Asosiy mavzular
6 yanvar 2023

O‘zbekiston: Amudaryo – abadiy yo‘qolib ketadigan joy

Bir vaqtlar juda shiddatli bo‘lgan daryoning quyi qismi bo‘ylab sayohat qilar ekan, muayyan ekologik halokatning oldini olish qanchalik mushkul ekanligi ayon bo‘ldi.

Devid Trilling maqolasi, Eurasianet nashridan Eltuz tarjimasi

Bir paytlar Orol dengizi to‘lqinlari yuvgan sohildan 362 kilometr naridagi bu so‘qmoq atrofiga ko‘plab suv purkagichlar o‘rnatilgan, ular o‘ziga xos tovush chiqarib suv purkaydi. Bu esa qovjiragan yo‘lak bo‘ylab ekilgan bamalgul va gibiskus nihollarining o‘sib unishiga imkon yaratadi.

Tushlikka yaqin butun Urganch bo‘ylab o‘tkaziladigan bu doimiy tadbir tufayli O‘zbekistonning Xorazm vohasi markazida joylashgan 200 ming aholi yashaydigan shaharda kuzgacha gullar unadi.

Bolakaylar Amudaryo irmog‘idan olingan suvni avtoulov to‘xtash joylariga sepishadi, avtoulov tsisternalari bilan esa magistral yo‘llar «changini qoqishadi». Ufqqacha cho‘zilgan paxta maydonlari qamish bilan qoplangan sug‘orish kanallari labirinti orqali sug‘oriladi.

Bu yerda suv mo‘l-ko‘ldek tuyulishi mumkin, ammo bu qimmatbaho zahira tugash arafasida. Hanuzgacha suv bu yerda odatdagidek muttasil ishlatiladi. Garchi yaqin bir hududda insoniyatning eng dahshatli ekologik ofatlaridan biri: bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi eng katta ko‘l bo‘lgan Orol dengizining qurishi yuz bermoqda. 1960 yildan boshlab uning hajmi to‘qson foizga kamaygan. Bir paytlar dengiz iqlimning mo‘'tadil saqlanishini ta'minlagan bo‘lsa, endilikda ob-havo issiq va quruq kechmoqda. To‘zonli shamollar tuz va kimyoviy moddalar aralash qumni havoga ko‘taradi. Anemiya, saratonning ayrim turlari va boshqa hastaliklar bilan bog‘liq muammolar ko‘paymoqda.

Dengizning sayozlashuvi bilan bir vaqtda Orolga oqayotgan ikki daryodan biri bo‘lmish Amudaryo ham qurimoqda. Bu esa O‘zbekiston va Turkmanistondagi millionlab odamlarning hosili va hayotiga tahdid soladi.

Iqlim o‘zgarishlarini keskinlatadigan tarzda suvdan isrofgarchilik bilan foydalanish g‘arbiy O‘zbekistonni yashash uchun yaroqsiz holga keltirmaslikni ta'minlash uchun xalqaro donorlar ish uslubini o‘zgartirishga chaqirmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) prognoziga ko‘ra, aholi o‘sishi bilan aholi jon boshiga chuchuk suvning mavjudligi asr o‘rtalariga borib 33 foizga qisqaradi. Jahon bankining o‘tgan yilgi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib Markaziy Osiyoda 2,4 million kishi (mintaqa umumiy aholisining 3,4 foizi) iqlim qochqinlariga aylanishi mumkin.

Ayoz-Qal'a

Qadimda Oksus nomi bilan mashhur bo‘lgan Amudaryodan Xorazmda ming yillar davomida qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanishgan. Atrofdagi tekisliklar bo‘ylab yastangan qadimiy qal'alar, tom ma'noda, Ipak yo‘li bo‘ylab bostirib kelgan ko‘chmanchilar va qaroqchilarning bosqinidan yurtni himoyalagan. Bu yerda paxta Ikkinchi jahon urushidan keyingi sovet markaziy rejalashtiruvchilari monokulturani boshlashdan ancha oldin ekilib, ular landshaftni o‘zgartirish va cho‘lda paxta yetishtirish uchun minglab chuqur kanallar qazishgan.


