Rejalari chilparchin bo‘lgan Sardor
Prezident farmoni bilan Prezident administratsiyasining sobiq rahbari Sardor Umurzoqov Strategik islohotlar kengashidan chiqarildi.
Sardor Umrzoqov prezident Shavkat Mirziyoev raxbar bo‘lgan kengashda rais o‘rinbosari edi. Kengashning yangi tarkibidan agentlikning 9 noyabr kuni ishdan bo‘shatilgan rahbari Shuhrat Vafaev ham chiqarib tashlangan. U 2022 yil sentyabrida qaytadan tashkil etilgan kengashda mas'ul kotib lavozimini egallab kelayotgan edi.
Shu tariqa Sardor Umurzoqov 2022 yil iyulida administratsiya rahbarligiga tayinlanganidan ko‘p o‘tmay o‘zi tashkil qilgan Strategik islohotlar agentligi tarkibi butunlay yangilanmoqda. Umurzoqov ketkazilganidan ko‘p o‘tmay, uning qator funktsiyalari, jumladan, davlatning strategik aktivlari Moliya vazirligi tasarrufiga qaytarilgan edi.
2021 yil iyulida Strategik rivojlanish agentligi sifatida tashkil etilgan va 2022 yil sentyabrida Strategik islohotlar agentligiga o‘zgartirilgan idora qanday strategik vazifalarni hal etish bilan shug‘ullangani jamoatchilikka ma'lum emas. “Umurzoqovning bolasi” deb ta'riflangan agentlik hozirga qadar biron marta jamoatchilikka hisobot bermagan.
Sobiq administratsiya rahbarining taqdiri haqida ham hech narsa ma'lum emas. Shu yilning 17 avgustida Umurzoqov administratsiyasi rahbarligidan ketkazilganidan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bergani yo‘q. U Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchi lavozimiga tayinlangan, ammo o‘tgan qariyb uch oy ichida bironta maxsus topshiriqni bajargani haqida rasmiy ma'lumot yo‘q.
Umurzoqovga yaqin deb ko‘rilgan qator amaldorlar, jumladan, uning sobiq o‘rinbosari Sunnatilla Bekenov ham administratsiyadan ketkazilgan va hozirgacha biron lavozimga tayinlangani ma'lum emas.
Umurzoqov tuzgan Prezident administratsiyasi rahbarining viloyatlardagi vakillari ham uning o‘zi bilan bir kunda yo‘qotilgan.
Oldinroq bir qator hukumatparast blogerlar ijtimoiy tarmoqlarda “Sardor Umurzoqov qaytsin” degan fleshmob o‘tkazishgan edi. Bir vaqtning o‘zida jo‘rovozlikda yozilgan uyqash postlarga Umurzoqov bilan tushilgan eski suratlar ham ilova qilindi.
Ammo aftidan, tarmoqlarning stakanda ko‘tarilgan bo‘roni Sardor Umurzoqovga yordam bermagan.
Eltuz manbalarining aytishicha, stakan darz ketgan va chil-chil sinmoqda.
Prezident administratsiyasi va quyi tuzilmalarni Umurzoqovning merosi va kadrlaridan tozalash ishlari davom etmoqda.
Manbalar Umurzoqov amalda ekan, parallel hukumat tuzganini iddao qilgan, ammo Eltuz bu iddaoni tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagani bois mavzuga chuqur kirmagan edi.
Kanalimizga obuna bo‘ling. Videolarimizga izoh va layk qoldiring.