Asosiy mavzular
27 fevral 2018

Oltinko‘lda ko‘krak saratoni tashxisi bilan 300 bemor qayd etilgan

Andijon viloyat Ankologiya dispanseriga Oltinko‘l tumanidan ko‘krak bezi saratoni tashxisi bilan yotqizilgan bemorlar soni ko‘paymoqda.

Aholisi 155 ming kishi bo‘lgan Oltinko‘l tumanida mazkur kasallik alomatlari bilan 300 dan ziyod bemor ro‘yxatga olingan.

Ammo ularning barchasi ham kasallikning dastlabki bosqichlarida murojaat etmagan. Shifokorlarning ta'kidlashicha, saraton kasalligining dastlabki 1-2-bosqichida jarayon og‘riqsiz kechadi. Beparvolik sabab oldini olish mumkin bo‘lgan o‘smalar saratonga aylanmoqda.

Oltinko‘l tumanida yashovchi Hamida Andijon viloyati onkologiya dispanserida kimyoterapeya muolajasini olmoqda. U ko‘krak sohasida hech qanday og‘riqlar sezmagandi. Ammo ko‘krak uchidan qon va yiringli aralashma kela boshlagandan so‘ng shaharga, mammolog ko‘rigiga bordi. Tahlillar uning sut bezi saratoniga chalinganini ko‘rsatdi. Hamida sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarni sezmaganiga, tibbiy ko‘rikdan o‘tib turmaganiga afsuslanadi.

-Bu kasallik haqida ko‘p eshitgandim, chunki tumanimizdan onkologga murojaat qiluvchilar juda ko‘p ekan, – deydi Hamida. – Ammo hech qaerim og‘rimagani uchun poliklinikaga tibbiy ko‘rikka chaqirishganida ham bormabman. Dard bergan xudoyim shifosini ham berar, deb muolaja olyapman. Hozircha nima bo‘lishini bilmayman, ammo shifokorlar muolaja samara bermasa, ko‘kragimni kesib tashlash kerakligini aytishyapti.

Mutaxassislarning aytishicha, bundan 25-30 yillar muqaddam Andijon viloyatida ayollarning onkologik kasalliklar bilan og‘ruvchanligi 30 foizni tashkil qilgan. Ilgari bu kasallik ko‘proq erkaklar o‘rtasida kuzatilgan bo‘lsa, hozir ayollar saratonga chalinish borasida ular bilan tenglashgan.

-Bundan tashqari, ayollarda o‘sma kasalliklari yosharishi kuzatilmoqda, – deydi viloyat onkologiya dispanseri shifokori D.M. – Murojaat qilib kelayotgan ayollarning 60-70% ini 50 yoshga yetmagan ayollar, ko‘proq yoshlar tashkil qilyapti. Ayollarda eng ko‘p kuzatiladigan o‘sma kasalligi esa ko‘krak bezi saratoni bo‘lib qolmoqda.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har o‘ninchi ayolda ko‘krak bezi saratoni bilan xastalanish ehtimoli bor. Bir yilda ushbu xastalik tufayli 1,5 milliondan ortiq ayol vafot etadi.

-Sut bezi saratoni bilan og‘ruvchanlik dunyo bo‘yicha yiliga 1 milliondan oshib ketdi. Bachadon bo‘yni saratoni bilan og‘ruvchanlik yiliga 800 ming – 1 mln.ga yaqinlashdi. Ayollarda bundan 10-15 yillar avval umuman uchramagan o‘pka saratoni ham kuzatilyapti. Tahlillarga ko‘ra, viloyatimizda sut bezi saratoni har 100 ming aholiga 17-18 tani tashkil etyapti. Bu juda achinarli holat, – deydi shifokor.

