Asosiy mavzular
13 may 2023

Muhammad Solihning qizil olmasi – Bu dunyo eshigining kaliti Markaziy Osiyodir

2022 yil  22 Iyul kun  o‘zbek shoiri va siyosatchisi Muhammad Solihni  Turkiyaning Yolova shahridagi «Turk Dunyosi siyosatchilari uchrashuvi» nomi ostida xalqaro konferentsiyaga taklif qilishdi.

Muhammad Solih u yerda  o‘qigan  nutq bugun dunyoda yangidan formalashayotgan siyosiy fazoda dolzarblik kasb qilgani bois Eltuz uni to‘lig‘icha sizning e'tiboringizga taqdim etadi.

QIZIL OLMA

2021 yilda Turk dunyosida muhim voqea yuz berdi. “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi”ning nomi “Turk davlatlari tashkiloti” deb o‘zgartirildi.

Bu holat ba'zilar uchun ahamiyatli bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin, lekin uzoq yillar Turk Ittifoqini orzu qilgan biz kabi xayolparastlar uchun bu muhim voqea bo‘ldi.

Sovet mafkurasi biz, Markaziy Osiyo turklariga “turkiy xalqlar” deb laqab qo‘ydi. Tilimiz uchun “turkiy til” iborasini ishlatdilar. Bu atamalar arab millatini “arabiy”, fors millatini “forsiy” deyish kabi bema'ni edi.

Turk dunyosi integratsiyasi yo‘lidagi ilk qadam 2009 yilda Bokuda qo‘yilgan edi. Bir tashkilot tuzildi. Biz juda xursand bo‘ldik. Lekin bu tuzilgan tashkilot ham ruslar o‘ylab topgan “Turkiy tilli davlatlar kengashi” nomi bilan ataldi.

Nihoyat, 2019 yilda ushbu tashkilot o‘z nomini oldi: “Turk davlatlari tashkiloti”.

Bu biz uchun haqiqatan ham muhim voqea edi. Chunki bu turk mentalitetidagi katta o‘zgarishlarning ramziy in'ikosi edi. Bu – “biz turkiy emasmiz, biz turkmiz” degani edi.

Ha, so‘nggi yillarda turk jamiyatlarida bu o‘zgarishni kuzatmoqdamiz. Bu o‘zgarishning tashqi ifodasi sifatida Ikkinchi Ozarbayjon va Armaniston urushini ko‘rsatishimiz mumkin. Bu urushda turk xalqlari yagona xalq sifatida qardosh Ozarbayjon tomonida turishdi. Bu yaxshi bir hodisa edi.

Albatta, bizning idealimiz, istagimiz – Qizil olmadir. Ammo bu istakni amalga oshirish uchun hissiy suhbatlardan aniq loyihalarga o‘tish vaqti allaqachon kelgan. Turk dunyosi bizdan Buyuk Birlashish jarayonini amalda boshlashimizni kutmoqda…

Yaqinda Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida radikal shiorlar bilan ko‘chaga chiqqan olomon bizga bir dars berdi. Garchand bu olomon ko‘targan shiorlar biz uchun yangi emas edi. O‘n yillar davomida mariginallar tarafidan kichik minbarlardan aytilib kelayotgan gaplar edi. Shaxsan men bunga hech qachon e'tibor bermaganman. 

Faqat bu shiorlar ilk da'fa muayyan aktsiyaga aylanib, bir necha ming kishini ko‘chaga olib chiqdi va bu aktsiyaga mahalliy boshqaruvdan ham ba'zi mulozimlar ochiq yoki gizli dastak berdilar. Bu ishning hushyor torttiradigan jihati shu edi.

Bu mojora orqasida «begona barmoq» bormi-yo‘qmi, bir kuni bu ifsho bo‘ladi, albatta. 

Ammo shu narsa aniqki, Turk Dunyosi Integratsiyasi so‘zda emas, amalda boshlanmas ekan, Sovet KGB si tarafidan qo‘yilgan «avto-nom» minalarni dushmanlarimiz istagan paytda portlatishlari mumkin. 

Bu bir vahima emas. Buning vahima emas, reallik ekanini Nukus olomoni oshkora o‘rtaga qo‘ydi.

Chunki O‘zbekiston rejimining zulmidan shikoyat qilib maydonga chiqish bilan O‘zbekiston davlatini parchalashga chaqirib maydonga chiqish boshqa-boshqa narsalar.

Men shuni bildirmoqchiman: Nukusda yuz bergan voqealar avvalgi yillarda boshlatilgan ba'zi fikriy tashabbuslarimizni dolzarb holga keltirdi. Xususan, Turk Dunyosi Integratsiyasi xususida o‘tkazilgan tor doiradagi majlislarimizda tilga olingan masalalarni tortmaga qo‘yib, uxlash payti emasligi birdan ayon bo‘ldi. Bugun  bu masalalarni tor doiradan chiqarib, jamoatchilik bilan poylashishga qaror qildim.Aqlimning pragmatik burchagi  «bundan foyda bormi?», deya irodamni tushovlashga intilsa, uning hissiy burchagi «har holda, bundan zarar bo‘lmaydi», deya taskin bermoqda. Men bu taskindan ilhomlanib, Turk Dunyosiga oid orzu-niyatlarimni o‘rtoqlashishga jur'at etdim.

ILK ODIM

Sovet Ittifoqi parchalanganda Turk Dunyosi integratsiyasini boshlash uchun katta imkoniyat paydo bo‘ldi. Ammo biz bu imko-niyatdan foydalana olmadik.

To‘g‘ri, Turk Dunyosi kongresslari deyarli har yili o‘tkazilib turdi,  bu madaniy va ijtimoiy jihatdan yaxshi boshlanish edi. Ammo biz yana “AQSh nima deydi, Rossiya nima derkin?» qabili-dagi andishalar bilan loyihalar bo‘yicha siyosiy qarorlar ola olmadik. Va natijada 90-yillarning boshlarida moda bo‘lgan «Adriatikadan Xitoy devorgiga qadar Turk dunyosi» shiori raqiblarimiz uchun masxara manbaiga aylandi.

Bugun masxara qilganlar jim. 

Nega? 

Chunki Dunyo kon'yunkturasi Turk Dunyosi foydasiga o‘zgardi. Va Turk Dunyosida uyg‘onish belgilari paydo bo‘la boshladi.  

Faqat…

Biz, Turk Birligini 90-yillar boshidan beri targ‘ib qilayot-ganlar, hamisha bir narsani ta'kidladik: Turk Birligini amalga oshirishning birinchi bosqichi «Umum Alifbo» va «Umum Til»ga ega bo‘lish kerak, dedik.

Ismoil Gaspirali «Tilda, Fikrda, Ishda birlik» derkan, tilni birinchi o‘ringa tasodifan qo‘ymadi. 

Turk Dunyosi bir Umumiy Tilsiz global loyihalarni muhoka-ma qilishi, ularni amalga oshirishi qiyin. 

Afsuski, Markaziy Osiyo Turk davlatlarining kirill alifbo-sidan lotinga o‘tish jarayoni kutilgan natijani bermadi. Yo‘l-boshchilarining egosini qondirish uchun tilchilarimiz ularga «xos va mos alifbo» yaratishga urindilar. Va Umum Alifbo yuzaga chiqmadi.

Xo‘sh, endi Turk Dunyosining umumiy tili nima bo‘ladi? 

Bo‘lsa, u qanday bo‘lishi kerak?

Umumiy til 300 milliondan ortiq aholining tili bo‘lishi kerak.

Bu til bir-birimizni tushunishimizda, ilmda, siyosatda, ijtimoiy xayotda, madaniy, diniy va boshqa jabhalarda o‘zimizni ifodalay oladigan, leksik jihatdan boy va zarif til bo‘lishi kerak.

