O‘zbekistonda korruptsiya va islohotlar: Da'vogaring qozi bo‘lsa, dardingni kimga aytasan?
Professor Kristian Lasslett
Sovet Ittifoqidan keyingi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yil sentyabr oyida vafot etgach, undan murakkab meros qoldi. Sobiq ittifoqning boshqa respublikalari kabi O‘zbekiston uzoq davom etgan beqarorlik, qurolli mojarolar yoki davlat parchalanishidan aziyat chekmadi.
Biroq hayot keng qamrovli nazorat apparati va zo‘ravonlik, o‘zboshimchalik bilan qurollangan avtoritar kuchlar ta'siri ostida qolib ketdi. Hukumat soyasini shaxsiy alyanslar tuzuvchi, hukumatning nazoratsiz kuchidan foydalanuvchi, reketlarni boshqarib, iqtisodiy hududlarni qo‘lga kiritgan mavhum kimsalar – xavfsizlik rahbarlari, siyosatchilar, biznesmenlar va uyushgan jinoiy guruhlar egalladi.
Muallif suhbatlashgan jabrdiydalar “mafiya davlati” iborasini ko‘proq ishlatishdi (bu davlat tashqi jinoiy guruh tomonidan qo‘lga olinganini emas, balki davlat mafiya tashkiloti kabi faoliyat yuritayotganini anglatadi).
Islom Karimovning vorisi Shavkat Mirziyoev o‘zini yuqori darajadagi shaffoflik va hisobdorlikka o‘ta talabchan buyuk modernizator sifatida ko‘rsatib, ushbu merosning bir qismidan xalos bo‘lishga harakat qildi.
Uning biznesga yo‘naltirilgan islohotlari va bozorni erkinlashtirishning ayrim choralari mamlakat ichida qo‘rquv aralash quvonch, chet elda esa goh-gohida olqishlar bilan kutib olindi. Ammo korruptsiya va kleptokratiya muammosiga shunchaki ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Shu sababli keng miqyosli korruptsiyaning ko‘zga ko‘ringan qismi O‘zbekistondagi islohotlar jarayonining har qanday tahlilida hisobga olinishi va muhokama qilinishi juda muhimdir.
Ushbu maqola tayyorlanayotgan bir paytda O‘zbekistonda Sardoba to‘g‘onining qulashi va COVID-19 ning favqulodda xarajatlari korruptsiyaga bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shuning uchun keng miqyosli korruptsiyani muntazam ravishda yuzaga keltiradigan amaliyot, jarayonlar, munosabatlar va tuzilmalarni aniqlash va ularga qarshi turish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Bunday amaliyotlarni hujjatlashtirish va tahlil qilish qiyin. Korruptsiya toifasiga kiradigan jarayonlar ko‘pincha turli o‘lchov vositalaridan foydalanib miqdoriy jihatdan tushuniladi. Bunday bitimlarning yashirin tabiati va amaliyotchilarning ko‘pincha nazoratsiz kuchini hisobga olgan holda, hech bo‘lmaganda, ularni sifatli hujjatlashtirish ham o‘ta mushkuldir.
Ushbu maqolaning birinchi qismi O‘zbekistondagi korruptsiyani klassik tarzda o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, uning tarkibidagi asosiy tuzilmalar ko‘rib chiqiladi.
Gulnora Karimova: O‘zbekistondagi keng ko‘lamli korruptsiyani o‘rganish uchun asos
Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova hozir 2000-2012 yillardagi korruptsiyaviy faoliyatiga oid bir qator ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamoqda. Ushbu faoliyat xalqaro aktivlarni musodara qilish, fuqarolik da'volari va chet el yurisdiktsiyasi bo‘yicha ta'qib qilish mavzusiga ham aylandi.
E'tiborga molik bo‘lgan ilk jihati shundaki, dalillar va sud xulosalari Karimovaning O‘zbekiston davlati tarkibiga kiritilgan kuchli uyushgan jinoyatchilik sindikatiga rahbarlik qilganidan dalolat beradi.
