Multimedia
29 mart 2021

Qo‘yli-1. Yarim tundagi voqea

Ërqinoy haqidagi hikoyani yozganimdan so‘ng menga AQShda yashaydigan Qo‘yli degan 58 yoshli kishi telegramdan chiqdi. “Og‘o, maning hayotimni kitob ating”, dedi.

O‘zingiz haqingizda yozib yuboring, desam, “men yozuv-chizuvga usta emasman, telegramga so‘llab-so‘llab toshosom, o‘zingiz shunga qarab yozmaysizmi, agar xorojoti bo‘lsa, oyting”, dedi.

Xullas, 20 kun davomida Qo‘yli og‘a menga o‘z hayotini audiolavha qilib tashlab turdi. Men qisman Pitnak shevasi va ozroq inglizcha aralash bu dardu hasratni eshitib chiqdim.

Boshi, oyog‘i yo‘q. Chalkash bu gaplarni eshitib, bir formatga solib, sizlarga taqdim qilishga qaror qildim. Hikoyani asosan Qo‘yli og‘aning tilidan aytaman.

Shorlovuq

“Men, Qo‘yli Sayilxonov, hozir Amerikaning Filadelfiya shahrida taksichilik qilaman. Bu yerga kelganimga 37 yil bo‘ldi. Xudo bergan risqni terib yeb yuribman. Birovdan ko‘p, birovdan kam, degandek. 

Bir o‘ris xotinim bor edi, o‘tgan yili koronadan o‘ldi. Bola-chaqa yo‘q”.

Qo‘yli aka 1963 yilda Xorazmning Turkmanistonga tutash Pitnak qirlaridagi Shorlovuq degan joyda tug‘ildi. Otasi yaxshi niyat bilan qo‘ylari ko‘p bo‘lsin, deb Qo‘yli deb ism qo‘ydi.

Qo‘yli o‘yinqaroq o‘sdi. Maktabda yaxshi o‘qimadi. 1980 yilda maktabni bitirdi. Saramas degan kasalga chalingani uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tmay, armiyadan qoldi.

Qo‘ylining otasi Shixnazar aka uni Drujba shahridagi qozonxonaga ishga kiritib qo‘ydi. Qo‘yli Drujbada Ullibiyi degan qiz bilan tanishib, “olarman-borarman” bo‘ldi.

Qiz mudofaa bo‘limida kotiba bo‘lib ishlar edi. Shixnazar aka qo‘ylarini sotib, Qo‘ylini uylantirdi. Shorlovuqni yorib, ko‘chada to‘y qilishdi.

Ikkita xodaga tortilgan gilamga «Qo‘yli plyus Ullibiyi» deb paxta bilan yozib qo‘yib qo‘yishdi. Bog‘otdan Shermat Fayzullaev degan artist kelib to‘yni o‘tkazib berdi.

Aroq-vino daryoday oqdi. Azongacha shoqol bazmi bo‘ldi. Keyin Qo‘yli Drujbada doyisidan meros uyda xotini Ullibiyi bilan yashay boshladi…

Yarim tundagi voqea yoki xiyonat hikoyasi

Hurmatli o‘quvchini Qo‘yli qanday qilib Amerikaga kelib qoldi, degan savol qiziqtiradi. Men ham shu savolni Qo‘yli akaga berdim.

“Xullas, men qozonxonada tunda navbatchi edim. Martning oxiri. Tanish bolalar bilan aroq ichib, karta o‘ynab o‘tiribmiz. Birdan aroq tugadi.

Tungi soat ikki yarim. Do‘kon yopiq. Men uyimda ikki shisha bo‘yni uzun aroqni golland qora pechining ichiga yashirib qo‘ygan edim. Shundan birisini olib kelay deb velosiped minib uy tarafga qarab yurdim.

Darvozani ochmoqchi bo‘lsam, ichkaridan yopiq. Qoqsam, hech kim ochmadi. Ichim shuuv etib, eshikning tirqishidan mo‘raladim. Qarasam, bir oq mayka, qora kalta ishton kiygan qorni katta semiz odam ichkaridagi uydan ayvonga yugurib chiqdi.

Ayvonning yarmini sal ko‘tarib, taxta pol qilganman. Ichi ombor yerto‘la hisobi. Boyagi qora kalta ishton kiygan semiz odam shu yerto‘laning kichkina taxta eshikini ochib engashib kirib ketdi.

Men darrov tanidim. Bu hamma Yo‘lli voenkom deb ataydigan Yo‘ldosh aka edi. Xotinim uning qo‘lida kotiba bo‘lib ishlaydi. Bir vaqt xotinim chiqdi, pushtirang ichki kiyimda.

Eshikni tepib boshlagan edim, «hozir” deb kelib ochdi. Ochishi bilan xotinni bir urib yera ag‘dardim. Keyin oyog‘ini arqon bilan tang‘ib boylab, yerto‘laning eshigi oldiga sudrab olib bordim.

Qo‘limga boltani olib, yerto‘laning eshigini ochib, “chiq, onangni s..n Yo‘lli, hozir Ullibiyini o‘ldiraman”, dedim. Bu kuspurush o‘rmalab, ko‘rsichqonday bo‘lib chiqdi.

“Qizishma, Qo‘yli, sen o‘ylagan narsa emas bu”, deb g‘o‘ldirab boshladi. Bir kalla berdim. Qanshari yorildi. Boltani ko‘tarib, tiz cho‘k, dedim. Tiz cho‘kdi. Ikki qo‘lini Ullibiyidan ortgan arqon bilan bog‘ladim.