Albatta, barcha Turk shevalari so‘zga boy va zarifdir.

Ozarbayjon shevasida yozilgan Nasimiy va Fuzuliy she'rlari, Qozoq shevasidagi Abay va boshqa shoirlar tili, turkman Mahtumqulining shevasi, Chig‘atoy (o‘zbek) Navoiy yoki Manas dostoni yangragan qirg‘iz shevasi – hammasi boy va go‘zal-dir.

Faqat Umum tilimiz bu tillardan farqli yana bir muhim xususiyatga ega bo‘lishi kerak.

Bu til turk qavmlari (xalqlari) tarafidan eng ko‘p qo‘llani-ladigan, qulay til bo‘lishi kerak. 

Shunday til bizda bor, bu Turkiya turkchasidir.

Bu tilning Umum Til sifatida qo‘llanilishi uchun boshqa sabablar ham bor:

1. Dunyoda 300 millionga yaqin turk yashaydi. Ularning yarmidan ko‘pi o‘g‘uz lahjasida so‘zlashadi.

Bu guruhga avvalo, 85 million aholisi bilan Turkiya kiradi. Keyin ozarbayjonlar (Eron Ozarbayjonlari doxil), keyin Turkmanlar(Iroq turkmanlari doxil), Gagauzlar, Qrim turklari, Xorazmliklar (O‘zbekiston) va boshqa qabilalar – jami 150 million.

2. Turkiya turkchasi eng ko‘p gapiriladigan tillardan biridir, dunyoda yettinchi o‘rinni egallaydi. Bugun Amerikada, Osiyo va Afrika qit'alarida turkcha o‘rgatiladi va o‘rganiladi.

Turkiya Turkchasi Turk dunyosining Umumiy Tili bo‘lishi kerak. Bu til shu maqomga loyiqdir.

Turk dunyosi uchun «Turk esperanto»sini ixtiro qilishning hojati yo‘q.

Men bir o‘zbek turki sifatida bu taklifni aytyapman. Agar Turkiya turki bu taklifni aytsa, Turkiya boshqa turk davlatlariga “Akalik” qilayapti, deyishlari aniq. Shuning uchun bu taklif Turkiya tashqarisidagi turklardan chiqishi kerak.

Mana mening taklifim: Turkiya Turkchasi Turk dunyosining umu-miy tili bo‘lishi kerak. Endi bo‘lajak Turon Konfederatsiyasining ojizona siluetini chizishga urinib ko‘raylik.

TURK DUNYoSI INTEGRATsIYaSI

Tarix davomida davlat va jamiyatlar o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarish va o‘z mavjudligini muhofaza qilish uchun ma'lum mezonlar asosida tuzilgan ittifoqlar va mintaqaviy birlashma-lar tuzib, yaqindan hamkorlik qilib kelgan. Bugun ham bunday hamkorlik turli nomlar ostida davom etib kelmoqda. 

Yevropa, Osiyo va Amerikada keng yoki tor doiradagi uyushmalar tashkil etilgan, ularning ba'zilari faol ishlamoqda, ba'zilari esa faqat qog‘ozda.

Davlatlar odatda o‘z kuchlariga kuch qo‘shish, umumiy raqiblarga qarshi muvaffaqiyatli kurashish, iqtisodiy, harbiy va madaniy muammolarga sobit yechim topish, tinchlikni ta'minlash kabi maq-sadlarda bunday ittifoqlarga   yo‘naladilar.

Tarixdagi ikki tarafli ittifoqlar bugungi ko‘ptarafli itti-foqlarning ilk namunasidir. Bunday ittifoq va hamkorliklarsiz jahon miqyosida siyosiy, iqtisodiy va madaniy faoliyatni amalga oshirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Turli konfessiyalar (ittifoq, federatsiya, konfederatsiya) shamsiyasi ostida ko‘plab siyosiy, iqtisodiy, tarixiy va madaniy omillar ta'sirida shakllanadi. Bunday tuzilmalarning eng tanilgan misoli Yevropa Ittifoqidir. Mavjud muammolarga qara-may, Yevropa Ittifoqi muvaffaqiyatli loyiha sanaladi.

Yevropa Ittifoqi modelidan tashqari, «Millatlar Hamdo‘st-ligi», «Arab Davlatlari Ittifoqi» va «Osiyo – Tinch Okeani Iqtisodiy Hamkorligi» kabi ko‘plab boshqa ittifoq/sheriklik loyihalari ishlab chiqilgan. Bu loyihalarning barchasi zamirida bir xil tamoyil va maqsad bo‘lsa-da, ularning qamragan sohalari turlidir.

Hamkorlikning muvaffaqiyat darajasi kuchga, moslashuvchan-likka, tarixiy mushtaraklik va ayniqsa tomonlarning umumiy qadriyatlariga bog‘liq.

Umuman olganda, uzoq vaqt hamkorlikda bo‘lgan davlat va jamiyatlarning o‘zaro ittifoq tuzishlari tabiiy holdir. Lekin ayrim hududlarda bu jarayonlar qiyin va uzoq vaqt talab etadi. Bunga Markaziy Osiyo yoki umuman Turk Dunyosi jo‘g‘rofiyasini misol keltirish mumkin.

Qadim zamonlardan buyon bu hududda buyuk davlatlarning qurilishiga zamin yaratgan yaqin etnik, iqtisodiy va madaniy aloqalarga ega bo‘lgan jamiyatlar tomonidan tuzilgan kichik davlatlar mavjud bo‘lgan.

Buyuk davlatlar derkan, eng avvalo, xun, go‘kturk, mo‘g‘ul, tatar, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur kabi turk va mo‘g‘ul qavmlari tomonidan tashkil etilgan davlatlar nazarda tutiladi.

Bu davlatlar Sharqdan G‘arbga yoyilib, o‘z tarkibiga kirgan xalqlarning madaniy xususiyatlarini o‘zlarida aks ettirgan. Ularning barchasi kuchli markaziy boshqaruv tizimlariga ega bo‘lsa-da, davlatni tashkil etgan etnik jamoalarga sezilarli iqtisodiy va madaniy avtonomiya berilgandi. Shu bois, YevroOsiyo dashtlarida tashkil topgan buyuk davlatlarni federativ yoki konfederativ tuzilma sifatida ta'riflash mumkin.

Bu davlatlarda markaziy hokimiyatning mintaqaviy va etnik xususiyatlarga daxl qilmasligi, birlashgan xalqlarning ichki boshqaruvi, e'tiqodi, madaniy faoliyati butunlay o‘z ixtiyoriga berilishi an'ana bo‘lgan. Keyinchalik mintaqaga bostirib kirib, bu yerlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Rossiya imperiyasi, dastlabki davrlarda mintaqaviy xususiyatlarga, madaniy va diniy hayotga nisbatan kamroq aralashgan bo‘lsa ham, vaqt o‘tishi bilan markaziy hukumatning bosimini keskinlashtira boshladi. 

19-asr o‘rtalaridan boshlab etnik assimilyatsiya Rossiya imperiyasining davlat siyosatiga aylandi. Chor Rossiyasining yemirilib, Sovet Ittifoqining barpo etilishi va uning Idil-Ural, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalarida haddan tashqari kuchaygan assimilyatsiya siyosati, iqtisodiy va siyosiy tazyiqlar tufayli katta madaniy halokatga olib keldi.

Sovetlar Ittifoqi dastlab xalqlar federatsiyasi sifatida tashkil etilganini da'vo qilgan bo‘lsa-da, o‘ta markazlashgan va zolim tuzum sababli mintaqa xalqlarining tarixiy hamkorlik tajribasi, etnik qarindoshlik aloqalari va madaniy sherikligi rejali tarzda yo‘q qilindi. 

