kasaba uyushmasi uchun jiddiy zarba bo‘ladi. Kasaba uyushmasi a'zolarining ko‘pchiligi NBIlardan iborat bo‘lgani sababli bu harakat muqarrar ravishda ishchilar unga eng muhtoj bo‘lgan paytda kasaba uyushma faoliyatini to‘xtatishga olib keladi.

Ushbu so‘nggi voqea 2021 yil dekabr oyi oxirida kompaniya 300 ga yaqin dala ishchisi, shuningdek, kasaba uyushmasi a'zolari bilan shartnomalarni yangilashdan bosh tortganidan keyin sodir bo‘ldi.

Ishchilarning talablari

 

Avvalo, kasaba uyushmasi ish o‘rinlarini saqlab qolishga harakat qilmoqda va ishchilar shunchaki yashash uchun maosh va munosib mehnat sharoitlarini talab qilishmoqda. Darhaqiqat, hukumatning “Indorama Agro”ga oid qaroriga ko‘ra, kompaniya 1500 ta yangi ish o‘rni yaratishi va “qishloq xo‘jaligida hosildorlik va ish haqini oshirishi” kutilgan edi. Bundan ko‘rinadiki, “Indorama Agro” kelishuvni bajarmayotganga o‘xshaydi.

Ishchilar qisqa muddatli mavsumiy va fuqarolik shartnomalari o‘rniga uzoq muddatli mehnat shartnomalari tuzishni talab qilishmoqda. Bu esa ularni ish bilan ta'minlash, pensiya va kasallik nafaqalari kabi ijtimoiy to‘lovlar hamda doimiy daromad olish imkonini beradi.

Ishchilar, shuningdek, yerdan daromad olish, terimdan keyin g‘o‘zapoyalarni o‘tin sifatida ishlatish maqsadida yerdan shaxsiy foydalanish huquqlari tiklanishini xohlashadi. Anomal sovuq ta'sirida O‘zbekistonda yuzaga kelgan dahshatli energetik inqiroz sharoitida bunday kichik imtiyozlar ko‘plab qishloq ahlining hayotini saqlab qolishi mumkin.

Ushbu talablarga qaramay, “Indorama” o‘z rejalarini ishchilar yoki kasaba uyushmasi vakillari bilan muhokama qilmasdan, qayta qurish jarayonini davom ettirdi. Xodimlarni xizmat ko‘rsatuvchilarga aylantirish orqali ularning mehnat huquqlari, qadr-qimmati va birlashish huquqiga nisbatan hurmatsizlik madaniyatini namoyish etadi.

Kompaniya paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha deyarli barcha tadbirkorlik tavakkalchiligini tashqi manbalarga topshirgan holda majburiy mehnat sharoitida samarali faoliyat yuritmoqda.

XALQARO MANFAATDOR TOMONLARNING MAJBURIYaTLARI

“Indorama Agro” Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)dan 70 million dollar kredit olgan. Shuning uchun kompaniyaning ishchilar huquqlariga raxna solishi ushbu moliyaviy tashkilotlar imijiga ham soya soladi.

Shunga qaramay, banklar kompaniyaga banklarning o‘z faoliyati standartlari hamda mijozining majburiyatlariga rioya etilishini ta'minlash uchun yetarli darajada bosim o‘tkaza olishmadi.

Aksincha, 2022 yil oxirida banklar kompaniyaning “Ekologik va ijtimoiy harakatlar rejasi”da yaxshilanishlar kutilgunga qadar kechiktirilgan kreditlarni berishni boshladi.

Germaniyadagi O‘zbekiston  inson huquqlari forumi va Bankwatch Network aralashuvi natijasida YeTTB va XMK 2022 yilda “Indorama Agro” faoliyati bo‘yicha ikkita tekshiruv komissiyasini jo‘natdi, biroq ular hanuzgacha o‘z xulosalarini oshkor qilishdan bosh tortmoqda. Shu sababli kredit berish to‘g‘risidagi qaror qanday asosda qabul qilinganini tekshirishning imkoni yo‘q.

2017 yildan beri XMK O‘zbekiston paxta kompaniyalari, jumladan, “Indorama Agro” uchun paxta yetkazib berish zanjiri barqarorligi dasturini Better Cotton Initiative (BCI) tamoyillariga asoslangan holda qo‘llab-quvvatlab keladi.

BCI missiyasi “atrof-muhitni muhofaza qilish va tiklash bilan birga paxta jamoalarining omon qolishi va rivojlanishiga yordam berish”dir. Hukumatning “Indorama Agro”ga oid qarorida BCI standartlari bo‘yicha tayyorlangan paxta ham nazarda tutilgan.

