Asosiy mavzular
14 yanvar 2019

DXX inqirozi. Yangi rahbariyat eski nazoratini davom ettirmoqda

Quyidagi maqolada keltirilgan ma'lumotlar Davlat havfsizlik xizmati tarkibida ishlaydigan shaxsdan kelib tushdi. O‘zbekiston kabi yopiq mamlakatda davlat organlari ko‘p hollarda mustaqil jurnalistlarning savollariga javob bermaydi. Ayni maqoladagi ba'zi iddaolar yuzasidan rasmiylardan izoh ola olmadik. Shunga qaramay, biz olingan ma'lumotlarni nashr etishga qaror qildik va muqobil ma'lumotlarni taqdim eta oladiganlar bilan gaplashishga tayyormiz.

Hozirda DXX yerto‘lasida tergov qilinayotgan Jahongir Egamov o‘z raisi Ixtiyor Abdullaevning eng sodiq va ishonchli shaxslaridan biri edi, deydi “Eltuz” bilan yozishma olib borgan DXX zobitlari.

Ularning qayd etishicha, DXX raisining 46 yoshli birinchi o‘rinbosarining hibsga olinishi Ixtiyor Abdullaev bir yil ichida qurgan piramidani butunlay o‘pirib yuborishi mumkin.

Ixtiyor Abdullaev bu piramidani qurishdan O‘zbekistondagi eng qudratli tashkilotni  o‘z nazoratiga to‘liq olishni maqsad qilgan edi.

«Mutlaq hokimiyatni qo‘lga kiritish va Inoyatov izidan borish, ya'ni mamlakat rahbariyatiga qarshi ma'lumotlar to‘plab, ularni shantaj qilish yo‘li bilan o‘lgunga qadar o‘z kursisida qolish ishtiyoqi Ixtiyor Abdullaevga tinchlik bermasdi va u harakatga tushdi,» deydi MXX xodimi.


Prezident Mirziyoev DXX o‘zi ustidan ham nazorat o‘rnatganidan g‘azabga kelgan edi

DXX raisi qurgan piramida

O‘z karerasi va hattoki hayoti xavf ostida qolishidan qo‘rqib ismini oshkor etmaslikni so‘ragan DXX zobitining ma'lum qilishicha, Rustam Inoyatov o‘rniga DXX raisi etib tayinlangan Ixtiyor Abdullaev ishini, avvalo, xavfsizlik va boshqa qudratli tizilmalarga o‘z shogirdlari va yaqinlarini joylashtirishdan  boshladi:

  • Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, adliya katta maslahatchisi Jahongir Egamovni o‘ziga birinchi o‘rinbosar etib tayinladi;
  • DXX Tergov boshqarmasi boshlig‘i etib Toshkent shahri prokurori o‘rinbosari Abror Abdullaevni qo‘ydi;
  • MXXdan chetlatilgan bojasi Alisher Eshonxo‘jaevni o‘ziga maslahatchi qilib oldi
Ixtiyor Abdullaev
DXX rahbari

(DXX Maxsus tekshiruv boshqarmasi xodimi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2014 yilda narkotiklar savdosiga aloqadorlikda gumonlanib, xavfsizlik tizimidan chetlatilgan Alisher Eshonxo‘jaev Toshkentdagi Miran International mehmonxonasining qo‘riqlash xizmatiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Birinchi prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimovaga tegishli ushbu mehmonxonaga Alisher Eshonxo‘jaev o‘sha paytdagi prezident devoni Ishlar boshqarmasi boshlig‘i Zelimxon Haydarov ko‘magida joylashgan edi);

  • Bosh prokuraturadagi muhim postlarga o‘z qarindoshlari va yaqinlarini joylashtirdi.  

«Bu yerda bir faktni alohida qayd etish kerak, Ixtiyor Abdullaev MXXga kelganidan keyin bu idoraning eng qudratli hisoblangan ichki xavfsizlik va shaxsiy tarkib faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i etib prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarov tayinlandi,» deydi DXX zobiti.

Ko‘p o‘tmay, Ixtiyor Abdullaev Otabek Umarovning doimo prezident xavfsizligini ta'minlash bilan bandligini bahona qilib, uni boshqa bo‘linmaga o‘tkazishga muvaffaq bo‘ladi.

