Document UZ
18 mart 2021

Revizor-5. Sardoba – korruptsiya timsoli

Bahor keldi. Sirdaryodagi o‘riklar oppoq bo‘lib gulladi. Giyohlar tabiatning so‘z erkinligi kabi ko‘kka o‘rladi. Bahordagi qayta tirilish tabiatga xos xususiyat. O‘tgan yil ko‘klamda Sirdaryoda yuz bergan texnogen fojea asoratlari esa hali bitmadi…

Joriy yilning 15 fevralida Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborini qayta tiklash yuzasidan O‘zbekiston hukumati qaror qabul qildi.

Bu haqda Qurilish vazirligi mulozimi Nasrullo Boboev ma'lum qildi. Ammo mulozimning mahalliy matbuotga bildirishicha, bu hujjat yopiq va qaror elga oshkor qilinmaydi. Nega? Bu harbiy sirmi?

2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilib, ulkan texnogen fojea sodir bo‘lgan edi. Oqibatda toshqin Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga katta zarar yetkazgan. Binolar, yo‘llar, aloqa tarmoqlari vayron bo‘lgan. Fojeada 6 kishi o‘lgan, 1 kishi bedarak yo‘qolgani rasman aytiladi.

Mazkur toshqin chog‘ida qo‘shni Qozog‘istonda ham 276 kvadrat kilometr maydonni suv bosib, Turkiston viloyatining Maqtaorol tumanidagi 14 ta qishloqdan jami 31 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilindi.

Qadimiy va bugungi Sardoba

Sardoba qadim Turkistonning cho‘l zonalarida yomg‘ir suvlarini bir joyga yig‘ib saqlaydigan maxsus gidroinshoot. Kichik suv ombori. Hovuz ustiga pishirilgan karvuchdan quriladigan mustahkam gumbaz tiklangan. Forscha sard (sovuq) va ob (suv) so‘zlari birikmasidan tarkib topgan.

Mana bu esa Sirdaryo viloyatida 2020 yil yorilib ketgan Sardoba to‘g‘oni. 2010-2017 yillar mobaynida qurilgan Sardoba suv omboriga 1,2 trillion so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan.

O‘zbekistonda “Sardoba” so‘zi o‘g‘irlik¸ korruptsiya¸ birinchi rahbarning volyuntaristik siyosati va, umuman, qurilish yo‘li bilan davlat mablag‘ini astronomik summada oilaviy o‘marish sinonimiga aylangan.

2020 yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen falokat tahlilchilar nazarida ulkan korruptsiya hosilasidir.

Matbuot va ijtimoiy mediadagi qator chiqishlar ortidan mamlakat rahbari to‘g‘onni sifatsiz qurib, xalq boshiga musibat keltirgan amaldorlar jazolanishini aytdi.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi ortidan prezident Mirziyoev «qurilishlarda korruptsiya hollari ko‘p», degan edi.

KIM AYBDOR?

Uchoq qulasa, uchuvchi va dispetcher so‘roq-savol qilinadi. Mashina avariyaga uchrasa, haydovchi. Uy qulasa, uni qurgan prorab tekshiriladi. 

Sardoba suv omborini kim qurdi? Kim loyihaladi? Bu savollarga javob topish uchun hujjatlarga murojaat qilamiz.

Bosh pudratchi

Rasmdagi janob Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov bo‘ladi. U 58 yoshda. Senat a'zosi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari.

Ramatov rahbari bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidagi «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» korxonasi esa 2020 yil 1 mayda texnogen ofat yuz bergan Sardoba suv ombori qurilishining bosh pudratchisi bo‘lgan.

Ochilboy Ramatov nomi oxirgi bir yilda O‘zbekistonda yuz bergan ikkita yirik halokat – Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida 6 odam o‘limiga sabab bo‘lgan yer o‘pirilishi hamda Sardoba to‘g‘oni yorilishi munosabati bilan tilga olingan.

Buyurtmachi kim?

Rasmdagi xushsurat rafiq hozir “O‘zbekgidroenergo” AK boshqaruvi raisi va senator Abdug‘ani Sanginov. Aynan u suv ombori qurilishida davlat buyurtmachisi maqomida, ham uni qurgan xususiy pudratchi sifatida qatnashgan.

To‘g‘on qurilishida ishtirok etgan Islom Abdurahmonov davlat buyurtmachisi Sanginovning o‘g‘li. 

Bu hujjatda Sanginovning 26 yoshli o‘g‘li Islom Abdug‘anievich Abdurahmonovning suv ombori qurilishidagi ishtiroki aks etgan.