Bu rishtalar shu qadar uzildiki, Sho‘rolar parchalanib, ularning o‘rnida mustaqil respublikalar tashkil etilgach, ular orasidagi tarixiy va madaniy birlik deyarli unutildi. Faqat yaqin qo‘shni bo‘lgan xalqlar bir-birini biroz yaqindan bilishardi.

Markaziy Osiyo xalqlarining etnik, tarixiy va madaniy aloqalariga zarar yetkazilishi natijasida ular 1991 yildan keyin yana bir joyga to‘planib, oddiy hamkorlik modellarini ishlab chiqishda ham katta muammolarga duch kelishdi. Chunki assimilyatsiya siyosati etnik qarindoshlikni ziddiyatli holga kel-tirgandi, madaniyatlarni buzib, o‘zaro ishonchga putur yetkazgandi.

Holbuki, bu xalqlar yaqin vaqtgacha bir tilda gaplashgan, ayni madaniyatga sohib bo‘lgan xalqlar edi. 

Lekin baribir tarixiy shuurni butunlay yo‘q qilish mumkin emasdi. Iqtisodiy ehtiyojlar va jo‘g‘rofiy sharoitlar mintaqa xalqlarini hamkorlik va sheriklikka yo‘naltirdi. 90-yillarning boshidan boshlab turli nomlar ostida hamkorlikning turli modellari taklif qilindi. Ammo ularning hech biri doimiy va funktsional bo‘la olmadi.Bu muvaffaqiyatsizlikka sabab ko‘p edi. 

Albatta, taklif etilayotgan loyihalar tarixda sinab ko‘rilgan siyosiy, iqtisodiy, geosiyosiy va madaniy voqeliklarga asoslan-gandi. Faqat bu loyihalar mintaqa davlatlari rahbarlari tomonidan goh ichki siyosat quroli sifatida, goh qo‘shnilarga zulm qilish, gohida faqat o‘zlarining siyosiy da'volariga zamin yaratish maqsadida qo‘llanildi. 

Natijada ko‘plab kuzatuvchilar bu mintaqada muqim bir hamkorlik modelini yaratib bo‘lmaydi degan xulosaga keldi.

Lekin haqiqatan ham shundaymi? 

Bu mintaqadagi davlatlar o‘rtasida doimiy hamkorlik/itti-foq o‘rnatib bo‘lmaydimi? 

Agar uni o‘rnatish mumkin bo‘lsa, u qanday bo‘lishi kerak?

Fikrimizcha, mintaqada sheriklik/ittifoq o‘rnatish borasida mavjud imkoniyatlarning salmoqli qismi sinab ko‘rilmagan va masala jiddiy qabul qilinmagan. 

Bundan tashqari, siyosiy elitalar ham bu masalaga ijobiy qaramagan va oqibatda fuqarolik jamiyati kuchidan foydalanil-magan.

Nega bu masalaga optimistik qarashimiz kerakligini, hatto, nega bu ittifoqning tashkil etilishi muqarrar ekanligini quyida bir necha misol bilan tushuntiramiz.

MINTAQANING NOMI TA'RIFI

Biz so‘z yuritayotgan mintaqaning tayanchi – Sharq-G‘arb yo‘nalishida Mo‘g‘ulistondan Mojoristongacha cho‘zilgan Buyuk dasht/Yevro-Osiyo dashtidir. 

Mintaqaning tarixiy nomi manbalarda “Turon” sifatida qayd etilgan. 

Hozirgi kungacha yetib kelgan qadimgi va o‘rta asr manbalarida Turon nomi Sibirning Markaziy va Janubiy qismlarini ham o‘z ichiga oladi. O‘rta asrlarning oxirlarida (hatto yangi asrda ham) Turon tushunchasi ostida odatda kelib chiqishi Ural-Oltoyga borib taqaladigan  xalqlar tushunilgan.

O‘tgan asrda Mojoristonda nashr qilina boshlagan «Turan» jurnali ham keyingi o‘zgarishlarga muhim hissa qo‘shdi. Qisqasi, Turon tushunchasi hozirgi ko‘rinishida YevroOsiyo materigining taxminan Shimoliy-Janubiy va Sharq-G‘arbiy o‘qlari bo‘yicha o‘rta qismini o‘z ichiga oladi. Va u yana Idil-Ural, Buyuk dasht, Kavkaz kabi kichik mintaqalardan, O‘rta Osiyo Turk Respublikalari /Turkiston, O‘rta va Janubiy Sibir, Mo‘g‘uliston va Sharqiy Turkistondan iboratdir.

Bugungi kunda bu hudud turk manbalarida «Turk dunyosi» yoki «YevroOsiyo» deb yuritiladi. Bu ikkala tushuncha ham tarixiy va jo‘g‘rofiy voqelikni to‘liq aks ettirmaydi. 

Ayniqsa, oxirgi paytlarda YevroOsiyo ta'rifi haddan tashqari siyosiylashgani bois asl ma'nosidan uzoqlashdi. Hatto Rossiyada neoevroOsiyochi guruhlar Turon o‘rniga YevroOsiyo-Rossiya ta'rifini qo‘llab, terminologik chalkashlikni yuzaga keltirdi va mintaqaga keyin kirgan Rossiyani mintaqaning asosiy unsuri sifatida ko‘rsata boshladilar. 

Bu yondashuv tarixiy va etnologik asosga ega emas. 

1920-yillarda keng tarqalgan klassik YevroOsiyo yondashuvi buning bir Turon ekanligini va rus madaniyatining slavyan-turk-mo‘g‘ul sintezi ekanligini e'tirof qiladi. 

Shunday ekan, jo‘g‘rofiy jihatdan «Yevrosiyo bo‘zqiri» deb atalgan Buyuk dashtni «Turon dashti» deb ta'riflash to‘g‘ri yondashuvdir. 

Binobarin, jo‘g‘rofiy yoki siyosiy ta'riflarni (ularning aksariyati sun'iy ravishda yaratilgan)  chetga surib, tarixiy manba-larda tilga olingan va mintaqa aholisining azaldan qo‘llanib kelayotgan “Turon” nomini qo‘llash yanada to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. 

MINTAQANING MADANIY O‘ZAGI

Turon tuproqlari qadimdan turli xalqlarga mezbonlik qilgan. Ural-Oltoy til guruhiga mansub qavmlar bu xalqlar orasida mutlaq ko‘pchilikni tashkil qilsa-da, turli davrlarda kelib chiqishi eron va slavyan til guruhiga mansub etnik unsurlar ham kuzatilgan. 

Tadqiqotlarga ko‘ra, bu guruhlar mahalliy Turon xalqlari bilan bir sintez hosil qilgan edi. Ular yashagan davr mobaynida muammo kam bo‘lgan, muhim etnik va mazhablararo urushlar bo‘lmagan. Mintaqadagi urushlarning asosiy sababi doim iqtisodiy yoki siyosiy bo‘lgan.

Turon xalqlari, asosan, tili, dini, tarixi va madaniyati mushtarak bo‘lgan qarindosh xalqlardir. Madaniy qadriyatlar deyarli bir xil,  siyosat, huquq, iqtisod va san'at kabi sohalardagi amaliyotlar ham bir xil. 

Buning sababi, bu xalqlarning kelib chiqishi bir xil va ular ayni shart-sharoitda ajdodlar merosini davom ettirishgan.  Mintaqa xalqlari bilan turli etnik elatlarga mansub jamoalar azaldan birga yashab kelganligidan o‘zaro munosabatlarda qadriyatlar ham umumiylashib ketgan.

