Elak
29 dekabr 2015

Boshqa qo‘lga o‘tayotgan hokimiyat

Abdujamil Do‘stmuhammad
Eltuz.com

Yil so‘nggida sodir bo‘lgan voqealar va matbuotga sizdirilgan iddaolar shunday taxmin qilishga asos beradi.

Keyingi kunlarda G‘arb matbuoti Karimovning kenja qiziga oid mulklar haqidagi xabarlarni chop qildi. Xususan, New York Times gazetasi O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Tillaeva-Karimova Los-Anjelesda to‘rtta qasr sotib olganini bildirdi.

30 oktyabr kuni prezidentning kenjasi hokimiyatga kelish niyati yo‘qligi haqida bayonot berdi.

Karimovning ikkala qizidan farqli o‘laroq, kuyov bo‘lmish bunday iddao bilan chiqqani yo‘q.

Aynan o‘sha paytdan, Eltuz ning hokimiyatga yaqin manbalaridan biriga ko‘ra, Lola Karimovaning qaynotasi, Gulnora Karimova tarafidan “katala” qimorboz deya ta'riflangan Hakim Tillaev hukumatning sarmoyalar loyihasida ishlay boshlagan. Biroq bu ma'lumot hali rasman tasdiqlangani yoki inkor etilgani yo‘q.

O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga yaqin o‘sha manbaga ishonilsa, Lola Karimovaning eri Timur Tillaev endilikda prezident maslahatchisi etib tayinlangan.

Bu so‘nggi ikki xabar hozircha rasman tasdig‘ini topganicha yo‘q. Biroq o‘tgan oyda Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova saltanati cho‘kishda davom etgani rost.

2015 yilning 5 noyabrida Norvegiya politsiyasi Gulnora Karimova bilan bog‘liq mojaro bois Vimpelkom shirkatining bosh direktorini hibsga oldi.

Aniqlanishga muhtoj yana bir yangilik – Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova ustidan mahkama o‘tganiga oid iddao.

Gulnora Karimova va uning o‘g‘li Islom Karimovga yaqin manbalarning Eltuz ga bildirishicha, bundan ikki hafta oldin Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani jinoyat ishlari sudining yopiq majlisida Karimovning to‘ng‘ichi ishi ko‘rilib, u 3 yil shartli jazo olgan.

Bundan oldin respublika Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova nomi tilga olinayotgan jinoyat ishi bo‘yicha o‘z saytida rasman izoh bergan edi.

Tarixiy chekinish

Yuqorida keltirilgan faktlar va iddaolar har qanday hokimiyat va jamiyat uchun eng muhim sanalsa-da, O‘zbekiston aholisi uchun tabuga aylantirilgan, parlament kun tartibiga kiritilmaydigan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilmaydigan masalalar ekani ko‘rinadi.

Buni anglash uchun qisqa bir tarixiy chekinishga zarurat bor. Chunki mamlakatning bugungi siyosati mustaqillikning dastlabki yillaridagidan ancha farqli. Bu farqni anglamasdan turib vaziyatga baho berish mushkul.

Ilgari O‘zbekiston rahbarlari Kreml tomonidan tayinlanardi. Har holda hukumat tepasiga kelayotgan shaxs, avvalo, Sho‘rolar muhokamasiga qo‘yilardi. SSSR tarqalganidan so‘ng esa hokimiyatga Moskva tayinlagan, nomenklaturadagi uncha ko‘zgayam tashlanmaydigan shaxs va kommunist bo‘lgan Karimov o‘z iqtidorida qoldi.

Hokimiyatning barcha tizginlarini qo‘liga olgan Karimov, eng avvalo, xalqni saylov va tanlov huquqidan mahrum etish, muxolif fikr va erkin matbuotni yo‘q qilish evaziga mamlakatni faqat o‘z aymoqlarigagina boyliklar keltiruvchi kleptokratik davlatga aylantirdi.

Davlat mutlaqo zaif fuqarolik jamiyati va kuchishlatar tizimlari tomonidan yaxshi himoyalangan korruptsion, avtoritar tizilmaga aylantirildi. Pul yuvish, poraxo‘rlik, reyderlik asosiga qurilgan bu hokimiyat faqat bir kishiga – uning tepasida o‘tirgan shaxsgagina xizmat qilishi mumkin bo‘lib qoldi.

Karimovning mamlakatdagi barcha joriy qonunlar va Konstitutsiya bandlariga xilof va nolegitim tarzda 1989 yildan buyon davlat tepasida qolishi siri ham ana shu yerda. Ayni shu sinoat bois hokimiyat uchun kurasharkan, Karimovning ikkala qizi ham prezident bo‘lish ta'masi yo‘qligini otasiga birin-ketin izhor etadi.

Do‘ppisi tor kelgan Gulnora

Gulnora saltanatining qulashi, Shvetsiyaning “Teliasonera” shirkatidagi mojarolar bilan bog‘liq voqealardan bir yil o‘tib, 2014 yili Samarqanddagi bir xalqaro anjumanda prezident Karimov hokimiyatdan ketish niyati yo‘qligini e'lon qildi.