«Lekin (Abdullaevning) bu xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Bu boshqarmaning qudratini yaxshi tushungan Mirziyoev unga o‘zining ishonchli odami, haqiqatan halol inson Muxtor Mirziyoevni qo‘ydi.  Shu bilan Abdullaevning xursandchiligi tugadi», deydi DXXning Maxsus tekshiruv boshqarmasi xodimi.

Baxtiyor Abdusamatov
Cobiq Yunusobod tumani hokimi

Mirziyoev va oilasiga qarshi kompromat

DXX zobitining da'vo qilishicha, Ixtiyor Abdullaev ilk navbatda o‘zining o‘rinbosari Jahongir Egamovni Muxtor Mirziyoevga qarshi qayrashga o‘tadi.

«Abdullaev ruxsatisiz hojatxonaga ham bormaydigan va DXXda tezkor faoliyat qanday bo‘lishini yaxshi tushunmaydigan Jahongir Egamov nima qilib bo‘lmasin Muxtor Mirziyoevni rahbariyatga yomonotliq qilishga va unga qarshi kompromat to‘plashga o‘tdi,» deydi DXX zobiti.

Jahongir Egamov faoliyati prezidentning jiyani bo‘lgan Muxtor Mirziyoevga kompromat to‘plash bilan cheklanib qolmaydi.

«Shular bilan birga, Jahongir Egamov Abdullaev topshirig‘i bilan boshqa bo‘linmalardan o‘tgan tezkor xodimlarga prezident Mirziyoev va uning oilasini yomonotliq qiluvchi faktlarni to‘plashni buyurdi,» deydi “Eltuz” bilan yozma suhbatda MXX zobiti.

O‘tgan yil oktyabr va noyabr oylarida ijtimoiy tarmoqlarda «Nepotizm» sarlavhasi ostida prezident oilasini tanqid qiluvchi turkum maqolalar nashr etildi.

MXX zobitining ma'lum qilishicha,  bu maqolalar aynan Ixtiyor Abdullaev topshirig‘i bilan DXX xodimlari tomonidan tayyorlangandir.

«So‘ngra ular prezident Mirziyoevga taqdim etildi va shu tarzda maqoladagi faktlarni tekshirish uchun undan ruxsat olindi. Abdullaev ma'lumotlarni tekshirish bahonasida prezident oilasi ortidan kuzatuvni boshlab yubordi,» deydi MXX xodimi.

Ammo parda ortidagi bu harakatlar  ichki xavfsizlik va shaxsiy tarkib faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i nazaridan chetda qolmadi.  

2018 yilning dekabrida Muxtor Mirziyoev amakisi Shavkat Mirziyoevga DXX rahbarlarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida hisobot beradi.

Hasan Eshonxo‘jaev 

Zelimxon Haydarov kuyovining hisbga olinishi

2018 yilning 7 sentyabrida Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov 400 ming dollar pora olayotgan paytda DXX tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.

43 yoshli Abdusamatov porani yer uchastkalari ajratib berish uchun olayotgan bo‘lgan.

O‘zbekistondagi eng qudratli shaxslardan biri hisoblangan Zelimxon Haydarovning katta opasiga kuyov bo‘lgan Baxtiyor Abdusamatov atigi bir yil muqaddam bu tumanga hokim etib tayinlangan edi.

DXX xodimlariga ko‘ra, aynan Baxtiyor Abdusamatovni tergov qilish jarayonida prezident Mirziyoev va uning oilasi ortidan kuzatuv olib borilayotgani va boshqa korruptsion jinoyatlar oshkor bo‘lgan.

Tadbirkorlar – mo‘may daromad manbai

«Athletika» sog‘lomlashtirish kompleksi 
ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan

2018 yilning 29 martida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi.

Ushbu qonunda DXX O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Ammo qonunning alohida bandida DXXga davlat idoralari, jamoatchilik tashkilotlari va tadbirkorlik faoliyatiga aralashish vakolati berilmagani ta'kidlangan.