Tarixda Turkiston deb atalgan tuproqlarda bugungi kunda 5 ta respublika mavjud. Ulardan to‘rttasi turklar (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston)dan va beshinchisi aholisining anchagina qismi yana turklardan tashkil topgan Tojikistondir.

Turonning janubi-g‘arbiy qismida, Kavkaz, Onadolu va O‘rta yer dengizi mintaqalarida Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Qibris Turk Jumhuriyati joylashgan. 

Endi 1990 yillardan beri Ozarbayjon-Turkiya munosabatla-rining ramzi sifatida qo‘llanilgan “Bir millat, ikki davlat” shiori bugungi kunda “Bir millat, yetti davlat”ni ifodalamoqda.

Endi Turon ijtimoiy-madaniy tuzilmasi ichida “turk” kimligi o‘zining avvalgi mavqeini tiklamoqda. 

Sovet davrida shafqatsiz assimilyatsiya va identifikatsiyaga duchor bo‘lgan turk xalqlari, ayniqsa, yosh avlod bu o‘zlikka ega chiqmoqda. Bu mavzu Turk Respublikalari va Muxtor o‘lkalarda nodavlat notijorat tashkilotlari va son-sanoqsiz guruhlarning ijtimoiy tarmoqlarida jonli tutilmoqda. 

Turon Ittifoqi, Turk Ittifoqi, Turk Konfederatsiyasi va hokazo nomlar ostida Turon xalqlarining to‘liq yoki qisman birlashuvi yo‘lida faoliyat yurituvchi tashkilotlar o‘z faoliyatini institutsional ravishda amalga oshirishga intilmoqdalar.

JO‘G‘ROFI O‘RNI

Turk dunyosining g‘arbiy uchi Kavkaz va Onadoluda Qora dengiz va O‘rta yer dengiziga tayanadi. 

Markaziy Osiyo mintaqasi tipik kontinental iqlimga ega. Bu mintaqa o‘lkalarining dengizga chiqish yo‘llari yo‘q, Inson va yuklarning harakatlanishi bir nechta davlat hududi orqali tran-zitni talab qiladi. Bu yerlarda tabiiy resurslarning taqsimla-nishi Orol dengizi va katta daryolar misolida ko‘rilganidek, bir necha mamlakatlar uchun umumiydir. Shu bois, suv resurslaridan foydalanish, transport yo‘laklarini yaratish, energetika loyiha-lari kabi hayotiy muhim loyihalar mintaqa davlatlarining yaqin hamkorligini taqozo etadi.

GYeOSIYoSIY O‘RNI

YevroOsiyo materigining o‘rta qismini, Shimol-Janub va Sharq-G‘arb o‘qlarida tashkil etuvchi Turon tuproqlari geosiyosiy nuqtai nazardan muhim strategik ahamiyatga ega. Ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi buyuk davlatlar (AQSh, Rossiya va Xitoy) o‘rtasida o‘ziga xos “muvozanat nuqtasi”ni tashkil etadi. Bu mintaqa dunyo tinch-ligi va dunyo hukmronligi nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun geosiyosiy nazariyada «hartlend» (dunyoning yuragi) deb ataladi.

Geosiyosiy nuqtai nazardan Afg‘oniston ham ushbu mintaqa doirasida ko‘rib chiqilishi kerak.

Mintaqadagi Rossiya-Xitoy raqobati hammaga ma'lum. Bu ikki devdavlat o‘rtasidagi mintaqa davlatlarining integratsiyalashuvi va Turon ittifoqining tashkil topishi dunyo tinchligiga, istiqro-riga katta hissa qo‘shishi mumkin.

Geosiyosat nuqtai nazaridan Markaziy Osiyoning diqqatga sazovor bir jihati bor: tashqaridan bostirib kirgan ishg‘olchilar kuchlar bu yerda doimiy tinchlik o‘rnata olmagan, ammo mintaqa ichida tuzilgan davlatlar qisqa vaqt ichida kuchayib, sobit tinch-likni ta'minlagan.

 Jumladan, mintaqaga bostirib kirgan Iskandar qo‘shinlari bu yerlarning bir qismini tezda bosib olgan bo‘lsalar-da, bu yerlarda hukmronlik qila olmadi va mintaqa xalqlarining mada-niyatida iz qoldirmadilar. 

Keyingi davrda mintaqaga kelib, bir muddat hukmronlik qilgan Rossiyaning ahvoli ham bundan farq qilmaydi. Rossiyaning mintaqadagi hukmronligining nisbatan uzun umriga ikkita muhim sabab bor edi. 

1. Moskvada joylashgan rus davlati asosan turk-mo‘g‘ullar ta'sirida rivojlanib, uning Sharq va Janubdagi kengayishi turk millatiga mansub elita va savdogarlar tufayli amalga oshiril-di. 

2. Mintaqada markaziy davlatning yo‘qligi va ko‘plab mayda davlat tuzilmalarining mavjudligi ishg‘olchilarga qarshi kurash-ni qiyinlashtirdi.

Ammo tarixan Rossiya bu yerlarda juda uzoq vaqt qola olmadi. Bugungi kunda Rossiya bu yerda davlat sifatida faol bo‘lishga harakat qilsa-da, rus millatiga mansub aholi asta-sekin mintaqa-ni tark etmoqda.

Bu mintaqada yerlilar tarafidan tashkil topgan davlatlar juda qisqa vaqt ichida tez sur'atlar bilan kengayib butun Osiyoda tinchlik o‘rnatardilar. Mintaqada birinchi mashhur buyuk davlatni barpo etgan Xunlar davrida ham, Ko‘kturklar, Xazarlar, Qoraxonlilar, G‘aznaviylar, Chingizxon va boshqalar misolida ham Turon davlatlarining bu xususiyatini kuzatishimiz mumkin.

Jahon iqtisodiyotining qon tomiri bo‘lgan «Ipak yo‘li» ham ana shu buyuk davlatlar hukmron bo‘lgan davrlarda rivojlangan-ligi tarixchilar tomonidan tasdiqlangandir. 

O‘rta asr manbalarida bu davlatlar hukmronligi davrida mintaqada hukmronlik qilgan tinchlik va iqtisodiy taraqqiyot haqda ko‘p tilga olinadi.

MINTAQAVIY XAVFSIZLIK

O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston kabi Markaziy Osiyo davlatlari ko‘p yillar davomida diniy radikalizmning o‘chog‘i bo‘lib kelgan Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga ega. Bu misol ham xavfsizlik sohasida yaqin hamkorlik muhimligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi raqobat (garchi ular do‘stona ritorikada bo‘lsa-da) qattiqroq o‘lchamlarga yetib bormasligi uchun bu ikki davlat o‘rtasida joylashgan davlatlar integratsiyasi muhim ahamiyatga ega.

Turon davlatlarining integratsiya/integratsiya jarayonining birinchi bosqichida barcha mamlakatlarni qamrab olgan hamkor-lik loyihalari ishlab chiqilishi, boshqaruv va markazlashuv nuq-tai nazaridan qo‘shma institutlar tashkil etilishi lozim.

Ushbu bosqichda hamkorlikni rivojlantirish kerak bo‘lgan sohalar quyidagi asosiy sarlavhalar ostida tahlil qilindi:

BIRINChI BOSQICh

Mintaqada tovarlar, xizmatlar, shaxslar va kapitalning Erkin harakatlanishi.

Bugungi kunda Turon mintaqasida, ayniqsa Markaziy Osiyoda iqtisod, madaniyat, demografik muammolar va siyosiy tinchlik oldida turgan eng muhim muammo va to‘siqlar mana shu sohadadir. 