64 yoshli Yo‘ldosh Saraev shunday kanallarning birida (Shovot kanali) 40 yildan beri baliq ovlab, yashil uzumni sazan va laqqa baliq uchun ho‘rak sifatida ishlatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari baliq turlari va miqdori ko‘p bo‘lgan. Biroq 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng aholining ko‘pchiligi tirikchilik uchun baliq ovlashga kirishgan: Urganchdagi Shovot daryosi bo‘yida ko‘plab qarmoq tutgan odamlarni ko‘rish mumkin. “Go‘sht qimmat. Odamlar ovqatlanishlari kerak «, – deya tushuntiradi u.

Kanal qaysi viloyatlar qachon va qancha miqdorda suv olishini hal qiluvchi hukumat qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinadi. Har yili sentyabr oyida paxta terimi boshlangan paytda qo‘mita suvni suv omborlariga yo‘naltiradi. Lekin shusiz ham suv avvalgidan ancha kam. “Bolaligimda suv ikki barobar ko‘p edi. Yildan-yilga kamayib bormoqda”, – deydi Saraev.

Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti ana shu “oq oltin”ga bog‘liq; Germaniya taraqqiyot agentligi (GIZ) ma'lumotlariga ko‘ra, paxta sanoatida urug‘likni qayta ishlashdan tortib to to‘qimachilik ishlab chiqarishgacha, mehnatga layoqatli aholining qariyb 30 foizi ish bilan band.

Paxta dunyodagi eng ko‘p suv talab qiladigan ekinlardan biri bo‘lib, sholidan o‘rtacha 3-6 baravar ko‘proq suv talab qiladi.

O‘zbekistonda esa aftidan, bu ko‘rsatkich yanada yuqoriroq bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonlik va germaniyalik mutaxassislardan iborat guruh tomonidan joriy yilda chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, dalalarga suv yetib borgunga qadar, 37 foizgacha suv eskirib qolgan kanallarga sizish sababli yo‘qoladi. Aksariyat fermerlar suv mavjud bo‘lganda, shlyuzlarni ochib, dalalarni to‘ldirib sug‘orishadi, jo‘yakli sug‘orish usulidan foydalanishadi. Bu esa zah suv sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi va tabiiy tuzlarni yer yuzasiga chiqaradi. Bu dalalarning sho‘rlanishiga olib keladi va hosildorlikni pasaytiradi. Yer osti suvlari bundan tashqari pestitsidlar, defoliantlar va boshqa zaharli kimyoviy moddalar bilan to‘la. Bularning barchasi esa O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotini 8 foizga kamaytiradi.

O‘zbekistonda chuchuk suv iste'molining 90 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri kelsa-da, har qanday me'yorlarga ko‘ra hosildorlik pastligicha qolmoqda. Eurasianet nashrining Jahon banki ma'lumotlariga asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot yetishtirish uchun Misrga nisbatan uch barobar, Qozog‘istondan besh barobar, Avstraliyadan esa 74 barobar ko‘proq suv ishlatadi.

Qishloq xo‘jaligi ustidan uzoq vaqtdan beri sovet davridagi markaziy nazoratni saqlab kelayotgan Toshkent hukumati o‘zgarishlarni qo‘llay boshladi. 2020 yilda u ko‘p yillar davomida fermerlarni (o‘qituvchilar va bolalarni ham) paxta yetishtirishga majburlagan davlat buyurtmasini bekor qildi va 2030 yilga kelib qishloq xo‘jaligi yerlarining yarmi “suvni tejovchi texnologiyalar”, jumladan, tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanishga buyurdi. Bu usul sug‘oriladigan yerlarning 15 foizida joriy etildi. Biroq ikki yil o‘tgach, bu usullardan foydalanadigan odamni topish hali ham qiyin ekani ma'lum bo‘ldi; Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xorazm viloyatida tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanayotgan bitta ham fermerni (1,8 million aholi) aniqlay olmadi. FAO ma'lumotlariga ko‘ra, bu usul faqat 0,11 foiz yerlarda qo‘llaniladi; dalalarning qolgan katta qismi hamon egatlarga suv oqizish yo‘li bilan sug‘orilmoqda.

Orol dengizi qurimoqda
(Wikimedia)

Ushbu 0,11 foiz ichida davlat tomonidan ajratilgan kredit va soliq imtiyozlaridan foydalangan holda o‘tgan yili tomorqasining beshdan bir qismida tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanishni boshlagan Bektosh Madiyorovning 100 gektar tomorqasi ham bor.

