Xorazm sudi jurnalist telefonidan o‘chirilgan va o‘zgartirilgan yozuv asosida ajrim chiqardi
2018 yilning 29 noyabr kuni Xorazm viloyati jinoyat ishlari sudi binosida jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi majlisi bo‘ldi.
Jurnalist shu yilning 29 oktyabrida O‘zMKning 183-moddasi bo‘yicha aybdor topilib, 7 sutkaga qamalgan edi. U o‘z so‘zida 183-moddada ko‘rsatilgan qonunbuzarliklarning hech birini sodir etmagani, ya'ni hech kimni haqoratlamagani, uyat so‘zlar ishlatmagani, behayo qiliqlar qilmaganini aytdi.
«Men hokimlik binosidagi majlisda “qog‘ozni yirtaman”, “kun bo‘yi eshakday ishlab charchagan odamlarni kechasi majlisda uzoq ushlab o‘tirishingiz to‘g‘rimi”, degan so‘zlarni ishlatganim to‘g‘ri. Ushbu so‘zlarni o‘z telefonimdan ko‘chirib, “yirtaman” , “eshak” degan joyini qirqib olib, qaytadan montaj qilib, o‘zimga qarshi dalil sifatida foydalanishgan. Ovozimni ham xuddi g‘irt mast odamnikiga o‘xshatib montaj qilganlar. Soxta guvohlar yollab, meni “majlisda o‘tirgan hammangni yirtaman” dedi, “eshak” deb haqorat qildi, deb tushuntirish yozdirib olishgan.
Prokuratura vakili J.Rahmonov jurnalistning mastlik holatini aks ettiruvchi videoyozuvni sudyaga taqdim etdi. Sudya tasvirni ko‘zdan kechirayotganda, Ro‘zmetovning prokurorga qarata “mening telefonimdagi bu tasvir sizning qo‘lingizga qanday tushib qoldi”, degan savoliga qoralovchi lom-mim deya olmadi.
Jurnalist ichki ishlar xodimlari tomonidan telefoni tortib olingani va undagi yozuvlar yo‘q qilingani va so‘roq paytida kaltaklaganini iddao qildi. Qoralovchi tomonidan taqdim qilingan videoyozuvni ekspertizaga berishni, guvohlar ishtirokida ishini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
«Sud uning so‘zlarini jim eshitib, birdaniga “29 oktyabrdagi sud qarori o‘z kuchida qoladi, sud majlisi tamom”, degan qisqa so‘zlar bilan ishini tugatdi. Ochiq-oshkora o‘tgan sud majlisi ochiq-oshkora adolatsizlik qilib jurnalistga qarshi hukm chiqardi», dedi «Eltuz»ga sudni kuzatgan jurnalistlarning biri.
Ro‘zmetovning bildirishicha, 10 banddan iborat haqli e'tirozining birontasi ham inobatga olinmagan, uning mastligi sud tibbiy ekspertizasi tomonidan isbotlanmagan, sud ajrimi uning telefonidan ko‘chirib olinib, ovoz o‘zgartirilib montaj qilingan yozuvga asoslangan, unga telefoni bu yozuvlar o‘chirib tashlanib qaytarilgan.
Sud majlisida mahalliy matbuot vakillari, jumladan, Kun.uz sayti, «Ma'rifat», «Qishloq hayoti», «Xorazm haqiqati», «Xorazm yoshlari» gazetalarining muxbirlari, viloyat IIB matbuot kotibi ishtirok etdi. Biroq sud raisi videotasvirga olishga, diktofon ishlatishga ruxsat bermadi.
Eltuz.com