Asosiy mavzular
23 aprel 2019

O‘zbek paxtasi boykotini bekor qilishga hali erta

So‘nggi vaqtlarda bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboeva, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev, mamlakatning AQSh va Belgiyadagi elchilari timsolidagi O‘zbekiston hukumati o‘zbek paxtasi va paxta sanoatiga nisbatan xalqaro boykotni bekor qilishga astoydil urinyapti. Qanday boykot haqida so‘z bormoqda?

Ma'lumki, O‘zbekistonda davlat tomonidan quvvatlanadigan bolalar va kattalarning majburiy mehnatini tugatishga oid xalqaro kampaniya 2005 yilda boshlangan edi. Huquqni himoya qilish tashkilotlari, ijtimoiy investorlar va kasaba uyushmalari bu amaliyotda XXI asrda hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydigan qullik tizimini ko‘rdi.

2010 yilda o‘zbekistonlik taxminan 100 nafar faoldan iborat guruh bu paxta qulligi bartaraf etilmaguncha o‘zbek paxtasini boykot qilish bo‘yicha kompaniya va mamlakatlarga chaqiriq bilan chiqib, murojaat e'lon qildi.

Bu vaqtga kelib «Paxta kampaniyasi» nomini olgan xalqaro koalitsiya mazkur chaqiriqni qo‘llab-quvvatladi hamda O‘zbekiston hukumatini muammoni tan olish va uning yechimini topishga majburlash yo‘li sifatida o‘zbek paxtasiga boykot e'lon qilishga jahondagi kompaniyalarni ko‘ndirish harakatlarini boshlab yubordi. 2018 yilga kelib 200 dan ortiq kompaniya va riteyler o‘zbek paxtasini va undan tayyorlangan mahsulotlarni sotib olmaslik majburiyatini imzoladi. Islom Karimov davrida O‘zbekiston hukumati bu boykotdan ko‘p ham tashvishga tushmadi, chunki o‘zbek paxta tolasining sezilarli qismi Osiyoga, birinchi navbatda, Bangladeshga, shuningdek, Xitoyga sotilardi. Bu davlatlar kompaniyalari esa boykotga chaqiriqlarni shunchaki e'tiborsiz qoldirdi.

«Paxta kampaniyasi» tashabbusidan tashqari AQSh hukumati ham o‘zbek paxtasini o‘zining bolalar mehnati va kattalarning majburiy mehnatiga oid ikkita «qora» ro‘yxatiga tirkadi. Garchi bu ro‘yxatlar kompaniyalar uchun majburiylik tusiga ega bo‘lmasa-da, ularga O‘zbekiston paxtasini sotib olish ijtimoiy korporativ mas'uliyat va axloq me'yorlariga ziddir, degan juda muhim signal yo‘lladi. O‘tgan yili o‘zbek paxtasi bu ro‘yxatlarning biridan o‘chirildi. Chunki haqiqatan ham O‘zbekiston bolalarning majburiy mehnatiga deyarli barham berdi. Ammo hali u ikkinchi ro‘yxatda turibdi. Shuning uchun o‘zbek paxtasini boykot qilish kun tartibidan olingani yo‘q.

O‘zbekiston hukumati nega aynan hozir boykotni bekor qilish tashvishiga tushib qoldi? Menimcha, buning sababi quyidagicha.

O‘zbekiston hukumati ilgari qishloq xo‘jaligini, ayniqsa, paxta sektorini eksportdan keladigan valyuta tushumini hukumat ixtiyoriga yetkazib berishga majbur bo‘lgan “sog‘in sigir” sifatida qaragan. Hatto hozir ham shunday qarash davom etmoqda. Bunday yondashuv zamirida o‘tgan asrning 30-yillarida tezkor industriyalash siyosatini o‘tkazish jarayonida Stalin amal qilgan deyarli o‘sha paradigma yotibdi. Bu paradigmaning mohiyati qishloqning resurslarini so‘rib olish va ularni industrial taraqqiyot vazifalarini hal etishga yo‘naltirishdan iborat.

Resurslarni qayta taqsimlashga oid bu yo‘nalishga Karimov ham amal qilgan edi. U fermerlar belgilangan minimum bilan qanoat qilishi va amallab kun ko‘rishi mumkin, barcha valyuta tushumlarini o‘z qo‘liga olgan davlat esa go‘yoki uni qanday taqsimlashni yaxshiroq biladi, deb hisoblardi.