Keyin yana arqon olib kelib, ularni bir-biriga mahkam bog‘lab tashladim. Ichki uyga kirib, pechning qopqog‘ini ochib, bir shisha aroqni oldim. Tishim bilan og‘zini ochib, bir ko‘tarishda yarimlatdim.

Xotin degan g‘ar bilan voenkom Yo‘llining oldiga «Vesna» degan magnitofonni olib chiqib, ikkisining ham ovozini yozib olib, bo‘yniga qo‘ydim.

Gapni gapni olib qochib boshlasa, yumuriq bilan yuziga urib turdim. Ullibiyini menga berishdan oldin shu Yo‘lli voenkom buzib qo‘ygan ekan. Keyin tiktirib beribdi.

Men olganimda yamalgan ekan. Xullas, hamma gap yozildi. Kassetani kistamga solib, velikni haydab, to‘g‘ri Drujba gorkomi binosining oldiga borib turdim.

Soat ertalabetti bo‘lganda gorkom buva oq «24»da keldi. Yugurib oldiga bordim. Gapiraman desam, tilim tutilib qolgan. Shu gapiraman deyman, tilim g‘o‘ldiraydi. Baqirib yig‘lab yubordim. Gorkomning sho‘piri kelib yelkamdan tutdi.

Gorkom menga qarab, Qo‘yli, darding ulliga o‘xshaydi, deb yelkamdan ushlab ko‘zimga qaradi. Men kassetani berdim. Sho‘pir mashina ichidagi magnitofonga kassetani tiqdi.

Gorkom buva mashinining orqasida boshini egib o‘tirib hammasini eshitdi. Keyin menga qarab, «min moshinga», dedi. Men velosipedni gorkom devoriga suyab, qorovulga qarab turing, deb «Gaz 24» ga chiqdim.

Gorkom otamni va marhum doyimni tanirdi. Uyim qaerdaligini bilardi. Doyim o‘lganda, janozaga kelgan. To‘g‘ri uyga bordik. Kalitim bilan darvoza eshigini ochib, “Kiring, yoshulli”, dedim.

Gorkom buva ichkari kirib, Yo‘lli voenkomning oldiga borib, “Uyalmaysanmi, it”, deb bir tepdi. «Ertasi seni partiyadan o‘chiraman. Umring qamoqda chiriydi», deb baqirdi.

Keyin tashqariga chiqib, mashinaga o‘tirdi. Mashinada “Altay” degan telefon bor edi. Hozirgi mobil telefonning ulli buvasi.

Gorkom buva shu telefondan milisa nachalnikni chaqirdi. Durdi milisa degan turkman milisa nachalnik besh minutda yetib keldi. Ichkariga kirib, Yo‘lli voenkomning qo‘l-oyog‘ini yechdi.

Kiyimlarini kiydirib olib ketdi. Gorkom buva xotinim Ullibiyiga qarab, “Sen ona-otangning uyiga ketib tur”, dedi. Ullibiyi ham kiyinib, onasini uyiga ketdi.

Gorkom buva bo‘lsa, yelkamga shappatlab, “Qisinma, o‘zim nazorat qilaman”, deb ketib qoldi. Uyda bir o‘zim qoldim. Pechkaning ichida yana bir shisha bo‘yni uzun «Ekstra» aroq bor edi.

Shuni olib chiqib ichib uxlab qolibman. Ko‘zimni ochsam, ikki askar turibdi ustimda. Tur o‘rningdan, o‘zing bilan hujjatlaringni ol, deb buyurishdi.

Dolondagi televizorning ustida pasportim turgan edi, oldim. Chiqsam, voenkomatning mashinasi. To‘g‘ri Hazoraspga olib borishdi. “Povestka keldi, senga armiyaga borasan”, deyishdi.

Kallam karaxt edi. Bir xonaga olib kirib sochimni kal qilib olishdi. Keyin to‘g‘ri vokzalga borib, Nukusdan kelayotgan poezddagi chaqiriluvchilar ketayotgan vagondagi leytenantga meni topshirishdi.

Poezd shu ketishda Termizga bordi. Termizdan Hayraton orqali Afg‘onistonga o‘tdim. 1982 yil g‘ojjo g‘oj urush bo‘lib yotibdi. Bizga qarab duxlar keldi, deyishdi.

Dux nima, ded nima, dushman nima, hali bilmayman. Birinchi kuni «gruz 200» degan temir tobutlarni mashinga yukladik. Shuncha odam bir kunda o‘libdi. Men hali ham karaxt edim. Hammasi yildirim tezligida bo‘ldi…

(Davomi bor)

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
14 may 2022
1938 yil 9 may kuni 34 yoshida Moskvada xalq dushmani deya otib o‘ldirilgan Botu (Mahmud Hodiev) Turkiston modern she'riyatining ...
18 aprel 2020
«Eltuz» tahririyatga joriy yilning 14 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov nomiga yuborilgan jamoaviy murojaat nusxasi kelib tushdi. 109 ...
12 may 2022
Qo‘yin cho‘ntagida O‘zbekiston pasporti bo‘lmagan ammo o‘zbek adabiyoti uchun juda muxim siymolardan biri yozuvchi Hamid Ismoilov. U kishi telegramda ...
1 avgust 2018
Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 5 fevraldagi qaroriga asosan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi statsionar davolanish va profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil ...
Bloglar
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...