Dalillardan ma'lum bo‘ladiki, sindikat faoliyati davlatning yuqori martabali mulozimlari ko‘magi va sherikligi bilan amalga oshirilib, turli davlat organlari tomonidan qabul qilingan. Ushbu organlar tarkibiga Vazirlar Mahkamasi, hukumat qo‘mitalari, vazirliklar, sudlar, sektorni nazorat qiluvchi organlar va xavfsizlik xizmatlari kirgan.
Mazkur rishtalar sindikatga korxonalarni ekspluatatsiya qilish, bozorlarni monopollashtirish, pora so‘rash va tovlamachilik reketlarini boshqarish imkoniyatini berdi. Bu orqali sindikat xizmatlar, qurilish, ishlab chiqarish, sanoat, chakana savdo, tabiiy resurslar va moliya kabi qator sohalar bo‘yicha turli biznes manfaatlari portfoliosiga ega bo‘ldi.
Bozor va korxonalar egallab olinganidan so‘ng ular davlatning maxsus rejimi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan imtiyozli asosda ishlashni davom ettirib, sindikat uchun katta daromad keltirdi.
Bir qator xalqaro sub'ekt va yurisdiktsiyalar ushbu faoliyat uchun muhim ustunlar ekanini amalda isbotladilar. Masalan, Yevropa va Shimoliy Amerika korxonalari sindikatning himoya reketlariga rozi bo‘lishgan.
Xususan, xorijiy telekommunikatsiya provayderlari Karimova sindikatining reket faoliyati va undan asosiy foyda oluvchi haqida xabardor edi. Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Latviyadagi xorijiy banklar sindikatning pul yuvish operatsiyalari uchun asosiy kanal sifatida ishlagan.
Ushbu moliyaviy tashkilotlarning qancha qismi aybdor ekanini jamoatchilik dalillaridan uncha aniqlab bo‘lmayapti. Biroq ushbu mintaqalardagi guruhning asosiy bankirlari hujjatlashtirilgan jinoiy tarixga ega. British Overseas Territories (Britaniya tasarrufidagi hududlar) tomonidan bir qator korporativ xizmatlar taklif qilingan. Bu sindikat faoliyatini maxfiy va xavfsiz tarzda yuritishga imkon berdi.
Karimova foyda keltirishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish aktivlariga ega bo‘lib, keyinchalik ularni moliyaviy daromadlarni ko‘paytiradigan imtiyozli sharoitlarga yo‘naltirdi. Ushbu daromad ko‘chmas mulk kabi noishlab chiqarish aktivlaridan olingan ijara haqi va bozorga kirishni istagan kompaniyalardan so‘ralgan pora / himoya to‘lovlari bilan to‘ldirildi.
Shuningdek, sindikatning talabini bajarmaslik davlat tomonidan ta'qib qilinish va aktivlarni yo‘qotish xavfini tug‘dirardi. Karimovani otasining ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rsatish uchun olingan boylik xayriya tashabbuslarini moliyalashtirish orqali siyosiy kapitalga aylantirildi.
Biroq bu elita darajasidagi yuqori raqobatbardosh jarayon edi. Keyinchalik Karimovaga qarshi kuchli raqiblar uyushtirgan hujumdan so‘ng uning o‘zi qamoqqa olindi. Bu “o‘yin”da yutqazganlar uchun bitta potentsial chiqish nuqtasidir.
Muallifning tadqiqotlari shundan darak beradiki, nohaq tijorat ustunligini olish uchun davlat hokimiyatidan noshaffof foydalanish, foydali mulkchilik va manfaatlar to‘qnashuvini yashiradigan murakkab offshor tuzilmalardan foydalanish, siyosiy ta'sir ko‘rsatadigan sub'ektlarga davlat tomonidan shaffof asoslarsiz yordam berish, foydani ko‘paytirishning noqonuniy usullarini qo‘llash, korporativ aktivlarni o‘zlashtirish va elita ichidagi kannibalizatsiya, yuqori martabali davlat amaldorlari va ularning oila a'zolari tomonidan xususiy biznesning muhim portfoliosini yaratish O‘zbekiston siyosiy iqtisodiyotining tizimli xususiyati bo‘lib qolmoqda.
Karimova ishi ushbu dinamika eng yuqori darajaga ko‘tarilganiga misol bo‘ladi. Ammo dalillar ko‘rsatadiki, Mirziyoev davrida bu dinamika islohot natijalarini shakllantiradigan doimiy vositachi bo‘lib qolmoqda.