Paxta sektori resurslarini so‘rish qanday amalga oshirilardi? Asosan, quyidagi beshta usulda:  

  1. «Paxta kvotasi» deb atalgan, paxta tolasi topshirishning majburiy direktiv rejasi orqali;
  2. Paxtani fermerlardan sotib olish, shuningdek, ularga urug‘lik, yoqilg‘i sotish, texnik xizmat ko‘rsatish narxlarini markazlashtirilgan tarzda nazorat qilish va markazlashgan holda bank krediti ajratish yo‘li bilan. Mohiyatan, past xarid narxlari va fermerlarga tovarlar va xizmatlar ko‘rsatish narxlarining yuqoriligi uyg‘unlashgan tizim shakllantirildi;
  3. Ta'minot va xarid bo‘yicha agentlarning monopol holati vositasida. Bu holat hatto ishlab chiqarish jarayonini kuchli ma'muriy boshqarishning barcha bosqichlarini hisobga olmaganda ham fermerlarni burchakka siqib qo‘yar, ularga tovar va xizmatlarni kimdan xarid qilish va o‘z mahsulotini kimga sotishda hech qanday tanlov qoldirmasdi. Masalan, paxta yetishtiruvchi har bitta tumanda hukumat nazoratida bo‘lgan bitta paxta zavodi bor. Shu zaylda fermer terib olingan paxta tolasini kimga yetkazib berishda tanlov imkoniyatiga ega emas;
  4. Valyuta kursining rasmiy va bozor kursi o‘rtasidagi farq vositasida. Valyuta ayirboshlashni liberallashtirishgacha mavjud bo‘lgan sharoitda hukumat bu farqdan juda ustalik bilan foydalandi – barcha valyuta tushumlarini o‘ziga olib, fermerlar bilan so‘mda hisob-kitob qildi. Bu o‘rinda xarid narxlari terim mavsumi boshlanishidan oldin – avgustda belgilangani, fermerlar bilan yakuniy hisob-kitob esa keyingi yilning bahorida, ba'zan bundan ham kechroq amalga oshirilganini ham yodda tutish kerak. So‘mning dollarga nisbatan kursi muttasil tushib boradigan bir paytda hisob-kitob qilinadigan muddatga kelib haqiqatda olingan daromad dollarga nisbatan olganda ancha kam bo‘ladi.
  5. Nihoyat, fermerlarni korruptsiya iskanjasiga saqlash vositasida (ular hozir ham shu iskanjada). Masalan, fermer hokimlik tomonidan jo‘natiladigan turli komissiyalarni boqishi kerak. Paxtani tayyorlov punktlariga topshirish vaqtida bu punktlarning ma'muriyati atayin paxta hajmini va uning sortini pasaytiradi. Paxta punktlari bunday qilmasligi uchun ko‘pincha fermerlar ularga pora beradi. Bundan tashqari, hokimlar eng yaxshi foyda beradigan sug‘oriladigan yerlarni o‘z qarindoshlari, do‘stlari va puldorlarga taqsimlab, ularning majburiyatini kamaytiradi hamda shu orqali boshqa fermerlar vazifasini og‘irlashtiradi.

Ammo avvalgi «ko‘p qatlamli» valyuta kursi bekor qilinishi ortidan hukumat paxta sektorini boshqarishning o‘ta markazlashgan tizimini ushlab turgan beshta ustundan birini boy berdi. Bu vaziyatda hukumat mazkur tizimni bekor qilish, fermerlarga o‘z yeri va mahsulotidan to‘la foydalanish huquqini berish, ularning kapitallashuvini rivojlantirish yo‘lini emas, balki fermerlarni ekpluatatsiya qilishning bir tizimini boshqasiga almashtirish yo‘lini tanlamoqda. Hukumat vaziyatdan chiqish yo‘lini paxta tolasini o‘z joyida qayta ishlash va keyin yuqori qiymatli to‘qimachilik mahsuloti eksportini keskin oshirishda ko‘rmoqda. Buni paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etish yo‘li bilan amalga oshirmoqchi. Bu klasterlar mohiyatan Xrushchevning sovnarxozlarini eslatadi. Faqat bitta farqi bor. Bir tomondan, mazkur klasterlar paxta sektori ustidan yana o‘sha markazlashgan davlat nazoratiga olib keladigan vosita bo‘lib xizmat qiladi. Boshqa tomondan, bu sektor xususiy sarmoya uchun ochiladi, ammo eksklyuziv tartibda, ya'ni yaqinlar va shaffof mulkka ega bo‘lmagan ofshor kompaniyalar uchun.

Bunda yakuniy eksport tushumi pul yuvish kanallari orqali tanlangan va hukumatga yaqin shaxslarning cho‘ntaklariga tushishi xavfi paydo bo‘ladi. Ya'ni amalda yana o‘sha markaziy hukumat va unga yaqin xususiy shaxslar, balki hukmron elitaning a'zolari (shunisi haqiqatga yaqin) asosiy benefitsiarlari bo‘lgan model shakllanmoqda.

