Asosiy mavzular
22 may 2018

Andijonda hatto maktab o‘quvchilari ham “qimor” o‘ynamoqda

Keyingi paytda “Boriga baraka” kapital shousi odamlar xayolini o‘rgimchak to‘ridek o‘ziga qamrab oldi. 7 yoshdan 70 yoshgacha hamma “Boriga baraka” ko‘rsatuvida ishtirok etib, katta miqdordagi yutuq sohibiga aylanishni xohlab qolgan. Ulamolar bu ko‘rsatuvni rasmiy qimor deb atashmoqda.

Kimdir telefonidagi “Klik” havolasi orqali 5 ming so‘m pul o‘tkazib, ko‘rsatuv ishtirokchisiga aylansa, kimdir kapital shou homiysi bo‘lgan “Atlas” ko‘ngilochar majmuiga borib, kerakli anketani to‘ldiradi. Tasodifiy tanlangan telefon raqam egasi “Boriga baraka” kapital shousiga taklif qilinadi.

“Men telefondagi “Klik” orqali 3 marta 5 000 so‘mdan pul o‘tkazdim. Shouni har xafta kutaman. O‘sha paytda ana endi mening telefon raqamim teriladi, deya umid qilaman”, deydi shou ishqibozlaridan biri.

U omadi kelib, ko‘rsatuvga chaqirib qolishsayu, mashinami yoki 2 xonali kvartirami yutib olishni orzu qilayotganini yashirmaydi.

“Menga uy jihozlari ham bo‘laveradi. Yangi uyga ko‘chib o‘tganman. Uyni maishiy jihozlar bilan to‘ldirish kerak. Shuning uchun “Boriga baraka”ga ilinib qolishga harakat qilyapman”, deydi yana bir muxlis..

Ko‘rsatuvda ishtirokchi teskari o‘girilgan yutuqlar ro‘yxatini kompyuterga ulangan tugmacha orqali bosib, bir-bir ro‘yxatdan chiqarib yuboradi. Ro‘yxatda oxiri qolgan yutuq ishtirokchiga nasib etadi.

Shu kungacha “Boriga baraka” kapital shousi orqali ishtirokchilar “Kobalt” avtomobili, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi kabi maishiy buyumlar sohibiga aylandilar.

Ayrim ishtirokchilar shouda qatnashish uchun hech qanday pul tikmaganlar, anketa to‘ldirganlar, xolos. Ammo ko‘pchilik ko‘rsatuv sohibiga aylanish uchun har hafta 5 ming so‘mdan pul o‘tkazib, ancha-muncha mablag‘ini sovurib ham bo‘lishdi.

“Boriga baraka” ko‘rsatuvida avtomobil yutgan fuqaro aynan andijonlik ekani va uning shahar ko‘chalari bo‘ylab yutuqqa chiqqan “Kobalt” avtomobilida aylanib yurgani aholining shouga ommaviy qiziqishiga turtki bo‘ldi.

77 yoshli keksa onaxon X.Azimova nevarasi uning pensiya pulidan ikki-uch marta shou o‘tkaziladigan “Zo‘rTV” telekanali hisobraqamiga pul o‘tkazganini ta'kidlaydi.
Onaxonning aytishicha, mabodo shouda ishtirok etmagan taqdirda ham 5 ming so‘m pul hech qancha mablag‘ emas, u nabiralari uchun omadini sinab ko‘rmoqchi.

Maktablarda esa o‘quvchilar orasida allaqachon kapital shouga taqlid kuchayib ketgan. Yutuqqa qo‘yilgan sovrinlar ham kamtargina: shirinliklar, salqin ichimliklar, o‘quv qurollari, mayda suvenirlar, fast-fud taomlar, pul yutug‘i va hokazo…

“Sinfimdagi bir o‘quvchimdan bolalarning darsdan so‘ng yig‘ilishib, lotereyaga o‘xshash o‘yin o‘ynashayotgani haqida eshitib qoldim.Sekin poylasam, orqa hovlida o‘g‘il bolalar “Boriga baraka” o‘ynashyapti. O‘yin tashkilotchisi sinfdagi hammadan 2 ming so‘mdan pul yig‘ibdi. Bugun kichikroq pul tikib boshlangan o‘yin ertaga katta qimorga aylanmaydi, deb kim kafolat bera oladi”, deydi Andijon shahridagi maktablardan birida ishlovchi muallima.

Yaqinda Kun.uz sayti “Boriga baraka” kapital shousi yuzasidan islom ulamolarining fikrini e'lon qildi. “Zikr ahlidan so‘rang” hay'ati ushbu savolga quyidagi tartibda javob bergan:

“Ikki yoki undan ko‘p tomon pul tikib, oqibatda birining foydasiga bo‘ladigan har bir holat qimordir. Agar shu qoidaga tushsa, joiz emas. Turli o‘yinlardagi yutqazgan pulini to‘lash ham qimordir”.

Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekistonda ayolu erkak “qimor” o‘ynamoqda. Garchi ayrimlar bu rasmiy qimor o‘yinda ishtirok etish uchun hech qanday mablag‘ sarflamaganini ta'kidlayotgan bo‘lsa-da, yutuqqa qo‘yilgan sovrinlar odamlardan yig‘ilgan mablag‘lar hisobiga shakllantirilgan.

“Zo‘rTV” telekanalida ishlovchi xodimning “Eltuz”ga bildirishicha, haftadan haftagacha shou hisob raqamiga 2 mlrd so‘m atrofida mablag‘ tushmoqda. Ammo hozircha bu ma'lumot rasmiy tasdig‘ini topganicha yo‘q.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2016
26 minut davom etgan BBS o‘zbek xizmati muxbiri Ibrat Cafo bilan suhbati chog‘ida kichik Islom Karimov shuningdek onasi Gulnora ...
10 fevral 2023
O‘tkan xafta Qaxramon Marash, Malatiya, Usmoniya, Adana, Xatay va G‘ozi Antepdagi yurtdoshlarim uchun og‘ir bo‘ldi. Ular Turkiya tarixidagi og‘ir ...
23 mart 2017
Dollarning qora bozordagi kursi talab va ehtiyojdan kelib chiqib o‘smoqda. Rekord darajada balandlagan dollar kursi, orada bir pastlab odamlarni ...
26 may 2018
Feysbuk tarmog‘ida Haqiqat ko‘chasi tugagan joydagi yo‘l belgisi mashhur bo‘ldi. Aftidan selfida Toshkent viloyatining, Yangibozor tumanidagi poytaxtga ketadigan yo‘l ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...