Document UZ
18 iyun 2020

Biz esdan chiqarmadik va kechirim so‘raymiz

1989 yil may-iyun oylarida mahalliy o‘zbeklar bilan yuz bergan etnik to‘qnashuvlar davomida mesxeti turklari yashaydigan hududlar vayron etildi. Rasmiy malumotlarga ko‘ra, qirg‘in natijasida 52 nafar mesxeti turki vahshiyona o‘ldirildi. Taxminan mingta uy yoqildi va talon-taroj qilindi. Shu munosabati bilan bir qator o‘zbek ziyolilar bayonot bilan chiqishdi. Eltuz bayonotning to‘liq matnini taqdim qiladi:

1989 yilda O‘zbekistonda mesxeti turklari qirg‘in qilingani yuzasidan bir guruh o‘zbeklarning bayonoti

Hozirgi kunda bir qator rivojlangan demokratik davlatlarda tarixiy o‘tmishni faol qayta anglash jarayoni kechmoqda, bo‘lib o‘tayotgan norozilik namoyishlari ishtirokchilari mustamlaka o‘tmishi merosi, qullik, irqiy va etnik kamsitish bo‘yicha tizimli amaliyotlar oqibatlaridan voz kechishni talab qilmoqda. 

Tarixiy o‘tmishni qayta baholash, irqiy va etnik ozchilikka qarshi ajdodlari sodir etgan jinoyatlar uchun pushaymonliksiz jamiyat rivojlanishi davom etishi mumkin emasligini anglash jarayoni kuchaymoqda. 

O‘tmishda sodir bo‘lgan shunga o‘xshash gunohlarni zimmasida olib yurgan xalqlar kam emas. O‘z tarixida bu kabi sharmandali harakatlar qilmagan jamiyatni topish qiyin. Muhimi, sukut saqlamasdan, bu gunohlarni tan olish, ularga xolis baho berish va tegishli xulosalar chiqarishdir.

Ma'naviy tozalanish jarayonidan O‘zbekiston ham chetda turmasligi kerak. Chunki jamiyatimiz ham o‘tmishdagi sharmandali dog‘larga ega. Ushbu dog‘lar odatiy holga aylanmasligi shart. Ularni aniqlash va ular haqida gaplashish, tahlil qilish, shuningdek, imkon qadar xatolar va sodir etilgan jinoyatlar oqibatlarini tuzatishga intilish lozim. O‘zbekiston tarixidagi bunday sharmandali voqea 1989 yilda sodir bo‘lgan mesxeti turklari qirg‘inidir.

Mesxeti turklari Sharqiy Onado‘li lahjasida gapiradigan subetnik guruh bo‘lib, ularning aksariyati sunniy islom tarafdorlari va tarixiy vatani Gruziya janubidagi Mesxetiya hududidir. 1944 yilda 115 ming kishilik butun mesxeti turk xalqi SSSRning sharqiy mintaqalariga surgun qilindi. Bu mudhish ish Beriya tashabbusi va Stalinning qarori bilan amalga oshirildi. Holbuki, bu millatning deyarli barcha erkak aholisi urushga chaqirilib, fashistlar Germaniyasiga qarshi janglarda qatnashgan va ularning yarmidan ko‘pi shu urushda halok bo‘lgan. Ikki oy davom etgan majburiy ko‘chirish paytida mesxeti turklarining yana 20 foizi sovuq va ocharchilikdan halok bo‘ldi. Urushgacha esa mesxeti turklarining 14 ming nafari Stalin qatag‘onlari qurboni bo‘lgan edi.

Ularning aksariyati O‘zbekistonga, xususan, Farg‘ona vodiysiga deportatsiya qilingan. Ko‘pchiligi o‘zbek an'analari va urf-odatlarini qabul qildi, o‘zbekcha gapira boshladi va bolalarini o‘zbek maktablariga berdi. Biroq 1989 yil may-iyun oylarida mahalliy o‘zbeklar bilan yuz bergan etnik to‘qnashuvlar davomida mesxeti turklari yashaydigan hududlar vayron etildi. Ushbu millatlararo mojaro sabablari va vaziyatdan qat'i nazar, kelib chiqqan qirg‘inni aslo oqlab bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Bu dahshatli voqealarni insoniyatga qarshi jinoyat sifatida toifalash lozim va ular vatandoshlarimiz tomonidan sodir etilgani uyatdan boshimizni egadi.

Rasmiy malumotlarga ko‘ra, qirg‘in natijasida 52 nafar mesxeti turki vahshiyona o‘ldirildi. Taxminan mingta uy yoqildi va talon-taroj qilindi. SSSR rahbariyati ularni o‘sha joylardan butunlay evakuatsiya qilish va boshqa respublikalarga ko‘chirish haqida qarorga kelishga majbur bo‘ldi.