Aynan shu istiqbolni hisobga olib, o‘zbek tekstili eksporti yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash uchun hukumat majburiy mehnat ko‘lamini kamaytirishga qaratilgan ayrim yon bosishlarga bordi. Bu sohada so‘zsiz olg‘a siljishga erishildi, ammo u majburiy mehnat amaliyoti to‘liq taqiqlangani haqida gapirish uchun aytarli darajada katta emas. Hatto Xalqaro mehnat tashkilotining so‘nggi paxta mavsumi davomidagi monitoring natijalariga bag‘ishlangan hisobotida ham, undagi qator sezilarli kamchiliklarga qaramay, ma'muriy organlarning majburlovi ortidan 150 mingdan ortiq fuqaro paxta dalalarida ishlagani tan olinadi.  

O‘zining mustaqil monitoringini o‘tkazgan O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan mavsumda majmuriy mehnat tizimli tusda davom etgan. Bunday sharoitda o‘zbek paxtasi va tekstiliga boykotni bekor qilish juda ertadir. Chunki uni bekor qilish eski majburlash tizimiga qaytish (to‘g‘rirog‘i, uni konservatsiya qilish) xavfi yuqoriligini anglatadi. Mohiyatan ayrim toifadagi xodimlar va talabalarni paxta terimiga jo‘natishni bekor qilgan hukumatning ayrim yon bosishlariga qaramay, bu tizim asosi hamon o‘zgarishsiz qolmoqda.

Bu tizim avvalgicha qolmoqda, chunki avvalgi uchta ustunga tayanishda davom etmoqda:

  • paxta sektorini boshqarishning o‘ta markazlashgani, bundan maqsad mazkur sektordan mavjud resurslarni so‘rib olish va ularni valyuta tushumi ko‘rinishida o‘z qo‘lida jamlash;
  • fermerlarni «paxta kvotasi»ni bajarish hamda aholini paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlariga safarbar etishga majburlashda ma'muriy chora-tadbirlarga tayanish;
  • paxta kvotasi bajarilishi uchun mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari shaxsan mas'ul etib tayinlanishi, bu esa ularni paxta terimiga aholini majburiy safarbar etishga oid eski amaliyotga qaytishga undaydi. Fermerlar xuddi avvalgidek kun-kunora hokim o‘tkazadigan majlislarda ishtirok etishga majburlanayotgani va paxta topshirish rejasi bajarilishi haqida hisobot berayotgani, rejani bajarmaganda esa haqorat qilinayotgani va zo‘ravonliklarga uchrayotgani buning indikatori hisoblanadi.

Boykot masalasida hukumat tarafini olsa bo‘ladi, deb hisoblaydigan mahalliy faollar huquqbonlik harakatida o‘ziga xos «shtreykbrexerlar» holatiga tushib qolishi xavfi bor. Agar bosim kamaytirilmasa, majburiy mehnat tizimini to‘la yo‘q qilishga tezroq erishish mumkin bo‘lgan bir vaziyatda ular bu maqsadni uzoqlashtirishga hissa qo‘shib qo‘yishlari hech gap emas. Hukumat bilan bunday «hamkorlik» mamlakatni yana eski davrlarga qaytarishi, hukumatni mavjud tizimni to‘la isloh qilish uchun muhim rag‘batdan mahrum etishi mumkin.  

Hozirgi kunda ijobiy o‘zgarishlar qatorida bunday ortga qaytish alomatlari ham kuzatilmoqda. Masalan, fuqarolarning turar joy huquqlari ommaviy buzilishi, erkin axborot olish huquqi cheklangani, odil sudlov va korruptsiyaga qarshi kurash sohalari, shuningdek, paxta sektoridagi qonunbuzarliklar shular jumlasidandir.

Mamlakat taqdiri ijobiy yoki salbiy tendentsiyalarning qay biri g‘olib chiqishiga bog‘liq. Shuning uchun O‘zbekiston hukumatiga bosimni susaytirishga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Aynan mana shu bosim tufayli bu hukumat huquqbonlik harakatiga yon bosishga majbur bo‘lganini unutmaslik kerak. Aynan shu bosim ortidan davlat shafeligidagi paxta qulligiga to‘liq barham berish mumkin bo‘ladi.

Alisher Ilhomov
Cotsiolog va mustaqil siyosatshunos

Tag‘in o‘qing
18 aprel 2024
Bir paytlar OBONchilar O‘zbekistonga borgan chet el tashkilotlari vakillariga hujum qilardi. Sayod degan ko‘kaldoshning xalqaro tashkilot rahbri Stiv Sverdlovga ...
7 fevral 2018
Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov sho‘rolar davrida respublikani uzoq yillar boshqargan Sharof Rashidovning nomini go‘yoki oqlashga qaratilgan ...
8 aprel 2023
Olti yilcha oldin bir aziz do‘stim Saudiyaga zaruriyat yuzasidan borib keldi. Safar tafsilotlarini aytar ekan «Saudiyada yashaydigan o‘zbek olim» ...
4 oktyabr 2015
“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Senga oshiqman” (Ishani) serialini O‘zbekiston Ommaviy axborot vositalari monitoring markazi zararli, deb topdi.
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...