Turkida o‘zbek vatandoshi qamoqdan ozod qilindi
2024 yil dekabr oyida O‘zbekiston fuqarosi S.R. Turkiyaning mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan yashash joyidan ushlanib, Maltepe qamoqxonasiga olib ketilgan edi.
Bu haqda fuqaroning yaqinlari O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilishdi. Murojaat asosida konsulxona xodimlari “ADS Hukuk” firmasi advokatlari bilan hamkorlikda Maltepe qamoqxonasiga borib, fuqaroning holatidan xabardor bo‘lishdi va voqeaning to‘liq tafsilotlarini o‘rganishdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, S.R. bir shaxsdan telefon sotib olgan va u nosoz bo‘lib chiqqanidan so‘ng pulini qaytarishni talab qilgan. Shu sababli ular o‘rtasida bahs chiqqan. Keyinchalik, S.R. yashab turgan mehmonxonaga bir nechta shaxs kelib, uni kaltaklashgan va jarohat yetkazishga uringan. Voqea davomida bir kishi pichoq bilan jarohatlangani ma'lum bo‘lgan. Shundan so‘ng, S.R. hibsga olinib, Maltepe qamoqxonasiga joylashtirilgan.
O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi va “ADS Hukuk” huquqiy yordami orqali S.R. qamoqdan ozod qilinishiga erishildi. Hozirda fuqaro o‘z oilasi bag‘rida.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi barcha vatandoshlarga qonuniy asosda harakat qilish va muammoli vaziyatlarda konsullikka murojaat qilishni tavsiya etadi.