Ushbu dolzarb muammolarning bir nechtasini ichiga qamrab olgan so‘nggi misollardan biri munozarali “Toshkent City” megaloyihasidir. “Toshkent City” Toshkentning markazida joylashgan, qiymati 1,3 milliard AQSh dollarlik yirik qurilish ob'ektidir.
Buni Mirziyoev hukumati zamonaviylashib borayotgan hayotning kuchli shaharlashtirish belgisi sifatida barpo qilmoqda. “Toshkent City” turar joy majmualari, chakana savdo, biznes va moliya hududlari, “Hilton” va “Redisson” brendli mehmonxonalar, kongress xoll hamda 7D kinoteatr, planetariy va mum muzeyiga ega katta istirohat bog‘idan iborat bo‘ladi.
Qurilish 8 ta lotga bo‘lingan bo‘lib, har biri bo‘yicha javobgar sarmoyador yoki investor, loyihachi va bosh pudratchi mavjud. Ularning hamkorligini muvofiqlashtirish uchun hukumat direktsiyasi tashkil etilgan.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida investorlar tender jarayoni orqali tanlanishi aytilgan. Unga ko‘ra, “Toshkent City” investorlari davlatning katta yordamidan, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlaridan bahramand bo‘lishdi.
Shaffof tender jarayoni o‘tkazilmadi. Hokimlik va “Toshkent City” direktsiyasining tasdiqlashicha, investorlar ma'muriy kengash tomonidan tanlangan. Bu kengash a'zolari tarkibiga bosh vazir, uning birinchi o‘rinbosari, moliya, iqtisodiyot, adliya, tashqi ishlar, tashqi savdo va ichki ishlar vazirlari, turli davlat qo‘mitalari va jamoat tashkilotlarining raislari va direktorlari, Toshkent shahri hokimi va “Toshkent City” uchun mas'ul bo‘lgan jamoat direktsiyasining rahbari kiradi.
Investorlarning tenderi va tanlov hujjatlari uchun yuborilgan so‘rovga Toshkent shahri hokimligi quyidagi javobni yo‘lladi: “Investorlarni tasdiqlash bilan bog‘liq ma'muriy kengash hujjatlari rasmiy foydalanish uchun ichki hujjat hisoblangani bois ularni sizga taqdim qila olmaymiz”.
Tanlash va taqdirlash jarayonida o‘tkazilgan tekshiruvlar darajasi to‘g‘risida savollar berilganda, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev ommaviy axborot vositalariga bunday dedi: “Agar biz har bir investordan foyda so‘rasak, biz O‘zbekiston darvozalarini yopib qo‘yamiz va hech kim bu yerga kelmaydi”.
Ushbu eslatma Buyuk Britaniyada “Open Democracy” (Ochiq demokratiya) tomonidan nashr etilgan ekspozitsiyadan so‘ng aytildi. Ularning tekshiruvida da'vo qilinishicha, “Toshkent City”ga 400 million AQSh dollar miqdorida mablag‘ ajratayotgan eng yirik xorijiy investor – Hyper Partners GmbH aktsiyalari o‘spirin Mustafo Polvonga tegishli. Bir, besh va yettinchi lotlarning investorlari va bir, besh, yetti va sakkizinchi lotlar uchun tanlangan bosh pudratchi ham jiddiy xavotirlar keltirib chiqardi.
1-jadval: “Toshkent City”ning birinchi, beshinchi, yettinchi va sakkizinchi lotlar bo‘yicha investor va pudratchilarning 2019 yilgi aktsiyadorlik ma'lumoti.
