Document UZ
13 dekabr 2023

G‘afur Rahimovga ish ochilmagan, biroq u AQSh qora ro‘yxatida

O‘zbekistonda jinoyat doiralarida tanilgan tadbirkor G‘afur Rahimovga nisbatan jinoyat ish ochilgan emas. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaev 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bildirdi.

“Bugun bizda bu shaxsga (ya'ni G‘afur Rahimovga) nisbatan jinoiy ish ochilgani yo‘q. Bu shaxs [Ichki ishlar bosh boshqarmasiga] olib ketilmagan va qidiruvga ham berilmagan”, dedi Doniyor Toshxo‘jaev.

Avvalroq  O‘zbekistonda o‘tgan oy oxirida boshlangan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida boshqa “avtoritetlar” qatori G‘afur Rahimov ham qidirilayotgani haqida xabarlar tarqalgan, biroq bu ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topgan emas. 

6 dekabr kuni esa G‘afur Rahimovning bir guruh kishilar qurshovida Toshkentdagi “Chorsu” bozorida bamaylixotir yurgani videosini Eltuz tarqatgan edi. 

Biroq, Eltuzga ishonchli va aniq manbalardan ma'lumki, «Dolzarb 40 kunlik» tadbirlari doirasida dastlab G‘ofur Rahimovni ham qidira boshlashgan, tadbirkor-mafiozi dastlab Toshkentda o‘z yaqinlaridan birining uyida yashiringan, so‘ngra Dubayga aylanma yo‘llar bilan borib, o‘z kelajagini kafolatlagach, O‘zbekistonga qaytgan edi.  

Undan ham avval ijtimoiy tarmoqlarda Rahimovning Toshkentdagi xalqaro boks tadbirida prezident Shavkat Mirziyoevning kuyovi Otabek Umarov va hatto o‘g‘li Miralisher Mirziyoev bilan bir qatorda o‘tirgani tasvirlangan suratlar paydo bo‘lgan edi.

G‘afur Rahimovning “Birodarlik xalqasi” nomli jinoiy guruh yetakchisi sifatida AQShda xalqaro qidiruvga berilgani uning O‘zbekistondagi faoliyati va imijiga ta'sir qilmagan.

O‘zbek matbuoti uni yirik tadbirkor va metsenat deya ta'riflaydi.

Uch yil avval G‘ofur Rahimovning Xalqaro Boks Assotsiyatsiyasi – AIBA prezidentligiga saylanishi boksni olimpiya o‘yinlaridan chiqarilish xavfi ostida qoldirgan edi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi, agar AIBA o‘zining boshqaruvidagi muammolarni bartaraf etmasa, boksni Tokio Olimpiya o‘yinlari dasturidan olib tashlashi haqida ogohlantirgandi.

XOQ ogohlantiruvidan bir hafta o‘tib Rahimov AIBA prezidentligidan iste'fo bergan.

2020 yilda  G‘afur Rahimov AQShning qora ro‘yxatiga noqonuniy kiritilgani va o‘zini bu ro‘yxatdan chiqarishni iltimos qilib ariza kiritgan. 

Ammo Qo‘shma Shtatlardagi Kolumbiya okrug sudi G‘afur Rahimovning bu arizasini qanoatlantirmagan edi.

“Sud da'vogarning sanktsiyalar ro‘yxatiga kiritilgani asosli bo‘lgan, deb hisoblaydi va bu masalaga qaytish uchun protsessual muammolar ayni paytda mavjud emas. 

Yashirincha tasvirga tushirilgan video sud tomonidan ko‘rib chiqildi. Bu videoda Rahimovning jinoyat olami avtoritetlari bilan aloqasi to‘g‘risida qo‘shimcha dalil-isbotlar mavjud”, deyiladi sudya Jeyms Bosberg chiqargan ajrimda.

Sud ajrimida aytilishicha, G‘afur Rahimov o‘zining jinoyat olami bilan aloqasi yo‘qligini va sudga taqdim etilgan videoyozuv noto‘g‘ri ekanini asoslovchi dalillarni taqdim eta olmagan.

2002 yilda FSBning sobiq polkovnigi Aleksandr Litvinenko “Lubyanskaya prestupnaya gruppirovka” nomli kitob chop qilgan edi.  Unda so‘z Rossiya kuch ishlatar tizimlari ishi va ularning operativ ma'lumotlarni to‘plash uslubi haqida  boradi. 

Kitobning «Uzbekskiy sled» – «O‘zbek izi» nomli bobida Litvinenko, G‘ofur Rahimovning Markaziy Osiyodan Rossiyaga va u yerdan G‘arbga boruvchi narkotraffikni to‘liq nazoratga olishga muvaffaq bo‘lgani haqida yozadi.

Kitobda bu ishni amalga oshirishda G‘ofur Rahimovga  uning general Do‘stum va FSB idoralaridan biri boshlig‘i Yevgeniy Xoxolkov bilan yaqin aloqalar yordam bergani ta'kidlanadi.

Eltuz uydagi gapni ko‘chaga olib chiqadi. Bizni kuzatishda davom eting. Videolarimizga layk bosing, kanalimizga obuna bo‘ling!

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2021
Hali gazga o‘tilmagan yonilg‘i sifatida faqat benzindan foydalaniladigan vaqtlar edi. Benzin esa avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga haftasiga bir kun ...
4 oktyabr 2015
“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Senga oshiqman” (Ishani) serialini O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalari monitoring markazi zararli, deb topdi.
29 aprel 2017
24 aprel kuni Toshkent shahar hokimi topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan komissiya poytaxtdagi «Like Bar» yoshlar hordiq chiqarish klubiga bordi. «Like ...
11 avgust 2017
“Temir xotin” filmida o‘zbeklarning paxta terishga majburlanishini hajv qilgan kinorejissyor 2015 yilning oktyabrida Namangan dalalariga terimga jo‘natilgandi. Rassom Tuz, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...