“Meni hokimiyatda uzoq o‘tirib qoldi, deb tanqid qilishadi. Tanqid qilaverishsin, men baribir qolaman”, deya iqtibos keltirdi o‘shanda “Frans press” axborot agentligi.

Qizig‘i shundaki, bunga qadar O‘zbekistonda uning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova ham o‘zining tvitterdagi mashhur mujodalasida hokimiyatga intilmasligi haqida bildirgandi. “Inoyatov qo‘ymayapti! Xuddi shunday dedi: kerak emas… pusib o‘tirsang tegmaymiz… Odamlarga achinaman, axir ularni qo‘rqitishyapti va urishyapti…”, deya tvitlagandi u.

Singlisi Loladan va O‘zbekistondagi boshqa raqiblaridan farqli o‘laroq, Gulnora Internetda ancha oshkora yozishmalar qildi. Biroq u bir narsada – hokimiyatga intilmayotganini iddao etishda singlisi bilan yakdil bo‘ldi.

Men-hukmdor emasman!.. Va bu do‘zaxiy joyga yetaman, deb o‘lib-tirilayotganim yo‘q…” deya yozdi o‘zining mashhur tvitlaridan birida Karimovning to‘ng‘ichi. Uning bu iddaolari singlisi Lola va onasi Tatyana bilan dahanaki janglaridan so‘ng, tvitterdagi va instagramdagi ovozi o‘chirilishidan sal ilgari yangradi.

Sud tomonidan jazoga tortilishi Gulnora Karimovani hokimiyatga bo‘lgan legitimlik huquqidan butkul mahrum qiladi. Sudlangani bois u endilikda hokimiyatga ortiq talabgor bo‘la olmaydi, bu bilan esa hokimiyatga intilayotgan qarindoshlari uchun yo‘l ochadi, ular esa Tillaevlardir.

Tillaevlar

Yaqin yillargacha keng ommaga noma'lum, qartaboz Hakim Tillaev nomi o‘g‘lini prezidentning kenja qiziga uylantirganidan so‘ng ko‘p tilga olinadigan bo‘lib qoldi.

Ayni ikki hafta burun, Eltuz ning anonim manbasiga ko‘ra, Lolaning qaynotasi Hakim Tillaev Rossiyadan O‘zbekistonga qaytib kelib, sarmoyalar loyihasida ishlay boshladi. Uning o‘g‘li Timur Tillaev esa prezident maslahatchisi qilib tayinlandi.

O‘sha paytda hokimiyatda ishlash iddaosi yo‘qligini bildirgan O‘zbekiston prezidentining kenja qizi, Tillaevlarning kelini Lola Karimova diplomat bo‘lishi bilan bir paytda O‘zbekiston Respublikasining YuNYeSKOdagi doimiy vakili hamdir.

2013 yilda bergan intervyusida esa u 12 yildan buyon o‘z opasi Gulnora bilan munosabati yo‘qligini bildirgan.

O‘zbekistonda bugungi kundagi bosh kleptokrat Timur Tillaev bir tomondan biznesmen, “Garvard universiteti bitiruvchisi” sifatida tanilgan bo‘lsa, boshqa tomondan “kriminal avtoritet Hakimboyning o‘g‘li” sifatida mashhur.

Aynan Tillaevlar bugungi kunda ham pul kuchi, ham reyderlik, reket, hatto o‘z aymoqlarini yo‘q qilish yo‘li bilan mamlakat biznesi va siyosati ustidan to‘liq hukmronlikka intilayotgan kuch sifatida ko‘rinmoqda.

Gulnora Karimova o‘z davrida ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistondagi eng yirik ulgurji bozor “Abu Saxiy” onasi va singlisi tomonidan nazorat etilishi va ularning barcha mollari mamlakatga bojxona va soliq to‘lovlarini chetlab kirib kelishi haqida xabar qoldirgan, “Abu Saxiy” bozori xo‘jayini” singlisining eri Timur Tillaev bo‘lib, uning MXX rahbarlaridan biri Hayot Sharifxo‘jaevning yaqin do‘sti ekanini sizdirgan edi.

Sho‘ri quritilgan boyvachchayu shahzodalar…

Biroq kriminal olam uchun do‘stu yoron, qarindoshu qondosh tushunchalari mutlaqo o‘zgacha ahamiyat kasb etadi. Shaxsiy g‘araz va manfaatlar ustunligi boshqa tushunchalardan yuqori qo‘yiladi.

Tillaevlarning oliy rutbaga yaqinlashishiga bevosita yordam ko‘rsatgan ayni shaxslarning keyingi yillarda birin-ketin chetlatilishi, qamalishi, yo‘q qilinishi, bir vaqtlar Tillaevlarning Karimov oilasiga unashtirilishiga bosh-qosh bo‘lgan kriminal avtoritet Salim Abduvalievning tinimsiz davom etgan tergovlar, bosimlardan so‘ng mamlakatni tark etishi bunga misol.