Albatta, sodir bo‘lgan jinoyatlar uchun asosiy javobgarlik qirg‘inlar ishtirokchilari, o‘zboshimcha mahkamalar o‘tkazgan yurtdoshlarimiz zimmasida.  Hokimiyat javobgarligiga kelsak, mavjud ma'lumotlarga asoslanib, mahalliy militsiya va hokimiyat idoralari voqealar boshidanoq mesxeti turklarini muhofazalashga harakat qilganini tan olishimiz kerak, lekin ularning kuchi zaiflik qilgan. Militsiya bezorilar hujumiga bardosh bera olmadi, bir necha militsiya xodimi ham qurbon bo‘ldi. Ichki qo‘shinlar tomonidan tezkor va qat'iy choralar zarur edi. Biroq ma'lum bo‘lishicha, bu qo‘shinlarni jalb qilishga kechikildi. Bu esa qirg‘inlarning voqealar boshlanish markazlaridan tashqariga qarab ancha keng tarqalishiga imkon berdi. Ichki qo‘shinlarning sustligi sabablarini alohida o‘rganish lozim, buning uchun Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining davlat va partiya arxivlariga yo‘l ochilishi kerak. 

Nima bo‘lganida ham biz ushbu bayonot orqali yurtimizdan ayanchli holatda quvg‘in qilingan mesxeti turklaridan kechirim so‘raymiz. 1944 yildan hozirga qadar ular dunyoning to‘qqiz mamlakati hududiga tarqalib yashashga majbur bo‘lmoqda, o‘z o‘lkasi, o‘z vatani deb atashi mumkin bo‘lgan joyda birgalikda yashash imkoniyatga ega emas. Shu nuqtai nazardan, mesxeti turklari taqdiri Stalin rejimi davrida qatag‘on qilingan boshqa xalqlarnikiga nisbatan yanada fojealiroq ko‘rinadi.

Shuningdek, biz O‘zbekiston va o‘zini SSSR vorisi hisoblaydigan Rossiya Federatsiyasi hukumatlarini mesxeti turklari taqdiri uchun javobgarlikni his etishga va ushbu millat qalbidagi hali ham qon oqayotgan yarani tuzatish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqiramiz.

Biz tug‘ilib o‘sgan va sevimli Vatanimiz bo‘lmish O‘zbekiston fuqarolari sifatida o‘z nomimizdan bayonot beryapmiz. Ushbu bayonot bilan faqat o‘zimizni tamsil qilamiz, lekin vijdonli va etnik qatag‘onlar qurbonlari taqdiriga befarq bo‘lmagan boshqa vatandoshlar ham bizga qo‘shiladi, deb umid qilamiz. Har bir fuqaro o‘z vatandoshi qilayotgan ishlarga daxldorligini, shu bilan birga, mas'ulligini his qiladigan haqiqiy fuqarolik jamiyatini shakllantirish tuzish sari qadam tashlash mazkur aktsiyaning asl mohiyatidir. Hech bir millat to o‘zining tarixiy mas'uliyatini anglamaguncha, kelajakda rivojlanish va jahon hamjamiyatiga qo‘shilish istiqboliga ega bo‘la olmaydi. 

Shohida To‘laganova, Buyuk Britaniya rezidenti 

Umida Niyozova, Germaniya rezidenti, 

Saydullah Persay, Buyuk Britaniya rezidenti

Zaynab M. Dost, Buyuk Britaniya rezidenti

Abdusami Raxmonov, Chexiya rezidenti

Alisher Ilhomov, Buyuk Britaniya rezidenti

Qanat Odilov,  O‘zbekiston

Ag‘zam Ahmedbaev, O‘zbekiston

Abbos Asad, O‘zbekiston

Otabek Axliddinov, O‘zbekiston

Qudrat Bobojon, Shvetsiya

2020 y. 18 iyun

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2019
Shvetsiyadagi «Ekspressen» internet nashri 28 yanvar kuni mamlakatdan O‘zbekistonga deport qilinayotgan navbatdagi o‘zbek oilasi haqidagi maqolani chop qildi. G‘afforovlar ...
10 may 2020
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 may kuni Toshkentda Xitoydan taklif qilingan haykaltaroshlar tarafidan “neostalinizm” uslubida barpo etilgan G‘alaba bog‘ini ...
18 mart 2016
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni «tojiklarning milliy madaniyatiga begona» turkiy so‘zlar bilan ism qo‘yishni taqiqlaydigan qonunni imzoladi ...
8 fevral 2019
Aytaylik, g‘orda yashaydigan ibtidoiy odam yoniq turgan televizorni ko‘rib qoldi. Uning ilk reaktsiyasi qanday bo‘ladi? Albatta, dastasi yog‘och tosh ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...