Urganchdan bir soatlik masofada joylashgan bu hududda Shovot kanali suvi yana ham iflosroq. Madiyorov esa o‘z fermasiga besh yil davomida suv ololmay kelayotgan edi. U yuqoridagi amaldorlarning xohishiga bo‘ysinishga majbur. “Ilgari ariqlarda doim suv bor edi. Endi har 15-20 kunda bir marta ariqlarga suv keladi, – deydi u. Yer osti suvlarini ishlatish mumkin emas, chunki bu suv “juda sho‘r”.

“Atrofimizda tomchilatib sug‘orishdan juda kam odam foydalanadi. Ammo ekinning arzonligi va hosildorligi yaxshi bo‘layotganini ko‘rib, fermerlar qiziqish bildirmoqda”, – deydi Madiyorov tuzlangan pomidor bilan palov keltirilgan stol yonida o‘tirib.

Moliyaviy rag‘batlantirish va texnologiyaning o‘zi kamchiliklarni bartaraf eta olmaydi. Madiyorov tejalgan suv evaziga o‘ziga kichik hovuz qurib, unda sazan baliq yetishtirmoqda; olimlar buni “rebound effekti” deb atashadi – bu tejamkorlikni qoplashi mumkin bo‘lgan harakatdir. Suvdan foydalanish ko‘proq kelishilgan monitoringni talab qiladi; Kichik fermerlar yoki dehqonchilik kooperatsiyalarida hisoblagichlar mavjud, shuning uchun hokimiyat gektariga suv ajratadi. Hammani, shu jumladan, tomchilatib sug‘oradigan fermerlarni suv bilan ta'minlaydigan oqava kanallari muammosi ham bor. Yerga singib ketayotgan suv shunchaki yo‘qolmaydi, balki sho‘rlanishga hissa qo‘shib, qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazadi.

Urganchdan tashqarida Amudaryo hamon tezoqar daryo bo‘lib, mohir suzuvchiga qiyinchilik tug‘diradigan girdoblari va oqimlarga ega. O‘tloqli orollar va sel tekisligi uzra yastangan 800 metr uzunlikdagi ko‘prik bir necha yil oldingiga qaraganda ancha kengroq.

Shimolda, qamishli butazorlar xududida ishchilar daryodan uzoqroqdagi yangi dalalarga suv tashish uchun kanalni kengaytirishmoqda. Oxirgi 33 yilda O‘zbekistonda sug‘oriladigan ekin maydonlari 43 foizga kengaytirildi; shu davrda aholi soni ikki baravar ko‘paydi.

Nukus davlat pedagogika instituti kimyo kafedrasi dotsenti Alim Asamatdinovning so‘zlariga ko‘ra, dehqonlar tuproq sho‘rini “yuvish” uchun egatlarni to‘ldirib sug‘orishadi, biroq suv pirovardida “tabiiy sho‘r” bo‘lib, tuproq yuzasiga ko‘proq tuz tortadi, bu esa zararli tuproqni hosil qiladi. Buning uchun ko‘proq suv talab etiladi. Oxir-oqibat, suv o‘sib borayotgan ko‘llarni oqiziladigan drenaj kanallari tarmog‘iga quyiladi, ularning ba'zilari ko‘lda yashayotgan jonivorlar va organizmlar hayotiga havf soladigan darajada ifloslangan.

Ilgari Orol dengizi bo‘lgan joydan 295 kilometr yuqorida, daryoning shimoliy qirg‘og‘i bo‘ylab yotqizilgan ponton ko‘prik chang-to‘zonli tepaliklarda joylashgan tsement zavodlari bilan qishloq aholisini bog‘laydi. Ko‘prikni Matiyaqubovlar oilasi ta'mirlab turadi, ular kesib o‘tgan har bir mashinadan 1000 so‘mdan (9 sentdan) yig‘ib olishadi. Tashlandiq militsiya bo‘limi binosi soyasida o‘tirgan mahalliy boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi 51 yoshli Rustam Yusupov 1990 yillarning boshlarida mamlakat mustaqillikka erishgandan beri suv yarim baravar kamaygan, deb hisoblaydi, garchi daryoni qayiqda kechib o‘tish uchun odam bir necha daqiqa davomida kuchli eshkak eshishi kerak bo‘ladi.

Ba'zan daryo muzlab, muz ponton qismlarini bir-biriga surib qo‘yishi mumkin va bu esa Matiyakubovlarni pantonni xavfsizlik uchun qirg‘oqqa tortib chiqarib qo‘yishga majbur qiladi.

