Manbalar: “Bosh prokuror Buxoroda bozor qurish uchun pora olgan”
Manbalar “Eltuz”ga O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev toshkentlik ishbilarmonlar orasida “Shayton” laqabi bilan tanilgan, muqaddam firibgarlikda ayblangan 45 yoshli Farhod To‘laganovdan bir necha million dollar miqdorida pora olganini ma'lum qildi. Bu iddao ortidan Bosh prokuraturada maxsus komissiya tuzilgan.
Huquq-tartibot idoralaridagi bir-biridan mustaqil mulozimlarning “Eltuz”ga iddao qilishicha, joriy yil oktyabrda Farhod “Shayton” porani Buxoro shahri yaqinidagi 100 gektar maydonda qurilayotgan bozor mojarosini tinchitish uchun uzatgan.
“Eltuz”ning O‘zbekiston prokuratura idoralariga yaqin manbalariga ko‘ra, Farhod To‘laganov yirik miqdordagi porani Toshkentda Nig‘matilla Yo‘ldoshevning o‘g‘liga bergan.
Ammo “Eltuz”da bu iddaolarni rasman yoki mustaqil manbalar orqali tasdiqlatish imkoni yo‘q. Lekin manbalarning oldingi xabarlari rost chiqqani bois sayt ayblovni oshkor qilish qaroriga keldi.
Prokuratura idoralariga yaqin manbalarning “Eltuz”ga aytishicha, Buxoro shahri yaqinida qurilayotgan katta bozor bilan bog‘liq mojaro viloyatning sobiq hokimi, senator, O‘zbekiston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari O‘ktam Barnoevning o‘limidan keyin kelib chiqqan.
“Farhod “Shayton” tinchitmoqchi bo‘lgan bu janjal Barnoevning o‘limidan keyin kelib chiqdi.
Gap shundaki, Buxoro shahri yaqinidagi 100 gektar maydonda katta bozor qurish qarorini 2019 yil boshida O‘ktam Barnoev viloyat hokimi sifatida chiqargan.
Bu yerga bozor qurish g‘oyasini esa unga toshkentlik yirik tadbirkor Farhod To‘laganov bergan bo‘lib, u O‘ktam Barnoevga quriladigan do‘konlarning sotuvidan tushadigan pulning teng yarmini va'da qilgan.
Ya'ni O‘ktam Barnoev Farhod “Shayton”ning biznes g‘oyasidan tushadigan pulning yarmini olish niyatida maxsus qaror chiqarib bergan. Barnoev yangi qurilayotgan bozorni Farhod “Shayton”ga va uning ukasi Farruh To‘laganovga rasmiylashtirib bergan edi”, dedi “Eltuz”ning Toshkentdagi manbalari.
“Farhod To‘laganov va O‘ktam Barnoevning rejasiga ko‘ra, bu bozor qurilishidan naqd 100 million dollar tushishi, tushgan pulning taxminan 30 million dollari qurilishga sarflanishi kutilgan.
Barnoev va “Shayton” sof foyda sifatida qolishi rejalangan 70 million dollarni o‘rtadan “arra” qilishlari kerak bo‘lgan”, deydi Buxoro viloyati prokuraturasiga yaqin shaxslardan biri.
Ismini yozmaslikni iltimos qilgan manbaning “Eltuz”ga aytishicha, mana shu loyiha risoladagidek amalga oshishi uchun O‘ktam Barnoev Buxoro shahri markazida ishlab turgan “usti yopiq” bozorni yopish haqida ham qaror chiqargan.
“Ya'ni 35 million dollar ilinjidagi O‘ktam Barnoev ishlab turgan bozorni yopib, u yerdagi tadbirkorlarni yangi qurilayotgan bozorga ko‘chib o‘tishga majburlashni boshlagan edi.