Tashkilot | Vazifasi | Lot | Aksioner |
High Land City | Investor | Bir | Ismail Israilov (81.24%), Techno Continental (8.19%), Next Generation Product (8.17%), and Azizxuja Azlarov (2.40%) |
Akfa Dream World | Investor | Besh | Perfect Plast Profil (21.4%) (April 2020 update: Wide Tent System 31.45%, Techno Continental 21.36%, Perfect Plast Profil 19.23%, Asia Electron 12.92%, Atlant Metal 6.44%, Baxodir Abdullayev 8.6%) |
Premium Village | Investor | Yetti | Ismail Israilov (23.28%), Quality Electronics (37.2%), Asia Electron (28.51%), Factory of Technologies (9.3%), Athamjon Israilov (1.17%) |
Discover Invest | Pudratchi | Bir, besh, yetti va sakkiz | Abror Ganiyev (86.18%), Sobirjon Xakimov (13.82%) |
1-jadval shuni ko‘rsatadiki, Ismoil Isroilov va Abror G‘anievning ikkisi ham asosiy aktsiyadorlar bo‘lgan. O‘sha paytda ikkala shaxs ham “Akfa-Artel” kompaniyalar guruhining menejeri edi. Jadvalda ko‘rsatilgan korporativ aktsiyadorlar bir xil konglomerat bilan bog‘langan. “Akfa-Artel” shu tariqa “Toshkent City”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi.
“Akfa” va “Artel” kompaniyalariga 2017-2018 yillarda “Toshkent City” loyihasini amalga oshirish uchun mas'ul bo‘lgan davlat direktsiyasining rahbari sifatida faoliyat yuritgan Toshkent shahri hokimi (2018 yildan hozirgi kungacha) Jahongir Ortiqxo‘jaev tomonidan asos solingani alohida xavotir uyg‘otadi.
2019 yil yanvar-may oylarida to‘plangan qo‘shimcha korporativ ma'lumotlar G‘aniev Jahongir Ortiqxo‘jaev bilan birga kamida to‘rtta kompaniyaga egalik qilgani va u “Akfa-Artel” guruhidagi yana uchta kompaniyaning (kamida uchta) sherik egasi bo‘lganini tasdiqlaydi.
U “Akfa-Artel” bilan bog‘liq ikkita kompaniyada ijrochi direktor va “Akfa” boshqaruvi raisi etib tayinlangan. Bundan tashqari, bir, besh, yetti va sakkizinchi lotlar uchun pudratchi bo‘lgan “Discover Invest” kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tgan manzil 2019 yil davomida Toshkent shahri hokimi 100 foiz egalik qiluvchi asosiy xolding kompaniya bo‘lgan “J-United Group”niki bilan bir xil ekani aniqlandi.
Isroilovning profili ham G‘anievnikiga o‘xshash. Masalan, u o‘sha paytda Jahongir Ortiqxo‘jaev 100 foiz egalik qilgan “Akfa Engineering and Management” kompaniyasi menejeri sifatida ro‘yxatga olingan.
Bundan tashqari, ma'lumotlarga ko‘ra, Isroilov Ortiqxo‘jaev bilan kamida to‘rtta kompaniyaga egalik qilgan, u “Akfa-Artel” guruhiga aloqador oltita kompaniyada yagona aktsioner va Abror G‘aniev bilan kamida to‘rtta kompaniya egasidir.
G‘aniev va Isroilovdan ular uchinchi tomon nomidan aktsiyalarga egalik qilishi haqida so‘ralganda javob bo‘lmadi. Toshkent shahri hokimi idorasi uning “Toshkent City”da manfaatlari borligini rad etdi.
“Akfa-Artel” guruhining offshor xolding kompaniyalardan noaniq foydalanishi, G‘aniev va Isroilov bu masalada sukut saqlagani sababli Toshkent shahri hokimining “Toshkent City”dan manfaatdorlik darajasini aniq ko‘rsatish imkoni bo‘lmadi. Biroq hokim “Akfa-Artel” guruhidagi katta moddiy manfaatdorligini saqlab qolgani tasdiqlanishi mumkin.
Garchi bu biznesni Gulnora Karimovaniki bilan taqqoslash va qiyoslash qiyin bo‘lsa-da, ularda qator o‘xshashliklar borligini ko‘rinadi. Shu bois, to‘plangan ma'lumotlarga asoslanib, “Toshkent City” megaloyihasi yuzasidan jiddiy xavotirlar yuzaga kelaveradi.
2019 yilda paxtachilik sohasida yuz bergan o‘zgarishlar ham “Toshkent City” loyihasi kabi noshaffofliklarga ega. Masalan, paxtachilik klasterlari operatorlarini tanlash uchun shaffof, raqobatbardosh tender jarayonlari o‘tkazilmadi.
