APTIS – O‘qituvchilarning och biqiniga vazirlik zarbasi
So‘nggi o‘quv yili davomida umumta'lim maktablarining pedagoglariga 50 foiz ustama imtiyozi beradigan APTIS (British Council Aptis) imtihonlarining 1 avgustdan boshlab sertifikatlar ro‘yxatidan chiqarib tashlangani to‘g‘risida vazirlik qarori chiqdi.
Bugun ertalabdan Eltuzga bu haqda o‘nlab shikoyatlar kela boshladi. Ingliz tili o‘qituvchilarining noroziligidan tarmoq junbushga keldi. Ularning ayrimlarini keltiramiz, (imlo xatolari saqlandi. tahr.)
D. R.: ”Kechagina Yangi ustama uchun qaror chiqdi. Unda aptis olib tashlangani aytilyapti. Bu nohaqlik òqituvchilarga nisbatan. Òqituvchini qadr qimmatini kòtaramiz degan gap qaerda qoldi…”.
M.M.: ”XTVning hech qanday ogohlantirishlarsiz to‘satdan bunday qaror chiqarishi barcha ingliz tili o‘qituvchilarini sarosimaga solib qo‘ydi. Biz o‘qituvchilar shuncha pulni va vaqtimizni yo'qotamizmi endi. Qarorni qaytadan ko‘rib chiqishlarini so‘rayman…”
S.S: “Aptis, Lingaskil, iTEP haqida turli ijtimoiy tarmoqlar orqali vazirlik manziliga murojaat yozing! O‘z fikringizni yetkazing, izoh talab qiling! Tinch turmang, harakat qiling! Pedagoglar qo‘y emas, har narsaga ko‘nib ketadigan, ular ham buni bilishsin!…”
M.R.: “Bechora o‘qituvchilarga shu kam edi. Ta'tilda qiladigan ishimizni surib qo‘yib, yozi bilan tayyorlandik. Bolalarim kasal bo‘lsada ularga sarflamay to‘lovini qildim. Shumi haqiqat, bu narsadan noroziman! Pulimizni 100 foiz qaytarib berishsin!…”
Sh.A.: “Nima haqqingiz bor minglab ustozlarni ahmoq qilishga! Yaxshisi APTISni qaytaring. Talab qilamiz!…”
N.: “Xalq ta'limi vazirligi muhokama qilmasdan 1 kunda yangi qaror chiqardi. O‘qituvchilar ustama sertifikati bekor bo‘ldi. Lekin avgust ichi ikki mingdan ortiq odam imtihon topshirish uchun to‘lov qilib qo‘ygan edi… Afsus…”
G.B.: “Assalomu aleykum aptis kolishi xoxlamayman tolov kilib koyilgan nima boladi endi ishga kirishga otadimi aptis…”
L.: “Bu nimasi? Xop Aptis imtixoni bekor qilinishini 1oy oldin ogohlantirishmaydimi millionlab o‘qituvchilar registratsiya qilib qo‘yishgan avgust sentabrga endi ularning C olganidan ne foyda bekorga 750 000 ming pul to‘laganlari qoldi holos…”
Yuqorida Eltuzga kelayotgan shikoyat va izohlarning ayrimlarini qisman keltirdik.
Ular shu soatlarda ham kelishda davom etmoqda.
Aptis for teachers ustamalarining olib tashlanishi bilan yuzaga kelgan o‘qituvchilar noroziligini albatta tushunish mumkin. Bu qarorning xalq muhokamasiga qo‘yilmagani, aynan o‘quv yili boshlanishi oldidan e'lon qilinishi, shusiz ham boshqa daromadi bo‘lmagan, yoz bo‘yi faqat imtihonga tayyorlangan pedagoglarning och biqiniga berilgan zarbadir.
Lekin Eltuz boshqa ingliz tili o‘qituvchilarining ham fikrini o‘rgandi. Ularning fikricha, APTIS imtihonlari topshirishga qulay va oson bo‘lgani bilan ko‘pchilik pedagoglarga ma'qul kelishini bildirishdi.
“Men nima uchun olib tashlashganlarini bilmayman, lekin bu ko‘rsatilgan ro‘yxatdagi sertifikatlar ichida, jumladan APTIS juda osonligi va onlayn topshirilishi bilan ko‘pchilikka yoqayotgan edi”, deya fikr bildiradi Xorazm viloyat pedagogika Universiteti o‘qituvchilaridan biri Eltuzga.
Yana bir fikr, APTIS va bu kabi sertifikatlar o‘qituvchining to‘liq salohiyatini ya'ni o‘qitish metodikasi va pedagogik mahoratini baholamay faqat ingliz tilini bilish darajasini baholashi to‘g‘risida:
“Ya'ni, ingliz tilini bildi degani, yoki testdagi a, b, s, d javoblaridan keragini belgilab imtihondan o‘tgani, hali bu tilni o‘qita oladi degani emas. Shuning uchun ham bu olib tashlangan bo‘lishi mumkin.” deydi yana bir Eltuz suhbatdoshi.
U shuningdek, darg‘azab hamkasblariga boshqa turdagi imtihonlarni topshirib ko‘rishni maslahat beradi. “Ro‘yxatda 16 dan ortiq boshqa sertifikatlar ham bor, shundan faqat APTIS olib tashlangan. Boshqa turdagi imtihonlarni topshirish qaytaga o‘qituvchilar bilimini charxlashga yordam beradi”, deydi Eltuz suhbatdoshi.