Erkin harakatga extiyoj bu mintaqada dunyoning boshqa qism-lariga nisbatan ko‘proqdir. Chunki bu yerdagi chegaralar asosan turli millat va madaniyatlarni emas, balki bir millatning qismlarini, bir xil xalqlarni va hatto ba'zi joylarda bir xil oilalarni ajratib turibdi. Shu bois, erkin harakatlanishni  barcha sohalarda ta'minlash – mintaqaviy integratsiyaning asosiy shartidir.

Mintaqaviy transport koridorlarini/transport marshrutlarini yo‘lga qo‘yish. 

Mintaqada dengiz yo‘llarining yo‘qligi hudud sharoitiga mos yuk tashishni taqozo etadi. Bu sohada mavjud infratuzilma yetarli emas va ular bugungi kun talab va sharoitlaridan kelib chiqqan holda yangilanishi kerak.

Mudofaa sanoati va harbiy sohalarda hamkorlik va qo‘shma strategiyani ishlab chiqish.

Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiyalashuviga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillardan biri mudofaa tizimlarida asosan Rossiyada ishlab chiqarilgan harbiy texnika qo‘llanilayotganidir. Markaziy Osiyo qurolli kuchlari Rossiyadan o‘q-dori va ehtiyot qismlar yetkazib berilishiga qaramdir. Bu qaramlikni tugatish nafaqat mintaqa davlatlarining iqtisodiy va siyosiy mustaqil-ligiga, balki mintaqaviy integratsiya jarayoniga ham yordam beradi.

Bundan tashqari, mintaqa uzoq vaqtdan beri janubdan terror tahdidi ostida. Vaqti-vaqti bilan Rossiyadagi radikal shovinist va irqchi doiralarning mintaqaga tahdidlari ham tilga olinadi. Agar ularga mariginal guruhlar sifatida qaralsa, kelajakda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Turon bo‘ylab haligacha mavjud bo‘lgan boshqa to‘qnashuv zonalari (Kavkaz va Anadoluda) ham bor. Ma'lumki, Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya va Xitoy bilan chegara muammolari ham bor. Bularning barchasi mudofaa sohasida mavjud tahdid-larni bartaraf etishda hamkorlikni taqozo etadi. Bu hamkorlik mudofaa sanoati, harbiy tayyorgarlik, qo‘shma harbiy mashg‘ulot-lar va qo‘shma operatsiyalarni qamrab olishi kerak.

Energetika sohasida hamkorlikni mustahkamlash va uyg‘un-lashtirish.

Mintaqa energiya resurslariga boy; neft, tabiiy gaz, elektr energiyasi ishlab chiqarish rivojlangan. Biroq, bu resurslar bir tekis taqsimlanmagan va mamlakatdan mamlakatga farq qiladi. Mintaqaviy davlatlarning bu boradagi siyosati bo‘yicha koordi-natsiya (muvofiqlashtiruv) yo‘q. Demak – ustuvor vazifa sifatida – neft, tabiiy gaz va suv resurslaridan foydalanish sohasida qo‘sh-ma kengash va qo‘mitalar tashkil etilishi hamda tegishli masala-lar bo‘yicha mazkur muassasalarda mintaqa manfaatlarini hisob-ga olgan holda qarorlar qabul qilinishi shart. 

Mintaqaviy axborot yetkazib berish tizimini rivojlan-tirish.

Bu tizim – integratsiyaning asosiy omillaridan biridir. Rivojlanish jarayonida umumiy nazorat va boshqaruv mexanizmi yaratilishi mumkin.

Mintaqaviy Bank Tarmog‘ini (MBT) tashkil etish.

Iqtisodiy integratsiyani ta'minlash jarayonida tadqiqot-larning bank qismi juda muhim. MBT umume'tirof etilgan xalqaro bank amaliyotiga asoslangan tenglik, ixtiyoriylik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ta'minlaydi. Hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlari: qo‘shma investitsiya loyihalari va eksport operatsiyalarini moliyalashtirish (shartlar har bir alohida holat bo‘yicha kelishib olinadi), tajriba almashish, jumladan, seminarlar va biznes-forumlar o‘tkazish, o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar, potentsial mijozlar haqida doimiy ma'lumot almashish va istiqbolli loyihalar va ularni amalga oshirish bilan bog‘liq risklar to‘g‘risida hisobotlar tayyorlash.

Turk bank tizimi tajribasidan bank faoliyatini rivojlan-tirish va qo‘shma tarmoqni tashkil etish jarayonida foydalanish mumkin.

                   Bojxona ittifoqining tashkil etilishi.

Bojxona ittifoqi integratsiya jarayonining ilk bosqichidayoq maydonga chiqadi va u jarayonning eng muhim tamoyillaridan biridir. Tovar ishlab chiqarish, import va eksport jarayonlarini tezlashtirish, mintaqalar iqtisodiyotining yanada samarali ishla-shi va rivojlanishi, sheriklik infratuzilmasini yo‘lga qo‘yish maqsadida Bojxona ittifoqiga ustuvor ahamiyat berilishi kerak.

Demak, tovarlarni tashish, ularning bojxona sohasidagi munosabatlarini rivojlantirish jarayonida vujudga keladigan mintaqaviy munosabatlar xalqaro huquqda qabul qilingan quyi-dagi umumiy tamoyillar asosida amalga oshiriladi:

• mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni qo‘l-lab-quvvatlash.

• mintaqada xalqaro mehnat taqsimotining afzalliklaridan adolatli foydalanish.

• rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishini qo‘l-lab-quvvatlash.

• Ittifoq doirasidagi kam rivojlangan mamlakatlarga boj-xona imtiyozlarini berish.

• kontrabanda va boshqa bojxona jinoyatlariga qarshi kurash-da hamkorlik qilish.

• mintaqaviy bojxona hamkorligining tashkiliy mexanizmi-ni ishlab chiqish.

• mintaqada xalqaro savdoni liberallashtirish.

Umumiy valyutaga o‘tish uchun infratuzilma tayyorlash.

Keyingi bosqichda umumiy valyutaga o‘tish muqarrardir. Shu sababli, birinchi bosqichda ushbu holatni hisobga olgan holda iqtisodiyot sohasidagi muzokaralarni davom ettirish zarur. Markaziy Osiyo tarixan qog‘oz pullar ixtiro qilingan o‘lka bo‘lib kelgan va bugungi kunda yangi umumiy valyuta mintaqaviy integra-tsiyaning muhim omili va ramzi bo‘lib, mintaqaviy savdoni rag‘-batlantiradi.

Akademik va ta'lim sohasida almashinuv dasturlarini ish-lab chiqish (umumiy tarix, til, madaniyat, geografiya va hokazo darsliklarni yozishni o‘z ichiga oladi).

Bugungi kunga kelib turk davlatlari o‘rtasida ta'lim sohasida o‘zaro talaba almashinuvi, ayniqsa Turkiya bilan qizg‘in kechmoqda, ammo jiddiy muammolar ham mavjud. Avvalo, maktab va universitet dasturlarida qo‘llaniladigan o‘quv rejasi bir-biridan juda farq qiladi, universitetlarning tuzilishi va boshqaruvi, talabalarni ishga qabul qilish kabi masalalarda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak. Diplomlarni o‘zaro tan olish bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etish kerak.

Fan, madaniyat va sport sohalarida mintaqaviy hamkorlik-ni institutsionallashtirish, olimpiada va musobaqalarni tash-kil etish.

Madaniy va sport tadbirlari an'anaviy Turon madaniy qadriyatlari namoyish etiladigan va mustahkamlanadigan bayram sifatida ishlab chiqilishi va butun dunyo bo‘ylab nufuzli arbob-larni tayyorlashga yordam berishi kerak.

Madaniyat sohasida umumiy madaniy an'analarga ustunlik berish bilan birga, mahalliy qadriyatlarni himoya qilish va ularning saqlanib qolishini rag‘batlantirish kerak.