Biroq Barnoevning rejalari Allohning rejalariga mos kelmagan ekan, shu yil sentyabr oyida Germaniyada koronavirusdan vafot etdi. Natijada 100 gektarlik bozor qurish, undagi do‘konlarning sotuvidan tushadigan sof foydani taqsimlash ishlari “Shayton”ning o‘ziga qolib ketdi”, dedi Buxoro viloyati prokuraturasiga yaqin manba.
Uning aytishicha, O‘ktam Barnoev o‘lgandan keyin Farhod “Shayton” hali qurilmagan do‘konlar uchun tushgan pullarning hammasini dollarga aylantirishni boshlab yuborgan.
Rejadagi sof foyda miqdorini, ya'ni 70 million dollarni yig‘ishtirib olgach, Farhod To‘laganov bitmay qolgan do‘konlarni qurish uchun banklardan kredit so‘ray boshladi.
Uning bu izlanishlari Buxoro shahri prokuraturasida katta shubha uyg‘otdi. Shahar prokurori Jasur Fozilov bozor qurilishi bilan bog‘liq barcha amaliyotlarni tekshirganida qurilish loyihasi hech qanday kreditga muhtoj emasligini, aksincha, qurilish uchun lozim bo‘lgan pulni “Shayton” uch hissa ortig‘i bilan oldindan yig‘ishtirib olganini aniqlagan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, bozor qurilishi bilan bog‘liq vaziyatdan xabar topgan Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov Farhod To‘laganovdan o‘lib ketgan O‘ktam Barnoevning ulushini (35 million dollarni) so‘ragan. Lekin Farhod “Shayton” marhumning ulushini berishdan bosh tortgan.
“Bozor bilan bog‘liq mojaro, aniqrog‘i, prokurorlar “jang”i aynan shu epizoddan boshlangan. Jasur Fozilov vaziyat yuzasidan bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga chiqqan va “Shayton”ni hisbga olishga ruxsat so‘ragan.
Firibgar Farhod “Shayton” ham bu masalada bosh prokurorga, aniqrog‘i, uning o‘g‘liga chiqqan va muammoni tinchitish uchun 10 million dollar taklif qilgan.
Bosh prokuror bu pulni o‘g‘li orqali olgan va Buxoro shahri prokurori Fozilovning Farhod “Shayton”ga oid shikoyatlarini e'tiborsiz qoldirib, hibs xususidagi so‘rovlarini rad etib kelgan”, deydi “Eltuz” manbasi.
Ismi sir qolishini so‘ragan manbaning aytishicha, olingan pora evaziga bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tijorat banklari rahbarlariga chiqib, Farhod To‘laganovga bozor qurilishini bitirish uchun katta miqdorda kredit berishni ham buyurgan.
“Nig‘matilla Yo‘ldoshevning aralashuvi tufayli Farhod “Shayton” davlatdan taxminan 10 million dollar miqdorida kredit olib, bu pullarni darhol naqdlashtirgan va dollarga aylantirgan. Ya'ni Farhod “Shayton” bosh prokurorga bergan porasini davlatning o‘zidan chiqarib olgan”, deydi “Eltuz” manbasi.
Uning ta'kidlashicha, Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilovning yaqinda internet orqali bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga “hujum” uyushtirishi negizida aslida ana shu sabablar yotibdi.
“Agar Farhod “Shayton” buxoroliklarga O‘ktam Barnoevning “ulushi”ni berganida yoki bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev firibgar “Shayton”ni himoya qilmaganida Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov ham jim o‘tirgan bo‘lar edi”, – dedi Buxoro viloyati prokuraturasiga yaqin manba.
“Eltuz” Farhod To‘laganov bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi. Biroq tadbirkorning telefon raqamlari xizmat doirasidan tashqarida bo‘lgani uchun unga qo‘ng‘iroq qilishning imkonini topa olmadi.
“Eltuz”ning Toshkentdagi ba'zi manbalari xabariga ko‘ra, Farhod To‘laganov allaqachon O‘zbekistonni tark etgan.
