• Suratda: Alisher Taksanov marhum prezident Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Karimov bilan
Document UZ
11 oktyabr 2018

Alisher Taksanov: menimcha, sudda Karimovning o‘g‘li yutadi

Moskvaning Tver tumani sudi 24 oktyabrda Islom Karimovning birinchi xotinidan bo‘lgan o‘g‘li 52 yashar Pyotr Karimovning «O‘zbekiston havo yo‘llari» ustidan da'vosi yuzasidan sud ishini boshlaydi.

Pyotr Karimovning da'vosiga ko‘ra, 2016 yilning 2 sentyabrida otasi Islom Karimov o‘lganidan so‘ng u katta lavozimdagi ishidan haydalgan. 

Suddan u oyliklari va tovon puli undirishni so‘ramoqda. «Eltuz» nashri Pyotrni uzoq yillardan buyon taniydigan, u bilan birga o‘qigan, bugungi kunda Shveytsariyada yashayotgan sobiq TIV mulozimi Alisher Taksanovni suhbatga tortdi.

Foto: Alisher Taksanov Pyotr Karimov bilan Toshkent xalq xo‘jaligi instituti yonida, 1988 yil bahori. Alisher Taksanovning shaxsiy arxividan.

Alisher, eshitgan bo‘lsangiz, yaqinda Pyotr Karimov «O‘zbekiston havo yo‘llari»ni oyliklarini undirish uchun sudga berdi. Nahotki Islom Karimovning o‘g‘li pulga shunchalik zor bo‘lsa?  

Men uni Xalq xo‘jaligi institutiga kirgan yilidan beri yaxshi bilaman. U oddiygina yigit edi. 1983 yili u bilan bir fakultetda, faqat turli mutaxassilik bo‘yicha o‘qiganmiz. Keyin u armiyaga ketdi va qaytgach mendan ikki kurs pastda o‘qidi.

Otasi o‘sha paytda moliya vaziri bo‘lgan Islom Karimov ekanini ham bilmasdik. Bu bilan u hech maqtanmagan.  Keyinchalik uning uyida bo‘lganimda, qanchalik kamsuqum yashaganini ko‘rganman.

Toshkentdagi uch xonali kvartirada onasi bilan yashardi. Yagona qimmatbaho narsasi  «VM-12» videomagnitafoni edi.  U shunga ham xursand edi. Mashina olishni orzu qilardi. Uyi yaqinida garaj qurgandi. Lekin, bilishimcha, baribir mashina ololmadi.

O‘qishni bitkazib, aspiranturaga kirdi. Sankt-Peterburgda o‘qidi. O‘sha yerda 1995 yili dissertatsiyasini yoqladi. 

Uning «O‘zbekiston havo yo‘llari»dagi kar'erasi haqida nima deya olasiz? 

U yerga o‘tishidan oldin, bilishimcha, u Moskvadagi Tashqi iqtisodiy aloqalar banki vakilining o‘rinbosari bo‘lib ishlardi.  Keyinchalik bu bank «Aziya-Invest» deb nomlandi.  O‘sha yerda u muovin edi.

«Havo yo‘llari»dagilar o‘z g‘arazlaridan kelib chiqib, prezidentning o‘g‘li bo‘lgani, yuqorida qandaydir «tomlari» bo‘lishi, uning qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lish uchun o‘zlariga tortgan bo‘lishsa kerak, albatta. 

2016 yili otasi o‘lganidan keyin esa uning keragi bo‘lmay qoldi. Uning ketiga tepishdi. Ular uchun endi Pyotrning bir chaqalik qimmati qolmadi. Bu siyosiy tizimning qanchalik xudbin ekanini ko‘rsatadi.

Pyotrning otasi yoki singillari Lola va Gulnora bilan munosabati qanday edi?   

Bilishimcha, uning otasi va singillari bilan hech aloqasi yo‘q edi. 1996 yili men Moskvaga borganimda undan «Sening fan kandidati bo‘lganingni otang biladimi?» deb so‘raganimda: «Men u bilan aloqa qilmayman. Unga hech xabar qilmaganman», degan.

Nafsi hakalak otgan singillaridan farqli o‘laroq, u juda oddiy yashardi. Oddiygina kiyinardi. Hatto u qandaydir uyda emas, elchixonaning mehmonxonasida yashardi. Bank ham o‘sha yerda edi. 

Bilishimcha, u cingillari (Gulnora va Lola Karimovalar) bilan ham aloqa qilmasdi. Hatto katta singlisi Gulnora 2000 yili elchixonada maslahatchi bo‘lganida ham. Masalan, «Kazachiy pereulok-12» da joylashgan elchixona mehmonxonadan ikki qadamlik yo‘l edi, lekin bir-birlari bilan gaplashishmasdi.

«Singling bilan gaplashib turasanmi?» deganimda, «Yo‘q» deb javob bergan. 

Sizningcha, u sud jarayonni yutib chiqa oladimi? Bilishimizcha, «O‘zbekiston havo yo‘llari» shirkati hozircha bunga hech munosabat bildirmayapti.

Agar u O‘zbekistonda sudlashganida edi, yutishiga ishonish qiyin bo‘lardi. O‘zbekistonda uning imkoniyati cheklangan. Lekin u Rossiyada turib harakat qilyapti. U yaxshi advokat topishi mumkin. O‘zi ham anoyi emas. 

Buning ustiga, bu jarayon siyosiy janjalga sabab bo‘ladi. «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga bu narsa sira ham kerak emas, bu sharoitda ular hech narsa qila olmay qoladi. O‘ylaymanki, Pyotr yutib chiqadi.

PS: Pyotr Islomovich Karimov O‘zbekistonning oldingi prezidenti Islom Karimovning birinchi xotini Natalya Kuchmadan bo‘lgan o‘g‘lidir.

Uzoq yillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasida va Botanika institutida ishlagan Natalya Kuchma Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi bosh direktorining qizi edi.

Jurnalist Qudrat Bobojon suhbatlashdi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 avgust 2023
Xorazm viloyatining Xiva shahrida 12-13 avgust kunlari qovun sayli bo‘lib o‘tdi. Xorazm viloyati qovun va tarvuz eksporti bo‘yicha 1-o‘rinda bormoqda. 2021 yilning dastlabki ...
29 sentyabr 2022
Asrlardan beri surxonliklar o‘z dardu muammolarini qo‘shiqqa solib aytishadi. Yer¸ suv talashi va beklar zulmi baxshilarning yuz yillik repertuaridagi ...
26 oktyabr 2015
Qudrat Bobojon Eltuz.com Ijtimoiy tarmoqda javlon urayotgan do‘stlarimdan biri yozg‘irib qoldi. “Gruppamda rosa “troll” ko‘payibdi, ikkiyuztachasini “blok” qildim!” Bir ...
3 avgust 2020
O‘zbekistonning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yangi kampaniyasi diqqat markazi mamlakatning paxtachilik sanoatini xalqaro boykot qilishga qarshi kurashishga qaratilgan, deya ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...