O‘rningizdan turing, sud kelmoqda

Kriminal janr qonun qoidalariga ko‘ra, sud qora kursisida to‘g‘onni qurgan Ochil Ramatov va ota-bola Sanginovlar o‘tirishi kerak. Ammo 2020 yil 28 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida Sardoba suv omboridagi fojea bo‘yicha ayblovga nishon bo‘lgan 17 kishi orasida Ochil Ramatov ham, Sanginov va o‘g‘illari ham yo‘q.

5 yanvar kuni sudda bu ish bo‘yicha 17 kishi ustidan yopiq mahkama jarayonining navbatdagi – uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

28 dekabr kuni o‘tgan ikkinchi majlisda ayblov xulosasi o‘qib eshittirilgan va sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 6 moddasi bo‘yicha ayblov e'lon qilingan edi.

Ayblov xulosasida o‘tgan yil 1 may kuni Sardoba suv omborida yuz bergan fojea doirasida jami 45 milliard so‘mlik (taqriban 4 million 280 ming AQSh dollari- tahr)zarar aniqlangani va buning bir qismi undirilgani aytilgan.

Toshkentlik advokatga ko‘ra, 17 sudlanuvchi orasida «O‘zbekgidroenergo» tashkilotidan 4 kishi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJdan 3 kishi va suv ombori qurilishiga aloqador mas'ullar bor.

Mahkamada «O‘zbekgidroenergo» tashkilotiga qarashli «To‘palang» kanallar boshqarmasi boshlig‘i Baxshullo Asadov, “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli “Gidrotexnik inshootlar qurish direktsiyasi” boshlig‘i lavozimida ishlagan M.Xolmatov va yana qator pudratchi tashkilotlarda ishlagan 15 mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston JKning quyidagi moddalari bilan ayblov e'lon qilingan:

209-modda (mansab soxtakorligi);
207-modda (mansabga sovuqqonlik bilan qarash);
257-modda (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish);
258-modda (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish);
167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
203-modda (suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish);
205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish).

5 yanvar kungi mahkamada sudya mazkur jinoyat ishi tergovi doirasida 171 kishi so‘roq qilinganini aytib o‘tgan va ular orasida pudratchi Ramatov va buyurtmachi Sanginov va uning o‘g‘illari yo‘q.

Nega yo‘q? Sudlanuvchilarning yaqinlari «Eltuz» bilan suhbatda pudratchi va buyurtmachi emas, asosan, Sardoba suv ombori qurilishida qatnashgan subpudratchi shirkatlar rahbarlari va xodimlari tergov hamda mahkamaga tortilganidan norozilik bildirdi.

Suv ombori qurilishiga mas'ul buyurtmachi va bosh pudratchi shirkatlar rahbarlari hanuz daxlsiz qolayotgani panjara ortidagi 17 ayblanuvchining yaqinlarida savol uyg‘otdi.

«O‘zbekgidroenergo»ning sobiq rahbari Abdug‘ani Sanginov va uning pudratchi shirkatlarni yollagan o‘g‘li Islom Abdurahmonov bemalol ishlab yuribdi.

Voqeaga aloqador advokatga ko‘ra, Sanginovlarning mol-mulkiga ham tegilgani yo‘q.

Nega shunday? Javob ham tayyor.

O‘zbekiston Oliy sudi Sardoba fojeasi yuzasidan «jinoyat ishi bevosita davlat sirlari bilan bog‘liqligi» bois yopiq o‘tishini bildirgan va shu sababdan mahkamaga oid ma'lumotlar qat'iyan sir tutilmoqda.

NYeGA SIR TUTILMOQDA?

Jinoyatlarni taftish qiladigan iztopar Sherlok Holms nazariyasiga ko‘ra, jinoyatchilar jinoyat sodir qilgan joyga albatta qaytib borishadi. Bu endi nazariya. To‘g‘on o‘pirilishi bilan bog‘liq xabarlarni qayta eslaymiz.

Sardoba suv ombori o‘pirilishi bilan prezident Shavkat Mirziyoev voqea joyiga bu loyihaning bosh mualliflaridan biri bo‘lgan Abdug‘ani Sanginov bilan birga borgan edi.

Sardoba suv omborining buyurtmachisi ham Sanginov¸ quruvchisi ham Sanginov! To‘g‘on o‘pirilgani ortidan prezidentga ekskursovodlik qilgan ham Sanginov.

O‘zbekiston boshqaruvida normal standartlar bo‘lganida¸ Sardoba suv omboridagi falokat ortidan ikki amaldor – buyurtmachi Abdug‘ani Sanginov va bosh pudratchi Ochilboy Ramatov iste'foga chiqishi kerak edi. Hech kim iste'foga chiqmadi va mamlakat adliyasi bu ikki korruptsiya muztog‘ini aylanib o‘tdi.