Mutaxassislar ko‘krak saratoni ko‘payishida tashqi va ichki muhit, fizik-kimyoviy omillar muhim rol o‘ynaydi, deb hisoblaydilar. Ularning ta'kidlashicha, tashqi muhit omillari hozir yetakchi rol o‘ynamoqda. Atmosferaning kantserogen moddalar bilan to‘yinishi, har xil kimyoviy moddalarning maishiy kundalik hayotga kirib kelishi, 2-3 martalab texnik ishlovdan o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarining ishlatilishi, fast-fudlar, garmonlar bilan boqilgan jo‘jalar iste'molining ko‘payib borishi… Bularni iste'mol qilishda ayollar ko‘pincha yetakchi bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, turmush o‘rtog‘i Rossiya yoki boshqa chet davlatlarda bo‘lgan ayollarning yillab juftsiz yashashlari, abortlar, bundan tashqari, oilaviy janjallar oqibatida yuzaga keladigan stress holatlar, bola tarbiyasidagi muammolar… Bularning barchasi ayol organizmida turli kasalliklarning urchishiga olib kelmoqda.

-O‘g‘limning operatsiyasi uchun shifokorga 700 ming so‘m berganman, – deydi onkologiya dispanseri hovlisida yig‘lab turgan ayol. – Kam ta'minlangan bo‘lganim uchun shu mablag‘ni zo‘rg‘a topib beruvdim. Kasalxonada mavjud bo‘lmagan dori-darmonga ham uch-to‘rt yuz ming ketdi. Ammo bu bedavo dard ekan, o‘g‘limni o‘tgan yili tuproqqa qo‘yganmiz. Hozir esa o‘zimning ko‘kragimda o‘sma paydo bo‘libdi.

O‘zbekiston Prezidentining 1998 yil 10 noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturiga asosan, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar doirasiga onkologik kasalliklar ham kiritilgan. Bemorlarning aytishicha, dispanserda “tibbiy xizmatlar bepul” deb yozilgan bo‘lsa-da, muolajalar narxi arzon emas. Yozilmagan qonun-qoidalarga ko‘ra, bemorlar shifokorlarga hujjatlarda qayd etilmagan summalarni to‘laydilar. Oddiy operatsiyaning narxi ham 100 dollardan kam bo‘lmaydi. Shu sabab ko‘pchilik o‘zida kasallik alomatlarini sezgan taqdirda ham kerakli davo olish uchun moddiy imkoniyat topa olmayapti. Aynan moddiy yetishmovchilik kasallik o‘tkazib yuborilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘krak bezidagi o‘zgarishlar sabab qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidan Andijonga davolanishga kelgan Omina muolajalar uchun anchagina mablag‘ ketishini eshitib, dispanserga bormadi. U Ko‘makay mahallasida yashovchi tabibdan muolaja oldi. O‘zining aytishicha, hozir ahvoli yaxshilangan. Biroq hech qanday tibbiy ma'lumoti bo‘lmagan tabibning bu muolajasi vaqtinchalik bo‘lishi ham mumkin. Garchi buni bilsalar-da, ayrimlar umid izlab yana tabiblarning eshigini qoqa boshlayaptilar.

Shohida Saidova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 mart 2019
Ushbu video «Eltuz» muxbiri Ayub Mingboevning bir-birini tanimaydigan qator toshkentlik tadbirkorlar bilan suhbatlari negiziga qurilgan «Shantajni asosiy qurolga aylantirgan ...
2 may 2015
Ammo sal farq bor. MTS yopilib ochilishi¸ GK ning ota mexridan mosuvo qilinishi¸ Rossiyaning Qrimni annektsiya qilishi bilan bog‘liq ...
23 avgust 2018
Internetda yosh ayol bilan jinsiy aloqa ustida tasviri olingan  xorazmlik 61 yoshli A.O. ismli shaxs videosi tarqaldi. Voqeadan xabardor ...
30 sentyabr 2024
Shu yilning 31 avgustida Peshku tumani Chakalon qishlog‘i Hurram mahallasida fuqaro Sherali Jo‘raevni 15 kishi urib o‘ldirdi. Voqea to‘yxonada ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...