Daryo bu yerdan 2400 kilometr sharqda, Tojikiston va Afg‘onistonning baland tog‘laridan boshlanadi. Qizig‘i shundaki, agar, iqlim o‘zgarmasa, quyi Amudaryodagi vaziyat yanada yomonlashishi mumkin: haroratning isishi daryoning yuqori qismidagi muzliklarni tez eritib, daryoga oqimning vaqtinchalik oshishiga olib keladi. Bu muzliklar butunlay yo‘q bo‘lib ketar ekan, suv sathi pasayadi;

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi shu o‘n yillikda eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi. Iqlimning isishi – Markaziy Osiyodagi harorat 1950-yillardan buyon o‘rtacha global ko‘rsatkichdan ikki baravarga ko‘tarilgani ham qurg‘oqchilikning tez-tez sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda, issiq havo esa fermerlardan dalalarni tez-tez sug‘orishni talab qilmoqda.

208 kilometr: Yarim avtonom Qoraqalpog‘iston Respublikasining poytaxti Nukusda Amudaryo tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan, qumtepalar dalasi, daryodan ko‘ra ko‘proq. Diqqat bilan qarasangiz, quyosh oqartirgan chig‘anoqlarni ko‘rish mumkin; daryo o‘zanida qolgan ariqdan xatlab o‘tish mumkin. Urganchda bo‘lgani kabi, bu yerda ham suvning katta qismi shahar markazidan o‘tkazilgan, kanal qirg‘oqlari o‘smirlar yugurib o‘ynaydigan va sevishganlar aysh qiladigan joyga aylangan.

Nukus kanali

Bu Amudaryo deltasining boshlanishi edi. FAO hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir Qoraqalpog‘istondagi yerlarning 95 foizi sho‘rlangan.

Bunday vaziyatda suvning siyosatga ta'sirini aniqlash qiyin bo‘lishi mumkin, biroq ba'zilar shu yozda, Toshkent Qoraqalpog‘istonning ajralib chiqish nazariy huquqini bekor qilishga uringanidan so‘ng, Nukusda kamida 18 kishining hayotiga zomin bo‘lgan tartibsizliklar, atrof-muhit va mahalliy taassurotlardan kelib chiqqan uzoq yillik noroziliklardan kelib chiqqanini ta'kidlamoqda. O‘zbekistonning eng qashshoq mintaqalaridan biri bo‘lgan mintaqa suvdan munosib ulushini ololmayapti.

“Bu yerdagi ko‘pchilik odamlar buni qandaydir siyosatga taalluqli ish, deb o‘ylashadi, Xorazm [yuqoridagi viloyat] suvni nazorat qiladi va shuning uchun bizga kamroq yetib keladi”, – deydi, ko‘tarilgan norozilik sabablarini, ehtiyotkorlik bilan izohlarkan, mahalliy amaldorlardan biri.

Nukusdagi ko‘l

172 kilometr: Amudaryodagi 70 gektarda beda yetishtiruvchi Saparboy Boyjonov 2015 yilda Nukusdan ko‘chib kelganidan beri taqchillikning kuchayishida qo‘shni Turkmanistonni ayblaydi: “Suv juda kamaygan”, – deydi u va bu yilni eng yomon bo‘lganini aytadi. “Ba'zi odamlar suv yetishmagani uchun ekinlarini yo‘qotishdi. Bizning suvimizni Turkmanistonga burib qo‘yishgan, deyishmoqda”.

Suv taqsimoti Amudaryoning yuqori va pastida yashayotganlar o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirmoqda. Tojikiston irmoqlaridan birida dunyodagi eng baland to‘g‘onni qurmoqda va boshqa joylarda suv ta'minoti uchun Qirg‘iziston bilan ziddiyatga kirishmoqda. Turkmaniston yalpi ichki mahsulot birligiga O‘zbekistondan ko‘ra ko‘proq suv ishlatadigan yagona davlatlardan biri bo‘lishiga qaramay, hali ham oziq-ovqat inqirozini kechirmoqda. Turkmaniston suvni Qoraqum cho‘li bo‘ylab qazilgan eski kanallar orqali mamlakatning janubiy xududlaridagi fermer xo‘jaliklariga yo‘naltiradi.