Nega? Sababi korruptsiya va nepotizm

«Ozodlik» radiosining yozishicha, Abdug‘ani Sanginov O‘zbekistonning joriy prezidenti bilan talabalik paytidan do‘st bo‘lgan. Sanginovning prezident adminstratsiyasi boshlig‘i Zaynilobiddin Nizomiddinovning qishloqdoshi ekani ham uning mavqeida aks etgan.

Iqtibos

“Sanginovning katta o‘g‘li bojxonada. Chet eldan bular olib keladigan texnika va boshqa import materiallarga istalgan payt “yashil chiroq”. Oddiy tadbirkor o‘n kunda ham rasmiylashtira olmaydigan yuklarni bular bir soatda olib chiqib ketadi.

Yana bir o‘g‘li Moliya vazirligining G‘aznachilik boshqarmasida ishladi¸ hozir Investitsiya vazirligiga o‘tgan. Otasi rahbar bo‘lgan korxonaga davlat ajratadigan mablag‘ni tezlashtirishda yaxshigina rol o‘ynagan¸ keyin bu mablag‘ oilaning xususiy korxonasiga o‘tadi.

Yana bittasi Bosh prokuraturada bo‘lim boshlig‘i. Biror muammo tug‘ilsa¸ joyida yechiladi¸ raqobatchilar o‘zini nima kutishini yaxshi biladi. Eng kichkinasi esa Sanginov biznes xoldingining qog‘ozdagi rasmiy egasidir”.

Bularga qo‘shimcha qilib, oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Abdug‘ani Sanginovning to‘rt ukasi “To‘palang HPD systems»ga aloqador shirkatlar bilan ishlovchi «tadbirkorlar» ekanini eslatib qo‘yish joiz.

Aslida bu iddaolar ochiq sud majlisida oshkora muhokama qilinib, taroziga qo‘yilishi lozim edi. Ammo qo‘yilmadi. 

Qadimiy gidroqurilma bo‘lgan sardoba yomg‘ir suvlarining bir hovuzga to‘planib, bug‘lanib ketmasligi uchun quyoshdan to‘sadigan qadimiy inshoot.

O‘zbekistondagi korruptsiya esa shaffof bo‘lmagan jamiyatda byudjet pullari o‘g‘irlashga mo‘ljallangan usti yopiq tizim.

Bu tizim oqibatida xalq xonavayron bo‘lib, butun mablag‘ jinoiy to‘da hovuziga to‘planadi. Korruptsiya degan bu inshoot buzib tashlanmasa, butun millat nafaqat texnogen fojea, balki ijtimoiy siyosiy tanazzul tahdidi ostida qolaveradi.

Sardoba fojeasidan bir yil o‘tdi. Bir yil oldin Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan edi.

Uylari buzilganlar orasida hanuz boshpanasiz yashayotganlari talay va uysiz sardobaliklar O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov qabuliga yettinchi marta arz qilib borishdi, ammo bundan samara bo‘lmadi.

Sardoba toshqinida uylari vayron bo‘lganlardan bir qismi hukumat va'da qilgan 40 million so‘m yordam puli va uy-joy o‘zlariga berilmaganidan shikoyat qilib keladi.

Ko‘rsatuv boshida qishda muzlagan novdalarning bahorda tirilishi haqida esladim. Ammo inson bunyod qilgan to‘g‘on oqibatlarini tabiat emas, hukumat bartaraf qilishi kerak.

Aybdorlar jazolanishi va jabrlanganlar tovon olishi kerak. Hukumat bu fojea ortida korruptsiya turganini ochiq tan olishi lozim.

«Korruptsiya — hokimiyatning vatandoshlarni emas, balki faqat o‘zini boyitishga xizmat qilishidir. Korruptsiya davlat va millatni yemiradigan zang, ya'ni korroziyadir.

Buguncha shu. Taftish kitobini yopaman. Nishonda esa bugun taxtda va ehtimol ertaga hibsda bo‘ladigan korruptsionerlar.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2020
Prezident Shavkat Mirziyoevning tibbiyot tizimini tubdan qayta qurishga qaratilgan topshirig‘i ortidan hali kasbini to‘liq egallab ulgurmagan talabalar go‘yoki amaliyot ...
2 oktyabr 2019
Farg‘ona viloyati hokimining inson huquqlarini buzishga qaratilgan xatti-harakatlari ortidan O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi buning natijasida jabr ko‘rganlarni ...
22 sentyabr 2020
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Muhiddin Jo‘raev Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deb ...
26 yanvar 2018
23 yanvar kuni bir guruh o‘zbekistonliklar muxolifat lideri Muhammad Solihni “vatanga qaytarish”ni so‘rab prezidentga murojaat xati yozishdi. “Endi biz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...