Ilm-fan sohasida qo‘shma loyihalarga ustuvor ahamiyat berish, qo‘shma akademik jurnallar, nashriyotlar tashkil etish zarur.

Ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiyalar so-hasida hamkorlik.

Bu sohada rivojlantiriladigan hamkorlik qo‘shma radio-eshittirish organlari, ayniqsa, qo‘shma telekanallar tashkil eti-lishini, qo‘shma jurnallar, gazetalar va ijtimoiy tarmoqlarning integratsiya jarayoniga hissa qo‘shishini ta'minlashi kerak. Vaqt o‘tishi bilan ushbu nashrlarning turk tilidan umumiy foyda-lanishini ta'minlash uchun tadqiqotlar olib borilishi kerak.

Turk xalqlari orasida qardoshlik ongini yaratmasdan turib, Turk Birligi haqida gapirishning ma'nosi yo‘q. Turkiyada suratga olingan seriallar Turk dunyosida hayrat bilan tomosha qilinadi. Bunday teleseriallarning boshqa Turk Respublikalarida suratga olinishi va mahsulotlarning butun Turk dunyosiga yoyilishiga yor-dam berish kerak. Qolaversa, Turk Birligi mavzusi bu o‘lkalarda yanada puxtaroq ishlanishi kerak.

Aholi harakati va ichki migratsiya bo‘yicha oraliq strategi-yalarni aniqlash.

Demografik jarayonlar O‘rta Osiyoda aholi sonining o‘sishiga olib keldi va aholi sonining o‘sishi O‘zbekiston va Qirg‘izis-tonda, ayniqsa Farg‘ona vodiysida muhim siyosiy va iqtisodiy omil hisoblanadi. Bu masala hududning kattaligidan Qozog‘iston-da unchalik muammoli emas, albatta. Ammo Qozog‘istonning shi-moliy-sharqiy hududlarida slavyan aholining ko‘payishi hisobiga aholi sonining pasayishi kuzatilmoqda. Bu jarayonnni to‘xtatish uchun Integratsiya tamoyillaridan biri aholi nisbatan kam yashaydigan hududlarga ortiqcha ishchi kuchini ko‘chirish shaklida ifodalanishi kerak.

IKKINChI BOSQICh

Modelning ikkinchi bosqichi Turon integratsiyasini institu-tsionallashtirish va umumiy organlarni yaratishni o‘z ichiga oladi. 

Bu bosqichda siyosiy, ma'muriy, iqtisodiy, madaniy va boshqa barcha jarayonlar va integratsiya ishlari yakunlanadi.

Bu bosqichda tashkil etilishi kerak bo‘lgan muassasalar:

1. Turon parlamenti

2. Armiya / Turon Qo‘shma Qurolli Kuchlari

3. Turon Markaziy banki

Ehtiyojlarga qarab turli sohalar bo‘yicha faoliyat olib bora-digan Kengash, Qo‘mita, Institutlar tashkil etilishi kerak.

Yuqoridagilar bugungi sharoitda Turon Ittifoqini tashkil etish nazarda tutilgan shartlardir. Albatta, bu matnga ko‘plab qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Biz faqat asosiy masalalarni ta'kidlab o‘tdik.

Albattaki, bugungi dunyo kon'yunkturasida hech bo‘lmaganda, Turon ittifoqining shakllanishiga ijobiy yoki salbiy munosabat, bu integratsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlovchi va to‘sqinlik qiluvchi omillar, integratsiya jarayonlarini baholash kabi ko‘plab masalalarga baho berish kerak bo‘ladi. 

Turon integratsiyasi haqida gap ketganda, albatta, to‘la musta-qil davlatlarning Erkin/ixtiyoriyligi asosida tuzilgan Konfe-derativ Ittifoq nazarda tutiladi. 

Bundan tashqari, bunday Ittifoqning to‘laqonli a'zosi bo‘lmagan/bo‘la olmaydigan/istamaydigan, lekin hissa qo‘shishni hohlagan davlatlar uchun maxsus maqomlar (muayyan sherikliklarga a'zolik, kuzatuvchi a'zolik, qisman a'zolik) yaratilishi mumkin. 

Bu Ittifoqqa a'zo barcha davlatlar, mintaqalar va jamoa-larning huquqlari teng va bu huquqlarga qat'iy amal qilinajak.

Ittifoq tarkibida turli tillar, dinlar va etnik kelib chiqishiga mansub barcha jamiyatlarning an'anaviy qadriyatlarini saqlab qolish uchun maksimal darajada harakat qilinadi va zarur huquqiy qonunchilik yaratiladi.

Butun davlat va jamiyatlarning tarixiy, diniy va madaniy nozikliklari hurmat qilinajak. 

Turon Ittifoqi soyaboni ostida hech bir mintaqa, jamoa yoki shaxs etnik, til va diniy kimligidan kelib chiqib kamsitil-maydi. Bu Erkinliklar Turon Ittifoqi qonunchiligining himoyasi ostida bo‘ladi. 

Fuqarolar barcha turdagi huquq va Erkinliklardan teng foy-dalanadilar.

Bugungi sharoitda qurilishi kerak bo‘lgan Turon Ittifoqi oldida hech qanday huquqiy, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy to‘siq yo‘q. 

Ittifoqqa a'zo bo‘lish nazarda tutilgan davlatlarning Kons-titutsiyalari va huquqiy qonunchiligida ham bunga to‘sqinlik qiluvchi qoidalar yo‘q. 

Turon Ittifoqini tashkil etuvchi mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati umuman olganda yuqori, lekin ayrim davlatlarning boshqaruv va iqtisodiy imtiyozlari bu salohiyatni to‘g‘ri amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. 

Agar ular Ittifoqda bo‘lsa, ular boshqa a'zo mamlakatlar tajribasidan foydalanib, iqtisodiy integratsiya doirasida mavjud muammolarini bartaraf etishlari mumkin bo‘ladi.

Siyosiy ma'noda bu mamlakatlarning davlat tuzilmalari deyarli bir xil. Deyarli barchasida prezidentlik tizimi qo‘llani-ladi. Siyosiy tuzilmaning unsurlari unchalik farq qilmaydi. Kelajakda saylov tizimlari va hokimiyatlar bo‘linishiga kichik o‘zgartirishlar kiritilsa, farqli nuqtalarni ham oson bartaraf etish mumkin.

Turon Ittifoqining ijtimoiy tamali esa umumiyat-la ijobiy taassurot qoldiradi. Turk Dunyosida anchadan beri jamoatchilik fikri shunday bir Ittifoq zarurligi yo‘nalishida ilgarilayapti. 

Ba'zi turk davlatlarida partiyalar, hatto hukmron partiyalar, Ittifoq masalasini o‘z dasturiga kiritgan yoki bu mavzuga alohida urg‘u bermoqdalar.  

Siyosiy partiyalar bilan bir qatorda ko‘plab nodavlat tashkilotlari ham ish olib bormoqda. Ayniqsa, virtual olamda, ijtimoiy tarmoq guruhlarida, bu mavzuga aloqador OAVlarda bu mavzuga kun sayin kengroq to‘xtalib o‘tilmoqda. 

Shu nuqtai nazardan Turon Ittifoqi g‘oyasi ijtimoiy miqyosda allakachon tashkil etilganligini aytsak bu mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Bepoyon Turon olamining har bir go‘shasida yuzlab nodavlat tashkilotlar, millionlab insonlar, ayniqsa yosh avlod, har kuni bu mavzuda nimalarnidir o‘zora bo‘lishmoqdalar.

Xullas, bugungi sharoitda Turon Ittifoqini tuzish uchun hech bir jiddiy to‘siq yo‘q, deyishimiz mumkin.

