Allamjonov ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Komil Ismoilovich Allamjonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi.
Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z telegram sahifasida ma'lum qildi.
“Komil Allamjonov yurtimizda so‘z erkinligini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash va xalq ta'limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoev belgilab bergan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda katta natijalarga erishdi.
Komil Ismoilovich bilan yaqindan ishlagan ko‘p sonli hamkasblarimiz qatorida uning kasbiy mahoratini yuksak baholab, kelgusidagi faoliyatida ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilab qolaman,” deb yozdi Sherzod Asadov.
Ammo u Komil Allamjonovning qanday ishga o‘tganini yozmagan.
Lekin, nima bo‘lganida ham, Komil Allamjonovning Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etilishi kelgusi oyga belgilangan saylovdan oldingi eng katta yangilik deb bemalol aytsa bo‘ladi.
Prezident matbuot kotibi Allamjonovga qanday vazifa berilgani haqida hech narsa degani yo‘q.
Uning lavozimi ko‘tariladimi yoki butkul chetlatiladimi?
Balki bu katta bir o‘yinning bir qismidir?
Kutamiz, ko‘ramiz.
Nima bo‘lganida ham Komil Allamjonov yo‘qolib qoladigan odam emas.