Xususan, klaster boshqaruvchilari sifatida tanlab olingan kompaniyalar tahlil etilganda, ulaarning 41 foizi o‘ta xavotirli, 49 foizi o‘rtacha xavotirli tadbirkorlik sub'ektlariga ajratildi. Bu esa klaster tizimida ishlaydigan kompaniyalar shaffof emasligidan dalolat beradi.
Masalan, “Uztex” guruhi faoliyati bunga misol bo‘la oladi. “Uztex” O‘zbekistondagi eng yirik to‘qimachilik kompaniyasi sifatida tanilgan. Bu guruh turli mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan iborat konglomeratdir.
“Uztex”ga Faxritdin Mamatjonov va uning o‘g‘li Farhod asos solgan. Bu oila Gulnora Karimovaga aloqador bo‘lgan muhim hisobvaraqlarni boshqargani aniqlangandan so‘ng salbiy ovoza bo‘lgan “Invest Finance Bank”ning asosiy egalari hisoblanadi.
“Uztex” guruhi aktsiyalari Shveytsariya, Singapur va Buyuk Britaniyadagi murakkab offshor tuzilmalar orqali saqlanadi. Oshkor bo‘lgan ma'lumotlar “Uztex” faoliyati borasida juda katta xavotir uyg‘otadi.
Xususan, guruh Shveytsariyaning Rieter transmilliy kompaniyasidan 84 million AQSh dollari miqdoridagi uskunalar sotib olishda Britaniyaning “Wayrex” firmasi orqali shubhali operatsiyalarni amalga oshirgani tadqiqotlar davomida aniqlangan.
Islohot va keng miqyosli korruptsiya haqida o‘ylar
Gulnora Karimovaning shov-shuvli ishi avtoritar davlatda yuqori martabali amaldorlar va ularning yaqin sheriklari egallab olgan siyosiy-iqtisodiy ahvolni namoyon qildi.
Mirziyoev hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ikkita eng muhim loyihani o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ular avvalgi davrni belgilab bergan boshqaruvning zaif jihatlarini o‘zida mujassam etgan.
“Toshkent City” misolida shahar hokimi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan kompaniyalar davlat tomonidan shaffof bo‘lmagan sharoitlarda tanlangan. Ular foydali mulkchilik shartnomalarini yashirishga xizmat qiladigan keng ko‘lamli offshor tuzilmalardan foydalanadi.
Bunday noshaffoflik klasterlar boshqaruvi tizimiga ham xosdir. Ular ham foydali mulkchilik shartnomalarini yashirishga xizmat qiladigan offshor xolding tuzilmalardan faol foydalanadi.
Yuqoridagi holatlarning barchasida Mirziyoev hukumati davlat ma'muriy hujjatlari to‘g‘risidagi qonuniy so‘rovlarga javob bermasdan, amaldagi qonunlarni buzmoqda.
Ushbu ma'lumotlar muhim eslatma sifatida xizmat qiladi. O‘zbekiston siyosiy iqtisodiyoti avtoritar siyosatni xoreografik bozor faoliyati bilan chambarchas birlashtirish orqali ishlaydi.
O‘zbekistonday katta mamlakatda biznesni qonuniy asosda rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarlicha bo‘lishi kerak. Biroq eng daromadli bitimlardan tahlili shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyat qisman siyosiy ta'sirga, individual biznesga tijorat afzalliklarini beradigan noshaffof hukumat yordami va foyda stavkalarini oshirish hamda iqtisodiy imkoniyatlarni monopollashtirishga qaratilgan noqonuniy tijorat strategiyalaridan foydalanishga bog‘liq.
Karimovdan keyingi davrda bir qator sohalarda boylik to‘plash uchun tizimdan mohirona foydalana oladigan tadbirkor elita qatlami ustunlikni qo‘lga kiritgan ko‘rinadi.
Ehtimol, Mirziyoev hukumati o‘zining modernizatsiyalash maqsadlarini amalga oshirishda muayyan yutuqlarga erishishi mumkin. Garchi bu keng aholi turmush darajasi yaxshilanishi bilan birga sodir bo‘lsa-da, milliy boylik o‘sib borgani sayin elita tarmoqlariga nomutanosib tarzda foyda keltiradi.