Shunday ekan, yana bir savolga javob topish kerak: Turon xalq-larining tarixiy tajribasi bunday Ittifoqni barpo etish va saqlab qolish uchun yetarlimi? 

Tarix va jug‘rofiyaga nazar tashlasak bu savolga javobimiz ishonchliroq bo‘ladi.

Turon Ittifoqining asosini tashkil qilish vazifasi avval Turk jamoalari zimmasiga tushgani uchun savolga javobni ham shu doirada beraylik.

Barcha davlatlar bir-biri bilan jug‘rofiy chegaralarga ega. Boshqacha aytganda, ular o‘rtasida Ittifoq o‘rnatish haqida gap ketganda, bunga to‘sqinlik qiladigan siyosiy chegara yo‘q. 

Bundan tashqari, mavjud davlat chegaralarining xar ikki tarafida ko‘pincha ayni qavm odamlari yashaydi. Qozog‘iston-O‘zbekiston, O‘zbekiston-Turkmaniston, Qirg‘iziston-Qozog‘iston, Ozarbayjon-Turkiya chegaralari bunga misol. Bu holat Turon itti-foqining tashkil topish bosqichida ham, faoliyat bosqichida ham afzallik yaratadi, chunki xalqning bu qatlami birinchi navbatda mavjud chegaralar va undan kelib chiqadigan muammolar qurbon-laridir.

Bundan tashqari, siyosiy chegaralar ajratilganiga qaramay, bu mamlakatlarning aholisi umumiyat-la o‘zini boshqa birodarlar bilan bir butun his qiladilar, ularda Turon birodarlik tuyg‘usi bor.

Bugungi kunda Turon jug‘rofiiyasida davlatlarning ichki boshqaruvi, demokratik tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirish ham muhim masala hisoblanadi. 

Turon Ittifoqi ilk bosqichda davlatlarni tuzilishi va ma'muriy xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan ajratmaydi. Demo-kratikmi yoki totalitarmi, rivojlanganmi yoki kam rivojlan-ganmi… Muhimi, bu davlatlarni birlashtirishga harakat qilib, bu bosqichni muvaffaqiyatli tugatish kerak.

Siyosiy sohada amalga oshiriladigan islohotlarni birdam-lik tadqiqining muhim yo‘nalishlaridan biridir. 

Zero, siyosiy jixatdan zo‘rovonlikka qurilgan davlatlarning birlashuvi, ayniqsa, samarali tuzum yaratishi mumkin emas.

Shu nuqtai nazardan qaraganda asosiy farqlar ko‘plab davlat-larda qonunga zid yoki adolat chegaralarini ta'minlovchi amali-yotlarda yuzaga keladi. 

Ittifoq tomi ostida bunday amaliyotlar muammo manbai bo‘lib qolmasligi uchun tegishli masalalar bo‘yicha maslahatlashuv orqali zarur islohotlarni tez amalga oshirish kerak. 

Turon Ittifoqi davlatlarining siyosiy va ijtimoiy hayoti qonun va demokratiya mezonlariga mos kelishi, bu tamoyillardan chetga chiqmasligi lozim. 

Aks holda, Turon Ittifoqi ham demokratiya, tinchlik maskani emas, balki Sharqiy Yevropa (Varshava Shartnomasi Davlatlari) kabi Totalitar Rejimlar Xamkorligi bo‘lib qoladi va o‘zining tarixiy vazifasini bajara olmasdan yo‘q bo‘lib ketadi.

Bugungi kunda dunyoda 250 millionga yaqin turk yashaydi. Yaqin tarixda assimilyatsiya qilingan va turkligini unutgan yoki unutish arafasida turgan jamoalarni istisno qilamiz. Turon chegara-laridagi turk nufuzi sog‘liqni saqlash, ta'lim, kasbiy mahorat, ishchi kuchi va xakozo bo‘yicha ilg‘or va sifatlidir. Bu Turon Itti-foqining barpo etilishi uchun insoniy jug‘rofiya nuqtai nazari-dan muhim ustunlik.

Tarixga nazar tashlasak, bu yerlarda har doim butun mintaqani qamrab olgan katta davlatlar mavjud bo‘lgan. Ayniqsa, Turon olamining markaziy qismlarida tabiiy jug‘rofiy to‘siqlarning yo‘qligi davlat tomi ostida butun mintaqaning to‘planishini taqozo etdi. Ana shunda tashqaridan kelgan tahdidlarga qarshi kurashish osonlashadi.  Bu bepoyon jug‘rofiyada Turon imperiyalari barpo etilgan davrda mintaqa doimo rivojlanib, iqtisod, harbiy xizmat, fan, texnika, madaniyat va san'at sohalarida ulkan yutuqlarga erishildi. Yirik davlatlarning yemirilishi va minta-qaning ko‘plab kichik davlatlar o‘rtasida bo‘linishi notinchlikka sabab bo‘ldi, mintaqa iqtisodiy va madaniy tanazzulga yuz tutdi va oqibatda Turon tashqi kuchlarga qarshi tiranish kuchini yo‘qotdi. 

Ya'ni biz so‘z yuritayotgan jug‘rofiyada yagona davlat yoki davlatlar konfederatsiyasi tarzidagi bir Ittifoqning qurilishi vatanpar-varlik talabi yoki siyosiy injiqlik emas, balki Tarix va Jug‘-rofiya talab qilayotgan bir zaruratdir. 

Tarixda kichik davlatlar o‘rtasidagi doimiy nizolar bugungi kundagidek mintaqaning yemirilishiga sabab bo‘ldi, jahon iqtiso-diyoti va tinchligiga katta zarar yetkazdi. Oqibatda etnik, til, diniy va siyosiy manfaatlar birinchi o‘ringa chiqib, mintaqada tinchlik va farovonlik darz ketdi.

Buyuk Turon imperiyalarining eng muhim xususiyatlaridan bi-ri etnik va diniy hududlarda bag‘rikenglik(tolerans) edi. Agar mintaqada  ming yillar davomida hukmronlik qilgan bu davlat-lar homiyligidagi qabilalar hozirgi davrgacha – hududga yot unsurlar kirib kelguniga qadar – o‘zlarining madaniy o‘zliklari, tillari va e'tiqodlarini saqlab qolgan bo‘lsa, buning sababi tolerantlik muhiti bo‘lgan.

Turk imperatorlari o‘lkalarida bo‘lgani kabi, saroylarida ham turli tillarda so‘zlashuvchi va turli e'tiqodga ega odamlar ko‘p edi. Davlatda muhim narsa etnik kimlik yoki diniy e'tiqod emas, balki kishilarning kasbiy va axloqiy fazilatlari edi. Hatto bir oila yoki qabila ichida ham turli dinlarni qabul qi-lib, uning qonun-qoidalari asosida yashaganlar bo‘lgan. 

Turonning tinchligi va moddiy farovonligini ana shu bag‘ri-kenglik muhiti ta'minladi.

Turon jug‘rofiyasida yashagan boshqa xalqlar kabi turklar ham tarix davomida ko‘plab dinlar bilan muomala qilganlar. Ular doimo o‘z dinlariga sodiq bo‘lganlar, lekin har qanday sharoitda boshqalarning e'tiqodiga aralashmagan. 

Ularning diniy bag‘rikenglikka bo‘lgan yondashuvi Islom dinini qabul qilganlaridan keyingi davrda ham o‘zgarmadi.

Tarixning istalgan bosqichida va Turonning hech bir burchagida hech kim dinni o‘zgartirishga majburlanmagan. Bu xorijliklar mintaqaga kirgunga qadar davom etdi. 

Hududga yot unsurlarning kirib kelishi missionerlik faoli-yatini ham olib keldi. Mahalliy Turon qabilalariga diniy tazyiqlar o‘tkazildi. Bugungi kunda mintaqadagi diniy nizolar-ning sabablaridan biri ham bu dahriylik davridagi amallar asoratidir.

