Asosiy mavzular
11 yanvar 2019

Mirziyoev ortidan kuzatuv o‘rnatgan DXX raisining birinchi o‘rinbosari hibsga olindi

Quyidagi maqolada keltirilgan ma'lumotlar Davlat havfsizlik xizmati tarkibida ishlaydigan shaxsdan kelib tushdi. O‘zbekiston kabi yopiq mamlakatda davlat organlari ko‘p hollarda mustaqil jurnalistlarning savollariga javob bermaydi. Ayni maqoladagi ba'zi iddaolar yuzasidan rasmiylardan izoh ola olmadik. Shunga qaramay, biz olingan ma'lumotlarni nashr etishga qaror qildik va muqobil ma'lumotlarni taqdim eta oladiganlar bilan gaplashishga tayyormiz.

Bir yil muqaddam O‘zbekiston bosh prokuraturasidan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Jahongir Egamov yanvar oyi boshida qamoqqa olindi.

Bu xabarni 11 yanvar kuni “Eltuz”ga DXX Maxsus tekshiruv boshqarmasi xodimi ismi sir qolishi sharti bilan yetkazdi.

DXX xodimining ma'lum qilishicha, 46 yoshli Jahongir Egamov ortidan  prokuraturadan xavfsizlik tizimiga o‘tgan yana besh nafar xavfsizlik zobiti hibsga olingan.

Ular orasida DXX Tergov boshqarmasi boshlig‘i Abror Abdullaev va DXX sirtqi nazorat tezkor xodimi Botir Hakimov ham bor.  

Abror Abdullaev xalq orasida qo‘rquv bilan tilga olinadigan kontoraning tergov boshqarmasiga o‘tguniga qadar Toshkent shahri prokuraturasining tergov boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

O‘tgan yil fevral oyida Abror Abdullaev bilan birga prokuraturadan DXXga o‘tkazilgan Jahongir Egamov prezident va uning oilasi ortidan 2018 yil iyun oyidan boshlab, olti oyga yaqin sirtdan kuzatuv o‘rnatgan guruhga rahbarlik qilganlikda gumonlanmoqda.

Tergovni prezidentning jiyani olib bormoqda

Tergov ishini DXXning ichki xavfsizlik va shaxsiy tarkib faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Mirziyoev olib borayotir.

O‘tgan yil mazkur boshqarmaga boshliq etib tayinlangan Muxtor Mirziyoev prezident Shavkat Mirziyoevning jiyanidir.

Jahongir Egamov yirik miqdordagi iqtisodiy va korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda ham gumon qilinmoqda.

11 yanvarga o‘tar kechasi DXXning hibsga olingan zobitlariga  tegishli fotosuratlar va ma'lumotlar barcha ijtimoiy tarmoqlar  va rasmiy veb-saytlardan olib tashlangan.

Jahongir Egamov prezident 25 dekabr kuni DXX uchun maxsus qurilgan yangi binoda Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilish paytida vazifasidan chetlatilgan edi.

Prezident Mirziyoev DXX nazoratidan g‘azabga kelgan

Xavfsizlik xodimlarining ma'lum qilishlaricha, o‘zi va oilasi a'zolari ustidan kuzatuv o‘rnatilganidan xabar topgan O‘zbekiston rahbari qattiq g‘azabga kelgan va aybdorlarni darhol jazolashni buyurgan.

DXXdagi so‘nggi hibsga olishlar xavfsizlik xizmati tubdan isloh qilinayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Bor-yo‘g‘i bir yil muqaddam prezident Shavkat Mirziyoev DXXda tub islohotlar boshlagan edi:

  • Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) deb o‘zgartirildi;
  • – DXX vakolatlari keskin qisqartirildi;
  • MXXni 23 yil davomida boshqarib kelgan general- polkovnik Rustam Inoyatov o‘rniga O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lib ishlagan Ixtiyor Abdullaev tayinlandi;
  • DXXda misli ko‘rilmagan attestatsiya o‘tkazilib, ishga noloyiq yuzlab xavfsizlik xodimi ishdan bo‘shatildi, o‘nlab yuqori martabali zobit ustidan jinoyat ishlari ochildi.

Jahongir Egamov oradan bir oy o‘tib – kadrlar almashinuvi avjiga chiqqan pallada  – O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti boshlig‘i vazifasidan  DXX raisining birinchi o‘rinbosari vazifasiga o‘tkazildi.

«Eltuz» suhbatlashgan xavfsizlik xodimlari so‘zlariga ko‘ra, DXX raisi Ixtiyor Abdullaevning ishonchli odamlaridan hisoblangan Jahongir Egamov va boshqa yuqori amaldorlarning hibsga olinishi DXXning yetakchi eshelonlarida Shavkat Mirziyoev olib borayotgan islohotlarga qarshi kuchlarning haliyam  borligini ko‘rsatadi.

Maqolamizning ikkinchi qismida bu haqda batafsil fikr yuritamiz.

Unda, shuningdek, MXX yangi rahbariyatining korruptsiyaga bog‘liq kirdikorlari haqida so‘z boradi.

“Eltuz”ni kuzatishda davom eting.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com


Tag‘in o‘qing
6 sentyabr 2016
Dunyodan o‘tgan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov xotirasiga butun mamlakat bo‘ylab osh tarqatish buyurilgan. Imomlar va mahalla faollari boshchiligidagi osh ...
7 may 2019
«Eltuz» nashri Muhammad Bekjonning «Qo‘rquvning nariyog‘ida» (Alvido, Jasliq!) ikkinchi kitobi, 5-qismi audioversiyasini taqdim etadi. 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin ...
27 aprel 2022
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Jenevada bo‘lib o‘tgan tadbirdagi chiqishida Karimov davrida ...
21 mart 2019
Rossiyaning Yoqutiston respublikasida 36 yashar ayolning zo‘rlangani iddaolari ortidan markaziy osiyolik migrantlarga, jumladan o‘zbeklarga qarshi mitinglar, tahdidlar, to‘qnashuvlar avj ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...