Kattaroq iqtisodiy qorishma bilan avj olgan avtoritar kapitalizmni kuch-quvvat klasteri foydasiga yo‘naltirib, natijada siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni amalga oshirish uchun mustaqil imkoniyatga ega bo‘lgan qudratli klasterlar prezidentning ittifoqchilariga aylanadi.
Darhaqiqat, avtoritar modernizatsiyaning muvaffaqiyatli jarayoni keng tarqalgan korruptsiya darajasini oshiradi, deb tasavvur qilishda hech qanday qarama-qarshilik yo‘q. Chunki turli qudratli guruhlar o‘zlarining siyosiy ta'siri va moliyaviy daromadlarini oshirish uchun ushbu tizimni o‘ylab topgan.
Aftidan, mantiqiy ko‘rinadigan ushbu stsenariyda fuqarolik jamiyati ochilishi, demokratik institutlarning rivojlanishi, haqiqiy nazorat va hisobdorlik organlarining rivojlanishi tizim uchun juda antagonistik bo‘lgan tuzilma va madaniyatni aks ettiradi va shuning uchun ham istiqboldan darak bo‘lmaydi.
Ushbu istiqbolli muvozanatning natijalari ba'zi bir aytilmagan milliy “haqiqatlar” vositachiligidagi avtoritar kapitalizmning barqaror tizimidan, ya'ni muntazam ravishda keng ko‘lamli korruptsiyadan foyda ko‘radigan ko‘plab milliy va xalqaro elitalar uchun maqbul bo‘ladi.
Shu bilan birga, turmush darajasining yaxshilanishi hamda fuqarolik jamiyati uchun cheklovlarning davom etishi Yaqin Sharq va Afrikada kuzatilgan g‘ayriixtiyoriy qo‘zg‘olonlar potentsialini susaytiradi va avtoritar siyosat qaytayotgan va global kapitalizm bir qator ekzistentsial tahdidlar bilan kurashayotgan dunyoda O‘zbekistondagi holat tobora odatiy holga aylanishi tabiiydir.
O‘zbekistonda korporativ boshqaruv va korporativ shaffoflikni kuchaytirish uchun korporativ qonunlarni modernizatsiya qilishga jiddiy ehtiyoj sezilmoqda. Shunga muvofiq, hukumat shaffofligini bosqichma-bosqich takomillashtirayotgani kuzatilmoqda.
Ushbu ijobiy o‘zgarishlarni davom ettirish kerak. Xususan, manfaatlarning ochiq reestrlari davlat xizmatchilari uchun majburiy bo‘lishini ta'minlash uchun barcha davlat xaridlari shaffof va oshkora o‘tkazilishi va sud hujjatlari kabi muhim faktlar o‘z vaqtida, ochiq va tahrir qilinmagan holda ommaga taqdim etilishi zarur.
O‘zbekistondagi mustaqil fuqarolik jamiyati chorasizdir. U fuqarolik huquqlari ta'minlanmagan kuzatuv muhitida ishlaydi. Fuqarolik jamiyati qudratli shaxslarni javobgarlikka tortishni istasa, ular fuqarolik jamiyati oldida yangi muammolarni tug‘dirmoqda.
O‘zbekistonda muxolifatning siyosiy faoliyati taqiqlanganligi sababli ijtimoiy va siyosiy harakatlar uchun sezilarli cheklovlar saqlanib qolmoqda.
COVID-19 ning allaqachon zaif dunyo siyosiy iqtisodiyotiga uzoq muddatli ta'siriga guvoh bo‘lmoqdamiz. Agar global iqtisodiy inqiroz boshlanib, Markaziy Osiyoda jiddiy tanazzulga olib keladigan bo‘lsa, Karimova ishida ko‘rilgan eng yirtqich reket shakllari ham yanada jozibali tuyulib qolishi mumkin.
Agar inqiroz aholining turmush darajasi pasayishiga olib kelsa, bu tuzilmaviy qarama-qarshiliklar, masalan, qo‘shni Qozog‘istonda kuzatilayotgan vaziyatga nisbatan siyosiy radikal shakllarning turtki bo‘lishi uchun xizmat qilishi mumkin.
Maqola The Foreign Policy Center nashrda chop qilingan, qisqartirilgan, «Eltuz» tarjimasi