Bir so‘z bilan aytganda, bu hududdagi davlatlar bir tom ostida birlashsa, mintaqa muammolarini bartaraf qilish  oson bo‘ladi. 

YevroOsiyo materigining markaziy qismidagi istiqror – Shimoli-G‘arbiy Yevropadan Janubi-Sharqiy Osiyogacha bo‘lgan Yevro-Osiyo materigida joylashgan davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar-ning istiqrori demakdir. 

Chunki bu zamin YevroOsiyoning geosiyosiy umurtqa pog‘onasi-dir. 

Umurtqa pog‘onani mustahkamlash atrof-muhitga  huzur olib keladi.

Mintaqada siyosiy-iqtisodiy muvozanatni mustahkamlashga, ichki tinchlik muhitini o‘rnatish va jamiyatda Erkinlikni qaror toptirishga zamin yaratadi.

Turon Ittifoqi yanada amniyatliroq(xavfsizroq), yanada faro-vonroq, yanada huzurliroq yashaladigan, rivojlangan bir dunyoni anglatadi. 

Bu dunyo eshigining kaliti – Markaziy Osiyodir.

TURK DUNYoSI INTYeGRATsIYaSI VA UNING OLDIDAGI TO‘SIQLAR HAQDA

Biz 70-80-90 yillarda bir xayol o‘laroq ko‘rganimiz Turk Dunyosi Birligining bugunga kelib suldori ko‘rina boshladi.

Buni albatta, dunyo davlatlari orasidagi kuchlar tenglami, geostrategik muvozanatni ta'min etgan toshlarning o‘rin o‘zgarti-rishi, aslida esa, bo‘ladigan bir voqeaning «bo‘lish payti» yetgani sababi bilan izohlash mumkin.

Bunday Birlikning qurilishi uchun Turk Dunyosining umurtqa pog‘onasi bo‘lgan Markaziy Osiyodagi istiqror juda muhimdir.

Afsuski, mazkur bo‘lganing janubida 33 yildan beri davom etayotgan istiqrorsizlik butun bo‘lgani o‘z ta'siriga olayapti. Afg‘onistondagi ich urushni nazarda tutayapman. Bu istiqrorsizlik davom etarkan, Turk dunyosi integratsiyasi imkonsizdir.   

Bundan yigirma bir yil (11.11.2001) avval yozgan bir maqolamdan olingan parcha bilan boshlamoqchiman.

«…Nihoyat, davlatlar ham odamlar kabi taqdiri avvaldan chizilgan maxluqlardir. Ularning ham tarix sahifasiga yozilgan muayyan umri bor, bu umrdan bir kun, bir soat ham ortiq yashay olmaydilar, umri bitgan davlatni hech narsa bilan ushlab qolish mumkin emas, buni Sovet Ittifoqi misolida butun dunyo ko‘rdi. Bir zamonlar Buyuk Britaniya va Rossiya Imperiyasi tomonidan bufer davlat o‘laroq vujudga keltirilgan Afg‘onistonning taqdirida yozilgan umri bitganga o‘xshaydi. Ko‘plarning g‘ashini keltirishi shubhasiz, ammo baribir aytishga to‘g‘ri keladi: Afg‘oniston O‘rta Osiyoning «kasal odami»dir. Bu xastaga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsangiz, uni harbiy va yoki iqtisodiy ko‘knorlar bilan oyoqda tutishga urinmang. U davlat sifatida bugungi mavjud unitar shaklida yashay olmasligi aniq. Bu hududlarda bir yangi shakldagi davlat, masalan, Afg‘oniston Konfederatsiyasi qurilishi mumkin. Albatta, G‘arb davlatlari Afg‘oniston unitar davlat ekan, uning territoriyasidan neft, gaz va yoki boshqa energiya vosita-larini dengizga chiqarish osonligi haqida o‘ylaydilar. Lekin Afg‘oniston Federativ yoki Konfederativ davlat bo‘lsa, bu tranzit o‘lka xususiyatini yo‘qotadi, deb vahimaga tushishning ham keragi yo‘q. Balki u bo‘lgaga tinchlik va istiqror kelsa, tranzit muammo-lari umuman qolmaydi, deb umid qilish mumkin. Biz samimiy esak, birinchi navbatda, Afg‘on(istonda yashayotgan) xalq(lar)ining manfaatlari, undan keyin boshqa manfaaatlar haqida gapiri-shimiz, qarorlar ham shunga ko‘ra olinishi lozim. Har qanday boshqa holda, Sovet Armiyasi Qobulni tark etgani kabi so‘ng pushtunlar, tojiklar, o‘zbeklar, hazaralar bir-biriga qarshi qanday hujum qilgan esalar, Amerika ketgandan keyin ham, bu qavmlar xuddi shunday bir-birlariga hujum qiladilar, degan xavotirdamiz».

Ha, bu maqola yozilganidan 21 yil keyin, mana, Amerika Afg‘o-nistonni tark etdi va u yerdagi etnik guruhlar o‘zaro urushning yangi bosqichiga kirmoqdalar. 

Bu safar Toliblar hukumatiga qarshi, asosan, tojiklardan tashkil topgan qurolli muxolifat urushning dinamosi sifatida maydonga chiqmoqda.

Bu safar Toliblar hukumatining orqasida – Xitoy, bu hukumatga muxolif kuch sanalgan Tojiklarning orqasida – AQSh turibdi. 

Xitoy o‘z ichidagi separatist sanagani Uyg‘ur milliy harakati-ga qarshi Tolibonni dastaklayotgan bo‘lsa, AQSh  21 yil ichida bo‘lgada o‘rnata olmagan nazoratini tojik muxolifati vositasida o‘rnatmoqchi.

Ya'ni Sovet armiyasi Afg‘onistonni tark etgandan beri hech narsa o‘zgarmadi bu bebaxt o‘lkada urush, urush, urush.

Bu urushni to‘xtatishing yagona yo‘li – Afg‘onistonni unitar shaklidan qutqarib, Konfederativ davlat formatiga o‘tkazishdir. 

Pushtun, Tojik, O‘zbek, Xazara davlatlari ta'sis etilgandan so‘ngra ular konfederativ asosda birlashishilari mumkin.  

«Pushtunlar gegemoniyasi tugatilsa, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatiladi» deganlarning xayollari xomdir. Chunki Pushtun o‘rniga Tojik gegemoniyasi kelsa ham ahvol ayni qolaveradi. Umuman har qanday milliy guruh gegemoniyasiga izn bermaslik kerak. Bu esa faqat va faqat o‘sha guruhlarning o‘z hududlarida quradigan davlatlari vositasida mumkindir.  

Muhammad Solih, 2022 yil

Tag‘in o‘qing
20 mart 2017
18 mart kuni Turkiyaning turli shaharlarida 76 ta yashirin fohishaxona ochgan O‘zbekiston vatandoshi 36 yashar Madina Shukurova Istanbul Ota-Turk ...
1 iyun 2021
Toshkentlik faol Aleksey Garshin Shovvozsoyda Mirziyoev tegishli ekani aytiladigan dam olish maskani yaqinigacha yetib bordi. Bu Toshkent viloyatining Ugom-Chotqol ...
5 fevral 2021
Otga qoqqan taqadek, suvdan chiqqan baqadek, bir mirilik chaqadek – rassom Tuzchilarga salom! O‘zi chetga buqinub, shaxsiyatga to‘qinib, allakimga ...
21 mart 2022
Xonanda va muxolifat faoli Jahongir Otajonovning Ozodlik radiosiga 18 mart kuni bergan intervyusi O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik Xizmatida katta xavotir ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...