Lekin, “Eltuz” suhbatlashgan DXX zobitlari iddaosiga ko‘ra, Ixtiyor Abdullaev DXXdagi rahbarlik faoliyatini qonunning aynan shu bandini buzishdan boshladi.

«I. Abdullaev prezident bildirgan to‘liq ishonchdan ruhlanib  va mutlaqo jazolanmasligini his qilgan holda o‘tgan qisqa vaqt ichida bitmas boylik to‘pladi,» deb yozadi DXX zobiti va, o‘z nazarida, aniq faktlarni keltirdi.

“Eltuz”da bu faktlarning haqqoniyligini to‘liq aniqlash imkoni yo‘q. Lekin jamoatchilik uchun ahamiyatini inobatga olib, quyida ularni DXX zobiti taqdim etganidek bayon etishga qaror qildik:

  1. General Hayot Sharifxo‘jaev (MXX raisining o‘tgan yil mart oyida qamoqqa olingan sobiq o‘rinbosari – “Eltuz”) tergovda bo‘lganini bilgan Ixtiyor Abdullaev unga yaqin bo‘lgan biznesmenlarni Toshkentdagi «Atletika» sport va sog‘lomlashtirish kompleksini o‘zining yaqin do‘sti, DXX zobiti Ulug‘bek Azimovning o‘g‘illari Ilyos va Ilhom nomlariga o‘tkazib berishga majburladi;

2. General Hayot Sharifxo‘jaevga yaqin bo‘lgan biznesmen Ovik Mkrtichan nomida bo‘lgan Toshkentdagi Telman parkini o‘zining yaqin do‘sti Ulug‘bek Azimovning o‘g‘illari Ilyos va Ilhomlar nomiga o‘tkazib berdi;

3.  Toshkentning eski ToshMi mavzesi yaqinida joylashgan Aziya Alyans banki yonidagi Ovik Mkrtichanga tegishli bo‘lgan ofis tortib olindi.

(“Eltuz” izohi: Tekshiruvlar natijasida aka-uka Azimovlarning Panama-liks ro‘yxatida O‘zbekistondan pul yuvgan shaxslar sifatida qaydga olingani aniqlandi).

4. Adliya boshqarmasi xodimasi, Ulug‘bek Azimovning ayoli bo‘lgan Zuhra Azimova hamkasblari orasida poraxo‘rligi bilan tanilgandi. O‘zbekiston bosh prokurori Rashitjon Qodirov hisbga olinar ekan, Zuhra Azimova ustida qora bulutlar o‘rlay boshladi. Ammo, MXX zobitining ma'lum qilishicha, Ixtiyor Abdullaev o‘z do‘stining xotinini sekingina ishdan bo‘shatib oldi va qamoqdan saqlab qoldi.

5. Yuqorida ko‘rsatilgan faktlardan tashqari, MXX zobitining da'vo qilishicha, Ixtiyor Abdullaev birinchi prezident Karimov oilasiga yaqin biznesmen Jur'at Meliqulovni qamoqdan ozod etish uchun undan  Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qo‘shnisi, sobiq davlat mulozimi Nodir Xonov orqali 5 million dollar olgan.

(Shuncha pora evaziga Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodining sobiq direktori Jur'at Meliqulov ochiq tartibdagi jazoni o‘tash muassasasiga o‘tkazilgan va 2019 yilning iyun oyida butunlay ozod bo‘lishi kutilmoqda. Nodir Xonovning yaqin do‘sti bo‘lgan Jur'at Meliqulov butunlay ozod etilsa, yana 5 million dollar berishni va'da qilgan).

6. Ixtiyor Abdullaev yana Nodir Xonov vositasida bir paytlar  Rustam Inoyatovga yaqin biznesmen hisoblangan Fayzulla Mirzaev ustidan jinoyat ishi ochmaslik va uni kelajakda ham himoya qilish uchun 10 million dollar pora olgan.

(Fayzulla Mirzaev MXX sobiq raisi Rustam Inoyatov himoyasi ostidagi biznesmen bo‘lgan)

7.  Ixtiyor Abdullaev o‘z bojasi Alisher Eshonxo‘jaev orqali tergov ishini to‘xtatish va hibsdan ozod qilish va'dasi bilan Markaziy bank boshlig‘ining o‘rinbosari Alisher Akmalovdan 25 million dollar olgan. MXXning O‘zbekistondagi bank tizimi ustidan nazoratchisi bo‘lgan Alisher Akmalov dekabr oyida hibsdan ozod etildi.

