Asosiy mavzular
26 aprel 2018

Ko‘zi ko‘rmay qolgan mahkum Akrom Malik hamon qamoqxona tibbiyot qismida qolmoqda

Ohak zarralaridan ko‘zlari shikastlangan, davlat to‘ntarishida ayblanib qamalgan 28 yoshli toshkentlik bloger va yosh olim Akrom Malik hamon qamoqxona tibbiyot qismida qolmoqda.

Mahkumning otasi Abdukarim Malikov «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda haqiqatan ham o‘g‘lining ko‘ziga ohak sachrab shikastlangani va tibbiyot qismiga yotqizilganini tasdiqladi.

Abdukarimning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lining ahvoli ancha yaxshi, biroq hamon uni qamoqxonaning sanoat zonasiga ishga chiqarishmayapti. U oxirgi bor o‘g‘li bilan 12 aprelda ko‘rishganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir ham o‘g‘li qamoqxona shifoxonasida davolanmoqda.

«Ahvoli ancha yaxshi, lekin tibbiyot qismidagilar o‘g‘lingiz dam olishi kerak ekan, deb aytishdi», dedi Akromning otasi «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Akrom Malikning otasi bu haqdagi xabarlarning matbuotga chiqib ketganidan norozi ekanini bildirdi.

«Iltimos, sizlar aralashmanglar. Kerak bo‘lsa, chiqamiz sizlarga. O‘g‘il meniki. Bu yerda men borman, hukumat bor», dedi u «Eltuz» muxbiriga.

Mahkumning ahvoli otasi o‘ylaganidan jiddiy bo‘lishi mumkin

Akrom Malikning ko‘zi ko‘rmay qolgani haqida ilk bor 22 aprel kuni xabar tarqatgan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova uning ahvoli ancha jiddiy bo‘lishi mumkinligini bildiradi.

«Aksincha bo‘lganida uni shuncha vaqt tibbiyot qismida ushlab turishmasdi. Keyin oxirgi bor uni otasi 15 kun burun ko‘rgan, voqea undan ham oldin sodir bo‘lgan», dedi Eshonqulova.

Malohat Eshonqulovaning bildirishicha, Malikning ko‘zi ko‘rmay qolgani haqida unga 22 aprel kuni telefon orqali Akrom Malikning amakisi xabar bergan edi.

Akrom Malik Navoiy shahridagi 64/29-koloniyasiga qarashli ishlab chiqarish zonasida ohaktoshlarni qoplash bilan shug‘ullangan, ohak zarralari sachragani oqibatida ko‘zi ko‘rmay qolgan.

Eshonqulova Akrom Malikning haqiqiy ahvolini bilishning yagona yo‘li uning oldiga mustaqil advokat kiritishdir, deb hisoblaydi.

«Yaqinlari unga qamoqda yana ham ko‘proq azob yetkazmasliklari uchun u yerda bo‘layotgan gaplarni tashqariga chiqarmaslikka harakat qilishadi», deydi u.

So‘zining isboti uchun 2016 yil hibsga olingan Akrom Malik haqida yaqin kunlargacha uning oila a'zolari indamay kelishganini bildiradi.

MXX tajovuzkorga aylantirgan yosh bloger olim

2018 yilning yanvarida davlat tuzumini ag‘darishda ayblanib, 6 yilga qamalgan Akrom Malikov boshqa bir o‘zbek blogeri Bobomurod Abdullaevga qarshi ochilgan mashhur jinoyat ishi figuranti hamdir.

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida qator tanqidiy maqolalar yozgan bloger 2016 yilning 22 iyulida hibsga olingan, keyinchalik Jinoyat kodeksining 159-moddasi – konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va 244-moddasi – jamoat xavfsizligiga xatar soluvchi materiallar tayyorlashda aybdor deb topilgandi.

Akrom Malik nafaqat bloger, balki yosh adabiyotshunos olim, Navoiy she'riyati bilimdoni hamdir.

O‘zbekiston Milliy universiteti magistri o‘laroq, u Navoiy ijodiga bag‘ishlangan bir qancha ilmiy asarlar yozgan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 aprel 2016
Toshkent viloyat Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga o‘qishga kelgan o‘qituvchilar o‘zlariga nisbatan o‘quv yurti xodimlarining ...
9 fevral 2024
15 asr jahon ma'naviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Hirotda tug‘ildi. U turkiy tilni ...
23 noyabr 2024
Eltuzga kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Davlat Xavfsizlik Xizmati raisi Abdusalom Azizov o‘z vazifasidan olib tashlangan. U O‘zbekistondagi eng qudratli idoraga ...
26 yanvar 2018
23 yanvar kuni bir guruh o‘zbekistonliklar muxolifat lideri Muhammad Solihni “vatanga qaytarish”ni so‘rab prezidentga murojaat xati yozishdi. “Endi biz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...