Asosiy mavzular
20 aprel 2017

Jurnalist Bobojonovlar onasiga hujum tashkilotchisi kim?

Taniqli jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va Xurmat Bobojonovlarning Urganch tumanida yashovchi onasi Shukurjon Madrahimovaning aytishicha, u 18 aprel kuni o‘z xovlisida bir guruh noma'lum ayollar hujumiga nishon bo‘ldi.

75 yoshli Shukurjon Madrahimova xonadonga bostirib kirgan ayollar uning o‘g‘illarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan xaqorat qilishgan va ularni “Vatan xoinlari” deb atashgan.

Jazavaga tushgan ayollar keksa ayolning qo‘lidan telefonini xam tortib olib, yerga uloqtirganlar.

Voqea sodir bo‘lgan zahoti uchastka militsiyasi xodimi bilan Bakvargan ismli mahalla oqsoqoli kirib kelgan.

«Shu yerda daraxtlarni oqlab, obodonchilik ishlarini qilib yurgan paytimiz janjalni eshitib qoldik,» deb aytganlar.

«Ozodlik»ka qo‘ng‘iroq va tahdidlar

O‘sha kuniyoq, bo‘lib o‘tgan voqeadan biroz o‘tgach, Pragadagi “Ozodlik” radiosiga o‘zini Mahmud Masharipov deb tanishtirgan odam telefon qilib, jurnalist Shuhrat Bobojonov bilan gaplashish istagini bidirgan. Go‘shakni ko‘targan Shuhrat Bobojonovni Mahmud Masharipov haqorat qilishga tushgan. Taniqli jurnalist suhbat yozib olinayotganini sovuqqonlik bilan eslatgach, Masharipov zudlik bilan aloqani uzib qo‘ygan.

«Eltuz» tahririyatining, 19-20-aprel kunlari ayni telefon raqamiga bir necha bor qilgan qo‘ng‘iroqlari ham javobsiz qoldi.

Mahalla oqsoqoli: «Undan ko‘ra onangiz kechirim so‘rasin!»

19 aprel kuni Bobojonovlarning Xorazmdagi yaqinlari ayollar hujumi haqida Ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilishgan, lekin ayni mahalla oqsoqolining davomli bosimi ostida militsionerlar masalani og‘zaki yo‘l bilan bosti-bosti qilishlarini aytib, hozirgacha ularning arizalarini qabul qilmagan.

«Undan ko‘ra, onangiz kechirim so‘rasin o‘g‘illarining qilmishi uchun!» degan gap orasida Urganch tuman arboblar mahallasi oqsoqoli, xalq orasida «Bakvargan qassob» deya tanilgan shaxs.

Militsiya Madrahimova arizasini qabul qilmagach, uni respublika prezidenti Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga yo‘llashgan.

«Ehtimol, mahalla oqsoqoli o‘z savodsizligidan, bu ayollar yonini olib shunday qilayotgandir. Uning bu masalani huquqiy hal etilishidan mutlaqo manfaatdor emasligi ko‘rinib turibdi,» deydi voqeani yaqindan kuzatgan qo‘shnilar.

Jurnalistik faoliyat uchun olingan o‘ch

Horijiy ommaviy axborot vositalarida ishlovchi Shuhrat, Qudrat va Hurmat Bobojonovlar O‘zbekistonda yuz berayotgan jarayonlarga tanqidiy nazarlari bilan tanilgan.

Uch aka uka jurnalistlarning faoliyati har doim O‘zbekistondagi amaldorlarni asabiylashtirib keladi.

Shunday bo‘lishiga qaramay, Qudrat Bobojonovning aytishicha, shu paytgacha ularning O‘zbekistondagi yaqinlari bu qadar tahdidlarga duch kelmagandi.

“Hech qachon bunaqa ochiqchasiga, tajovuzkorona hujum bo‘lmagan, na bizning yaqinlarimizga na o‘zimizga. Bo‘lib turadi, masalan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Seni unday qilamiz, bunday qilamiz, jim yur,” kabi izohlar va maktublarni olib turaman. Lekin men, ular bugungi kabi oshkora xujumga o‘tadi deb o‘ylamagan edim,» deydi hozir Shvetsiyada yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojonov.

Jurnalistlarni qo‘rqitish signalimi?

O‘zbekistondan tashqarida ishlaydigan boshqa jurnalistlar ham, bo‘lib o‘tgan voqeadan havotirga tushganlarini aytadi. “Ancha yillardan buyon chet elda yashayman va axborot agentligida ishlayman. Bobojonovlarning O‘zbekistondagi oilasiga qilingan tahdiddan so‘ng, darhol uyimdagilar bilan bog‘landim. Hozircha bizda tinchlik. Lekin bunday xunuk voqeaning ertaga boshqa bir jurnalist uyida takrorlanmasligiga kafolat yo‘q” deydi ismini aytmagan xorijdagi o‘zbek jurnalistlaridan biri.

Marhum prezident Islom Karimov hukmronligi paytida O‘zbekiston ichidagi mustaqil jurnalistlar va huquq himoyachilari, xalq orasida «OBON» nomi bilan tanilgan tajovuzkor va shallaqi ayollar xujumlariga uchrab turishardi.

Bunday guruhlar, norozilik piketlariga chiqqan faollarni do‘pposlashar, ularni beobro‘ qilishga xarakat qilishardi.

Guruhdagi ayollar, odatda o‘zlarini mahalliy hokimiyat yollaganini yashirmasdi.

Islom Karimov o‘lganidan keyin esa, o‘zgacha fikrli insonlarni qo‘rqitish uchun qo‘llaniladigan bu ayollar guruhi harakatlari ham bir muddat to‘xtagan edi.

Xorijiy matbuotda ishlayotgan jurnalistlarning onasiga qarshi bu galgi hujum diplomatik korpus vakillari, jumladan AQSh elchixonasi xodimlarining ham diqqatini o‘ziga jalb etdi. 20 aprel kuni AQSh elchixonasi vakillari noma'lum janjalkash ayollar hujumi ostida qolgan xorazmlik jurnalistning keksa onasi taqdiridan tashvish bildirib, unga qo‘ng‘iroq qilishdi.

Hujum, ayollarning o‘z tashabbusi bilan bo‘lganmi, yo‘qmi ma'lum emas. Bu, ehtimol, huquq tartibot idoralarining munosabatidan keyin ma'lum bo‘lar.

Ulug‘bek Ashur,
Kanadada yashovchi o‘zbek jurnalisti

Tag‘in o‘qing
14 aprel 2024
2016 yili Rioda, 2020 yil Tokioda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Nozimaxon Kayumova Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan disfilifikatsiya qilindi. ...
1 sentyabr 2023
Islom Karimov avgustdagi putch va O‘zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilganidan keyin ham SSSR tarafdori bo‘lib qolgan. Ayni ikki voqeadan ...
20 iyun 2016
Qirg‘iz matbuotining bildirishicha, 18 iyun kuni militsiyaga murojaat qilgan jalolobodlik ayol, qishloq masjidi imomining o‘z o‘g‘lini zo‘rlagani haqida ariza ...
22 aprel 2016
«Pravda vostoka» gazetasi Toshkentda milliy innovatsiya tizimi masalasida bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy anjumanda xorijlik mehmonlar ham ishtirok etganini bildirdi. Ana ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...