Muvofiqlashtirish vaqtinchalik va samarasiz, deb yozgan edi suv taqsimoti bo‘yicha davlatlararo komissiya a'zosi o‘zbek olimasi Dinora Ziganshina o‘tgan yilning boshida. “Orol dengizi havzasida suvdan oqilona foydalanishni ta'minlash maqsadida 30 yil avval tashkil etilgan komissiya “muammoni bartaraf etish emas, balki qisqa muddatli yechishga”ga e'tibor qaratib, o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun kurashmoqda”.

85 kilometr: Ofat oqibatlariga duch kelayotdigan joylardan biri – ikki qavatli maktab binosini o‘rab turgan bir necha o‘nlab uylardan iborat Aliaul qishlog‘i. Ilgari daryo oqib o‘tadigan joyda tizzagacha saksovul butalari o‘sgan, ular atrofida qarg‘a quzg‘unlar ko‘paygan.

Sobiq bog‘cha tarbiyachisi, 65 yoshli Qurbongul Maxambetova 1992 yilda qishloq aholisini uylarini tashlab ketishga majbur qilgan suv toshqinini eslaydi. O‘sha paytda “daryoda juda ko‘p suv bor edi”.

Endi esa yildan yilga kamaymoqda.

Buning ustiga Maxambetovaning sigirlarini boqish uchun joylar ham kamaygan, chunki o‘t o‘smayapti.

Ko‘k-Su

19 kilometr: 1980-yillarning boshlarida, Orol dengizi shiddat bilan chekinishi asnosida, sovet muhandislari qolgan suvni boshqarish uchun Porlatauda tuproq inshootlari barpo qilishdi.

Taxminan o‘n yil davomida «Ko‘k Suv» suv ombori baliq fermasi sifatida ishlatilgan, ammo u 1990-yillarda suv kam bo‘ldi va zahiralarning qisqarishi sababli yopildi. Bugungi kunda bir nechta erkaklar to‘r bilan baliq tutishadi. Qishloq aholisining aytishicha, baliqlar juda kichikligi va kamligi uchun sotish uchun yaroqsiz.

Porlatau

Tuproq to‘g‘onidan narida esa sobiq daryo o‘zani yastangan. To‘q sariq ko‘lmak sizadi. Tuz kristallari oyoq ostida g‘ijirlaydi. Hech narsa o‘smaydi.

Ko‘ksuvning chekkasida o‘rnatilgan shlyuz suv oqimini tartibga soladi: Amudaryoning so‘nggi tomchilari. To‘g‘rirog‘i kanallar qurib qolgan. Son-sanoqsiz kanallar va suv omborlari orqali 1600 kilometrdan ortiq maydondagi millionlab gektar yerlarni sug‘orishdan so‘ng, Amudaryo o‘lmoqda.

Qurigan kanal

0 kilometr: Orolqum Orol dengizining qumi demakdir. Yangi xaritalar haqiqatni aks ettira boshladi. Orol endi ortiq dengiz emas.

Mo‘ynoq shu yangi cho‘lning chekkasida joylashgan. 1959 yilda port shaharchasida 21,5 million quti baliq konservasi ishlab chiqarilgan: lesh, maren, sudak. Endi qachonlardir dengiz bandargohi bo‘lgan joyda zanglagan kemalar floti, talon-taroj qilingan holda yotibdi. 1960 yillardan boshlab aholi deyarli yarmiga kamaygan.

Oxirgi bir necha yil ichida Toshkent hukumati 13 ming aholi yashaydigan bu qiynalayotgan shaharchaga qiziqish bildira boshladi, ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun yangi quvur tortdi, yangi yo‘llar va yuqori tezlikdagi internetni o‘rnatdi, aeroportni nomuntazam parvozlar uchun qaytadan ochdi.

Neft va gaz kompaniyalari qurigan dengiz tubida istiqbolli topilmalar borligi haqida ma'lumot bera boshlashdi va yaqin orada ish o‘rinlari paydo bo‘lishiga umid bor.

Mo‘ynoq tarixiy muzeyi direktor o‘rinbosari Mahmud Aytjonovning aytishicha, aholi 2000 yillar boshidagidek shaharni tark etayotgani yo‘q. Iqtisodiyot hozirda yaxshiroq, garchi davom etayotgan qurg‘oqchilik eng cho‘qqisiga chiqqan bo‘lsa ham. Mahalliy aholi hukumat fermerlarga suvga qaramlikdan xalos bo‘lishga yordam beradi, deya ishonmoqda: “Qoraqalpog‘istondagi ko‘pchilik fermerlarning hosili so‘nggi ikki yil ichida nobud bo‘ldi. Endi hukumatning yangi loyihalari bor, bu yil emas, balki kelgusi yilda paxta maydonlarini, bug‘doy va sholini qisqartirish va ozroq suv talab qiladigan sabzavotlar yetishtirishga o‘tiladi”.