“Farhod “Shayton”ning avval qo‘shni davlatlardan biriga, u yerdan Turkiyaga chiqib ketganiga ikki oydan oshdi.
“Shayton” o‘zi bilan taxminan 70-80 million dollar pulni olib chiqib ketganidan xabarimiz bor”, deyishdi Toshkentdagi ishbilarmon doiralarga yaqin manbalar.
Ularning taxmin qilishicha, Farhod To‘laganov bu pullarni Buxorodagi 100 gektarlik bozor qurilishidan topgan bo‘lishi mumkin.
Kim u “Shayton”?
Farhod To‘laganov uzoq yillardan buyon turli mojarolar markazida bo‘lib keladi. Masalan, 2000 yillarning boshlarida Farhod To‘laganov qo‘shiqchi Yulduz Usmonova bilan o‘rnatgan “juda yaqin” aloqalarini buzishi ortidan boshqa bir ayol xonanda “Shayton”ni otishni rejalashtirishi va qamalib ketishi O‘zbekistonga shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.
Farhod To‘laganov 2000 yillar boshida qisqa muddat O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning fuqaroviy eri bo‘lgan. Bu haqda “Eltuz”ga Usmonovani hamda To‘laganovni yaqindan taniydigan bir san'atkor va bir tadbirkor o‘z ismlarini sir saqlash sharti bilan aytdi.
Toshkentdagi tadbirkorlar orasida “Shayton” va “GIF” laqablari bilan tanilgan Farhod To‘laganov 2009 yil fevral oyida tovlamachilikda ayblanib, hayotining bir necha yilini panjaralar ortida o‘tkazgan.
O‘sha paytda Bosh prokuratura tergovchilari Farhod To‘laganovdan jabr ko‘rgan o‘nlab fuqarolardan ko‘rsatmalar olishgan.
Farhod To‘laganov 2009 yil fevral oyida tovlamachilikda ayblanib ozodlikdan mahrum qilingan edi.
2018 yil aprel oyida esa Farhod To‘laganov kuni Bosh prokuratura xodimlari tomonidan Toshkentda hibsga olingan. O‘shanda toshkentlik tadbirkor MXX zobitlariga pora berish-olishda vositachilik qilish (JK 212-moddasi), davlat organi xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish va tovlamachilik (JK 165-moddasi) kabi jinoyatlarda gumonlangan.
Farhod To‘laganov O‘zbekiston bo‘ylab o‘nlab savdo do‘konlari, yirik supermarketlar, bozorlar hamda ishlab chiqarish korxonalariga egalik qilgan.
“Emir buxarskiy” deya Jirinovskiydan olqish olgan, 2019 yilda Buxoro shahri yaqinida qurila boshlagan 100 gektarlik bozor loyihasida Farhod To‘laganov uchun zarur qarorlarni chiqarib bergan va uning norasmiy biznes sherigi bo‘lgani aytilayotgan marhum O‘ktam Barnoev Buxoro viloyati hokimi, senator hamda O‘zbekiston bosh vazirining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Buxoro viloyatiga hokimlik qilgan paytida O‘ktam Barnoev o‘zbeklarni muttasil ravishda “qo‘ylar” deb haqorat qilib kelgan rossiyalik shovinist Vladimir Jirinovskiyni Buxoroda tantanali kutib olib, irqchining oyog‘i ostiga qo‘y so‘ygani bilan ham o‘zbekistonliklarning esida qolgan.
Bundan tashqari, O‘ktam Barnoev sovetlardan qolgan G‘alaba bayramini nishonlab, ruslarning “Katyusha” qo‘shig‘ini aytishi bilan ham ijtimoiy tarmoqlarda masxara qilingan edi.
O‘ktam Barnoev shu yil 20 sentyabr kuni 56 yoshida koronavirusdan Germaniyada vafot etdi.
“Eltuz” yuqoridagi iddaolar yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligidan rasmiy izoh kutadi.
eltuz.com