(Alisher Eshonxo‘jaev O‘zbekistondagi biznes va hokimiyat doiralarida «poltinnik» laqabi bilan tanilgan. Bu laqab unga  MXXda ishlab yurgan paytlari har qanday ishni «yopti-yopti» qilishi uchun kamida 50 ming dollar olgani uchun berilgan.)

8. Ixtiyor Abdullaev toshkentlik aka-uka tadbirkorlar Obid va Olim Bahromovlardan ular ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini yopish uchun o‘g‘li Davron Abdullaev orqali 2 million dollar olgan. Aka-uka tadbirkorlarga tegishli qimmatbaho mashina hozirda Davron Abdullaev nomiga o‘tkazilgan. 2018 yil iyun oyida hibsga olingan aka-uka Bahromovlar noyabr oyida ozod etildi.

Obid va Olim Bahromovlar

Prokuratura nega jim?

DXX Maxsus tekshiruv boshqarmasi zobitining aytishicha, DXX raisi Ixtiyor Abdullaev bosh prokuror Otabek Murodovning «qo‘li va oyog‘ini bog‘lab tashlagan».

U   MXX raisi bosh prokurorligi paytida va hatto undan keyin prokuratura tizimiga o‘zining odamlarini joylashtirib qo‘yganini bildirdi.

«U yerda, bilishimcha, eng asosiy boshqarmalar tergovga bog‘liq boshqarmalardir. Birinchisi, 18-boshqarma. U yerda Shohmuhammadbek Muhammedjanov boshqarma boshlig‘idir. Otabek Murodov unga ortiqcha gapira olmaydi. Ikkinchi boshqarma –  21-boshqarma (korruptsiya). U yerga Ixtiyor Abdullaev o‘z bojasining akasi bo‘lgan Hasan Eshonxo‘jaevni joylashtirgan. Yurisprudentsiyani umuman tushunmaydigan bu odam xonasida o‘tirib DXXga axborot sizdirish bilan band. Qolaversa, o‘ziga u yoki bu voqea sabab yoqmay qolgan biznesmenlar va oddiy fuqarolarga qarshi soxta raportlar to‘plab, o‘ch olish bilan ovoradir,» deydi DXX Maxsus tekshiruv boshqarmasi xodimi.

2018 yil oktyabr oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoev 40 yoshli Rashid Rahmatovni bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinladi.

“Eltuz” suhbatlashgan DXX xodimlarining iddao qilishicha, Ixtiyor Abdullaevga bosh prokuraturadagi vaziyat bo‘yicha aynan Rashid Rahmatov ma'lumot berib turadi.

«Otabek Murodov prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma'lumot berishidan qo‘rqib, Ixtiyor Abdullaev mana shunday chetlab o‘tish yo‘lni tutgan. Rashid Rahmatov Ixtiyor Abdullaevning odami,» deydi DXX xodimi.

So‘ng so‘z o‘rnida: “Eltuz” DXX korridorlarida davom etayotgan ichki kurashlar va ularning O‘zbekiston hayotiga ta'sirini yoritishda davom etadi.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 yanvar 2018
3 yanvar kuni ham davom etgan Erondagi namoyishlar ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida turlicha talqin etilmoqda. Kimdir bunda Amerikaning qo‘li ...
20 sentyabr 2023
So‘nggi kunlarda kundalik ehtiyoj uchun eng kerakli bo‘lgan mahsulot – non narxi keskin oshib ketayotgani kuzatilmoqda. Bunga sabab deya ...
16 iyun 2016
Farg‘ona viloyatning ta'lim muassasalari direktorlari ikkitadan olishi kerak bo‘lgan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiorining ...
9 noyabr 2021
O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda afg‘on qochqinlari borligini rad etishmoqda. Huquq faollari esa, o‘z navbatida, ularning soni yuzlab ekanini aytishmoqda. Termiz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...