BCI o‘zini “ko‘p tomonlama majburiyatlarning me'mori” va “fermerga yo‘naltirilgan yondashuv tarafdori” sifatida ko‘rsatib keladi. Bundan tashqari, “Munosib mehnat tamoyili” (Decent Work Principle) litsenziatlardan mehnat huquqlarining xalqaro standartlariga rioya qilishni talab etadi.

Endi BCI O‘zbekistonda o‘z dasturini ishga tushirgan bo‘lsa, ushbu standartlarga rioya qilinayotganini tekshirish uchun barcha imkoniyatlarga ega. So‘nggi paytlarda BCI g‘arbiy Xitoyda keng tarqalgan tizimli majburiy mehnat bilan bog‘liq bo‘lgan BCI litsenziatlarini aniqlay olmagani uchun qattiq tanqid qilindi va ular “Indorama Agro”dagi ushbu jiddiy qoidabuzarliklarni sertifikatlash mezonlari bilan qanday qilib murosaga kelishi mumkinligini ko‘rish juda tushunarsiz. Bundan tashqari, BCI ishchilarning talablarini faol ravishda qo‘llab-quvvatlashi va samarali choralar ko‘rishi kerak.

“Indorama” ishchilarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish o‘rniga Sirdaryo va Qashqadaryoda fermerlar, ishchilar va qishloq aholisi o‘rtasida kuchayib borayotgan keskinlikka qarshi kurashish uchun PR kampaniya boshladi.

“Indorama Agro”ning 2022 yil sentyabrda chop etilgan axborot byulletenida kompaniya BCI vakillarining “Sirdaryoga tashrifini yaxshi natija bilan yakunlaganini” ta'kidlaydi.

Xuddi shu xabarnomada aytilishicha, Mehnat departamenti paxta terimi davrida samimiy mehnat munosabatlarini saqlab qolgani, shuningdek, viloyatdagi inson huquqlari guruhidan “tashakkurnoma” olgani uchun kompaniyaga minnatdorlik bildirishni lozim topgani aytiladi.

“Indorama Agro”ning u ishlayotgan to‘rtta tumandagi faoliyati ishchilar va mahalliy aholi o‘rtasida jiddiy norozilikka sabab bo‘lgani haqidagi dalillar ortib bormoqda.

Aholi vakillarining aytishicha, kompaniya siyosati va'da qilingan 1500 ta ish o‘rni yaratish o‘rniga ko‘proq qishloq ahlini chet eldan ish izlashga majbur qilmoqda. Ish bilan ta'minlash va'dasi bilan yerlari noqonuniy olib qo‘yilgan fermerlar kompaniyaning noto‘g‘ri boshqaruvi natijasida hosildorlik keskin pasayib borayotganini umidsizlik bilan kuzatmoqda, ammo ular endi tirikchilikka pul topish uchun hosilni oshirishi kutilmoqda.

YeTTB, XMK va BCI kabi xalqaro kreditorlar va manfaatdor tomonlar “Indorama Agro”ga oid xavf-xatarni o‘z zimmasiga olib, o‘tmishda jiddiy huquqbuzarliklar, jumladan, ta'minot zanjirlarida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanish va uyushmalar erkinligini buzgani uchun shikoyat qilingan kompaniyani qo‘llab-quvvatladi.

Ushbu manfaatdor tomonlar o‘z huquq majburiyatlariga jiddiy yondashishini namoyish qilishi va “Indorama” hozir “xizmat ko‘rsatuvchilar” deb tasniflagan 400 ga yaqin ishchini doimiy xodimlar sifatida qayta ishga tiklashini ta'minlashi hamda ishchilar va kasaba uyushmalari bilan zudlik bilan muzokaralar boshlashi kerak.

Buni qilmaslik nafaqat ularning siyosati va ishlash talablarining ishonchliligiga jiddiy putur yetkazadi, balki “Indorama Agro” loyihasidan foyda ko‘rishi kerak bo‘lgan o‘zbek ishchilaridan yuz o‘girishga ham olib keladi.

Manba: Uzbek Forum for Human Rights

Tag‘in o‘qing
26 noyabr 2024
Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari dushanba kuni bu mamlakatda yahudiy ravvinini o‘ldirishda gumon qilingan uch nafar shaxsni aniqladi. Aytilishicha, ular O‘zbekistondan ...
23 noyabr 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta navbatdagi shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Buxoroning Shofirkon tumanidan. Shofirkonda tok yo‘q «Assalomu ...
27 may 2020
«2016 yil 24 dekabr. Kunduzgi soat 12:00 da shtabdan chopar keldi va zudlik bilan shtabga yetib borishimni aytdi. Shtabgacha ...
12 dekabr 2017
Prezident Mirziyoev 7 dekabr kungi nutqida Xalq qabulxonalariga bir yil ichida bir yarim million shikoyat tushganini bildirdi. Shikoyatlarning eng ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...