Kemalar qabristoni

Ammo Toshkent minglab dehqonlarning ish uslubini o‘zgartira oladimi?

Hukumat rejasi subsidiyalar va qisqartirilgan markaziy nazoratni ko‘zlamoqda: endi fermerlar o‘zlari yetishtirish bo‘yicha ko‘proq tanlovga ega; ular sug‘orish uskunalarini modernizatsiya qilish uchun kredit olishlari mumkin. Shunga qaramay, eng yaqindagi kanalni so‘nggi bir tomchi suvigacha ishlatilmasligiga unchalik kafolat yo‘q, ayniqsa sug‘oriladigan yerlar mamlakat bo‘ylab tez sur'atlar bilan kengayib bormoqda.

O‘zbek rasmiylari aftidan, odamlar butun dunyodagiga o‘xshash, global miqyosdagi kurash qabilidagi «to‘g‘ri yo‘l» topishiga umid qilayotganga o‘xshaydi: hozir va kelajak, individual va jamoa tartibida. Butun dunyo bo‘ylab odamlar iqlim o‘zgarishining noaniq ekzistentsial xavf-xatarlari asnosida ko‘proq individual foydani ko‘zlashadi. Amudaryodagi fermerlardan talab qilinayotgan narsa – butun mintaqaga foyda keltirishi uchun, shaxsiy manfaatlarni qurbon berish masalasi, – Amazoniyada daraxtlarni kesayotgan chorvadorlar yoki G‘arbiy Virjiniya ko‘mir konlaridagi konchilar duch keladigan dilemmadan unchalik farq qilmaydi.

Shunga qaramay, hamma joyda bo‘lgani kabi iqlim o‘zgarishi ham eng kambag‘allarga – tomchilatib sug‘orishga qodir bo‘lmagan fermerlarga, o‘t-o‘lanlardan mahrum bo‘lgan chorvadorlarga ko‘proq ziyon yetkazadi, shahar atrofida yashayotganlar va onlayn harid miqdorini kamaytirishni o‘ylayotgan amerikaliklarga emas. Va shunga qaramay, katta miqyosdagi o‘zgarishlarsiz, quyi Amudaryo havzasida suvni tejash uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilayotganlar ham va'da qilingan daromadni ko‘rmasliklari mumkin.

Ish o‘rinlari ko‘payishi haqidagi shov-shuvli gaplarga kelsak, 2000 yillarning oxiridan beri Mo‘ynoq yaqinida gaz qazib olinmoqda, biroq shunga qaramay O‘zbekiston hamon surunkali yonilg‘i tanqisligini kechirmoqdaki, Turkmanistondan gaz import qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Ayni paytda, cho‘l bosib kelayapti. Hatto ikki yil oldin Mo‘ynoqning ikki tomonida mahalliy aholi baliq ovlashi mumkin bo‘lgan kichik ko‘llar – chekinayotgan dengizdan qolgan hovuzlar bor edi. Endi ular ham yo‘q bo‘ldi. Ularning o‘rniga, Google Earth Baliqchilar ko‘rfazi deya ko‘rsatilgan joyda, loyga botgan eshkakli qayiq va bo‘shagan kola idishlari yotibdi. Qishloq xo‘jaligi yo‘q. Bir necha sigir va echkilar esa tuya tikonini kavshamoqda.

Devid Trilling,

Eurasianet.org nashrining boshqaruvchi direktori. Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
5 oktyabr 2020
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi ishchi-xodimlari shifoxonada koronavirus kasalligi bilan og‘rigan bemorlar yotganidan norozilik bildirishmoqda.  Shifoxonada ishlovchi hamshiralardan birining ...
18 fevral 2016
28 yashar rus taksichi qizning pullarini olib, o‘ldirib, keyin mashinasiga o‘t qo‘ygan 24 yoshli Sotvoldiev 14 yarim yil qat'iy ...
29 aprel 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining davomi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Boshi “Eltuz”ning “Imperativ” ruknida. Davomi bor.) ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...