Bir yil avval ayni aymoqqa mansub qudratli guruhning yana bir to‘daboshisi, prezidentning qayin jiyani, o‘zini Farg‘ona shahzodasi atagan Akbarali Abdullaevning sho‘ri quritilgan, u 2014 yilning 19 noyabr kuni qamoqqa olingan edi.

Gulnora Karimova o‘sha paytlarda Tvitterda qoldirgan bildirishlarida bu harakatlarni onasi Tatyana va singlisining eri Timur Tillaevlarning Akbaraliga tegishli biznesni tortib olishlari bilan bog‘liq reyderlik, deya urg‘ulagan edi.

Keyinchalik Sharifxo‘jaevlar boshliq to‘da – MXXning ellikka yaqin amaldori katta jinoyatlarda ayblanib qamaldi, ularning mulklari musodara etildi.

Shu bilan birga, Karimovning to‘ng‘ichi Gulnoraga tegishli biznes tarmoqlariga ham qiron keltirildi, ular ham birin-ketin yopildi va hudud Gulnoraga aloqador shaxslardan to‘liq tozalandi.

Bu kabi ko‘rpa osti amallari undan ham ilgari Gulnora Karimovaning tarmoqlardagi janglardagi mag‘lubiyati, yana ham to‘g‘rirog‘i, moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, unga qarshi Yevropaning bir qancha yirik mamlakatlarida jinoyat ish qo‘zg‘atilgani, Shveytsariya banklaridagi pullari muzlatilganidan so‘ng avj olgandi.

Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydimi?

Ehtimol “hukmdor” (Gulnora Karimova ta'biri) ayni shu voqealar bois ham hali hokimiyatdan ketish niyati yo‘qligini bildirgandir.

Iddao qilinishicha, Gulnora Karimova sudlanib, uch yillik shartli jazoga hukm qilingani esa uning endilikda hokimiyatdan butkul chetlatilganini anglatadi. Bu ko‘rgiliklaridan ilgari Gulnoraning o‘zi ham tvitlarida onasi Tatyana “uni yo‘q qilishga kirishgani” haqida yozgandi.

“Hukmdor”ning Gulnoraga nisbatan bunday qaror berishiga 4 noyabr kuni Vimpelcom shirkati sobiq bosh direktori Jo Lunderning qamoqqa olinishi ham qattiq ta'sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Norvegiyadagi tergov surishtiruvi natijalariga ko‘ra, Telenor shirkati Vimpelcom dagi 33 foizlik ulush uchun Gulnora Karimovaga tegishli Takilant shirkatiga pora tarzida 30 million dollar atrofida pul o‘tkazgan.

Bloomberg axborot agentligiga ko‘ra, shirkatlar soxta firmalar tarmog‘ini yaratib, konsalting xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha qator shartnomalar imzolagan va bu sxema orqali O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun prezident Islom Karimovning yaqinlariga pora bergan.

Joriy yilda AQSh Adliya vazirligi jinoyat qidiruv bo‘limi Shvetsiya prokuraturasidan VimpelCom, MTS va TeliaSonera kompaniyalari pora to‘lashi uchun vositachi bo‘lgan Takilant Ltd. firmasiga tegishli mablag‘ning shved bankidan chiqarib olinmasligini kafolatlashni so‘ragan edi.

Xususan, AQShga qarashli New York Mellon bankining Irlandiya, Lyuksemburg va Belgiya sho‘'balarida Karimovlarning muzlatilishi lozim bo‘lgan navbatdagi hisob raqamlari borligi bildirilgan.

Bugungi kunda Karimov aymoqlarining Gulnora doxil ayblardan o‘zini chekkaga tortishga intilayotgani O‘zbekiston hokimiyati cho‘qqisidagi kurash maydoni endilikda Karimovning ikkala qizi uchun ham torlik qilib qolgani sabablaridan biri bo‘lsa kerak.

Prezidentning kuyovi, asli samarqandlik Timur 31 millionlik xalq ustidan hukmronlik qilishi haqidagi qaror o‘g‘rilarning qaysi “sxodkasi”da qabul qilinganini bilmaymiz.

Bilganimiz shuki, “ko‘cha”, ya'ni O‘zbekistondagi kriminal jamoat Kreml tarafidan tayinlangan hukmdorning o‘rniga o‘z odamini o‘tqazish payiga tushgan.

Tag‘in o‘qing
8 oktyabr 2019
O‘zbekiston qahramoni, shoir Abdulla Oripovga Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan? Hurmatli Abdulla aka, ushbu xatimda sizning bir ...
3 sentyabr 2019
Samarqandda 27 avgust kuni o‘tgan “Sharq taronalari” festivali arafasida daydi itlar va mushuklarning ommaviy o‘ldirilishi ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik noroziligiga ...
26 noyabr 2018
Rassom Kirpi Eltuz.com
6 sentyabr 2016
Jizzax va Sirdaryo viloyatlari safariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvda Islom Karimov ish topish uchun xorijga chiqib ketganlardan ijirg‘anishini bildirib: «Bunaqalarni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...